Fridrix Dyurrenmattning evrilishlar olami

0
155
marta koʻrilgan.

Fridrix Dyurrenmatt XX asr mumtoz siymolari qatoridan munosib oʻrin olgan adibdir. XX asr adabiyotining detektiv xususiyati haqida fikr yuritib, nemis adibi Bertold Brext shunday yozgan edi: “Biz koʻngilsiz vaziyatga tushganda oʻz hayotiy tajribalarimizni orttiramiz. Koʻngilsizlik orqali ijtimoiy hayotimizda amal qiladigan usulni anglashimizga toʻgʻri keladi. Tafakkur yordamida inqiroz, turgʻunlik, inqilob va urushlarning sababini ochib berishimiz kerak. Gazetalarni oʻqiyotgandayoq biz falokat sodir boʻlishi uchun kimdir nimadir qilinganini his etamiz. Xoʻsh, nimani va kim sodir qildi? Xabar topganimiz hodisalar ortida bizga nomaʼlum hodisalar roʻy berganini faraz qilamiz. Ayni shular haqiqiy hodisalardir”.

Dyurrenmatt asarlarida uning kulgusi va achchiq istehzosi, alam va dardlari, tilak va niyatlari, izlanish va kashfiyotlari orqali ayni XX asrning fojia va falokatlari, yozuvchining qalbi va tafakkurida qoldirgan chuqur iz va jarohatlari boʻy-basti bilan namoyon boʻladi. “Men xristian eʼtimodi muhitida oʻsib-ulgʻaydim, – yozadi u oʻzining yoshlik yillari haqida. Albatta, uning atrofidagi odamlarning bari ham ideal emasdi, har bir kishining oʻz nuqsoni, illati, pinhoniy gunohlari bor edi. Ammo har holda hali tajribasiz, hayotning pastu balandini koʻrmagan navqiron bolaga dunyoning asosini tashkil etgan va inson hayotini belgilab beradigan umumiy tartib mustahkamdek tuyulardi. Din, axloq, vatanparvarlik, siyosat oʻrtasida hech qanday ziddiyat yoʻq edi goʻyo. Olam ajoyibotlarga toʻla edi. U tugʻilgan qishloqda hatto teatr ham bor edi. Vokzalda esa uzoq-yaqin shaharlardan kelayotgan poyezdlar yugurishdan charchagandek, “uf” torta-torta toʻxtab oʻtishardi. Qishloqda bolalar uchun koʻngilochar joylar yoʻqligi tufayli har qanday hodisa tomoshaga aylanardi. Atrofda esa koʻzlarni quvnatguvchi, dillarni yayratguvchi yam-yashil togʻlar, koʻkda yaqinligidan yerga qulay-qulay deb turgandek tuyulgan yulduzlar namoyon edi. Onasidan eshitgan Injildagi moʻjizalarga toʻla rivoyatlar dunyosiga oʻxshardi borliq.

Ana shu tinch va osuda, qadimdan oʻzgarishsiz saqlanib kelayotgan odat va udumlar bilan yashaydigan olamni urush ostin-ustun qilib yubordi. Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Dunyo haqidagi ilk tasavvurlarga mutlaqo yot, tamomila begona – algʻov-dalgʻovlarga, dahshatli voqealarga toʻla, achchiq dud isiyu oʻlim va fojia hidi kelib turgan voqelik uni oʻz iskanjasiga oldi. Shu damgacha goʻzallikka muhtoj koʻzlar ilgʻagan, ezgulikka chanqoq dil tuygan hayot endi zulm, adovat, gʻayr, shahvat akslangan badburush qiyofasini namoyish etdi. Endi butun borliq chirik va yolgʻon boʻlib tuyula boshladi unga.

Ayni shunday bir sharoitda Dyurrenmatt qoʻliga qalam oldi. Uning ilk asarlariga norozilik va dilxastalik doyalik qildi. Dyurrenmattning dastlabki hikoyalarida uning nazaridagi tayanchini yoʻqotgan dunyo singari mudhish, gʻalati, fantastik olamning surati namoyon boʻladi.

Vaqt oʻtishi bilan Fridrix Dyurrenmattning uslubida muayyan oʻzgarish sodir boʻldi, xususan behad, cheksiz iztiroblar oʻrnini yumor egalladi. Yumor, kulgu yozuvchi uchun hayotning u anglagan dahshatli haqiqatidan yiroqlashish hamda bu haqiqatning ogʻir yuki ostida ruhiy evrilishdan oʻzini asrash vositasiga aylandi. Kulguda u inson ruhiy-maʼnaviy erkinligining ifodasini koʻrdi. Dyurrenmatt asarlaridagi yumor xalos etuvchi kuchga aylandi, himoya vositasi vazifasini bajara boshladi.

Biroq u har bir asarida tilga olingan voqea-hodisalarning mazmun-mohiyatini ochishga harakat qilar ekan, hayotdagi allaqanday parchalanishga, evrilishlarga eʼtibor qaratadi. Masalan, “Shahar” hikoyasi qahramoniga qamoqxona qoʻriqchisi ishini taklif etishadi. Ish joyiga, qorongʻu yertoʻlaga kelganda, u oʻzini shahar boshqaruviga daxldor, qudratli kishidek his qiladi. Biroq, asta-sekin oʻzi va goʻyo u qoʻriqlayotgan mahbuslar oʻrtasidagi farq yoʻqolib boradi, oʻzining ham mahbusga aylangani haqidagi xavotir oʻy-xayolini band etadi, rahbarlarning uning erkinligi haqidagi gaplari ham yolgʻon boʻlib tuyuladi. Mahbus va qoʻriqchilarni ajratib turgan chegara xayoliy boʻlib chiqadi.

Dyurrenmatt ijodida “labirint” motivi yetakchilik qiladi. Labirint motivi tarixi qadim yunon miflariga borib taqaladi. Ularda hikoya qilinishicha, labirintni afsonaviy meʼmor Dedal shoh Minosning amri bilan afsonaviy Minotavrni hibs etish uchun qurgan. Shveysariya poytaxti Berndagi binolar, bir-biri bilan kesishib, chalkashib ketgan koʻchalar, ularni oʻz iskanjasiga olgan son-sanoqsiz arkalar, Shveysariya togʻlarining bagʻrini yorib tilka-pora qilgan va yoʻlovchilarni oʻz ogʻushiga olib, yorugʻ olamdan ayiradigan yer osti yoʻllari yozuvchi xayolida labirint obrazining paydo boʻlishiga turtki bergan boʻlsa, ajab emas. Biroq har qanday ijodkor yaratgan obrazda uning oʻy-tashvishlari tasavvur va shaxsiyati aks etadi, rivojlanadi, maʼlum shaklga kiradi, oʻzgacha mazmun-mohiyat kasb etadi. Labirint uning asarlarida insonni oʻz domiga tortib, mahbusga aylantirgan, halos boʻlishning aslo imkoni boʻlmagan mudhish voqelikning ramziga aylandi. Va yana yozuvchi uchun labirint hayot va inson haqida chiqargan xulosasi – inson qalbining beqarorligi uning xatti-harakatlaridagi sabab-oqibat munosabatlarining noaniqligi, botin va zohirning oʻzgachaligi, yolgʻon va haqiqat, ezgulik va razolat oʻrtasidagi chegaraning oʻta mavhumligi ifodasidir. Yozuvchining “Qoʻriqchi xotiralari” hikoyasi qahramoni boshpana deb bilgan gʻor uning uchun zindonning oʻzginasi, “Shahar” hikoyasida tashqaridagi – shahardagi algʻov-dalgʻovlardan qutulish va hatto uni boshqaruviga daxldorlik tuygʻusini bergan yertoʻla, ayni paytda qahramon uchun qamoqqa, qaytib chiqishning imkoni boʻlmagan labirintga aylanadi. Labirint ichida odam – qoʻriqchi, maʼmuriyat, hokimiyat vakili, ayni paytda u – mahbus, qurbon. Inson holatidagi bu noaniqlik faqat uning xayolidagina boʻlmay, reallikka aylanadi. “Qoʻriqchi xotiralari” hikoyasining soʻngida asar qahramoni sirtmoqqa osilgan kishini koʻradi. Uni mahbus, jinoyatchi deb oʻylaydi. Zobit uning qoʻriqchi ekanini aytadi. “Nima uchun uni ostirganimni bilasanmi? Chunki, bu qoʻlansa it oʻzini qoʻriqchi emas deb oʻylay boshladi. – Oʻzini kim deb, hisoblaydi boʻlmasa? – Mahbus deb, – javob berdi u”.

1976 yili Dyurrenmattning “Muvofiqliklar” kitobi chop etildi. Keyinchalik matni qayta-qayta ishlangan mazkur kitobda muallifning hozirgi zamon dunyosi haqidagi tasavvurlarini ifoda etuvchi fikrlar bayon etilgan. Kitob garchi “Muvofiqliklar” deb nomlangan boʻlsa-da, aslida hayotdagi nomuvofiqliklar haqida, uning oʻzgarib turuvchi qiyofasi haqida gap boradi. Dyurrenmatt hayot va u haqidagi tasavvurlarning oʻzaro nomuvofiqligi, real voqelik va odamlar ongida oʻrnashib qolgan tushunchalar oʻrtasidagi boʻlinish haqida yozadi.

Dyurrenmatt turli munosabat bilan ayrim davlatlar va jahon siyosati haqida koʻp fikr bildirgan. Zamonaviy siyosiy muammolarni hal etish yoʻllari haqidagi oʻz gʻoyalari bilan oʻrtoqlashgan. Bir-biridan behad uzoqlashib ketgan davlat siyosati bilan xalq manfaatlarini yaqinlashtirish haqida qaygʻurgan. Ammo uni, sanʼatkor sifatida siyosiy muammolar emas, avvalo inson qiziqtiradi. Inson, uning tabiati yozuvchi nazdida barcha narsaning, xususan, oʻsha siyosiy muam-molarning asosini, oʻzak tomirini tashkil etadi. Hozirgi zamon dunyosining asl qiyofasi, aslini olganda, insonning anglangan yoki anglanmagan munofiqligining inʼikosidir. Yozuvchi uchun istehzo, biroz boʻlsa-da, ana shu qiyofasini tinimsiz oʻzgartirib boradigan dunyo va insonni anglashning yagona vositasiga aylanadi.

Istehzoli kulgu Dyurrenmatt ijodidan mustahkam oʻrin egallagan. U bir qator komediya janrida yozilgan asarlarning muallifi. Xususan komediya, uning fikricha, hozirgi zamon dun-yosining groteskona qiyofasini ochishga qodir, aynan komediya haqiqatni biroz boʻlsa-da, ayon qilishga yordam beradi.

Aslini olganda, komediya Dyurrenmatt ijodining mazmun-mohiyatini tashkil etadi – “Yunon yigit yunon qizni izlaydi” qissasiga ikkinchi sarlavha sifatida “Nasriy komediya” degan soʻzlar tanlangani bejiz emas.

Bir qarashda Dyurrenmatt asarlarida intriga odatiy – ikki qarama-qarshi kuchni zidlantirish asosida qurilgandek tuyuladi. Axloq axloqsizlikka, ezgulik razolatga qarshi qoʻyilgan. Shunga muvofiq qahramonlar tanlangan va joylashtirilgan. Ammo Dyurrenmattning mumtoz dramaturgiya qoidalariga rioya etishining oʻzi ham istehzo koʻrinishini kasb etadi – ezgulik va razolat oʻrtasidagi kurash tarzida talqin etilgan dunyo mantigʻi uning asarlarida parchalanadi. Uning oʻrnini yozuvchining oʻzgacha, hushyor torttiruvchi mantigʻi egallaydi. Hayot, voqelik unsurlari oʻsha-oʻsha, lekin xuddi bolalarning “kaleydoskop” oʻyinchogʻini ozgina siljitsa, ozgina burilsa, uning ichidagi rangli shishachalardan butunlay boshqa bezak paydo boʻlganidek, bu unsurlardan yozuvchining bir harakati bilan butkul oʻzgacha manzara hosil boʻladi. Dyurrenmatt qalami ostida dunyo boshqa maʼno-mazmun kasb etadi. Aniqrogʻi, yozuvchi oʻz oʻquvchisini ikki va undan ham ortiq talqin tomon yetaklaydi. Bu talqinlar bir paytning oʻzida ham bir-birini inkor etadi, ham qoʻshilib ketib, ajabtovur yaxlitlik kasb etadi. Hikoyaning rivoji voqealar almashinuvi asnosida emas, allaqanday fantastik voqealar asosida kechadi. Fantastik evrilish mantigʻi istehzo vositasida hamma narsani ostin-ustun qilib yuboradi va hayotiy voqelikka aylanadi. Masalan, “Mister Sh taʼtilda” hikoyasida shayton ezgu ishlar qilish uchun yerga tushadi. U ishtiyoq bilan ezgulik urugʻlarini sochadi. Ammo oxir-oqibat maʼlum boʻlib qoladiki, dunyo razolatsiz boʻlishi mumkin emas ekan.

Bir qarashda bu hikoya XVIII asr ingliz faylasufi va yozuvchisi Bernard Mandevilning inson va jamiyat borasidagi qarashlarini eslatadi. Oʻzining mashhur “Asalarilar haqidagi masal yoxud alohida shaxslarning illatlari jamiyat uchun foyda” asarida u jamiyatdagi barqarorlikni ezgu ishlar emas, salbiy illatlar saqlashga yordam berishini asoslashga harakat qiladi. Asalari uyasi timsolida oʻz davri jamiyatini tasvirlagan adib uni ideallashtirmaydi, xususan, uning nazdida, odamlarning xatti-harakatlarini shaxsiy manfaat va daromadga intilish belgilaydi.

Mendevildan farqli oʻlaroq, Dyurrenmattning maqsadi illatlarni oqlash emas, balki nafaqat hayot haqidagi tasavvurlar, hayotning oʻzi ham oʻtkinchiligini koʻrsatishdan iboratdir. Bu holat haqida u har bir asarida oʻzgacha yozadi, lekin xulosa oʻzgarishsiz qoladi: bizga mustahkam zamin boʻlib tuyulgan har qanday joyda har daqiqa tubsiz jarlik paydo boʻlishi, shakllangan tasavvurlar chil-chil parchalanishi va tartib oʻrnida tartibsizlik paydo boʻlishi mumkin.

Dyurrenmattning ijodiy merosida gʻalati bir asar bor. Uning toʻliq nomi: “Topshiriq yoxud nazoratchining nazoratchilar ustidan nazorati. 24 jumladan iborat novella”. Uni tashkil etgan bu 24 jumlaning har biri bitta bobdir. Bir necha sahifaga choʻzilgan bob, – jumlalarda bironta nuqta yoʻq. Ulkan jumlalarning boʻlaklari bir-biriga mahorat bilan bogʻlangan va Dyurrenmattning Dunyo va inson haqidagi tasavvurlari singari, bir biridan kelib chiqadi, bir-biri bilan bogʻliq, bir-birini taqozo etadi. Uning boshqa asarlarida ham bir voqea-hodisaning turli talqinlari uzluksiz bir jumlaga birlashib ketadi, ziddiyatli yaxlitlikni tashkil etadi. Bu yaxlitlik charchoq va chorasizlik qorishuvidan yuzaga kelgan. Ammo oʻzi yaratgan olamdagi turlanishlar singari Dyurrenmatt oʻquvchini ohista, shoshilmay, ehtirosga berilmay, charchoq va chorasizlik ummonidan oxir-oqibat umid qirgʻogʻiga olib chiqadi. “Haqiqiy yozuvchilik yumushi har doim inson imkoniyatlarini anglash va amalda sinab koʻrish ishida ishtirok etishdan iborat”, – degan edi adibning oʻzi.

Dyurrenmatt koʻpincha hammaga maʼlum boʻlgan tarixiy yoki afsonaviy syujetlarga murojaat etadi va ularni butunlay boshqacha talqin etish, ulardan oʻzgacha xulosalar chiqarish mumkinligini koʻrsatadi.

“Pifiyaning oʻlimi” hikoyasi ham ana shunday asarlaridan biridir. Qadimiy yunon afsonasi va undagi voqea-hodisalar yozuvchining istehzoli qalami ostida turlanib, oʻzgacha mazmun kasb etadi. Dyurrenmatt qahramonlarining ichki olamiga gʻavvos kabi shoʻngʻiydi, inson ruhiyatining eng chuqur, qorongʻu burchaklarini yoritadi, goʻyo ularning vujudini agʻdarib, botiniy qatlamlarni zohirga olib chiqadi. Dyurrenmattning psixologizmi qahramonlarining xatti-harakatlarida namoyon boʻlguvchi yashirin, baʼzan sir tutilgan, baʼzan anglanmagan niyatlarni yuzaga chiqaradi.

Kitobxon Dyurrenmatt talqinidagi dunyoni qabul qiladimi, yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, bir narsani tan olishi tayin – hayot baʼzan oʻzining dahshatla irshaygan, badburush qiyofasi bilan inson tomon yuzlanadi. Ayni shunday damlar sinov damlariga aylanadi. Ana shunday daqiqalarda bir yelkasida rahmon, bir yelkasida shayton oʻtirgan inson ularning qay biriga quloq tutishi, umid yoki noumidlik, ezgulik yoki johillik yoʻlini tanlashi, oʻzligini saqlab qolishi, oʻzini kim deb idrok etishi oʻziga bogʻliqdir.

 

Ulugʻbek SAIDOV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.