Gʻafur Gʻulomning muammo janridagi sheʼrlari

0
1656
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

Gʻafur Gʻulom zamonaviy oʻzbek nazmi va nasrining rivojiga oʻziga xos hissa qoʻshgan adib sifatida adabiyotimiz tarixida alohida oʻrin tutadi. Shu bilan birga adib mumtoz adabiyotning bir qator janrlarida ham qalam tebratgan. Jumladan, ijodkorning gʻazal va muxammaslari koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Gʻafur Gʻulom arxividagi arab yozuvidagi qoʻlyozmalarni tavsiflash jarayonida uning muammo janrida yozgan sheʼrlariga duch keldik. Sheʼrlar shoir arxivi 31 yigʻma jilddagi 23 tartib raqamli hujjatda uchraydi.

Muammolar oʻzbek va tojik tillarida. Jami 9 ta. Ulardan bittasi kimning nomiga yozilganligi koʻrsatilmagan. Nomlari koʻrsatilgan muammolar quyidagilar: “Bokiy”, “Chustiy”, “Habibiy”, “Sayfiy”, “Sobir”, “Turob”, “Oshqaboq” va “Roshidon”. Muammolarning yechimi berilmagan.

Matn 20x30 sm oʻlchamdagi ikki buklanib, toʻrt bet koʻrinishiga keltirilgan bir varaq sargʻish qogʻozning oldi va orqa tomoniga yashil rangli tush bilan isloh qilingan arab alifbosida yozilgan. Birinchi bet boʻsh qolgan. Sheʼrlar ikkinchi-toʻrtinchi betlarga joylashgan. Ikkinchi betning quyi qismi oʻng burchagida nomaʼlum kishi tomonidan qora qalam bilan “1946–1947 yillarda yozilgan boʻlishi mumkin. Bu gap ustida Chustiy boʻlgan koʻrinadi” degan qayd kirill alifbosida bitilgan.

Gʻafur Gʻulomning muammo janridagi sheʼrlari janr qonun-qoidalariga mos keladi. Muammo janri qoidalariga koʻra, eng avvalo, sheʼr muammo janrida ekanligini bildirish uchun yashirilgan ismni koʻrsatish shart hisoblanadi. Shu shartlilikka asosan, Gʻafur Gʻulom har bir muammo sheʼrda qanday ismi yashirilganligini qayd qilib borgan. Yuqorida zikr qilganimizdek, birgina muammo kimning nomiga yozilganligi bildirilmagan. Bunga sabab sheʼr muammo janridan yaxshi xabardor kishiga atab yozib yuborilib, oʻsha kishining ismni koʻrsatilmagan muammodan ismni topa olishini sinovdan oʻtkazish uchun qilingan boʻlishi mumkin. Sheʼrda ism koʻrsatilmasa ham, uchinchi misrada “Ismingizni topib oling hazrat” degan ishora bor. Bundan oʻsha sheʼr muammo janrida yozilganligi va undan oluvchi shaxsning nomi chiqishi oydinlashadi. Shu bois bu sheʼrni ham muammo janri talabiga muvofiq keladi deb hisoblay olamiz.

Gʻafur Gʻulom muammolarida ham boshqa ijodkorlar asarlarida boʻlgani singari shaxs nomi yashirilgan. Uning “Oshqaboq” nomiga muammo yozganligi janr anʼanalariga ijodiy yondashganligini koʻrsatadi.

Shoir shuningdek, muammolarda mazmun va janriga xos imo-ishora soʻzlarning qoʻllanishi bir-biriga mos kelishiga ham ahamiyat berib, shakl va mazmun uygʻunligiga erishishga harakat qilgan.

Quyida baʼzi muammolarning yechimini koʻrsatamiz. “Habibiy” ismiga yozilgan muammo:

 

Agar soʻrogʻi zi doʻst mijoʻyi,

Doʻsti man bud banomu laqab.

Mazmuni:

Agar doʻstimni soʻrasang,

Doʻstimning oti bilan laqabi bir xil edi.

 

Ism ikkinchi misradagi “Doʻst” soʻzining yordami bilan topiladi. Bu soʻzning yashirilgan ismni topilishiga vosita ekanligiga birinchi misrada “Agar soʻrogʻi zi doʻst mijoʻyi” deyish orqali bildirilgan. Ikkinchi misrada “Doʻsti man bud banomu laqab” deyilgan. Bundan yashirilgan ismni topish uchun “Doʻst” soʻzining murodifi-maʼnodoshini olish kerakligi bilinadi. “Doʻst” soʻzining yashirilgan ismni topishga yaqin boʻlgan maʼnodoshi “Habib”dir. Yana oʻsha misraga eʼtibor berilsa, “Doʻst”, yaʼni “Habib” soʻzi muammoda ismi yashirilgan kishining ham ismi, ham laqabiligi zikr qilingan. Nozim bu yerda laqab deganda taxallusni nazarda tutgan. Ushbu ishonaradan “Habib” soʻziga “yo” harfini qoʻshish zararligi anglashiladi va “Habibiy” nomi chiqadi.

 

“Sobir” nomiga yozilgan muammo:

Onki boshad bataʼbho margʻub,

Nomi u hast nazdi mo Ayub.

Mazmuni:

Barchaning tabʼiga yoqimli boʻlgan oʻsha kishining

Oti bizning nazarimizda Ayub boʻlsa kerak.

 

Ushbu muammoni hal qilish uchun muallif talmeh amalini qoʻllagan. Talmeh qoidasiga koʻra, oʻtmishdagi mashhur shaxslar, voqealar va hodisalar esga olinadi. Bu muammoda Ayub paygʻambarning oti esga olinmoqda. Ayub paygʻambar haqidagi rivoyatlarga koʻra, u Tangri tomonidan yuborilgan sinovlarga sabrli boʻlganligi uchun “sobir” – “sabrli” degan nomni olgan. Shu bois Ayub nomi aytilganda unga berilgan “Sobir” nomi ham eslanadi. Gʻafur Gʻulom muammoda Ayub alayhissalomning ana shu otiga ishora qilgan. Shu yoʻsinda muammoda yashirilgan ism chiqadi.

“Turob” nomiga yozilgan muammo:

 

Chor unsur chero tu chok koʻni,

Ob agar nist, qasdi xok koʻni.

 

Mazmuni:

 

Nima uchun toʻrtta unsurni bir-biridan ajratasan,

Agar suv boʻlmasa, tuproqqa tomon intilasan.

 

Muammoning yechimi tarodif amali yordamida hal qilinadi. Nozim muammoda toʻrt unsur-suv, havo, tuproq va olov haqida soʻz yuritgan. Oʻz navbatida oʻsha toʻrt unsurdan biri – suv yoʻq boʻlsa, tuproqni izlaysan demoqda. Bu bilan ismni topish uchun “xok” soʻziga eʼtibor qaratish lozimligini bildirgan. “Xok” soʻzining maʼnodoshi “Turob”dar. “Turob” soʻzini olish bilan muammoda yashirilgan ism topiladi.

“Oshqaboq” nomiga yozilgan muammo:

 

Lablari bir nima demakchi boʻlur,

Qoshu koʻz oʻrtasi yemakchi boʻlur.

Qaro qoshiga shaydomen,

Qaroshidan yuz aylonsun.

 

Bu muammoda oldin ismining birinchi boʻlagini chiqarish uchun ikkinchi misradagi “Qoshu koʻz oʻrtasi yemakchi boʻlur” ishoralariga eʼtibor qaratish kerak. Ishoraga koʻra, ismning birinchi boʻlagi “qosh” va “koʻz” soʻzlarining oʻrtasiga yashirilgan. Bu oʻrinda shoir qosh va koʻz soʻzlarining birinchi harflarini nazarda tutgan. Ana shu nuqtai nazardan mazkur ikki soʻzga eʼtibor berilsa, ularning oʻrtasida alif va shin harfiy birikmalari borligi bilinadi. Shunday qilib, “qosh” va “koʻz” soʻzlarining oʻrtasidagi alif va shin harflanidan yashirilgan ismning birinchi boʻlagi “osh” olinadi. Ismning qolgan boʻlagi uchinchi va toʻrtinchi misralardagi ishoraga binoan topiladi. Bu misralarda “qosh”, shuningdek, “koʻz”ning maʼnosida kelgan “qarosh” soʻzlari ishlatilgan. Ushbu oʻrinda ham yuqoridagi kabi holat mavjud. Unga koʻra, “qosh” va “koʻz”ning oʻrtasi “qaboq” boʻlishi maʼlum. Ishoraga asosan, “qaboq” soʻzi olinib, oldin hosil qilingan “osh” soʻziga ulansa, “Oshqaboq” chiqadi. (Ismning ikkinchi boʻlagini boshqa bir yoʻl bilan ham topish mumkin. Yaʼni, muammo qoidasida baʼzida bir ishoraga ikki marta murojaat qilinadi. Shu qoida boʻyicha,”Qoshu koʻz oʻrtasi yemakchi boʻlur” ishorasi asosida “qoshu koʻz” oʻrtasida “qaboq” borligini bilamiz. Shoir bu tarzda ism boʻlagini ikki yoʻl bilan chiqarishga ishora topa olganligi, uning muammo janri sohasidagi badiiy mahoratini belgilaydi).

“Roshidon” nomiga yozilgan muammo:

 

Qaroshidan na yalgʻuz men, qalamravlar berur boshin,

Shulardek benavo oshiq qaroshidan yuz aylansun.

 

Odatda muammo sheʼrlarda yashirilgan ismni chiqarish uchun vosita boʻladigan soʻz oldin biror oʻrinda ishlatilib, oʻsha ismni chiqarishga vosita boʻlishi bildiriladi. Ushbu muammoda ham “Roshidon” nomini topish uchun “Qaroshidan” soʻzi vosita boʻlishi birinchi misradagi ishoralar orqali bildirilgan. Ikkinchi misrada esa, oʻsha soʻzdan qanday qilib ism chiqarilishi aytilgan. Yaʼni, “qaroshidan yuz aylansun” deyilgan. Bu ishora “Qaroshidan” soʻzining “yuz”i boʻlgan “qof” harfini isqot amaliga koʻra tushirib qoldirish kerakligi tushuniladi (“Qof” harfi shuningdek, muammoning hisob qoidasi boʻyicha yuzni bildiradi. “Yuz aylansun” degan ishora asosida ham “qof” harfini tushirib qoldirishni anglash mumkin). Qolgan harflar “Roshidan” boʻladi. Sheʼr isloh qilingan arab alifbosida yozilganligi sababli qisqa “a” tovushi yozuvda “hoyi havvaz” harfi bilan ifodalangan. Baʼzida qisqa “a” tovushi “alif” harfi bilan ham ifodalangan hollar uchraydi. Bu yerda imloning shu jihati eʼtiborga olingan. Shunga koʻra “hoyi havvaz” harfining oʻrniga “alif”ni qoʻysak, “Roshidon” boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, Gʻafur Gʻulom mumtoz adabiyotning muammo janri qonun-qoidalarini yaxshi bilgan. U bilan ijodiy hamkorlik qilgan qalamkashlar oʻrtasida mumtoz adabiyotdagi janrlar, ularning xususiyati, adabiy jarayonlardagi oʻrni borasida suhbatlashib turgan va yozishmalar olib borgan. Shuningdek, adib oʻzi bilan hamkorlik qilgan koʻplab shoirlarga oʻzning turli janrlardagi sheʼrlarini maktub orqali yoʻllagan holatlar ham boʻlgan. Bizningcha, u bilan hamkorlik qilgan shoirlar arxivida Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub muammo janridagi sheʼrlarning bizga maʼlum boʻlmaganlarining mavjudligi ehtimoldan xoli emas.

 

Zarina HASANOVA,

TDIU oʻqituvchisi

 

Manba: navoimuseum.uz sayti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.