Hamid Olimjon

1
2613
marta koʻrilgan.

(1909–1944)

Oʻzbek adabiyotining yorqin siymolaridan biri Hamid Olimjon joʻshqin lirik shoir, yozuvchi, mohir dramaturg, otashin publitsist, tarjimon, atoqli jamoat arbobi edi. U oʻzining nasriy, lirik, dramatik asarlari, adabiyotshunoslikka doir hamda publitsistik maqolalari va tarjimalari bilan oʻzbek adabiyoti tarixida katta oʻrin tutadi. Ayniqsa, uning bahor va baxtni kuylab yozgan asarlari “Oʻrik gullaganda”, “Baxtlar vodiysi”, “Bahorni sogʻinganda”, “Daryo kechasi”, “Ishim bordir oʻsha ohuda”, “Gʻuncha yangligʻ burkanib”, “Gʻazal” va boshqalar musiqaga boy, sehrli, ohangdor sheʼrlardir.

“Hamid Olimjon tugʻma va nodir talant edi, deb yozgan edi Mirtemir. Uning qonida, oʻzligida, koʻz qorachigʻida, toʻqson ikki tomirida tugʻma bir zukkolik, shoirona bir sajiya, bilgichlik, burrolik, nurbaxshlik, yorqin qalb, odob ayon, peshanasida va yirik koʻzlarida ulugʻlik ochiq-oydin edi. Uning bilmagani oz, oʻqimagani kam edi. Hammadan, har narsadan xabardor, qisqaroq aytganda, chin maʼnosi bilan oʻqimishli qalamkash edi”.

Hamid Olimjon 1909-yilda Jizzaxda dunyoga kelgan boʻlib, u yoshligida xalqi hayotidagi juda koʻp ayanchli kunlar, voqealarning guvohi boʻlgan. Mardikor olish, zolimlarga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari, buning natijasida vayron boʻlgan shahar-qishloqlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan.

Hamidning alamli, nursiz hayotini bezagan birdan bir ovunchoq onasi Komila opaning uzun tunlarda soʻzlab bergan ertaklari va bobosining rus tilini oʻrgatish boʻyicha oʻtkazadigan mashgʻulotlari edi. Onasi Komila opa oʻz davrining ilgʻor ayollaridan edi. U oʻgʻli Hamidning mard, dadil, kuchli, mehnatkash, irodali yigit boʻlib yetishishi uchun bor kuchini sarfladi. Uni ertak va dostonlardagi qahramonlar, xalq bahodirlari, ularning orzuumidlari, kurash va intilishlari bilan tanishtirdi.

Hamid yoshligida bu kabi asarlarni faqat onasining ogʻzidangina emas, balki xalq shoirlarining doston aytish kechalarida ham tinglagan. Uning bobosi Mulla Azim bilan oshnachiligi boʻlgan xalq baxshisi Fozil shoir bu haqida shunday deydi: “Gezi-gezi bilan Jizzaxga borib, ularga qoʻnardim, bir hafta, ikki hafta turib, qadrdonlarimga qoʻshiq aytib kelardim. Ular bilan dardlashib, oʻzimning ham koʻnglimni yozib qaytardim”. Mulla Azim oʻzbek klassik adabiyotini ham yaxshi bilgan, baʼzan oʻzi ham sheʼrlar yozgan. U mardikorlikka safarbar etilgan boʻlib, u yerda rus tilini puxta oʻrgangan.

Hamid Olimjon bolalik chogʻlaridanoq bobosi orqali rus tilini, rus adabiyoti namunalarini oʻrganadi. “Sakkiztoʻqqiz yoshlarimda, deb yozgan edi Hamid Olimjon tarjimayi holida, men Pushkinning koʻp sheʼrlarini yoddan bilardim va ularni oʻz oʻrtoqlarimga oʻqib berardim”. Oʻsha davrda rus tilidagi sheʼrlarni yoddan bilish hammaning ham qoʻlidan kelavermas edi.

Hamid Olimjon maktabda eng ilgʻor oʻquvchilaridan boʻlib, tinmay oʻrganar, bilimga chanqoq edi.

 

Bola edik,

Tanlar olov,

Qalb qaynoq,

Koʻzlar oʻtkir,

Dillar sof,

Erkin-erkin oʻynardik…

Hayot bilan

Qaynar edi

Koʻy-qishloq.

Bir yonda togʻ,

Biryonda bogʻ…

Suv oqardi

Qoʻynida.

Koʻkrak kerib,

Baliq kabi

Shoʻngʻib yotardik…

Qizlar oʻtsa

Orqasidan

Olma otardik…

 

“Bolalik” sheʼridan keltirilgan parchadan ham koʻrinib turibdiki, u yoshligidan shoʻx, ziyrak va nihoyatda harakatchan bola boʻlgan. Hamid darslarini puxta oʻzlashtirar, maktab hayotiga zavq bilan qatnashar edi. Ayniqsa, maktabning kichkinagina kutubxonasi uning eng sevimli joyi boʻlgan. Shu qiziqish, shu joʻshqinlik shoir hayoti davomida uni tark etmadi. U qisqa, lekin beqiyos sermazmun umr koʻrdi va butun hayotini xalq, Vatan ishiga fidoyilik namunasini koʻrsatdi.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

1 mulohaza

  1. Juda yaxshi fikrlar .Yana bir narsani eslatib o’ta olamanki uning ijodi bevosita Zulfiyaxonim bilan bog’liq.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.