Gʻarbona janrning sharqona namunasi

0
407
marta koʻrilgan.

Shoir qalbi dashtdek keng, togʻdek yuksak, daryodek toshqin boʻladi. Faqatgina shoirlar inson ruhining oniy iztiroblariyu quvonchlarini satrlar qatiga jo eta oladi. Adabiy turlarning eng nozigi lirikaning qay bir janrida qalam tebratilmasin, inson koʻnglida mavj uradigan inja tuygʻular tarannum etiladi. Jumladan, syujetliligi bilan ajralib turadigan balladalar haqida ham shunday fikr aytish mumkin.

“Ballada” termini “raqsbop qoʻshiq” degan maʼnoni anglatadi. Oʻrta asrlar Yevropa adabiyotida paydo boʻlganligi aytiladi, kelib chiqishiga koʻra rivoyat va hikoyatlarga borib taqaladi. Ertak va qoʻshiq janrining ham baʼzi jihatlarini mujassamlashtirgan. Balladalarda tarixiy va hayotiy syujet yorqin aks etadi. Koʻpincha mifologik mavzuga murojaat qilinadi, afsonaviy qahramonlar qatnashadi. Ballada sentimentalizm va romantizmning muhim janrlaridan hisoblanadi.

Syujetda kulminatsiya, tugun va yechimning boʻlishi, muallifning kuchli emotsiyasi va qahramonning his-tuygʻulari tasvirlanishi balladaning muhim belgilari sirasiga kiradi. Asrlar davomida mazkur janr ham takomillashib kelmoqda, mavzu ufqlari kengayib, uslubiy oʻzgachaliklar kasb etmoqda. XX asr oʻzbek adabiyotida Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Uygʻun kabi shoirlar balladaning goʻzal namunalarini yaratishgan. Bu mavzuda gapirilar ekan, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimni tilga olmaslikning iloji yoʻq. Shoir inson iztiroblarini tasvirlashda buyum va jihozlardan ramz-timsol sifatida ustalik bilan foydalanadi. Shu jihatdan gʻarbona ballada bilan sharqona masalni uyqashtirib yuboradi. Masalan: “Buyumlar haqida ballada”, “Avtomobil haqida ballada”, “Dekabr balladasi”, “Yomgʻir haqida ballada”, “Mardlik haqida ballada” va hokazo.

Usmon Azim balladalaridagi tabiat tasviri betakrorligi bilan eʼtiborga molik. “Deraza haqida ballada”siga quloq tutaylik.

 

Kuzakning besohib kechalarida

Izgʻirinlar yelar, yomgʻirlar ezar…

Dunyoning hoʻl, zulmat koʻchalarida,

Tentirab kezinar yolgʻiz deraza.

 

Oynasida oʻynar chiroqning aksi,

Qayiq surati bor pardalarida.

Tentirar deraza – xazonlar bosib,

Beparvo kuzakning zardalariga.

 

Tabiat oltin rangga belanib, bor goʻzalligini koʻz-koʻz etsa-da, kuz faslini inson hayotining shomiga qiyoslaymiz. Tillarangning olovli nurlari zulmatga yuz tutgan xazonrez umrni yorita olmas ekan. Balladaning dastlabki misralaridanoq tabiat lirikasining goʻzal namunasini koʻrishimiz mumkin. Shu orqali insonning oniy kechinmalari tasvirlangan.

 

Sakkiz oynasi bor – sakkizta tuman,

Gʻussadan sakkizga boʻlingan siyna –

Boradi charchagan koʻchalar bilan,

Sakkizga ajralgan jonini qiynab.

 

Avtolar yonidan oʻtar zuvillab,

Halqoblar poyida qolar sochilib.

Boradi junjikib, borar huvillab,

Yigʻlar – men bilmadim kimga achinib.

 

Kecha mavjlanadi – hududsiz dengiz…

(Izgʻirinlar yelar, yomgʻirlar ezar)…

Tunga choʻkib ketgan toʻrt taraf tubsiz…

Nochor kema kabi suzar deraza.

 

Ballada real hayot va fantastik tasvirni uygʻunlashtirgan. Sakkiz oynasi bor deraza tasviri orqali insonning tashqi aʼzolari ramzlashtirilib, badiiy obraz hosil qilingan. Deraza-odamning koʻzyoshiga belangan koʻyi tungi shahar boʻylab izgʻishidan iborat fantastik syujet taʼsirchan peyzaj bilan boyitilgan.

 

Koʻp qavat binolar charaqlab turar,

Sassiz hayqirishar: “Bizlar – baxtiyor!..”

Baxtdan gangib qolgan bu choʻng devlarga

Yolgʻiz derazaning dardi ne darkor?

 

Deraza charchabmi yerga choʻkadi,

Tani chippa botar kuzak loyiga.

Ustidan daraxtlar xazon toʻkadi…

Hamma derazalar joyi-joyida!

 

Deraza qaytadi poyi-piyoda,

Oʻtgan yoʻlarini tanimas koʻzi…

Sovuq bir devor bor, axir, dunyoda,

Oʻsha muzday devor qismatning oʻzi!

 

Tani boshqa dard bilmas. Baxtiyor koʻp qavatli binolarga darbadar derazaning ahvoli ruhiyasi gʻalat tuyuladi. Chunki ular hayotda hammasi qanday boʻlsa, shundayligicha qabul qilgan. Koʻnikuvchanning kuni qulay kechadi. Bizning derazamiz esa devorda serrayib turaverishdan zerikkan, qandaydir oʻzga maʼvolarni qoʻmsaydi, istaydi, izlaydi. Ammo achchiq qismat orzu qanotlarini qayirib, yana taqdir chizigʻiga qaytishga majburlaydi.

 

Singan qanot kabi sudralib borar,

Ikki pardasi – shundoq jiqqa hoʻl.

Axir, bu dunyoda bir devor bor-a,

Bedorligi kamdir, uyqulari moʻl.

 

Ana, xurrak otib uxlar bearmon…

Deraza termular devorga gʻamgin:

– Bir kun qaytmas boʻlib ketaman, ishon!

Uygʻongin, devorjon! Uygʻon, uygʻongin!..

 

Deraza devorga kelib oʻrnashar,

Dahshatda qotadi sakkizta koʻzi,

Qurib ulgurmagan darpardalardan

Qayiqlar qaygadir ketishar suzib…

 

Iztirob iskanjasida tun boʻyi yolgʻiz oʻzi shahar kezgan deraza yana eski oʻrniga qaytadi. Asl qismati shu! Devor va derazani bir-biridan ayro tasavvur eta olmaganimizdek, jism va ruhni ham bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Inson ruhi (yaʼni deraza) erkinlik izlab izgʻirinli koʻchalarda mungli izgʻiydi, ammo taqdiri azal uning jismdan (yaʼni devordan) ajralishiga yoʻl qoʻymaydi. Jism (devor) ham ruhsiz (derazasiz) mudroq. Ikkisi birga yaxlitlikni tashkil qiladi, bir butun boʻladi. Lekin orzu qayiqlari qaylargadir suzib ketaveradi…

Oʻzbek sheʼriyatida Usmon Azimning belgili, katta oʻrni bor. Shoir qalamiga mansub balladalar tahlili ham buni isbotlaydi. Usmon Azim mazkur janr imkoniyatlarini yanada kengaytirib, yangicha mavzular, yangicha ifodalar olib kirdi. Gʻarbona janrning sharqona namunalarini yaratdi.

 

Madina BOLLIYEVA

 

“Yoshlik”, 2016-10

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.