Gul va bulbul

0
2036
marta koʻrilgan.

Uzoq oʻtmishda Nil daryosi boʻylaridagi kishilar va qadimgi misrliklar gulga nisbatan muqaddas giyoh sifatida munosabatda boʻlganlar. Keyinchalik bu tasavvur va tushuncha Bobil (Vavilon) va Eronga oʻtgan. Oʻrta asrlarda Yevropada gul nomi bilan bogʻliq shaharlar (Florensiya, Venetsiya) bunyod etilib, ular nomiga munosib mislsiz darajada gullab yashnagan.

Qadimgi Xitoyda imperatorlar xonadonida gul alohida eʼzozlanib parvarish qilingan, hukmdorlarning tojlarini bezagan. Xitoyliklar turmushida bu holning asoratini hozirgi kunda ham kuzatish mumkin.

Xalqimizda ham yorni gul, gulni yor deydilar. Yor kim ekanligi bizga malum. Binobarin, gul haqidagi tushuncha ilohiy mazmun kasb etgan. Xalq ogʻzaki poetik ijodida gul haqidagi qoʻshiqlar butun bir siklni tashkil etadi. Folklorshunos professor Hoshimjon Razzoqov bu turkumdagi termalarni yigʻib “Gulyor” kitobini nashr ettirgan.

Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodida eng koʻp qoʻllangan timsollar gul va bulbuldir. Ular voqealarni tutashtiruvchi bogʻich sifatida va falsafiy xulosalar chiqarish vositasi oʻrnida takror-takror tilga olinadi. “Hazon boʻlmay bogʻda gullar soʻlmasin”, “Bahorda ochilgan bogʻning gulisan”, “Qaysi bogʻning, koʻzim, toza gulisan, Chamanda sayragan sen bulbulisan?”

Yozma adabiyotdagi koʻpgina poetik timsollar dastlab xalq ogʻzaki sheʼriyatida paydo boʻlgan. Gul va bulbul timsoli buning yorqin dalilidir. Albatta, bu timsollarning mumtoz sheʼriyatimizdan keng oʻrin egallashida fors-tojik adabiyotining ham taʼsiri boʻlganligini inkor qilmaslik kerak. Ayni paytda ushbu anʼanaviy poetik timsollardan qaysi shoir qanday maqsadlarda foydalangani va ularni qay tarzda yangilay olganligiga alohida diqqat qilish lozimdir. Shuni inobatga olgan holda professor Ibrohim Haqqulov mana bunday fikrlarni bayon etadi: “Boburda oʻziga xos bir gulparastlik zavqi bor. Shoir baʼzan gul timsolini shunday tashxislantiradiki, xayolingizda gulday nozik, gulday sehrli bir sanam jonlanib ketishini sezmay qolasiz. Bobur sheʼrda gulning muattar boʻyi, rangin boʻyoqlari va betakror jozibasini mujassamlashtirgan shoir. Chunki qalamni u qachon fikr, qachon ruh va tuygʻu yoki hol va ehtiros “qoʻliga” tutqazishni juda yaxshi farqlaydi”.

Mumtoz adabiyotimizda Navoiy, Bobur, Atoyi, Sakkokiy, Gadoiy kabi shoirlar ham ijodlarida gul obraziga tez-tez murojaat qilganlar. Keling, bu oʻrinda Bobur ijodiga murojaat qilamiz.

 

Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen,

Sen shuʼlasen, ul shuʼlagʻa men quldurmen.

Nisbat yoʻqdur, deb ijtinob aylamakim,

Shahmen elga, vale senga quldurmen!

 

Ustoz Abduqodir Hayitmetov Boburning ushbu mashhur ruboiysi haqida shunday deydi: “Lirik qahramon nomidan Bobur oʻzini mahbubasi qoshida kamsitib, uni gul, oʻzini bechora bulbul, uni shuʼla, oʻzini kul deb ataydi”.

Bobur ana shu “haqir bulbul”likni shohlikdan ham yuqori qoʻyadi. Chunki gul – uning maʼbudasi. Binobarin gul va bulbul Boburning eng sevgan va qayta – qayta murojaat qilgan timsollaridan edi.

Bobur yorni toʻgʻridan-toʻgʻri “gul” deb ataydi va unga “gul” deb murojaat qiladi. Binobarin, Bobur yorni gulga nisbat beradi va deydi:

 

To sabo zulfini ul gulning parishon ayladi,

Jon bila aqlu koʻngulni yelga berdim sovurub.

 

Baytda “sabo” va “el” sinonimlarini oʻz oʻrnida qoʻllaganini taʼkidlash lozim. Pora-pora boʻlgan koʻngilni shoir gul gʻunchasiga oʻxshatadi: “Chok koʻnglum hayʼati gul gʻunchasi andomida” (yaʼni koʻngilning koʻrinishi gul gʻunchasi shaklida)

Boburning boshqa bir gʻazalida oʻqiymiz:

 

Bobur, ul gul koʻyida bulbul kibi topting maqom,

Bir “Navoye Rost” qil mundoq maqoming borida.

 

Yaʼni: Bobur, gulning koʻyida bulbul maqomiga erishding, shunday darajang borida bir “Rost” navosini ayt. “Navoyi Rost” – xalq maqomlaridagi kuyning bir shoʻbasi. Koʻrinib turibdiki, shoir Bulbul maqomini ulugʻlayapti va unga havas qilyapti.

 

Yuzungdin ayru men xor, ey azizim,

Kishi guldin ayirmas xorlarni.

 

Shoir bu oʻrinda yorga “azizim” deya murojaat qilib, oʻzini “xor” deyapti. Ayriliqda tahqirlanganini, guldan tikonni ajratib boʻlmasligini taʼkidlash bilan “xor” soʻzining ikki xil maʼnosi borligini, shoir uni oʻsha ikki xil maʼnoda qoʻllaganini unutmaslik lozim. Birinchi misrada “Sendin ayrilib xor boʻldim” desa, ikkinchi misrada esa guldan tikonni ayirmaslik lozimligini aytadi.

Yor yuzini gulga qiyoslash, yorni “yuzi gul” deya taʼriflash Bobur uchun doimiy ifodadir:

 

Gahi guldek yuzini ul shakar soʻzlukni islasam,

Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning laʼlidin totsam.

 

Bobur ijodida bus-butun gulga bagʻishlangan sheʼrlar ham talaygina. “Gʻunchadek koʻnglum mening gulzor mayli qilmagʻay”, “Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim”, “Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur” misralari bilan boshlanuvchi gʻazallari ana shunday sheʼrlardandur.

Shoir lirik qahramonining kechirayotgan hayajonlari, qaygʻu va shodliklari real hayot lavhalarining uning qalbidagi aniq inʼikosidir. Shoir ana shu lavhalarni goʻzal, ravon, oddiy, ammo chuqur ifodalar yordami bilan tasvirlaydi:

 

Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim,

Koʻrub rahm aylagil, ey lola ruh, bu chehrai zardim.

 

Sen, ey gul, qoʻymading sarkashligingni sarvdek hargiz,

Ayogʻinggʻa tushub bargi xazondek muncha yolbordim.

 

Gʻaroyib manzara tasviri berilgan ushbu satrlarda ham shoir yorga qarata,“ey gul” deb murojaat qilganining shohidi boʻlamiz.

 

Latofat gulshanida gul kibi sen sabzu xurram qol,

Men garchi dahr bogʻidin xazon yaprogʻidek bordim.

 

Men bu dunyodan xazon boʻlgan yaproq kabi ketar boʻlsam ham, sen goʻzallik gulshanida gul kabi yashnab qol. Baytda gul xazon yaprogʻiga qarama-qarshi qoʻyilgan. Natijada, tazod sanʼati roʻyobga chiqyapti.

 

Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur,

Gʻuncha sirrin ochqon ul ikki labi xandonidur.

 

Bu baytda suratiy tashbeh – istioraviy tashbeh mavjud. “Gul” soʻzlari ikki xil maʼnoda qoʻllangan: birinchisida bevosita yor nazarda tutilgan boʻlsa, ikkinchisida – “gul jamolin” birikmasida “gul” sifatlash boʻlib kelgan. “Iki rayhonidur” deb shoir yor chehrasining ikki chetidagi gajaklarini koʻzda tutgan.

Bobur oʻz sheʼrlarida baʼzan xuddi rassom kabi manzara chizadi:

 

Oʻqi zaxmini koʻrib har yon tanimda, el degay

Kim, bu koʻhi dardning ul lolai Nuʼmonidur.

 

Tasavvur eting: oshiq tanasida maʼshuqa oʻqlaridan jarohatlar bisyor, xaloyiq bu holni koʻrib: “Bular – dard togʻining qip-qizil lolalari-ku”, deydi.

“Gul”, “bulbul” timsoli Boburning oʻz ichki dunyosi va iztirobli ruhiy holatlarini haqqoniy va ravshan yoritishiga ilhomlantirgan va vosita boʻlgan.

 

Gʻunchadek koʻnglum mening gulzor mayli qilmagʻay,

Gʻam bila butgan koʻngul gulgasht ila ochilmagʻay.

 

Baytdagi “gʻunchadek”, sifatlashi “gulzor mayli”ga ragʻbatsizlik shoirning koʻngil holini sharhlaydi. Chunki uni gʻam-gʻussa egallab olgan (yaʼni gʻam bilan koʻngil yoʻgʻrilgan). Shuning uchun ham u hech mahal “gul gasht ila” ochilib-sochilmaydi. Buni kimgadir anglatish va izhor aylash kerakmi? Rango-rang gul – yetishtiruvchi bogʻbon xayolga keladi. U har koʻngilni gul va gulzor oshufta aylaydi, deb oʻylaydi. Ammo “tah-batah” “qonluq koʻngul”ning ahvoli oʻzgachadir:

 

Ranga-ranga gullaringni, bogʻbon, arz etmakim,

Tah-batah qonlik koʻngul gul orzusin qilmagʻay.

 

Bogʻbon, rang-barang gullaringni koʻp maqtama: laxta-laxta qonli koʻngilga gul havasi sigʻarmidi?

 

Yoʻqtur ulkim gul yuzungdin ayru boqsam gul sari,

Gʻuncha yangligʻ koʻngluma yuz xori gʻam sanchilmagʻay.

 

Lirik qahramon gulzordagi guldan yuz burib, oʻzining hayot gulini sharaflaydi: “Gul yuzingdan koʻz olib, gulga nazar solmasman, shunda gʻunchadek koʻnglimga yuzlab gʻam tikonlari sanchilmaydi”, deydi u.

Navbatdagi baytda oʻqiymiz:

 

Orazu qaddingni taʼrif etsalar yuz yil, hanuz,

Ey yuzi gul sarvqad, yuzdin biri aytilmagʻay.

 

Ey yuzi gul, sarvqad! Jamolingni, qaddu qomatingni yuz yildan buyon taʼrif etsalar ham, yuzdan birini-da hali ayta olganlari yoʻq. Shuning uchun mana shu guldan ajralmaslik zarur:

 

Sendin ayrildim esa boʻldi nasibim xori gʻam,

Sendin, ey gul, emdi Bobur bir zamon ayrilmagʻay.

 

Sendan ayrilganimda, nasibam gʻam tikoni boʻldi, ey gul, Bobur endi sendan bir zum ayrilmaydi.

Boshqa bir gʻazalida shoir:

 

Sen gul kibi to gʻamzadasen husnungʻa magʻrur,

Bulbul kibi men gʻamzada husnunga hayron.

 

“Gʻamzadasen” soʻzi bilan “gʻamzadamen” soʻzi talaffuzda ham deyarli bir xil, faqat bir tovush bilan farqlanadi. Biroq birinchi “gʻamzadasen” noz-firoq qilyapsan maʼnosini anglatsa, ikkinchi “gʻamzadamen” soʻzi esa gʻamnokman maʼnosini bildiryapti. Bobur gul va bulbul timsolini qayerda qoʻllamasin, maʼshuqani hayot boʻstonining tengsiz guli, oshiq taqdirini hal qiluvchi goʻzallik maʼbudasi sifatida taʼriflaydi. Va unga qulligini takror-takror qayd etib oʻtadi. Shak – shubha yoʻqki, quyidagi singari satrlar Bobur sheʼriyatining oʻziga xosligi, hayotiyligi, vaqt va zamonga boʻysunmasligini namoyish qiladi:

 

Yuzung bila lablaring erur gulu muldek,

Balkim, yuzung olida erur gul quldek.

Bobur kibi ishqdin dam urmaydur edim,

Ey gul, meni ishqing ayladi bulbuldek.

 

Ushbu ruboiydagi “Balki yuzung olida erur gul quldek” qiyosiga eʼtiboringizni tortamiz. Gulni quldek chogʻlash! Original qiyosiy tashbeh. Anʼanaviy Gul bilan Bulbul timsollari Bobur ijodida ana shu tarzda talqin etilgan.

 

Xosiyat BEKMIRZAYEVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.