Hikoya nokautlar bilan gʻolib keladi

0
374
marta koʻrilgan.

Aslida koʻpchilik oʻquvchida (ehtimol yozuvchida ham) hikoyaga nisbatan past nazar bilan qarash shoʻro mafkurasining mahsuli, desak xato boʻlmaydi. Jahon adabiyoti noyob durdona asarlariga eʼlon qilingan ushbu “tabu” bizni faqat hikoya janri imkoniyatlari haqida oʻziga xos qarashga ega boʻlishdan asrab qolmay, kichik janr “xos asarlari”dan ham bexabar qoldirgandi. Aksariyatimiz yirik epopeya asarlarga muxlislik qilib, nishonni toʻgʻri olgan ijodkor kichik bir hikoya yaratish bilan adabiyot olamida oʻziga, ijodiga haykal oʻrnatishi mumkinligini hazm etolmas, “kichik janr”ni havaskorlarga xos deb qarashga odatlangandik.

Oʻzbek kitobxoni istiqlol tongi otgandan soʻnggina jahon adabiyotining Jeyms Joys, Ryunoske Akutagava, Borxes, Xulio Kortasar, Gabriel Garsia Markes, Karen Bliksen, Dino Butssati, Xerman Xesse, Frans Kafka, Yasunari Kavabata, Karlos Fuentes, Uilyam Folkner singari oʻnlab zabardast ustunlari ijodi timsolida kichik janrning goʻzal va jozibador qirralari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi.

Gapning ochigʻi, aksarimiz hikoyani shunchaki vaqt oʻtkazish uchun oʻqishga va zalvorli yakun kutmaslikka odatlanganmiz. Aslida esa bunday qarash nooʻrin, u oʻz yelkasida shunchalik ogʻir yukni ortmoqlab yuradiki, ayrim qisqa hikoyalarga jo etilgan voqea zalvorini yirik romanlardan ham topmasligingiz mumkin. Hikoya badiiy adabiyotning boshqa janrlaridan nafaqat siqiqligi, balki shu ixchamlikka qaramasdan, olingan voqea yaxlit bayon etilishi bilan farqlanadi. Bir soʻz bilan aytganda, hikoya inson ongiga bir zarb bilan joylanadigan goʻzal shaklga ega adabiy hodisadir. Shu bois unga yengil mutolaa janri deb qaragan kishi xato qiladi.

Ulugʻ adabiyotshunoslardan biri “Agar Jeyms Joys “Uliss” romanini yozmaganida ham “Dublinliklar” kichik hikoyalar toʻplami bilan adabiyot olamida yashab qolishi shubhasiz” ekanligi haqida bashorat qilganida naqadar haq ekanligi kitobga kirgan “kichik moʻjiza”larda irland hayoti haqiqatlari teran ifoda etilgani bilan isbot talab etmaydigan aksioma boʻlib qolaveradi.

2

Yaqinda urugvaylik adib Mario Benedetti qalamiga mansub “Yashil piyola” hikoyasini katta hayrat bilan mutolaa qildim. Bor-yoʻgʻi ikki-uch sahifalik hikoyada boshqa qator personajlar nomi xotiralar timsolida tilga olinib oʻtgan boʻlsa-da, voqea ishtirokchisi uch kishi. Xonada koʻzi ojiz er, xotini va ukasi oʻtirishibdi. Xotin qahva qaynatgan. Qahva piyolalari olti dona, uni Marianaga dugonasi sovgʻa qilgan, ikkitasi qizil, ikkitasi qora, ikkitasi yashil. Taqsimchalar ham ayni shu tartibdagi rangda. Mariana oʻzidek uncha istarasi issiq boʻlmagan qizga uylangani uchun navqiron Xose Klaudiodan minnatdor edi, taqdir zarbasi tufayli Xose Klaudio koʻrish baxtidan mosuvo boʻlganidan keyin Mariana turgan-bitgani tashvishga aylanib qolgan eridan ham shunday minnatdorlik alomatlarini kutgan edi. Ammo Xose Klaudio xotin kishidan madad kutishni oʻziga or deb bildimi, Marianaga befarqligicha qolaverdi. Mariana eridan topmagan gʻamxoʻrlikni qaynisidan topdi. Va ular oʻrtasida oʻzaro hurmatdan oʻzgacha munosabat shakllandi. Hatto ikkisi koʻr aka huzurida ham bir-birini ochiqcha erkalaydigan darajaga yetishdi. Ularning bu xatti-harakatini baribir koʻr er sezmasligi tayin. Biroq…

Hikoya nihoyasidagi voqea har qanday kishini hayratdan lol qoldiradi. Mariana hech kimga ikki kun ketma-ket bir xil rangdagi piyolada qahva bermasdi. Bugun Xose Klaudio yashil, Alberto qora, oʻzi esa qizgʻish piyolada qahva ichishi kerak.

“U yashil piyolani olib, eriga uzatish uchun taraddudlandi. Ammo uzatolmadi. Endi yashil piyolani qoʻliga olgan ham ediki, erining beoʻxshov iljayganiga koʻzi tushdi. Soʻngra eri boshini ohista chayqab:

– Yoʻq, azizim, – dedi. – Bugun qahvani qizil piyolada ichsam deyman”…

Qiziq, nahot er xotinini sinovdan oʻtkazish uchun shuncha yillar oʻzini koʻr kishi rolini oʻynashga majbur qilgan boʻlsa? Yoʻq. Bunday boʻlishi mumkin emas, negaki mutolaa davomida Xose Klaudio koʻr ekanligi atroflicha isbotlab berilganiga shohid boʻlasiz. Aksincha, agar u koʻr boʻlsa, xotini uzatmoqchi boʻlgan piyola rangini qanday ajrim eta oldi? Xulosani har bir oʻquvchining oʻzi belgilab oladi…

3

Argentinalik nasr ustasi Xulio Kortasar qalamiga mansub “Bemorlarning salomatligi” deb nomlangan hikoya ham syujet tuzilishi jihatidan yuqorida soʻz yuritilgan hikoyaga qaraganda murakkabroq. Kortasar ijodi bilan tanishar ekansan, kutilmagan taassurotlar, syujet tovlanishlaridan aqling shoshadi, odamlar oʻrtasidagi munosabatlar, umuman, inson atalmish buyuk xilqat botiniy turlanishlaridan lol qolasan. Koʻpincha hikoya sen kutmagan tomonga shunday burilib ketadiki, asar muqaddimasidagi fikrlaring qanchalik yuzaki ekanini anglab, hayot tilsimlari, odamiyat atalmish mavjudot sirli olamiga chuqur kirib borayotganingni anglamay qolasan. Shu oʻrinda ispan adibi Migel Erraesning Xulio Kortasar ijodiga bagʻishlangan “Hodisalarning boshqa xususiyati” kitobidagi: “Kortasar ijodi mening olam haqidagi tasavvurlarimni oʻzgartirib yubordi. Uning kitoblarini oʻqib, saviyam oshdi, bilim doiram kengaydi, ehtimoldan yiroq boʻlmagan oʻzga voqelikni inkishof etdi”, degan eʼtirofi teran mazmundorligi bilan bu “kichik janr” yirik namoyandasi yaratiqlari oldida hayratdan dong qotishdan oʻzga chora topolmaysan.

Hikoya, aytish mumkinki, juda oddiy voqea asosida qurilgan. Alexandro degan yigit ishlash uchun chet elga ketgan, u onasining erka oʻgʻli. Katta xonadon sohibasi ogʻir bemor. Oʻgʻil onaning holati haqida xabar topganidan soʻng uyga qaytishga qaror qiladi. Ammo ming taassufki, uyga qaytib kelayotganda avtohalokatga uchrab, vafot etadi. Tabiiyki, ogʻir xastalik toʻshagida yotgan onaga bu halokat haqida na oila aʼzolari, na tanish-bilishlar biron ogʻiz soʻz aytisholmaydi. Kasalmand ona ham yetarli darajada kuyunchak, u oʻz sogʻligʻidan koʻra oila aʼzolari haqida koʻproq qaygʻuradi.

Alexandroning fojiali oʻlimi toʻgʻrisida xabar kelgan kundan boshlab xonadonda yolgʻon-yashiqlardan iborat tizim ishga tushadi. Tabiatan diyonatli odamlar shu kundan boshlab onaning falokatdan xabar topmasligi uchun yolgʻon toʻqish harakatida boʻladi. Bu bir-birini aldash oʻyinida keksa Kleliya xola ham, Alexandroning unashib qoʻyilgan qizi Mariya Laura ham, jiyanlar va ukasi jonbozlik koʻrsataveradi. Hattoki Kleliya xola insult olib, tildan qolib yotib qolganida ham tomoshada ishtirok etaveradi. Oila davrasida “Alexandro”dan har oyda ikki marotaba kelib turgan maktublarni ovoz chiqarib oʻqish marosimlari, unga onasi yozgan javob maktubini joʻnatish tashvishlari rostakamiga roʻy beradiki, kitobxon kimga achinish kerakligini bilmay talmovsirab qoladi.

Voqealar rivoji shu darajaga yetadiki, bemor ona oʻgʻlining “hech boʻlmasa uch kunga kelib ketishini” iltijo etadi, shunda oʻta vazmin Roke togʻa “Argentina bilan Braziliya hukumati teskari boʻlib, chegaralar yopilganligi” toʻgʻrisidagi vaj-korsonni ixtiro qiladi.

Intihoda shu narsa ayon boʻladiki, bemor ona hammasini sezib turadi, hatto oʻgʻlining vafot etganini ham, ammo u bu mashʼum xabar bolalari, ukasi, singlisiga ayon boʻlmasligi uchun ularning yolgʻon-yashiqlarini rost oʻrnida koʻrib, oʻzicha ayanchli voqeani sir tutishga intiladi. Yaqinlarning bir-birini ayashi, oʻzaro mehr-oqibati, ogʻir sinovlardan mardona turib oʻtishi asarni mutolaa qilgan oʻquvchida inson zoti va uning botiniy dunyosi emranishlari haqida talaygina yangi taassurotlar uygʻotadi.

Umuman, hikoya janri, uning imkoniyatlari yuqorida misol keltirilgan asarlar timsolida shu darajada yuksaladiki, beixtiyor Robert Arltning “Roman ochkolar bilan yutsa, hikoya nokautlar bilan gʻolib keladi”, degan taʼrifi magʻziga yetgandek boʻlasiz.

 

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.