“Hurriyat har narsadan qimmatli bir javhardur”

0
118
marta koʻrilgan.

Serqirra ijod sohibi Ibrohim Davron (1874–1922) milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining faol va taniqli namoyandalaridan biri edi. Yigirmanchi asr boshlari Turkiston maʼrifatparvar adiblari orasida oʻziga xos oʻrin, obroʻ-eʼtiborga ega boʻlib, “Yodgori Davron” sheʼriy turkumi, “Ashʼori nisvon” (“Xotinlarning sheʼrlari”), “Madaniy jumboqlar” kitoblari, davriy matbuotlarda eʼlon qilingan oʻnlab publitsistik, adabiy-tanqidiy maqolalari bilan jamoatchilik orasida katta shuhrat qozongan bu zot 1917 yilda Qoʻqon shahrida “Hurriyat” jurnalini chiqarishda jonbozlik koʻrsatgandi. U ushbu jurnalning bezakchi rassomi va faol mualliflaridan boʻlgan.

Mazkur nashrning 1917 yil 7 aprelda dunyo yuzini koʻrgan birinchi sonida adibning “Hurriyat” nomli ajoyib maqolasi bosilgan. Sarlavhada keltirilgan jumla ushbu maqoladan olingan…

Turkiston maʼrifatparvarlik harakatining yirik markazlaridan boʻlgan Qoʻqonda 1917 yil fevralidan soʻng: “Kengash”, “Hurriyat”, “Yurt” jurnallari; “Tirik soʻz”, “El bayrogʻi” gazetalari chiqqan. Yuqorida eslatganimiz “Hurriyat” jurnalining beshta soni chop etilgani maʼlum boʻlib, unga yangi oʻzbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889–1929) muharrirlik qilgan.

Ibrohim Davronning mazkur jurnalda eʼlon qilgan “Hurriyat” maqolasi, eng avvalo, adib falsafiy mushohadalarining kengligi bilan ajralib turadi. Qator tillarni yaxshi bilgani tufayli, jahon adabiyotidan durustgina xabardor boʻlgan, oʻn sakkizinchi asr fransuz mutafakkirlari, ulugʻ nemis shoiri Gyote, ukrain shoiri Taras Shevchenko asarlaridan tarjimalar qilgan, maʼlum muddat Istambulda tahsil olgan, Moskva, Sankt-Peterburglarga sayohat qilgan Ibrohim Davron hurriyat qadrini chuqur his qilgan desak, yanglishmagan boʻlamiz. Uning tushunishicha, hurriyat Olloh taolo tomonidan insonlarga baxsh etilgan eng ulugʻ neʼmat; har bir yaratilgan (maxluq) uchun eng zaruri hurriyatdir. Hatto, vahshiy hayvonlar va yovvoyi qushlar uchun ham hurriyat har narsadan aʼlo.

Maqolada keltirilgan muallifning hurriyatni, ozodlikni asrab-avaylash, yangi davrda fuqarolarning jamiyatda oʻzlarini qanday tutishlari lozimligi haqidagi fikrlari qimmatli. Adibning uqtirishicha, “Hurriyat demak shariat va qonuni hukumatgʻa itoat qilub, ijtimoʼi bashariyatda bir-birimizgʻa zarar va zahmat yetkuzmaslikdur. Har kim hur va ozoddur, faqat ozodlik qonunigʻa itoat birla, fisqu fujur, gʻasbu gʻorat va bir-birimizgʻa hurmatsizlik kabi muxosamat va mufosadatdan kulliyan voz kechmak birla toʻgʻri soʻz, toʻgʻri yurush va toʻgʻri ish qilub, birimiz digarimizga masʼudiyat va rafohiyat istamakdur”.

Bu soʻzlar va maqolada aytilgan qator fikrlar istiqlolga erishgan xalqimiz uchun bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan deb oʻylaymiz. Shuning uchun ham quyida aziz oʻquvchilarimizga mazkur maqolaning asosiy qismini havola etamiz. Uning Vatanimiz va milliy-ozodlik harakatlarimiz tarixini, adabiyotimiz va matbuotimiz tarixini oʻrganishga qiziqqan barcha yurtdoshlarimizga biroz boʻlsa-da foydali boʻlishiga umid qilamiz.

Maqola bilan tanishib chiqishimizga imkoniyat yaratib bergan va uning matnini nashrga tayyorlashda qimmatli maslahatlarini ayamagan Fargʻona viloyati Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot muzeyi rahbari, taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Abdullatif Turdialiyevga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

 


Ibrohim DAVRON

 

HURRIYAT

Hurriyat: bu kalimayi muqaddasa Janobi Rabbil-olamin hazratlarining insonlara baxsh ayladigi neʼmati uzmodurki, olami mavjudotda har maxluqning istadigi narsa bu hurriyatdur. Har maxluq uchun ob, havo, oftob va soya kabi lozim va malzum oʻlan shaylardan-da muqaddam “Hurriyat” kerak! Zeroki, bir inson har narsadan mamnun oʻlub-da, turar yeri zindon boʻlsa va bir zolim qoʻlinda asir oʻlub, oning adolatsiz hukmindan chiqolmasdan umr kechursa, u hayotinagi narsalardan mamnuniyatining ne maʼnosi va qiymati oʻlur? Inson har narsaga saʼy qilsa, boʻldurmoqgʻa solih oʻla toʻrub, bu salohiyatga oʻz-oʻzundan yetisha olmasa va huquqi mashruʼina na zaru na zoʻr ila molik boʻla olmasa, haqqi sarihi har kimning qoʻlinda gʻasb va talaf oʻlinsa va bu yuzdan arzi hol etilsa, insof ila quloq solub, faryodini eshitadurgan ibr maʼmur boʻlinmasa, har millatning irz va nomusi oyoq ostinda bosilub, izzat va sharaf degan insoniyatga xos boʻlgan unvonlar qavldan feʼlga chiqmasa, bu ashnaʼi asoratdur… Lil-hamd va-l-minnaki, xosti ilohiy birla u najib va sharif inqilobchi fidokor askarlarning xun bahosina bundoq “Hurriyat” olindiki, hurriyat fidoyilarini dunyo turguncha olqishlab, taʼzim va taqdis etmak bizlarga ulugʻ iftixorlik qarzdur. Bu fidoyilar haqinda jon va mol qurbon etmak va yaxshiliklarini ilal-abad jon bahosinda qiymatini bilmak alzamdur.

Yuqorida har maxluqning istadigi narsa bu hurriyatdur, dedik. Bali. yana hurriyatdur! Chunki insoniyatdan bis-butun boshqa olamda vuhush va tuyurlar daxi hurriyat istarlar, yaʼni bir vahshiy hayvonni toʻqoydin tutub kelturub, yuz yil bir maskanda eʼzozlab asralsa, yana u hayvon oʻzini asoratda bogʻli oʻldigʻini bilur. Toʻqoyda boʻlgan zamonidagi oʻyun va shoʻxliklarini qilmas, toʻqoydagi kayfu safosini topmas, toʻqoydagi osoyishu rohatni va erkinchilikni asoratda oʻxshata olmas, balki kundan-kun ozar, oxirda halok oʻlur-ketar. Ozodlikda uchub yurgan bulbul doimo palid qurt va qumursqa yeyur, lekin tutub kelturub, qumursqa oʻrnigʻa pista, qand va asal bersangiz, yemas; bir sukutda qolub, hurriyat va ozodligʻni tushunur, uchub-qoʻnub yurgan yerlarini sogʻinur…

Ishta hurriyat har narsadan qimmatli bir javhardur. Bizlar bu hurriyatni mardona va gʻazanfarona jonfido qilgan mukarram askarlar va sohibi tadbir dilovarlar soyasinda tobduk. Endi kerakki, bu muqaddas hurriyatni chin maʼnosina muvofiq amal qilub, loyiqi-la istifoda qilmoqgʻa koʻshish qilsak. Hurriyat demak shariat va qonuni hukumatgʻa itoat qilub, ijtimoʼi bashariyatda bir-birimizgʻa zarar va zahmat yetkuzmaslikdur. Har kim hur va ozoddur, faqat ozodlik qonunigʻa itoat birla, fisqu fujur, gʻasbu gʻorat va bir-birimizgʻa hurmatsizlik kabi muxosamat va mufosadatdan kulliyan voz kechmak birla toʻgʻri soʻz, toʻgʻri yurush va toʻgʻri ish qilub, birimiz digarimizga masʼudiyat va rafohiyat istamakdur…

 

Rustamjon TOJIBOYEV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent

 

“Sharq yulduzi”, 2012–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.