Gʻafur Gʻulom

0
5146
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

Otashnafas kuychi Gʻafur Gʻulom hozirgi zamon oʻzbek bolalar adabiyotining yuksalishida muhim oʻrin egallaydi.

1918-yilda Gʻafur Gʻulom 8 oylik muallimlar tayyorlash kursiga kirib oʻqidi va 1919 yildan boshlab tarbiyachilik, oʻqituvchilik ishlari bilan shugʻullana boshladi. Yoshlarni bilim va madaniyat quchogʻiga tortishda u astoydil xizmat qildi. U Toshkentdagi “Urfon” nomli maktab qoshidagi boquvchisiz bolalar uyida tarbiyachi va mudir boʻlib ishladi.

1923 yildan adabiyot maydoniga qadam qoʻygan Gʻafur Gʻulom oʻz ijodini bolalarga atab sheʼr yozishdan boshladi. U butun ijodi davomida yosh avlodni unutmadi va unga munosib adabiy meros qoldirdi. Shoirning “Mukofot” (1940), “Sheʼrlar” (1946), “Tongotar qoʻshigʻi” (1949), “Bari seniki” (1953), “Bir gʻuncha ochilguncha” (1955), “Siz mening yoshligimsiz” (1958) sheʼriy toʻplamlari, oʻrta va katta yoshdagi bolalar uchun “Shum bola”, “Tirilgan murda” (1934), “Yodgor” (1935) kabi ajoyib asarlari bolalar adabiyotida munosib oʻrin tutadi.

Gʻafur Gʻulom “Yasha, deyman, oʻgʻlim!” sheʼrida fan va texnikani egallashni havas qilgan, qalbi qahramonlik ruhi bilan toʻlib-toshgan, cheksiz osmonga uchib, yulduzdan yulduzga oʻtishni orzu qilgan zamonamizning ilgʻor yosh qahramoni tuygʻularini oʻgʻli misolida tarannum etadi. Shoir bolalardagi qahramonlikka boʻlgan zoʻr havasni sezgirlik bilan ilgʻab olib, uni mohirlik bilan ifodalab bergan. Ota bilan bolaning suhbati shaklida yozilgan bu sheʼrda oʻgʻilning qoʻrqmaslik va irodalilik xislatlari jonli tafsilot va obrazlar orqali ochiladi. Sheʼrda bolalarning ichki kechinmalari, xarakteri, hamma narsani bilishga boʻlgan qiziquvchanlik holatlari kulgili usulda, taʼsirli ifodalangan. “Tursunali nega varrakdan voz kechdi?” sheʼrida Gʻafur Gʻulom texnikaning kuch-qudratini kichik yoshdagi bolalar saviyasiga mos vositalar – varrak va ayeroplan orqali koʻrsatadi. Shoir buni varrakning kuchsizligi bilan ayeroplanning kuchliligini birbiriga qarama-qarshi qoʻyish va jonlantirish usuli orqali mohirona koʻrsatishga muvaffaq boʻlgan. Shoir ayeroplanda tinmay baland va uzoqlarga uchgan qahramon obrazini chizar ekan, bolalarda zamonimizning shunday qahramoniga nisbatan mehr-muhabbat uygʻotadi. Shu bilan birga, muallim sheʼrida Vatanimiz qudrati va goʻzalligini shoirona tasvirlaydi, bolalarni hayotda tugʻilayotgan yangiliklar bilan tanishtiradi, bularning hammasi ijodiy mehnat orqali yaratilganligini kuylab, ularni zamonimiz qahramonlari izidan borishga, fanning choʻqqilarini egallashga undaydi.

Aeroplanning uchar otga oʻxshab ketishi bolaning xayoliga muvofiq keladi. Shoir ayeroplan talqinida bolani uni minib olishga, “Fanning eng choʻqqisi” ga uchirib olib borishga chaqiradi. Bunday havas ishtiyoqi yosh yurakni toʻlqinlantiradi va bola samolyot minishga qatʼiy ahd qiladi.

Shoir “Bari seniki” sheʼrida yuksak vatanparvarlik gʻoyasini ilgari suradi. Ayni chogʻda, oʻz xalqining baxtini, goʻzal Vatanning istiqbolini kuylagan shoir hayotga boʻlgan muhabbatini Vatanga boʻlgan muhabbati tuygʻusi bilan yonma-yon koʻradi, bolalarga ikkovini bir butun holda tushuntiradi. Buni shoir bola tilidan quyidagicha ifodalaydi:

Muncha ham chiroylisan, aziz Vatanim,

Bodomday ming koʻz bilan sevar badanim.

Sensan avval-oxir, sensan sevganim,

Jonim, yurak qonim, hatto shu tanim

Bir butun holicha bari seniki.

“Ahmad yomon bola emas-ku, ammo…” sheʼrida Ahmad obrazi orqali “Sogʻlom tanda – sogʻ aql” maqolidagi mazmunni oʻziga xos tarzda yoritadi. Shoirning mahorati shundaki, shartlilik asosida Ahmadning tana aʼzolarini jonlantiradi va Ahmad oʻz tozaligiga befarq qaragach, bu aʼzolar majlis qilib har biri soʻzga chiqadi va egasidan norozi ekanliklarini aytib, uni tanqid qilishadi. Gʻafur Gʻulom doktorning foydali maslahatlariga amal qilgan Ahmadning keyinchalik ozoda, sogʻlom va intizomli boʻlib qolishi bilan birga, aʼlochi oʻquvchiga aylanganligini ishonarli tasvirlaydi:

Qoʻllari ham sevinchidan chapakda,

Butun aʼzo bir-biriga koʻmakda.

Endi Ahmad sogʻlom, toza, aʼlochi,

Meʼda kuchli, tishlari misli inji.

Shoir “Nortojining kurak tishi” sheʼrida ham bolalarni Nortoji obrazi orqali tozalikka rioya qilishga undaydi. Kichik kitobxon diqqatini dastlab olti yoshli Nortojining “…chollar kabi kemshik” ekanligiga qaratadi:

Oldingi toʻrtta kurak tishining

Sogʻi yoʻq – hammasi chirik, darz ketgan.

Baʼzisi juda past, baʼzisi baland,

Baʼzisi lab yular – misli tikan.

“Nortojining kurak tishi”da shoir obrazli tasvirlar orqali Nortoji xarakteriga xos boʻlgan erinchoqlik va yalqovlikni, tozalikka rioya qilmasligini oʻziga xos yoʻsinda fosh etadi. Xususan, Nortoji tishining kovagidan joy olgan narsalarni tasvirlar ekan, uning kulgili holatini “Karnayday ogʻzini ochishi bilan sassiq hid hammaga bilinib ketdi”, “Oldingi kurak tishida bir hafta burungi ovqat qoldigʻi” kabi misralar orqali yanada boʻrttirib gavdalantiradi. Sheʼrda tozalikka rioya qilmaslikning zararli oqibati bolalarga gʻoyat hayotiy va xarakterli misralarda yetkaziladi.

Gʻafur Gʻulom Nortojining oʻz nuqsonlarini toʻgʻri anglab, tozalikka rioya qiluvchi bolaga aylanganligini ifodalab, ibratli xulosa chiqaradi:

Bilasizmi, oʻrtoqlar, bu dori nima?

Bir quti poroshok, kichkina choʻtka…

Endi Nortojining tishlari durday;

Ogʻriqni, sasishni bilmaydi, toza.

Har kimki, tishini tozalab tursa,

Joni orom olar, oʻzi pokiza!

Demak, shoir sheʼrlaridan kelib chiqadigan muhim xulosa shunchaki bayon yoki pand-nasihat tarzida emas, balki jonli tasvir, obrazli ifoda orqali beriladi. Bu kabi xulosalar kichkintoylar maʼnaviyatiga tezroq yetib boradi.

Shuni taʼkidlash zarurki, Gʻafur Gʻulom “Shum bola”, “Tirilgan murda”, “Yodgor” asarlari bilan bolalar adabiyoti nasriy janrining yuksalishiga ham oʻzining munosib ulushini qoʻshdi.

Gʻafur Gʻulomning “Tirilgan murda” asarida jamiyatga dogʻ boʻlib tushadigan dangasalik oʻrtasidagi kurash asosida mehnatning tarbiyalovchi qudrati koʻrsatiladi. Muallif ijodiy maqsadni Mamajonning boshidan kechirganlari va uning oʻzi tomonidan yozilgan kundalik sahifalari vositasida kulgili tarzda hikoya qiladi. Asar prolog va epilogdan tashqari, olti fasldan iborat boʻlib, ularda mulla Mamajonning 1925 yildan to 1933 yilgacha oʻtgan davrda boshidan kechirganlari yozilgan. Asarda Gʻafur Gʻulom oʻz qahramoniga “soʻz” berib, uning oʻziga xos xarakterini yaratadi.

Adibning “Tirilgan murda” asari ikki qismdan iborat. Ikkinchi qismda uning jamoa xoʻjaligiga kirishi va qayta tarbiyalanishi, farovon hayotga erishishi tasvirlanadi.

Yozuvchi Mamajonning yalqovligi va erinchoqligini chuqurroq ochish uchun, avval uni “Ming bir kecha” ertaklaridagi Abutanbalning yalqovligi bilan taqqoslaydi: “Xoʻsh desangiz, Bagʻdod degan shaharda Abutanbal degan bir yalqov yigit oʻz onasi qoshida yashar ekan. Abutanbal hech qanday ish qilmas ekan. Onasi topib kelgan ovqatni chaynab ogʻziga solsa ham yutgani erinar ekan. Doimo yonboshlab yotar ekan-u, oʻrnidan turishga hafsalasi kelmas ekan. Mabodo qoʻltigʻidan koʻtarib, tikka turgʻizib qoʻygan chogʻingizda ham oyoqlari bir-biroviga chalishib yiqilar ekan…” Mamajonning sarguzashtlari, uning oʻz tilidan soʻzlatilishi bolalarga asar gʻoyaviy mazmunini yaxshi tushunishga va ularning qiziquvchanligini oshirishga xizmat qilgan.

Mamajon shu qadar yalqovki, u otasi ekib ketgan yarim tanobcha yerdagi joʻxorini qayirib olishga va buni pishirib tirikchilik oʻtkazishga ham erinadi. Bu haqda uning oʻzi shunday deydi: “Qaddimni koʻtarishdan koʻra chollarning koyishlarini eshitish osonroq koʻrinar edi”.

Hatto yurishga ham hafsalasi kelmagan yalqov Mamajon birdaniga ilgʻor mehnatkash boʻlib qolmaydi. Davr voqeligi, mehnatning shon-sharafi va qahramonlik ishiga aylanib, yalqovlikning tag-tomiri bilan yemirib tashlanishi Mamajon ongida illatlarni yoʻqotib, uning oʻzgarib borishida haqqoniy, aniq va hayotbaxsh kuch – jamoaning taʼsiri ijobiy rol oʻynaydi. Mamajonni mehnatga jalb qilishda yaxshi odamlarning koʻrsatgan ijobiy namunalari Sattorqul obrazida mujassamlashtiriladi:

“Sattorqul akam qoʻyarda-qoʻymay shudgorga olib chiqdi.

– Bas endi, yotaverma. Sal mehnatga ham qayish. Ranging joyiga kelib qopti. Toʻlishibsan. Yur men bilan, – dedi. Erinib uning ketidan keta boshladim. U qoʻsh haydadi. Men otboshi yetakladim. Shudgor odamlar bilan toʻla edi: birisi haydayotir, birisi mola bosayotir, boshqalari ketmon chopayotir”.

Bunday joʻshqin hayot, daladagi qaynoq mehnat Mamajonda asta-sekin ishga havas tuygʻusini uygʻota boshlaydi. Yozuvchi bu obraz orqali mehnatsevarlik gʻoyalarini ilgari suradi.

Asarning tuzilishi oʻziga xos, qiziqarli, tili ravshan va soddadir. Mamajon tushida koʻrgan ayol: “Gʻunchaday tugilib kelgan qipqizil lab, havoda uchib yurgan qaldirgʻochning muttasil qanotiday payvasta qora qosh, sochlarining uchi qoʻngʻiroq boylaganday jingalak, yuzlari atirgulga oʻxshagan tiniq pushti rang” tarzida chizilgan. Shaxs tasvirida yoki “gaplarim zuvalasi pishmagan xamirday uvalanib ketmoqda edi” kabi iboralar asarga ziynat bagʻishlagan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida sheʼriyatning juda koʻp durdonalarini yaratgan Gʻafur Gʻulom bolalarga ham ajoyib asarlar taqdim etdi. Uning bolalar uchun yaratgan asarlarida vatanparvarlik va baynalmilallik gʻoyalari, qahramonlik va jasurlik, gʻalabaga ishonch ohanglari yangraydi. Shoir “Navqiron naslimiz sinov oldida” sheʼrida yoshlarning kelajagini ifodalab, ularni erk va baxt bergan vatanga munosib kishilar boʻlishga chaqiradi:

Bizning oʻlkamizda yoʻqolur ofat,

Oʻlimni yengishga sizlar kandidat…

Ertaning, ey adib va shoirlari,

Kishilik ruhining injenerlari…

Siz osmon ilmini suvday ichasiz,

Yulduzdan yulduzga zumda koʻchasiz…

Aʼlochi oʻgʻlonlar, aʼlochi qizlar,

Vatan istagi ham xuddi ana shu.

Shoirning bu davrda yozgan noyob va goʻzal asarlaridan biri “Sen yetim emassan” sheʼridir. Unda odamlarning ikkinchi jahon urushi yillarida yetim qolgan bolalarga boʻlgan vatanparvarlik, qardoshlik, insonparvarlik his-tuygʻulari yuksak mahorat bilan tarannum etiladi:

Sen yetim emassan,

Tinchlan, jigarim,

Quyoshday mehribon,

Vataning – onang,

Zaminday vazmin-u,

Mehnatkash mushfiq,

Istagan narsangni tayyorlaguvchi

Xalq bor – otang bor.

Choʻchima, jigarim,

Oʻz uyingdasan.

Bu parchada Vatanning muazzamligini, uning mehri daryo kishilari quyma obrazlarda, loʻnda, taʼsirli ifodalanganligi har bir misrada koʻrinib turibdi. Shoir bolalarga yetimlik nima ekanligini tushuntirarkan, oʻzining achchiq yetimlik qismatini eslash orqali asarning taʼsir kuchini yanada oshirishga erishgan:

…Men yetim oʻsganman,

Oh, u yetimlik…

Voy, bechora jonim,

Desam arziydi,

Boshimni silashga,

Bir mehribon qoʻl,

Bir ogʻiz shirin soʻz Nondek arzanda,

Men odam edim-ku,

Inson farzandi…

Shoir sheʼrida gʻalabaning muqarrarligini zoʻr hayajon va koʻtarinki ruhda, obrazli misralarda ifoda etadi:

Tong yaqin,

Tong yaqin,

Oppoq tong yaqin…

Ulugʻ oilaning

Goʻdak farzandi,

Bilib qoʻy endi:

Sen tezda ulgʻayib,

Olam kezasan

Haqorat yemirilur,

Zulm yanchilur,

Jahonda boʻlurmiz,

Ozod, muzaffar,

Sen yetim emassan,

Mening jigarim!

Gʻafur Gʻulomning bu sheʼri yoshlarda Vatanga sadoqat, vatanparvarlik va baynalmilallik hamda bosqinchilarga nafrat tuygʻularini tarbiyalashda katta ahamiyatga ega boʻlgan barkamol asardir.

Urushdan keyin Gʻafur Gʻulom bolalar uchun “Sheʼrlar” (1946), “Tongotar qoʻshigʻi” (1949), “Bari seniki” (1953), “Bir gʻuncha ochilguncha” (1955), “Siz mening yoshligimsiz” (1958) sheʼrlar toʻplami va “Mening oʻgʻrigina bolam” (1965) voqeiy hikoyasini yaratdi.

Gʻafur Gʻulomning bu davr ijodida bolalarning oʻziga xos orzu-umidlari, yuksak maʼnaviy olamlari, odob va axloqlari, oʻqish va intilishlari asosiy mavzuga aylandi. Jumladan, shoir “Oltin medal” sheʼrida oʻrta maktabni bitirayotgan oʻgʻil va qizlarga ishonch va umid koʻzi bilan qaraydi. Ularni kelajagimizning ishongan kishilari – “zamonlar tongining chiroqlari” deb tasvirlaydi:

Sizsiz kelajak yoʻq, siz axir xalqning

Ming yilni koʻrajak qarogʻlarisiz.

Sizsiz yorimaydi osmonda Zuhra,

Zamonlar tongining charogʻlarisiz.

Shoir oʻlkamizning kelgusida yanada gullab-yashnashini, jahonda tengi yoʻq diyorga aylanishini orzu qiladi va yoshlarni ana shunday Vatanga munosib farzand boʻlishga, ilm-fanni egallashga undaydi. U yoshlarning ilm-fanda kamol topishiga zoʻr ishonch bilan qaraydi.

Gʻafur Gʻulom bolalar va yoshlarni kattalarga, ayniqsa, otaonaga mehr-muhabbatli qilib tarbiyalash mavzusida koʻplab sheʼrlar yaratdi. Shulardan biri “Ona” sheʼridir. Shoir bu sheʼrida bagʻri ufqlardan ham keng onaning lirik obrazini yaratib, bolaning unga boʻlgan mehr-muhabbatini ifoda etadi.

Shoir bolani chaqaloqligidanoq mehr-muhabbat bilan asrab, avaylab tarbiyalab kelgan onani taʼriflab, bu moʻtabar zotni eʼzozlaydi.

Shoir sheʼrda onaga murojaat etib, uni qoya, yuksak togʻ, chaman bogʻ hamda quyoshga qiyoslaydi va onani ulardan yuqori qoʻyadi. Darhaqiqat dunyoda onadan ulugʻ zot yoʻq! U borliqqa jon baxsh etuvchi, olamni nurga burkovchi oftob misol qadrli, hatto undan ham azizdir. Sheʼr bolalarda onalarga chuqur muhabbat hissini uygʻotishda katta xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, akademik shoir Gʻafur Gʻulom oʻzbek bolalar adabiyotini yuksaltirishga barakali hissa qoʻshdi. U yoshlar uchun yozgan asarlarida bolalarning quvnoq hayotini yurakdan berilib kuyladi. Uning asarlari bolalarni yaxshi inson boʻlib kamol topishga, aʼlo oʻqishga daʼvat etadi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.