Hakim Nazir

0
1354
marta koʻrilgan.

 (1915 – 2008)

Hakim Nazir oʻzbek bolalar nasrining otaxon ijodkorlaridan, kichkintoylarning sevimli adiblaridan biridir. U bolalar uchun oʻndan ziyod qissa, roman, pesa, son-sanoqsiz hikoyalar yaratdi. “Soʻnmas chaqmoqlar”, “Yonar daryo”, “Kenjatoy” qissalari, “Lochin qanotlari” romani, oʻnlab hikoyalari koʻpgina xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellarda ham oʻz oʻquvchisini topdi.

Zahmatkash adib 1915 yilda Toshkent shahrida mahsidoʻzkosib oilasida dunyoga keldi. Onasi Malika otinning maktabida boshlangʻich maʼlumot olgandan keyin, poyabzal fabrikasiga kirdi, shu bilan birga kechki ishchilar dorilfununi (industrial texnikum)da oʻqishni davom ettirdi.

Hakim Nazir bolaligidan kitobxonlikka juda berilgan, gazeta va jurnallarda bosilgan asarlarni chanqoqlik bilan oʻqib chiqardi. Undagi oʻqish-yozishga boʻlgan qiziqish uni hozirgi “Tong yulduzi” gazetasi tahririyatida ishlashga olib keldi. 1934–1935 yillardan dastlabki hikoya, ocherklari gazetada, “Yosh kuch” jurnalida bosilib chiqdi. Bular havaskorlik mashqlari edi. Adib jiddiyroq asar yozish uchun hayot taassurotlaridan tashqari chuqur nazariy maʼlumot ham zarur ekanligini angladi. Kunduzi tahririyatlarda ishlab, kechki Toshkent davlat pedagogika institutida oʻqidi va til-adabiyot fakultetini muvaffaqiyatli bitirdi. Biroz vaqt oʻqituvchilik qildi. Adabiy ishga astoydil berildi. 1942 yildan boshlab oʻn bir yil davomida Oʻzbekiston radio qoʻmitasida boʻlim boshligʻi, bosh muharrir boʻlib ishladi. Soʻng Badiiy adabiyot nashriyotida bosh muharrir, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida kotib, adabiy maslahatchi vazifalarini bajardi. Mazkur vazifalarni yozuvchi ijodiy ish bilan qoʻshib olib bordi.

Qunt, chidam bilan oʻz ustida ishlashi, tinimsiz ijodiy izlanishi tufayli Hakim Nazir bolalar yozuvchisi sifatida kitobxonlarga tanildi. 1940 yilda “Kenja” (yangi nomi “Quyosh qachon tutiladi?”), 1946 yilda “Salim ota” nomli hikoyalari respublika tanlovlarida sovrindor boʻldi. 1951-yilda esa rus tilida chiqqan “Malchiki iz kishlaka” hikoyalar toʻplami Moskvada boʻlib oʻtgan tanlovda mukofot oldi.

Sevimli yozuvchimizning ijod yoʻliga sinchiklab nazar tashlasak, uning dastlabki ijodiy izlanishlari hikoyachilikdan boshlanganini koʻramiz. Uning birinchi kitobi “Qishloqdagi jiyanlarim” ham hikoyalardan jamlangandir. Hikoya janri yozuvchi bilan yosh kitobxonlar olamini birlashtirishda bamisoli bir koʻprik boʻldi. Bu koʻprik orqali Hakim Nazir bolalarning boy, goʻzal, quvnoq, ajoyibotlarga toʻla dunyosiga kirib bordi. Birbiridan taʼsirli, bir-biridan oʻqimishli, bolalarcha jonli hikoyalari dunyo yuzini koʻrdi. Bularda kichkintoylarning quvonchlarga toʻla turmushi, his-tuygʻulari, oʻqishi, xulq-odobi, kattalarga hurmati, mehnatga munosabati, milliy qadriyatlar oʻz badiiy ifodasini topdi. Hikoyalarida yozuvchining kichkintoylar yoshi, saviyasi va ruhiyatini koʻrsatishga alohida eʼtibor bergani koʻrinib turadi. “Qishloqdagi jiyanlarim” (1948), “Besh baho” (1955) “Choʻl havosi” (1958), “Yaxshi ism” (1962), “Meni taniysizmi?” (1963), “Bolajonlarim” (1964) nomli hikoyalar toʻplamlari birin-ketin eʼlon qilinib, bolalar va oʻsmirlarning maʼnaviy mulkiga aylandi.

Hakim Nazirning koʻpgina hikoyalari bogʻcha yoshidagi yoki endigina birinchi sinfga qadam qoʻygan bolalar hayotini aks ettirishga bagʻishlangan. Buni adibning “Bir ogʻiz soʻz”, “Rasmli kitobcha”, “Davronning qushchasi”, “Qaysargina ukam”, “Yaxshi ism”, “Ikki oʻrtoq”, “Bulbul”, “Qanddon”, “Igna”, “Bir tup gʻoʻza” kabi hikoyalari misolida aytish mumkin. Bu hikoyalarda bolalar oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik, axloq-odob, aʼlo oʻqish, jamoat ishlarida faollik koʻrsatish, kattalarning yumushlariga koʻmaklashish, qushlar va jonivorlarga gʻamxoʻr boʻlish, orzu-umidlar qanotida yashash va boshqa masalalar aks etganini koʻramiz.

Bolalarda orzu-umid, yaxshilik sari intilish kattalarga nisbatan kuchliroq boʻladi. “Yaxshi ism” hikoyachasida adib xuddi shu toʻgʻrida soʻz yuritadi.

Shoira endigina birinchi sinfga qadam qoʻygan. U hali maktab qonun-qoidasini yaxshi bilmaydi. Shuning uchun qizcha maktab oʻqituvchisi Zuhra yulduziga raketa uchirilganligi toʻgʻrisidagi axborotni gazetadan oʻqib berganida butun sinfni boshiga koʻtarib:

– Topdim! Topdim! Topdim! – deya ovozining boricha baqirib yuboradi.

Ayon boʻlishicha, kecha Shoiraning onasi unga singilcha tugʻib bergan boʻlib, chaqaloqqa nima deb ism qoʻyish muammo boʻlib turgan ekan. Shoirada havas yaxshi, niyat kuchli. Unga raketa va, ayniqsa, Zuhra yulduzi yoqib qoladi. Shu onda singilchasiga Zuhra deb ism berish fikri tugʻiladi. Bu haqda u butun sinfga soʻzlab beradi.

“Yaxshi ism”ning ahamiyati shundaki, oʻquvchining Shoiraga, tanlagan ismga, qudratli texnikaga, shirinsuxan muallimaga va otaga bir umr havasi keladi.

Bolalarga har taraflama toʻgʻri taʼlim-tarbiya berish, tushuntirish, oʻrgatish, ularda oʻqish va mehnatga koʻnikmalar hosil qilish kattalarga bogʻliq. Kichkintoylarning otaxon adibi “Bulbul” hikoyasida bu masalaga katta eʼtibor beradi. Ona tabiatga, qushlarga mehribonchilik qilish gʻoyasi bu asarning asosini tashkil etadi.

Qobiljon qushlarni ehtiyot qilish, eʼzozlash kerak ekanligini, ularni urish, ozor berish yomonligini tushunib yetmaydi. Shu sababli qoʻshni hovliga kelib sayragan bulbulni kesak otib urmoqchi boʻladi.

Olim aka ishdan qaytganda Qobiljon qoʻshnilarnikiga bulbul kelganidan xabar beradi:

– Dada, dada! – dedi u koʻzini katta-katta ochib, – nega bizning bogʻga bulbul kelmaydi-ya?

– Qoʻrqadi, – dedi dadasi.

– Nimadan qoʻrqadi? – dedi u ajablanib.

– Sendan! – dedi dadasi.

– I-ya, nega endi mendan qoʻrqadi?

– Axir kesak otsang, u mayib boʻladi-da! Bu ishing yaramaydi, deb aytib edim-ku.

Qobiljon indamay, oʻylanib qoldi: endi nima boʻladi? Rostdan ham bulbul uning bogʻiga hech kelmasmikan-a?

– Kesak otmasam keladimi, dada? – dedi oxiri Qobiljon.

– Albatta, keladi, – deb ishontirdi dadasi.

– Boʻpti! – dedi Qobiljon va shu paytdan boshlab qushlarga kesak otmaydigan boʻldi.

Adibning maktab yoshidagi kichik bolalarga yozgan juda koʻp hikoyalari kitobxonni ona yurtni sevishga, mehnatkash boʻlishga, mehnat ahlini, ota-onani eʼzozlashga, kasb-hunar egasi boʻlishga chorlaydi. “Bir tup gʻoʻza” hikoyasida yosh qahramonlarning xalq boyligiga boʻlgan munosabatlari gʻoyat hayotiy detallar, jonli, qiziqarli voqealar asosida ifoda etiladi.

Muallif hikoyada qahramonlar xususiyatiga alohida eʼtibor beradi. Abdusamad choʻrtkesar bola. Goho baʼzi gaplarni shartta aytib yuboradi (sigirni qidirib yurganda Qoraboy akaga qilgan muomalasini esga oling). Karim sofdil, toʻgʻri bola. Shu bilan birga, serharakatligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bu holni biz Karimning xatti-harakatlari, qiliq, odatlari, soʻzlari, oʻrtoqlari bilan munosabatlarida koʻramiz.

Muallif “Qishloqdagi jiyanlarim” toʻplamidagi “Valijonning dadasi” hikoyasida bolalarning jangchilarga hurmat va muhabbatini tasvirlaydi. Buni ikkinchi jahon urushidan qahramon boʻlib qaytgan Valijonning dadasini butun qishloq ahli zoʻr hurmat va katta tantana bilan kutib olganini koʻrsatish orqali ochadi.

“Boshoq” hikoyasi bolalarning oʻqishdan boʻsh vaqtlarida otaonalarga yordam berishlarini Azimjon, Mamat, Salimjon, Toshtilla obrazlarida gavdalantiradi.

“Jiyanimning toychasi” hikoyasi kitobxonni qishloq bolalarining xarakterlari va hayoti bilan tanishtiradi. Mahmudjon bilan Omonning otasi paxtadan moʻl hosil olish uchun kim oʻzishga kirishadi. Bolalar oʻz otalarining gʻolib chiqishi uchun kuyibpishib harakat qiladilar. Mahmudjon jonidan aziz toychasini aravaga qoʻshib, paxta tashishga kirishadi. Bu bilan yozuvchi qishloq bolalarining oʻziga xos xususiyatini yaratadi. Kichik bir parcha orqali katta bir voqeani – bolalarning ulugʻ ishlarga qoʻl urganligini haqqoniy koʻrsatadi.

Hakim Nazirning aksariyat asarlari, yuqorida koʻrganimizdek, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga bagʻishlangan. Uning jami kitoblari 50 dan ortiq. Shulardan 7 tasi bolalar va oʻsmirlar uchun yozilgan qissalar. Muallifning birinchi qissasi – “Koʻkorol chiroqlari”da urushdan keyin qishloq hayotida yuz bergan qiyinchiliklarni yengishda ota-onalariga koʻmaklashgan bolalar haqida, ularning mehnatda chiniqishi, doʻstlikning sinalishi aks ettiriladi. Bu qissani muallif kitobxonlar talabi asosida qayta ishlab, “Soʻnmas chaqmoqlar” nomi bilan nashr ettirdi.

Hakim Nazirning “Yonar daryo” qissasi oʻzbek bolalar adabiyotining keyingi yillardagi katta yutugʻidir. “Gazqaynar” manzarasini yorqin boʻyoqlarda gavdalantirgan bu asarda oʻsha davrda Qizilqum sahrosi kishilarining jasorati, joʻshqin hayoti, qahramonligi hamda bir-biriga chin mehribonligi tasvirlanadi, shuningdek, oiladagi bola tarbiyasi, bunda ota-onaning tutgan oʻrni koʻrsatiladi. Asarda voqea oʻn ikki yoshli oʻquvchi Damir tilidan hikoya qilinadi. Bundan ikki yil avval otasi vafot etib, singlisi Popuk ikkovi onasining qaramogʻida qolishgan. Koʻp vaqtlari ishda oʻtadigan ona bolalar tarbiyasiga kam eʼtibor bergan. Damir esa keksa buvisining oʻta mehribonligi, yumshoqligi tufayli oʻyinqaroq, oʻqishga kamhafsala, oʻjar boʻlib qolgan. Natijada, u onasiga boʻyin egmaslikka harakat qiladi.

Damirlarning uzoq qarindoshlari Sulton amaki ularning uylariga tez-tez kelib turadi, shuning uchun bolalar unga oʻrganib qolishgan. Keyinchalik ota sifatida shu oilaga kirgan Sulton amaki Damir xarakterining shakllanishida muhim oʻrin tutadi. Damir xarakterida iz qoldirgan ikkinchi muhim voqea uning Qizilqumga safari boʻladi. Bu uning koʻz oʻngida yangi olam ochadi, uni mehnat quchogʻida chiniqtiradi.

Gazchilarning “Gʻildirab yuradigan posyolkasi,” “Choʻpon boboning boshchiligida” ochilgan “Moʻjiza quduq”, bemorligiga qaramay Sulton amaki koʻrsatgan fidokorlik, umuman, gazchilarning afsonaviy qahramonligi Damir ruhida keskin burilish yasaydi.

Yozuvchining “Kenjatoy” qissasida hunar maktabi hayoti qiziqarli va jozibador aks ettirilgan boʻlib, oʻsmirlarda ishchi kasbidan faxrlanish tuygʻusini tarbiyalashga xizmat etadi.

“Tohir-Zuhra qissasi”ni olsak unda bosh muammo hayotga qadam qoʻyayotgan balogʻat pallasidagi oʻspirin bilan qizaloqning yosh qalblarida tugʻilgan ilk sevgi kechinmalariga qaratilgan, yoniq iztiroblari tasviriga keng oʻrin berilgan.

“Dadamni topib beringlar” qissasida bir dehqon oilasi boshiga tushgan nohaqlik kichiklar nazari orqali oʻtkazilib, ularning ongi va ruhiyatiga yetkazilgan salbiy taʼsiri badiiy tahlil etilganini koʻramiz va yosh qahramonlar bilan birga iztirobga tushamiz.

Hakim Nazir soʻnggi kitobini “Oq fotiha” deb atadi. Bu xotiraqissa boʻlib, bolalik sarguzashtlariga bagʻishlangan. Muallif bezovtalik, gʻulgʻula-hayajonlarga toʻla bolalik chogʻlari, koʻrgankechirganlarini jonli lavhalarda hikoya qiladi, kichiklikda otaonasidan olgan ilk insoniy saboqlari uchun chuqur va samimiy minnatdorchiligini izhor etadi.

Hakim Nazir 1973 yilda “Lochin qanotlari” romanini yaratdi. Bunda urushga ketgan ota-onalarning oʻrnini bosgan Oʻktam, Umri va boshqa yosh vatanparvarlar timsollari gavdalantirildi. Romanni jamoatchilik iliq qabul etdi. Tadqiqotchilar “Lochin qanotlari” romani oʻzbek bolalar adabiyotida deyarli qoʻl urilmagan mavzu – urush yillari kichkintoylarning buyuk gʻalabaga qoʻshgan hissasini koʻrsatishga bagʻishlangan yirik asar sifatida qimmatlidir, deb yozadilar.

Yozuvchining “Chiranma gʻoz – hunaring oz” nomli pesasi koʻp yillar davomida yosh tomoshabinlar teatri sahnasida qoʻyildi.

Muallifning 24 ta kitobi rus tiliga, 12 ta kitobi qozoq, qirgʻiz, turkman, gruzin, arman, belorus, latish, eston va boshqa tillarga tarjima qilingan. Qator hikoyalari nemis, fransuz, ispan, bulgʻor, chex, moʻgʻil kabi tillarda eʼlon qilingan.

 

Mamasoli JUMABOYEV

  

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.