Gollivud ssenaristlari ham dogʻda qolibdi

0
164
marta koʻrilgan.

Hali juda yosh, oʻzim toʻqigan falsafadan oʻzim hayajonlanib yuradigan damlarda kitobxonlik haqidagi oʻylarimni yon daftarga qoralab yurardim. Shu qoralamalarning birida “Siz asarni oʻqib undagi voqelikdan zavqlaning. Men esa shu voqelikni yaratishga urinayotgan yozuvchining harakatlarini kuzatib rohatlanaman” deb yozib qoʻygan ekanman☺️.

Muallif istaganiday men u yaratgan badiiy olamga tushib qola olmayman. Voqelikka qahramon nigohi bilan qaray olmayman, uning iztiroblari, quvonchu shodliklariga sherik boʻla olmayman… Afsuski, oʻy-xayollarim boshqa yoqqa – asarning badiiy yaxlitligi, syujet qurilishi, yozuvchining badiiy-gʻoyaviy niyati va h. k. tushunchalar tomon oʻtlab ketadi. Kitob oʻqib kitobxondek zavqlana olmayotganimdan baʼzan afsuslanaman. Lekin yozuvchining ijodiy faoliyatini taftish qilish chogʻida tuygan zavq meni yana oʻqishga chorlayveradi.

Davron Sultonovning “Afsonaviy koʻzgu siri” nomli detektiv asarni oʻqirkanman ana shunday ajib jarayonlardan rohatlandim. Aslida detektiv janrining muxlisi emasman. Biroq nima farqi bor, qanday janrda boʻlmasin, mahorat bilan yozilgan asar boʻlsa boʻldi-da. Avvalo shuni aytishim kerakki, bu oʻta badiiy, falsafiy, maʼrifiy, maʼnaviy… asar emas. Oʻlay agar, asarning bu kabi jihatlariga eʼtibor ham qilmadim. Sababi bu shunchaki detektiv edi. Biroq meni boshqa narsa – asarning favqulodda oʻtkir syujeti oʻziga rom qildi. Aniqrogʻi, syujet uzvlarini zargarona aniqlik bilan terishga urinayotgan yozuvchining harakatlarini maroq bilan kuzata boshladim.

Uning maqsadi esa bitta edi: oʻquvchini qanday boʻlmasin asarga ipsiz bogʻlab olsa, kerak boʻlsa, kitobdan boshini koʻtartirmay oʻqitsa. Qoyil qolganim, u bunga erishdi. Men asarning soʻngigacha uning xato qilishini, qartadan qurayotgan bejirim uychasining qulab tushishini kutardim. Ammo unday boʻlmadi. Aksincha, borgan sari oʻziga boʻlgan ishonchi ortib borardi. Qanchalar xatarli boʻlmasin uychasi uchun juda murakkab figuralardan foydalanardi… Xullas asarni bir kunda “Eh, u bunday syujetni qayoqdan topib oldi?”, “Koʻp kino koʻrarkan, mana bu, mana bu epizodlar xuddi kinodagidek tasvirlangan”, “Gollivud ssenaristlari ham dogʻda qolibdi”, “Haligacha qotilni sir saqlay olganini qara-ya” kabi oʻylar bilan oʻqib qoʻyganimni sezmay qoldim. Chindan ham muallifning mahoratidan zavqlandim, maza qildim☺️.

P.S. Yozganlarim bilan “Afsonaviy koʻzgu siri” asarini targʻib qilmoqchi emasman. Aytganimdek, u oʻta badiiy, falsafiy, maʼrifiy, maʼnaviy… asar emas. Shunchaki yaxshi detektiv.

 

Saʼdullo Quronov,

filologiya fanlari nomzodi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.