Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy

0
347
marta koʻrilgan.

F. M. Dostoyevskiy 1821 yil Moskvada vrach oilasida tugʻildi. Ular juda boy boʻlmasa ham, uylarida xizmatkorlari, izvoshchisi boʻlar edi. Onasining aka-ukalari Moskvadagi boy odamlardan edi. Oilada u faqat akasi Mixail bilan ruhan yaqin edilar. otasi, onasi va boshqalar uni unchalik tushunmas edilar. Fyodor akasi Mixail bilan Moskvaning eng yaxshi pansionlaridan birida oʻqishadi. 1832–43 yillarda Peterburgdagi Oliy Injenerlar bilim yurtida oʻqiydi. 1847 yilda Petrashevskiy revolyusion toʻgaragiga qatnay boshlaydi. Lekin koʻp oʻtmay 1849 yilda hibsga olinadi, Petropavlovsk qalʼasiga qamaladi.

1849 yil 22 dekabrda uni podsho qatl etishga hukm etiladi. Lekin hukm 4 yillik katorga bilan almashtiriladi va Sibirga Omsk turmasiga joʻnatiladi.

1850–54 yillarda katorgada, 1854–57 yillarda Semipalatinskdagi 7-Sibir batalonida oddiy soldat boʻlib xizmat qiladi. 1857 yilda uning hamma fuqarolik va dvoryanlik huquqlarini qaytarib berishadi. 1859 yilda M. D. Isayevaga uylanadi, lekin baxtli boʻlolmaydi.

1861 yilda uning “Haqoratganlar va tahqirlanganlar” romani dunyoga keldi. 1862 yilda Dostoyevskiy chet elga safarga chiqadi: Fransiya, Germaniya, Avstriya, Italiyaga boradi.

1866–1888 yillar davomida birin-ketin “Jinoyat va jazo”, “Oʻsmir”, “Telba”, “Aka-uka Karamazovlar” va boshqa katta-katta romanlari yuzaga keldi. Dostoyevskiy 1872 yildan 1881 yilgacha “Grajdanin” jurnaliga redaktorlik qiladi.

1881 yilda vafot etadi, uni Peterburg shahridagi Aleksandr Nevskiy lavrasining Tixvin qabristoniga qoʻyishadi.

Dostoyevskiy murakkab va ziddiyatli buyuk yozuvchidir. U hayotni yaxshi tushunadigan, maʼnaviy va moddiy johillikni yuzaga keltiradigan yolgʻonu ikkiyuzlamachilikning, vijdonsizlikning basharasini ochib tashlaydigan shaxs sifatida adabiyotga kirib keldi. U hamisha oʻz asarlarida shaxs va uning barkamolligi haqida boʻlgan savollarni oʻrtaga tashlaydi va yechishga harakat qiladi.

Dostoyevskiy qahramonlari boshqalarga oʻxshamaydi. Uning qahramonlari kambagʻallik, jabr-sitam, isyon haqida kam gapirishadi. Ularni boshqa muammolar oʻziga jalb etishgan. Dostoyevskiy ikki xil mavzuni bir-biriga qarshi qoʻyardi: hukm yuritayotgan muhitga qarshi turishi kerak boʻlgan shaxs huquqi va shu shaxsning shu muhitga tobeligi.

Shu ikki tushuncha huquq va tobelikni bir-biridan ajratib boʻlarmikin?

Dostoyevskiy inson qalbidagi eng nozik, eng chuqur, har qanday odamni ham hayajonlantiradigan fikrlarini, tuygʻularini quyuq ranglar bilan tasvirlaydiki, asarlari bilan birinchi bor tanishgan kitobxon ularni osonlikcha xazm eta olmaydi.

Dostoyevskiyning yana bir asosiy tomonlaridan biri zamonaviy oʻzgarishlarning shaxsning oʻzligini tanishda, maʼnaviy qashshoqlanishda va shu shaxsning oilaga, jamiyatga, siyosatga, iqtisodiyotga taʼsirini yanada boʻrttirib koʻrsatishga intilishidir.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.