Gargantyua va pantagryuel

0
1618
marta koʻrilgan.

Qatnashuvchilar

 

Qahramonlar romanda ularning paydo boʻlish tartibi boʻyicha taqdim etilgan. Butun kitob va har bir bobdan oldin-keyingi voqealarning qisqacha tafsiloti keltiriladi. Bu roʻyxatda birinchi (“Gargantyua”) va ikkinchi (“Pantagryuel”) kitobdagi qahramonlarning ismlarigina keltirilgan. Barcha nomlar ular fransuzcha matnda qanday taqdim etilsa, oʻshanday yozilmoqda.

Alkofribas Nazye (Fransua Rable nomining anogrammasi) muallif laqabi.

Gargantyua (Rabledan ancha oldin mashhur boʻlgan afsonaviy ism) – quvnoq, ulkan-mechkay, birinchi kitobning bosh qahramoni.

Gringuzye (katta halqum) – Gargantyuaning otasi, birinchi kitobda – Shinon atrofidagi joyda mulklarning hukmroni; ikkinchi kitobda – Utopiya qiroli; oqkoʻngil qishloq boyoniga oʻxshab ketadi.

Tubal Olafern (ikki bibliya nomi) – Gargantyuaning birinchi muhabbati, eski urfdagi pedant (rasmiyatchi odam).

Evdemon (baxtli, omadli) – Gargantyuaga hamroh boʻlgan mahram.

Don Filipp de Mare (ehtimol bor boʻlgan, ammo bizga notanish kimsa) – boyon, Gringuzye oʻgʻlining taʼlim olishi boʻyicha shu bilan maslahatlashadi.

Majstr Ianotus de Bragmardo (ehtimol, muayyan bir olimning kulgili qiyofasi) – Parijdagi Bibi Maryam jomesining qoʻngʻirogʻini qaytarib olib kelishga yuborilgan Sorbonna mantiqshunosi; ovozi pang, tili chuchuk pedant.

Ponekrat (baquvvat, kuchli) – insonparvarlik taʼlimoti masalalarida Gargantyuaning murabbiyi.

Gimnast (atlet) – Gargantyuaning sayisi.

Rizatom (ildizqirqar) – Gargantyuaning mahrami va bogʻboni.

Pikraxol (achchiq zardob) – jangari va takabbur qirol Lerne; M. de Sent-Mart degan odam unga prototip boʻlib xizmat qilgan, Rablening otasi u bilan sudlashgan.

Fanfaron (maqtanchoq) – Pikroxolning joʻmard sarkardalaridan biri.

Jan-Tishmaydalagich aka – abbatlikni Pikroxoldan saqlab qolgan seyalik shavkatli rohib.

Ulriz Galle (Ehtimol, Jan Galledir, Rablening Sent-Mart bilan sudlashgan otasi shu nom ostida yashiringan) – Granguzyening Pikroxolga yuborgan elchisi.

Pantagryuel (Rabledan ancha oldin mashhur boʻlgan afsonaviy ism; dastavval, tashnalikni qondiradigan mayda iblis) – Gargantyuaning oʻgʻli, ikkinchi-beshinchi kitoblari qahramoni; aqlli, koʻpyoqlama taʼlim olgan shahzoda.

Badbekkoʻzi yoriyotib olamdan oʻtgan Pantagryuelning onasi.

Epistemon (tajribali) – Pantagryuelning murabbiyi.

Limuzinchi talaba – Parij dorilfununi talabasi, lotinlashtirilgan grotesk (masxaraboz) lahjasida gapiradi.

Panurg (har narsaga qodir, kazzob, muttaham) – Pantagryuelning mablagʻlarda dogʻuli, poyintar-soyintar ish koʻruvchi hamrohi.

Sharobxoʻr va Ketyalar – ikki sudboz, ularning bahsini Pantagryuel bir yoqlik qiladi, har ikkovi koʻz koʻrib, quloq eshitmagan janjaldan boshi chiqmaydi.

Taumast (hayratomuz) – Panurg mubohasalar olib borgan ingliz olimi (ehtimol, ser Tomas Mor[1] boʻlgandir).

Evsfin (barvasta) – Pantagryuelning hamrohi.

Karpalim (epchil) – Pantagryuelning boshqa hamrohi.

Anarx (qonunsiz) dipsodlar (“mushtoqlar”) qiroli, Pantagryuel uni magʻlub etgan.

Utopiya (oʻzi yoʻq joy) – Gargantyua qirolligining Tomas Morning shu joydagi kitobidan olingan nomi.

 

ROMANNING SYUJYeTI

 

Gargantyua – Shinondan sal narida istiqomat qiluvchi odamshavanda ulkan zot. Utopiya qirolining dabdabali unvoniga sazovor boʻlgan otasi Granguzye aslida bor-yoʻgʻi qishloq boyoni boʻlib, uning mulki bir necha mil kvadratni tashkil etadi. Gargantyua bolaligidan hayratomuz qoʻmaqayligi bilan taniladi, qolgan narsalarda barcha oʻsmir bolalar qanday boʻlsa, u ham shunday. Eskicha taʼlimdan qoniqmagan otasi oʻgʻlini Parijga oʻqishga yuboradi. Unga murabbiy Ponokrat hamrohlik qiladi, u Gargantyuaning ongiga oʻz zamonasining yangi insonparvarlik qarashlarini singdiradi. Shaharda Gargantyua bir qancha sarguzashtlarga duch keladi. Shulardan biri Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasining qoʻngʻiroqlarini oʻgʻirlashdir. Bu qoʻngʻiroqlarni Gargantyua biyasining boʻynidagi munchoqqa osib qoʻymoqchi boʻladi. Shu orada Granguzye va qoʻshnisi monarx Pikroxol oʻrtasida chinakam urush chiqadi. Pikroxol ismi ostida Rablening otasi bilan sudlashib yurgan yer egasi tasvirlangani istisno etilmaydi. Casus belli[2] puch gap boʻlib chiqadi: qirol Pikroxolning fuqarolari bir nechta konni oʻgʻirlashadi, ammo urush hazilakam tus olmaydi, bu qonga qon, jonga jon urushiga aylanadi. Otasidan xabar kelgach, Gargantyua shosha-pisha uyiga qaytadi va raqibining abjagʻini chiqaradi. Bunda unga Jan – Tishmaydalagich laqabli betayin rohib yordam beradi – u fransuz rohibi Tukdan bir tuki kam emasdi. Minnatdorlik yuzasidan Gargantyua Janning onasi uchun dabdabali abbatlik qurib beradi, uning hayoti oʻrta asr monastirlik hayotiga mutlaqo teskari tamoyillarga asoslangan edi. Monastirning erkagu ayol ahli bir-birlari bilan nikohdan oʻtishlari mumkin edi: ular toat-ibodatlar bilan vaqt oʻtkazmay, sport oʻyinlari va gumanitar ilmlarni oʻrganish bilan mashgʻul boʻladilar. Monastirdagi “Istagan narsangni qil”, degan shiori shundan yaqqol guvohlik berib turibdi.

Ikkinchi kitob birinchisining qaysidir maʼnoda zaif takrori hisoblanadi. Uning bosh qahramoni Gargantyuaning oʻgʻli Pantagryuel boʻlib, otasidan oliyjanoblik va sira soʻnmas ishtahani meros qilib olgan. Otasiga oʻxshab, u ham Parijga boradi, u yerda huquq va falsafiy mubohasalarda ishtirok etishi sharofati bilan mashhur boʻlib ketadi. Shu yerda u kitobning aksilqahramoni, kazzob Panurg degan odam bilan oshlashib qoladi. Uning Pantagryuel bilan munosabatlari Falstafning shahzoda Xel bilan munosabatlarini esga soladi.

Shu orada dipsodlar (“mushtoqlar”)ning Utopiyaga bostirib kirganlari haqida xabar keladi. Pantagryuel qaytib keladi-da, dushman koʻshinini tor-mor etadi – u oʻzidan shunchalik koʻp peshob chiqaradiki, yaqin-atrofida turgan odamlar bitta qolmay peshobga gʻarq boʻlib oʻladi.

Uchinchi kitobda Panurg qonun boʻyicha yangi uylangan erkak harbiy xizmatga bir yil keyin chaqirilishini eslab, uylanishga jazm qiladi va doʻstlaridan maslahat soʻraydi. Ular ayollarinng feʼl-atvori va ijtimoiy ahvolini muhokama qilib, oxiri koʻrinmas bahsga kirishib ketadilar, bir qancha boobroʻ olimlarga – ilohiyotshunos, qonunshunos, falakshunos, shifokor, faylasuf va qiziqchilarga murojaat qiladilar. Ularning javoblari bir xil boʻlsa-da, tasalli bermas edi, biroq tinib-tinchimas Panurg yana bir kishining fikrini bilishni istaydi: u Ilohiy Shishaning Orakulidan yordam olishni tavsiya etadi. Uchinchi kitob sayyohlari oʻzlari bilan olib yuradigan pantagryuelion nomli giyohning tavsifi bilan yakunlanadi. Giyoh aslida nasha oʻsimligi edi, uning mana bunaqa atalishiga sabab, devqomat Pantagryuel mudom tashnalik azobini tortib yuradi, jallod sirtmogʻi shaklidagi nasha (koʻknor) esa boʻyinni qiltiriq qiladigan xususiyatga ega.

Toʻrtinchi va beshinchi kitoblar Orakulni qidirishdagi sayohatlar tafsilotlaridan iborat. (Bu kitobda olimlar sayohatlar, xususan, Shimoli-gʻarb yoʻlini qidirishga otlangan sayyohlar haqidagi hikoyalarning taʼsirini koʻzda tutadilar). Sayyohlar koʻplab gʻaroyib yerlarga qoʻnadilar bu yerlar majozan turli bilim vakilliklarini namoyon etadi, Rable oʻtkir kulgi ostiga olgan bu dargohlar orasida ruhoniylar, qozilar, xazinabonlar, falsafa olimlari va boshqalar uchraydi. Ayrim lavhalar sayohatchilarning oʻzida hech qanday maʼnoni kasb etmagan shunchaki mullajiringini ifodalagan. Bunga shunday bir mamlakat misol qilib olinadiki, u yerda havo azbaroyi sovuqligidan odamlar muzga aylanib qolarkan, bahorda esa erir ekan – bunday sarguzashtlar baron Myunxgauzen loflarida qayta-qayta takrorlanadi.

Beshinchi kitob oxiri nuqul majoziy maʼnoda yozilgan. Sharhlovchilar koʻpchiligining fikricha, Ilohiy Shisha ichida sharobdan koʻra haqiqatning oʻzi joylashgan, uning barcha mijozlari u tomon intilganlari-intilgan. Maqsadga yetishdan oldin sayyohlar vijdonli va tirishqoq xalq yashaydigan Finus mamlakatidan oʻtadilar. Yoʻlni yoritib borish uchun ular Pyer Ami degan odamni yollaydilar. Shu yerda Rable shunday nomga ega, Rablega yunon tilini oʻrgatgan rohib – Fransiskola ehtirom izhor etadi. Oxiri ular qohina Bakbuk qoʻl ostida boʻlgan Orakulga yetib keladilar.

Bakbuk barchaga bir stakandan zilolday tiniq suv ulashadi, har kim oʻz stakanidagi suvda oʻzining sevimli ichimligini koʻradi, – haqiqat ham shunday, uni odamlarning har biri oʻz holicha tushunadi. Orakulning nutqini ramziy maʼnoda ham talqin qilish mumkin; u bir maʼnoni ilgari suradi: “Ich!” Baʼzi olimlar shunday taxminga boradilarki, Rable oʻz rivoyatini davom ettirishni niyat qilgan, juda boʻlmaganda Pantagryuelning yurtiga qaytishi davrigacha kechgan voqealarni tasvirlamoqchi boʻlgan. Nima boʻlganda ham kitob yaxshilik bilan tugaydi.

 

Sharh

 

Ochigʻini aytib qoʻya qolaylik: Rableni oʻqishdan koʻra undan koʻproq hayratga tushadilar. Koʻplar asosan uning uyatli yozuvchilik obroʻyiga mahliyo boʻlib, bu muallifni kashf etadi. Ular oʻzlariga bino qoʻygan holda, modomiki, kitobda uyat narsa uchrar ekan, hammasini bip-binoyidek anglash uchun na saʼy-harakatning, na layoqatning keragi bor, deb biladilar. Biroq Rablening buyuk ijodi koʻp hollarda oʻquvchi uchun Joysning “Uliss” romani singari muammolarini namoyon etadi: har ikkala romanda soʻzlar benihoyat koʻp ishlatilgan, oʻndan ortiq tillardagi olimlar asarlaridan iqtiboslar keltirilgan, allaqachon unutilib ketgan odamlar va voqealar yodga olinadi. Rableni mufassal oʻzlashtirish uchun butun umr kerak boʻladi. Shu bois bilimi oʻrtamiyona oʻquvchi uni yuzaki va tatalab oʻqiganidan xijolat tortmasa boʻlaveradi. Avvaliga “Gargantyua”ni butunisicha qoʻlga olmoq zarur, keyin esa oʻz maʼnosiga qarab boshqa toʻrttala kitobdan yoqqan-yoqqan joylarni tanlashi mumkin. Taʼlimga va unga zamondosh qarashlari boʻlgan ilm dargohlariga Rablening qandayligiga qiziqqanlar esa uchinchi kitobda Panurg maslahatini olgan olim bayon toʻgʻrisidagi, gripp, Bridua, Rondibilis va boshqalar toʻgʻrisidagi lavhalarni mutolaa qilsinlar, keyin esa beshinchi kitobning kulgili va ramziy maʼnolariga murojaat etsinlar, ularda Papimanlar oroli, Yungdor Mushuklar mamlakati, Avliyo Shisha Orakuli haqida rivoyat qilinadi. Serzavq, maroqli hikoya qilingan voqealarni izlagan kitobxonlar esa asarda ularni juda koʻplab uchratadilar.

Oʻn toʻqqizinchi asr kitobxonlariga, xususan, bu viktorian davridagi kitobxonlarga taalluqli, Rablega bu borada omad kulib boqmagan: unga jirkanchlik va haqoratli soʻz ustasi degan “toj” kiydirganlar. Oʻsha davrdan koʻplab yozuvchilar bu qadar ochiq ijod qilmaganlar. Hokimiyat Rablening kitoblarini taqiqlab qoʻydi, ularni axloq-odob doirasidan tashqari, kufrona asarlar deb tavqi laʼnat kiydirdi. Ammo kitobda buzuqlik, najasbozlik, fohishabozlikdan koʻra mechkaylik tafsilotlari ustunlik qiladi. Fahsh yegulik va ichgulik singari sogʻlom hayvoniy lazzat sifatida tasvirlanadi. Rableni buzuqlik yoki asabiylikni targʻib etishda ayblash uchun zarracha asos yoʻq. Uning qahramoni Pantagryuel zinhor ichkilik yo buzuqlik shaydosi emas. Aksincha, u aqlli, dono va haqgoʻy shahzoda. Hamma narsa Rablening oʻzi muloyim va mehribon, hayotni barcha baland-pastliklari bilan sevuvchi, oʻz qobiliyati va bilimini zamonasining buyuk muammolarini hal etishga bagʻishlagan inson boʻlganidan darak beradi. Goho bu masalalarni talqin etishda ogʻzi shaloqlashib ketadi, goho chuqur tafakkurga choʻmadi, ammo har ikkala holda ham u lafzi tez va hushyor.

Rable shiddatli oʻzgarishlar davrida yashadi. Antik fanlar va sanʼatlar uygʻonishi Yevropa madaniyati qiyofasini oʻzgartirib yubordi. Yangi bilim taʼlimga boshqacha yondashuvni talab etdi; oʻqish-oʻqitish dasturi bundan koʻra toʻlaroq boʻlishi va ilgarigiga qaraganda dunyoviy bilimlarga koʻproq oʻrin berishi kerak boʻldi. Rable sofist Tubal Olofern misolida eski tuzum ustidan kuladi. Gargantyuani alifboni toʻgʻri va teskari tomonga qarab oʻqiy olishga oʻrgatish uchun Tubal naq besh yil sarflaydi. Insonparvar Ponokrat yangi tizimning vakili boʻlib chiqadi. “Gargantyua” kitobining 23-24-boblarida, Ponokrat fikricha, moʻtadil taʼlimli odam bilishi shart boʻlgan fanlarning oʻqitilishi tavsiflanadi. Bunda Rable tor doiradagi mutaxassislar yoki kalavasining uchini yoʻqotgan olimlar tayyorlash haqida oʻylamagandi; yoʻq, u har taraflama va mustahkam bilimli odam haqida orzu qilgan edi.

Rablening antiklerikalligi va uning ilmga qiziqishi ayrimlarni uni hurfikr va hatto moddiyunchi boʻlgan, deya xulosa chiqarishga olib kelgan. Bunday xulosalarga asos yoʻq, uning kitoblarida goh-goh nasroniy taqvodorlik eʼtiroflari shu qadar samimiyki, ularni oʻqigach, yuqoridagi shubhalarga ishonish qiyin. Rable davrida koʻplab halol ruhoniylar cherkovni tanqid qilmay turolmaganlar.

Rablening tili – faqat fransuzlargina hukm chiqarishga munosib vosita, ammo tarjimada ham uning purmaʼnoligi sezilib turadi. Soʻzlar suvday oqib kelaveradi: arxaizmlar va neologizmlar, saroy ahli va dehqonlar nutqida uchraydigan xos soʻzlar, maʼnodor ilmiy ifodalar va lahja, yunon, lotin, yahudiy, ingliz, niderland, olmon, doniyo, bask tillaridan olingan soʻzlar, shuningdek, Rablening oʻzi kashf etgan iboralar va hokazo. Kech fransuz nasri davrining nafis neoklassitsizmiga yanada oʻxshamaydigan hech narsa yoʻq: soʻzlar roʻyxatlar va katologlarga toʻplanib, ulardan, oʻz navbatida, butun boshli boblar yuzaga keladi. Bu chek-chegara bilmas isrofgarchilik kitobning deyarli har bir sahifasida nafas oluvchi hayotbaxsh koʻtarinkilik ifodasi hisoblanadi: Gargamellaning ichak-chavoq tushligi, Pantagryuel chaqalogʻining parhez taomi, Pikroxolning fotihman deb koʻkragiga urishlari, Panurgning bemaza qiliqlari shular jumlasidandir. Hattoki qahramonlarning nutqi yoki qiyofalari boʻlsin, Rable fikri daxl qilgan hamma narsa ulkan hajmlarga ega boʻlgan. Rablening tilga boʻlgan muhabbati ham uning hayotga boʻlgan oʻchligiga jonli guvohdir.

 

Tayyorlovchi: Amir Fayzulla

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1


 

[1] Ingliz uttopik sotsialisti.

 

[2] Casus belli (lot.) – urushga bahona.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.