Galaktika sarguzashtlari

0
27
marta koʻrilgan.

“Fantastika” atamasi yunoncha “phatastika” soʻzidan olingan boʻlib, “taxayyul sanʼati” demakdir. Haqiqatda mavjud boʻlmagan, taxayyul kuchi bilan tasavvurdagina yaratilgan narsa-hodisalar tasviri, shunga asoslanuvchi adabiy asarlar majmuasidir. Fantastika faqat xayolot mahsuli emas, uning zamirida mavjud voqelikning izlari sezilib turadi. Zero, xayol shu mavjudlikdan kuch olgan holda parvoz qiladi. Inson tabiat sir-sinoatlarini chuqur anglab borishi barobarida fantastikani shartli obʼyektlilik, badiiy vosita sifatida tushunish barqarorlashib boradi.

Yangi oʻzbek adabiyotida fantastika unsurlaridan samarali foydalanish A. Fitratning “Qiyomat”, “Abdulfayzxon”, A. Qahhorning “Qabrdan tovush”, X. Doʻstmuhammadning “Jajman” asarlarida kuzatiladi. Shuningdek, XX asrda oʻzbek sarguzasht-fantastik adabiyotini rivojlantirishda X. Toʻxtaboyev, T. Malik kabi adiblarning xizmati katta boʻldi. Oʻzbek ilmiy-badiiy fantastikasining asoschilaridan biri marhum adib Hojiakbar Shayxov edi. Adibning izlanishlarini davom ettirayotgan yosh fantast oʻzbek adibi Saʼdulla Quronovning imliy fantastika janridagi asarlari tahsinga loyiqdir.

Adibning ilmiy-fantastik asarida voqealar rivoji oʻziga xos tartibda kechadi. Uning asari syujeti oʻziga xosligi bilan boshqa fantast yozuvchilarning ijod namunalaridan keskin farq qiladi. Saʼdulla Quronovning asarida qoʻyilgan bosh masalalar va ilgari surilgan gʻoyalar adibning badiiy-xayoliy olami, dunyoqarashini oʻrganishda muhim boʻlsa, ikkinchidan, uning ijodi hozirgi adabiy jarayonda yozuvchining xayoliy tafakkuri, kelgusida fanlardagi kashfiyotlarning amalga oshishida qimmatli ahamiyatga molikdir.

Saʼdulla Quronov – dinamik syujet ustasi. Hikoya qilish davomida kutilmagan burilishi va evrilishlar, dadil bashoratlar, keskin konfliktli vaziyatlar – adib ijodiga xos jihatlardir. Saʼdulla Quronov kitobxonlar umidini oqlash uchun ter toʻkib mehnat qilayotgan ijodkorlardan biri.

Fantast adibning “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasi muallifning ilmiy darajasini, tasavvur doirasining nihoyatda kengligini, fantastik asarlar yozishda iqtidori, imkoniyati katta ekanligini koʻrsatadi. Saʼdulla Quronovning yana bir yutugʻi shundaki, ilmiy-fantastika janrida yozilgan ushbu qissasida u faqat ilmiy gipotezalar atrofida oʻralashib qolmay, balki har bir qahramoning tashqi va ularning ruhiy olamini mahorat bilan ochib bera olgan, deb oʻylayman. Bosh qahramon Ahmadni olsak, sergʻayrat bu bolakay barcha xavf-xatarga tik boquvchi, mushkul vaziyatda ikkilanmasdan oqilona qarorlar qabul qilib, oʻz bilimi bilan barchaning hurmatiga sazovor boʻladi. Bu kabi bilagʻon va tashabbuskor boʻlish uchun kishidan koʻp ilm talab etadi. Bugungi yoshlarimiz aynan shu kabi asarlarni mutolaa qilishi maqsadga mavofiq. Chunki asarni matolaa qilgan hozirgi yoshlarning bilim olishga boʻlgan ishtiyoqi yanada oshishi aniq.

Asarda fantast yozuvchi “Galaktikada bir kun” asarida samoviy jismlar va yondosh olamlarni taʼriflashda, hozirgi zamon ilmining soʻnggi yutuqlaridan hamda bir necha ilmiy gipotezalardan unumli foydalanib, uni oʻquvchiga hayotda chindanam mavjud, real narsaday tavsiflab bera olgan hamda katta ijodiy yutuqga erishgan. Umuman, ilmiy-fantastik adabiyotda eng qiyin nuqtalardan biri ilmiy tahlil bilan ruhiy tahlilning oʻzaro dialektik birlikda tasvir qilinishi masalasidir.

Saʼdulla Quronovning “Galaktikada bir kun” deb nomlangan ilmiy-fantastik qissasida ana shu uygʻunlik yaqqol koʻzga tashlanib turadi. Asarda yozuvchining nekbinligi qahramonlari – teran mushohadali, ziyrak bilimli va boshqalardan yordamini ayashmaydigan, ular eng ogʻir vaziyatlarda ham insoniyat oldidagi, oʻz uygʻoq vijdoni oldidagi burchidan kelib chiqib ish koʻrishadi.

Bunda ilmiylikka ruju qoʻyilmasdan, asosiy maqsad oʻsha samoviy xaritaning muhimligini isbotlashga hamda oʻzga sayyoraliklarning zamonaviy texnikalarini koʻrsatishga va yerliklarning fazoviy bilimlari asosida yaratilayotgan texnik yutuqlarini yoritishga qaratilgan. Ilmiy fantastikada bunday hollarda ilmiylik va texnikaviylikning ajoyib va kishini hayratga soluvchi taʼrif-tavsifiga berilib, adabiyotning asosiy tahlil obʼyekti – inson va uning ruhiy dunyosi unutilib qoʻyilmasligi lozim, albatta. Biroq, ayni paytda biz ilmiylikdan uzoqlashib, faqat badiiylik bilan oʻz ilmsizligimizni xaspoʻshlashmiz yaramaydi. Bu holatni inobatga olgan fantast adib ikkila vaziyatni ham bir tarozida asarda davomida teng ushlab turishga erishgan.

Odamzodning ulkan ixtirolari boʻlmish samoliyotlar, mashinalar va kimyoviy laboratoriya zavod-fabrikalaridan yiliga tonnalab chiqayotgan zaharli moddalar atmosferamizga, qolaversa, biz nafas olayotgan havoga, muhitimizga oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmayapti, albatta. Ahmad baʼzi sayyoralarning butkul yoʻq boʻlishiga sabab aynan oʻsha chiqindilar ekani koʻradi va odamzot ulkan xavf-xatar oldida turganini his qiladi. Balki buni siz fantast adibimizning xayoloti mahsuli deya hisoblashingiz mumkin. Biroq, hozirgi kunimizda ham dunyoning yirik shaharlari hisoblanmish London, Tokio, Gamburg, Iokogama, Nʼyu-York va Rotterdam hududlarida kimyoviy zavod-fabrikalarning chiqindilari, mashina-samolyotlarning zaharli tutunlari aralashuvidan oʻta murakkab reaksiyalar natijasida quyuq tumanlar tushayotgani, qolaversa, zaharli bugʻlardan hosil boʻlgan qora bulutlardan yogʻilayotgan zararli yomgʻirlar yogʻishi oqibatida tirik jonzotlar, xususan, bu holatdan insoniyatning oʻzi ham aziyat chekayotgani sir emas. Atrof muhitning ifloslanishida bevosita sabab boʻlayotgan omillarga inson xoʻjaligi faoliyati ham kiradi.

Asarda global muammolar haqida toʻxtalar ekan, fantast adib ayniqsa sayyoraviy geoyekologik muammoga urgʻu berib, uning salbiy oqibatlari haqida maʼlumotlar ham keltirib oʻtadi. Darhaqiqat, bugungi kunda insoniyat tomonidan tabiatga chiqarilayotgan tonnalab chiqqindilar atmosferada, bir qismi esa okeanlarda toʻplanmoqda, muammoni bartaraf etish yoʻllarni izlab topish bugun insoniyat tomonidan yechimini kutayotgan bosh masalalardan biridir. Atmosferaga toʻxtovsiz chiqarilayotgan yiligi taxminan 22 mlrd.tonnadan ortiq Karbonot angidrid gazi sabab, yer sayyorasining harorati yildan-yilga oshib borayotgani fan mutaxassislari tomonidan qayd etilmoqda. Oqibatda, keskin harorat oshishi natijasida qutbiy kengliklardagi muzlar erib, okeanlarning suv sathi koʻtarilib, koʻplab yer maydonlariga ziyon yetkazilishi mumkin. Bu kabi chiqindilar sonining keskin ortishi natijasida yer shari va atmosfera orasidagi muvozanatga putur yetkazmoqda.

Uning ilmiy fantastik qissasida hozirgi fantastik adabiyotning hamma zarur belgilari mavjud boʻlib, yozuvchi toʻgʻridan-toʻgʻri inson vijdoniga murojaat etadi. Insoniyat oldida turgan muammolarni oʻrtaga tashlab, uni hal qilishda yer yuzidagi barcha odamlarni birdamlikga chorlaydi. Fantast adibning asarida mexnatsevarlik, vatanparvarlik, bir soʻz bilan aytganda ezgulikni targʻib qiladi. Aynan shuning uchun ham Saʼdulla Quronovning asari kitobxonlar qalbini zabt etishi muqarrardir.

Asarning tarbiyaviy qismi ham tahsinga sazovordir. Xususan, asardagi bosh qahramon 12 yoshli Ahmadning yoshiga nisbatan oʻzgacha iqtidori va isteʼdodi va topqirligi oʻzi kabi tengdoshlariga aniq fanlarni oʻzlashtirishda oʻzgacha motivatsiya berishi shubhasizdir. Asar bilan tanishgan kitobxonning bir necha fanlar yuzasidan bilimi boyishi, eng muhimi tabiatda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga befarq qaramay, global muammolarni bartaraf etishda oʻzining hissasini qoʻshishga harakat qilishi mumkin. Ahmad oʻzga sayyoralik doʻsti Salmirlik Margol Vu Dagudoga uni sayyorasini qutqarish uchun hech ikkilanmasdan, biroz hadik bilan koʻmak berishga shoshadi va boshidan koʻplab gʻayrioddiy sarguzashtlarni kechiradi. U sayohatlari davomida bizning olam bilan tutash olamlarga ham boradi va turli-tuman oʻzga sayyoraliklar bilan tasodifan koʻrishadi. Robot Mokini ham oʻziga doʻst tutgan bolakay, unga texnika sifatida emas, balki bir insondek mehr qoʻyishidan, uning qalbi naqadar sof ekanini koʻrishimiz mumkin.

Oʻnginamizda bizning olam bilan tutashgan olamlar koʻz bilan koʻra olmay, qalb koʻzi bilan koʻra olishi mumkin boʻlgan, olamlar haqidagi tasavvurlar bilan aynan shu asarda tanishishimiz mumkin. Garchi bu olamlar mavjud boʻlsa-da, unga baʼzan shubha koʻzi bilan qaraymiz. Adib asarda voqealar silsilasi orqali insonlarni ezgulikka, faqat yaxshilikka chorlaydi. Asarning tarbiyaviy ahamiyati ham beqiyosdir. Ota-onaga hurmat, kichikka izzat, doʻstlik va yaqin insonlar oʻrtasidagi mehr-oqibat oʻz aksini topgan. Asarda bir-biridan qiziq ilmiy faktlar bilan ham tanishish imkoniga ega boʻlasiz.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, oʻzbek adabiyotida ilmiy fantastikaning rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan Saʼdulla Quronovning “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasi har tomonlama oʻrganish va tadqiq etishga loyiqdir. Bu fantastik asar yoshlar dunyoqarashini oʻstirish, ezgu qadriyatlar ruhida tarbiyalash jihatidan ahamiyatlidir. Barchamizning onamiz boʻlmish “Yer” sayyorasida toza turmushni yoʻlga qoʻyishimiz uchun eng avvalo, tevarak-atrofga teran nazar tashlaylik. Axlatxonalarda, yoʻl chekkalarida farosatsiz kimsalar tomonidan tashlab ketilgan, issiq kunda bijgʻib, qoʻlansa hid taraqatayotgan jonivorlarning jasadlariga beparvolik bilan qarab oʻtish oʻrniga, hashar yoʻli bilan tozalash-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishimiz, maqsadga muvofiq boʻlardi. Zero, har birimiz kelajak avlodga osmoni musaffo, tabiati goʻzal muhitni qoldirishga burchli ekanimizni unutmaylik. Biz ham shundagina jiddiy xavf-xatarlardan holi boʻlgan holda umrguzaronlik qilishda davom etishimiz mumkin.

Fantast adibning yuqoridagi nomi zikr qilingan qissasida inson taqdirini faqatgina oʻz qoʻli bilan yarata olishi mumkinligi uqtiriladi. Bugungi kun kashfiyotlari odamzotni zavoli emas, aksincha iqboli yoʻlida xizmat qilishi zarurligini, fantast adib chin dildan istaganini koʻrishimiz mumkin. Eng muhimi ushbu asarni oʻqish asnosida kitobxonlar, ayniqsa yosh kitobxonlar orasida astronomiya, fizika, kimyo, matematika va informatika kabi fanlarga oʻzgacha mehr qoʻyishlari uchun zamin boʻlishi shubhasiz.

 

Zebiniso Davlat qizi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.