Haqiqat izlab

1
1709
marta koʻrilgan.

Realistik roman janrining yuksalishiga katta hissa qoʻshgan mashhur fransuz adibi, faylasuf va insoniy ehtiroslar nazariyotchisi Stendal (taxallusi, asl ism-sharifi Anri Mari Beyl) 1783 yilda 23 yanvarda Grenoblda advokat oilasida dunyoga keladi. Anri Beyl sakkiz yoshga toʻlganda onasi vafot etadi. Otasi Sheryubin Beyl yosh Anrini abbat Reyan tarbiyasiga topshiradi. 1796 yilda u Grenobl Markaziy institutiga oʻqishga kiradi. 1800–1801 yillarda Italiyada harbiy xizmat oʻtaydi va kichik leytenant unvonini oladi. Keyin harbiy vazirlik xizmatiga kiradi, Napoleon I armiyasining suvoriylari safida xizmat qiladi (1806–1814). Borodino janglarining guvohi boʻladi. Bonapart armiyasi inqirozga uchragandan soʻng Italiyaga kelib, u yerda mashhur ingliz adibi J. Bayron bilan uchrashadi va shundan soʻng adabiyotga boʻlgan qiziqishi yanada kuchayadi. Italyan romantiklarining “Conciliatore” (“Murosa”) jurnali bilan hamkorlik qiladi. 1815 yildan Stendalning dastlabki asarlari eʼlon qilina boshlaydi. Bu asarlardagi respublikachilik ruhi va cherkov shaʼniga aytilgan nomunosib soʻzlar Stendalga nisbatan shubha uygʻotadi. Hayoti xavf ostida qolgan Stendal 1821 yilda Parijga qaytib, maqolalar yoza boshlaydi, romantizm haqidagi munozaralarga kirishadi va publitsistik risolalar eʼlon qiladi. 1830 yil Iyul inqilobidan keyin Stendal dastlab Triyestda, soʻngra Rim yaqinidagi bir shaharchada fransuz konsuli lavozimida faoliyat yuritadi. Stendal hayotining bu shaharchadagi soʻnggi 10 yili qizgʻin ijod bilan kechadi. Stendal ijodi XVIII-XIX asrlarning tutash nuqtasida boshlanganiga qaramay, u imperiya halokatga uchragunga qadar havaskor yozuvchi darajasidan yuqoriga koʻtarila olmaydi. 1814 yildan Restavratsiyaning soʻngiga qadar boʻlgan davrda Stendalning ijtimoiy-falsafiy va adabiy-estetik qarashlari uzil-kesil shakllanadi. U shu davrda “Gaydn, Motsart va Metastazio hayoti” (1817), “Italiyadagi rang-tasvir tarixi”, “Rim, Neapol va Florensiya” (1817), “Muhabbat toʻgʻrisida” (1822), “Rossini hayoti” (1824), “Rasin va Shekspir” (1823–1825), “Rim boʻylab sayohat” (1829) singari publitsistik, falsafiy-psixologik, shu bilan birga, sanʼat haqidagi asarlari va yoʻl xotiralarini eʼlon qildi.

Stendal endi yirik badiiy asarlar yozishga kirishib, “Armans” (3 jildli, 1927), “Qizil va qora” (1831), “Parma ibodatxonasi” (1939) romanlari, “Vanina Vanini” (1829) hikoyasi, “Vittoriya Akkoramboni”, “Chenchi” (1837), “Gersoginya Palliano” (1838) va “Kastrolik abbatisa” (1839) singari yoʻl xotiralarini yaratadi. Bundan tashqari, adib shu davrda “Xudbinning xotiralari” (1832) va “Anri Bryular hayoti” (1835) nomli avtobiografik qissalari, “Lyusyen Leven” (1834–1836), “Lamyel” (1839–1842) romanlarini yozadi. “Lamyel” romani adibning soʻnggi asari hisoblanadi. Stendal 1842 yil 23 mart kuni yurak xurujidan vafot etadi.

Tanqidiy realizmning shaxs-ga tarixiylik tamoyili asosida yondashish, voqealar va xarakterlarning haqqoniyligiga erishish, xulq-atvorlarni sinchkovlik bilan oʻrganish, ong-shuur harakatini tahlil etish haqidagi talablari Stendal realizmining asosini tashkil etadi. Stendal “Armans” romanida shu tamoyillarga amal qilishga uringan boʻlsa-da, bu tamoyillar yozuvchining shoh asari – “Qizil va qora” romanida oʻzining mukammal ifodasini topgan. Adib nomini dunyoga mashhur qilgan bu romanidagi qizil rang “erkinlik”, “respublika” maʼnolarini anglatsa, qora rang reaksion kuchlarni ifodalaydi. Bu asarning yaratilishiga oʻlimga mahkum bir oʻspirin haqidagi kichik maqola, ayniqsa, uning oʻlimi oldidan “Haqiqatni sevardim” degan soʻzlari turtki boʻlgan. Asarda “salon hayotidan koʻrinishlar”gina emas, balki Restavratsiya davridagi qariyb butun Fransiyaning hayoti oʻz aksini topgan. Stendalning tugallanmay qolgan “Lyusyen Leven” romanida esa Iyul monarxiyasining dastlabki yillaridagi siyosiy-ijtimoiy va xususiy hayotning keng manzarasi tasvirlangan.

Adib ijodi fransuz adabiyotining keyingi taraqqiyotiga katta taʼsir koʻrsatdi va jahon miqyosida shuhrat qozondi. Stendalning tasvirlash mahorati, jamiyat hayotini badiiy tahlil kilish sanʼati romandan romanga oʻsib boradi.

Yozuvchining “Qizil va qora” romanidagi Jyulyen Sorel kabi “Parma ibodatxonasi” romanining qahramonlari ham kitobxon qalbini oʻziga rom qilish qudratiga ega. Adib asarlaridagi har bir qahramon maʼlum davr gʻoyalarini oʻzida aks ettiradi.

Stendal haqiqat izlagan adibdir. U millionlab kitobxonlar qalbiga haqiqat soʻzini olib kirgan.

Stendalning aksariyat asarlarida ishqiy sarguzashtlar hikoya qilinadi. Yozuvchi oʻz qahramonlarini ishq-muhabbat savdosining turli mojarolariga olib kiradi. Aslida bu mojarolar hayotning oʻzida turli xil koʻrinishlarda sodir boʻlmoqda edi.

 

Mahmadiyor ASADOV

Qarshi DU oʻqituvchisi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

1 mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.