Hayot qoʻshigʻi

0
611
marta koʻrilgan.

Ruh inson vujudiga musiqa vositasida kiritilgan ekan. Shuning uchun ham musiqa va ohang ruhimizga orom bagʻishlaydi. Huzurbaxsh qoʻshiqlarni tinglaganda bir muddat tiriklik tashvishlaridan balandroqqa koʻtarilgandek boʻlamiz. Dunyoning eng goʻzal va nafis qoʻshigʻi boʻlgan alla esa oʻzining muloyim ohangi bilan koʻngilni toʻlqinlantirib yuboradi.

Alla ilk bor qachon va kim tomonidan kuylanganini hech kim bilmaydi. Ammo shunisi aniqki, u dunyoning birinchi qoʻshigʻidir va uni ayol kuylagan. Shuning uchun ham faylasuflardan biri ayolni madh etar ekan: “Dunyoning ilk shoiri ham, bastakori va kuychisi ham onadir, chunki u ilk bor farzandiga alla kuylagan” deb yozgan edi.

Alla – onalar qoʻshigʻi. U onalarning oʻz farzandi uchun toʻqigan, yurakdan kuylagan dostonidir. Allada ona qalbining jamiki his – tuygʻulari – quvonchi, iztirobi, dardu hasrati, ayni paytda farzandiga boʻlgan fidoiylarcha mehri aks etadi. Baʼzi holatlarda onaning hayotga va insonlarga nisbatan munosabati ham u kuylagan allada aks etadi. Shunga asoslangan holda aytish mumkinki, alla koʻp asrlardan beri ayol uchun yurak dardini toʻkib solishning eng samarali vositasi boʻlib kelgan.

Allalar tarixiy va milliy xarakterga ega. Chunonchi, har bir xalqning allasida faqat shu xalqning mentaletitiga, yashash tarziga xos boʻlgan xususiyatlar, holatlar aks etadi. Allada eng ardoqli, eng muhim narsalar tilga olinadi. Ona oʻz goʻdagini dunyoning eng goʻzal xilqatlariga qiyoslaydi, erkalaydi. Taʼbir joiz boʻlsa, ona alla vositasida hali dunyo tashvishlaridan bexabar goʻdakni sekin-asta hayotga tayyorlab boradi. Shu maʼnoda alla goʻdak uchun ilk hayotiy saboq vazifasini bajaradi.

Baʼzi onalar alla goʻdakning tezroq uxlashiga yordam beradi, deb hisoblashadi. Bu notoʻgʻri fikr. Alla bolaga osoyishtalik bagʻishlaydi. Onasining allasini tinglab uyquga ketgan goʻdak tinch uxlaydi, uyqusida bezovta boʻlmaydi. Eʼtibor bilan qarasangiz, beshik tebranishi va alla ohangi oʻrtasida ham mutanosiblik, bogʻliqlik bor. Beshikning mayin gʻichirlashi oʻziga xos musiqa vazifasini bajaradi.

Ona oʻz allasida farzandini turli jonzotlarning bolalariga qiyoslaydi. Shuning uchun ham allalarda “qoʻzichogʻim, boʻtalogʻim,” qabilidagi erkalamalar koʻp uchraydi. Bu bejizga emas. Chunki har qanday jonivorning ham bolasi shirin boʻladi. Aytaylik, qoʻzichoq mittiligi, boʻtaloq jovdiragan, maʼsum koʻzlari bilan begʻubor goʻdak uchun eng munosib qiyos boʻlishi mumkin.

Xoʻsh, ona nima uchun farzandini, qushning polaponiga, qoʻyning qoʻzichogʻiga oʻxshatadi? Chunki xuddi inson farzandi kabi jonzotlarning bolasi ham mehrga, gʻamxoʻrlikka muhtoj! Ayni mana shu mehr tiriklikning davomiyligini taʼminlaydi.

Bugungi kunda goʻdakning rivojlanishi uchun ona suti qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini koʻpchilik yaxshi biladi. Bu noyob ozuqa bolaning jismoniy rivojlanishini taʼminlaydi. Uning tashqi taʼsirlarga nisbatan himoya qobiliyatini shakllantiradi. Tibbiyot sohasi vakillari esa bolaning jismoniy rivojlanishida ona suti qanchalik muhim boʻlsa, uning ruhiy rivojida alla shunchalik katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlashadi.

Alla faqat ona qalbidagi mehr-muhabbatni ifodalash vositasi emas. U murgʻak goʻdakka uni qurshab turgan, biroq hali unga notanish boʻlgan narsa – hodisalar, manzaralar haqida maʼlumot beradi:

 

Jonimning jindalagi alla,

Qovunning handalagi, alla.

Chaman ichra gulchasi alla

Nonlar ichra kulchasi, alla.

 

Juda sodda misralardan tashkil topgan bunday allalarda murgʻak goʻdak qovunning handalagiga, mitti gullarga, shirin kulchaga qiyoslanadi. Umuman olganda, bunday nafis va tabiiy shakldagi qiyoslar faqat oʻzbek allalariga xos desak, xato boʻlmasa kerak. “Kulcha” soʻzi esa juda koʻp allalarda uchraydi. Bu ham oʻzbekona hayot tarzini ifodalovchi soʻzlardan biridir. Sir emaski, yosh bolasi bor xonadonlarda, non yopilganda, oiladagi bolalarning har biriga atab kulchalar yopiladi. Yurtimizning baʼzi viloyatlarida bolani beshikka solganda, yostigʻi ostiga kulcha qoʻyish odati ham bor. Keksalarning soʻzlariga koʻra, bu odat “bolaning rizqi butun boʻlsin” degan maʼnoni ifodalar ekan.

Yurtimizning turli hududlarida kuylanadigan allalar bir-biridan farq qiladi. Bunday allalarda oʻsha hududga xos soʻzlar, atamalar, odatlar ham aks etishi mumkin. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining dasht hududlarida aytiladigan alladan parcha keltirsak:

 

Alla aytay adiga, alla

Suv obkelsin kadiga, alla.

Kadilar bogʻi uzilsin, alla,

Kelinlar boʻlib suzilsin, alla.

Uxlash uning zimmasi, alla,

Aylanib oʻtsin ammasi, alla.

Adirlarning lolasi, alla,

Oʻrgilib oʻtsin xolasi, alla.

 

Dastavval mazkur alladagi “kadi” soʻzi haqida. Kadi qovoqning bir turi. Undan ichimlik suvini saqlash va sutni ivitishda foydalanishgan. Kadida ivigan qatiq juda xushxoʻr va mazali boʻlgan. Qashqadaryoning baʼzi tumanlarida hozirga qadar yangi ivigan qatiqni “kadiqatiq” deb atashadi. Xoʻsh, “kadi” soʻzining bu allaga qanday bogʻliqligi bor?

Bu holat ona qalbidagi niyat bilan bogʻliq. Ona yuragidagi ezgu niyatlarini juda sodda tilda bayon etayotir. U farzandi voyaga yetib, oilaning dastyori boʻlishini orzu qilmoqda.

Zamonaviy tibbiyot chaqaloqning tinglash qobiliyati ona qornidayoq shakllanib ulgurishini aniqlab berdi. Bu borada oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, yetti oylik homila onasi nimalarni soʻzlayotgani haqidagi maʼlumotga ega boʻladi. Onaning kayfiyati va fikrlari unga yetib boradi. Shu bois tibbiyot vakillari boʻlgʻusi onalarga homila uchun vaqti – vaqti bilan qoʻshiq kuylashni, ertak yoki sheʼrlar aytib berishni tavsiya qilishadi. Bu holatda eng muhim va samarali vosita homilaga alla kuylash ekanligini taʼkidlab oʻtish oʻrinli boʻlsa kerak.

 

Madina EGAMBERDIYEVA,

Qarshi pedagogika kolleji talabasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.