Fan va san’at taraqqiyoti insoniyatga nima berdi?

0
92
marta ko‘rilgan.

Jan Jak RUSSO

 

Men bu yerda musofirman, zotan, hech kim meni anglamaydi.

Ovidiy, “Tristiy Elegiyasi”, 37-qo‘shiq.

 

Fan va san’atning qaror topishi nimalarga olib keldi, axloqning yuksalishigami yoxud uning buzilishiga? Mana, biz birinchi galda nimalar haqida bosh qotirishimiz kerak. Xo‘sh, bu masalada kimning tarafida turmoq lozim? Balki barcha bama’ni odamlar kabi hech narsani bilmaydigan va bundan o‘z vijdoni oldida zarracha qizarmaydigan korchalonlar tarafida bo‘lish joizroqdir?

Sezib turibmanki, qarshimda turgan hakam oldida aytmoqchi bo‘lganlarimni bayon qilish men uchun g‘oyat mushkul kechadi. Axir, qanday qilib Yevropadagi ilm ahli oldida ilm-fanga isyon qilish, nufuzli Akademiya qarshisida johillikni olqishlash, fan bilan mashg‘ul chin olimlarga nafrat izhor etish mumkin? Men bu kabi ziddiyatlarni bilaman, ammo ular meni to‘xtatolmaydi. O‘z-o‘zimga dedimki, men ilm-fanni haqorat qilmayapman, men ezgu odamlar qarshisida ezgulikni himoya qilyapman. Zotan, olim uchun ilm qanday qadr-qimmatga ega bo‘lsa, haqgo‘y odam uchun ham or-nomus shunday bahoga ega. Bas, nimadan qo‘rqib o‘tiribman? Meni tinglayotganlarning olimu ulamoligidanmi? Tan olishim lozim: ha, men cho‘chiyapman, ammo mulohazalarimdan emas, ularni so‘zamollik bilan to‘g‘ri ifodalay olmaslikdan cho‘chiyapman. Agar biror musohabada salgina shubhaga o‘rin bo‘lsa, odil hukmdorlar shu ondayoq hech ikkilanmay o‘zlarini nohaq deb bilganlar; haqgo‘ylar esa faqatgina ma’rifatli hakam yoxud adolatli raqib bilan bahslashganlaridagina ishni o‘z foydalariga hal qilganlar.

Biz esa, Goratsiy aytganidek, haqiqatning ko‘z o‘ngida bir-birimizni aldaymiz… (“Iskusstvo poezii”, 25).

 

1-qism

 

Inson o‘z kuchiga tayanib yo‘qlikdan yuksalayotgani, tafakkur nuri bilan tabiat zulmatlarini yoritayotgani, aql-idroki bilan samo chegaralarigacha ko‘tarilayotgani xuddi quyosh yanglig‘ olamning cheksiz hududida ulkan qadamlar tashlayotgani, yana ham o‘yga toldiradigani shundaki, uning o‘z-o‘zini anglash uchun o‘z mohiyatiga razm solayotgani, o‘zidagi insonni, uning tabiatini, majburiyatlarini, taqdirini bilishga intilayotgani g‘oyat ulug‘vor va go‘zal manzaradir. Ushbu mo‘jizalar yangi avlod ongida qaytadan shakllandi.

Yevropa qaytadan I asr jaholatining domiga tushdi. Hozirda ilm-ma’rifat o‘chog‘ida yashayotgan bu xalqlar bundan bir necha yuz yil avval jaholatdan battarroq ahvolda edi-ku. Jaholatdan battar qandaydir safsatabozlik o‘zini fan deya atab, haqiqiy ilm-ma’rifat yo‘liga qanday qilib yengib bo‘lmas g‘ov qo‘yganini bilmadim. Odamlarning aql-hushini joyiga keltirish uchun inqiloblar zarur ediki, oxir-oqibat, u kutilmaganda o‘z samarasini berardi. Bir musulmon (Usmonli Turk sultoni Mahmud nazarda tutilmoqda – tahririyat izohi) bu ishlarni o‘rniga qo‘yib bajardi. Konstantinning toj-taxti qo‘ldan ketgach, qadimgi Yunon madaniyatining barcha qoldiqlari Italiyaga keltirildi. O‘z navbatida, fransuzlar ham ana shu qimmatbaho ulush tufayli boyib ketdi. Tez orada adabiyot ortidan fan, yozish san’ati ortidan fikrlash san’ati ergashdi. Bu ketma-ketlik, biroz g‘alati ko‘rinsa ham, tabiiy edi. Zero, u odamlarga muzalar bilan so‘zlashish imkonini berdi. Bu imkon insonlarni bir-biriga yaqinlashtirdi, chunki u barchaga birdek yoqadigan hamda umume’tirof etilgan san’at asarlari bilan ta’sir qilardi.

Xuddi tana kabi ruhning ham o‘ziga xos ehtiyojlari bor. Jismoniy ehtiyojlar jamiyatning asosini yaratadi, ruhiy ehtiyojlar esa unga farovonlik beradi. Davlat va qonunlar jamiyatdagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlarkan, ulardan ko‘ra qudratli bo‘lgan fan, adabiyot va san’at odamlar bog‘langan temir kishanlarni gullar shokilasi bilan o‘raydi, ulardagi ozodlik ruhini sindiradi, ularni sivilizatsiyalashgan xalqlarga aylantiradi. Faqat zarurat fan va san’at tojini olg‘a surdi, uni mustahkamladi. Ey qudrat sohiblari, ilm-fan ne’matlarini seving, ularning yaratuvchilariga homiylik qiling! Ey siz, taraqqiy etgan xalqlar, ilm-fan ne’matlarini undiring! Ey baxtiyor qullar! Chunki siz o‘zingiz ichida bijg‘iyotgan shu nozik did uchun, sizni jamiyat bilan oson va tig‘iz bog‘layotgan shu muloyim, bosiq, oqilona axloq uchun mas’ulsiz; bir so‘z bilan aytganda, bu ne’matlar sizga o‘zingiz sira ega bo‘lmagan barcha ezguliklarni in’om etadi.

Mana, qanchalik yoqimli bo‘lsa, shunchalik kam namoyon bo‘ladigan iltifotning bir turi: qachonlardir Afina va Rim o‘z shon-shuhratiga burkangan onlarda shunday iltifotga o‘ch edi. Shubhasizki, aynan shu iltifot bois bizning asrimiz, bizning millatimiz barcha zamonlar va xalqlar inqirozini boshidan kechiradi. O‘zining qat’iy, axloqiy, tabiiy raftorisiz falsafiy nutq, olmonlarning qo‘polligiyu italyanlarning makkorligidan ko‘pda farq etmaydi. Mana, oliy tabaqa jamiyatini mukammalashtirishimiz, asosiy mashg‘ulotlarimiz natijasida hosil bo‘lgan didlarimiz mevasi.

Qani endi, tashqi ko‘rinishimiz hamisha botiniy xilqatimizni aks ettirsa; qani endi, fazilatlarimiz ezgulikdan darak bersa; qani endi, balandparvoz pand-nasihatlarimiz xulq-atvorimizga mos kelsa; qani endi, faylasuf degan nom chin falsafadan ayri bo‘lmasa, hayot yanada yoqimli bo‘lardi. Biroq shu qadar mo‘l fazilatlar bamisoli anqoning urug‘i, ezgulikning esa dabdabali mulozimlari shunchalik ko‘pki, bechora oyog‘ini bazo‘r sudraydi. Serhasham liboslar bizga kishining badavlat ekanligini, bejirim narsalar esa uning ta’bi nozikligini anglatadi, lekin biz baquvvat va sog‘lom kishilarni boshqacha andozalar bilan o‘lchaymiz: bechorahol kiyinganni chorvador dehqon deymiz, zarhal libosdagilarni esa amaldorlar, deb o‘ylaymiz: mana, aslida, sog‘lom tana nimalarga o‘ralgan bo‘ladi. Aslida, serhasham libos ruhning ustuni bo‘lgan ezgulik uchun begona. Tanasidagi kuchga, oyoqlaridagi quvvatga ishongan chapdast atlet[1] chin ma’nodagi ezgu kishidir: u o‘z kuchini namoyon qilishga xalal beradigan, faqatgina noqislik va xunuklikni yashirishga xizmat qilish uchun yaratilgan zebu ziynatlarni sevmaydi.

San’at fe’lu xo‘yimizni o‘zgartirib, his-tuyg‘ularimizni soxta tayyor so‘zlar bilan ifodalashga o‘rgatib ulgurmagan paytlarda, ruhiyatimiz sodda, qo‘pol, biroq tabiiy edi; bir qarashdayoq turli xulq-atvordan turfa xil xarakter ko‘rinardi. Inson tabiati mohiyatan mukammal emas, lekin odamlar o‘z xavfsizliklarini ta’minlashni bir-birlarini oson tushunishda, deb bilganlar. Bu afzallik, garchi bugun biz uni his etmasak-da, ularni ko‘pgina illatlardan xoli qilgan. Bugun yanada ayyor, makkor, ta’bi noziklar san’atni muayyan maqomga solishni kasb etarkan, bizning axloqimizda yolg‘onchilik, bir xillik urchidi, barcha ilm ahli go‘yo bir qolipga solindi: xushmuomalalik hamisha nimadandir ta’ma qiladi, or-nomus hamisha nimagadir buyuradi, biz esa o‘z aqlu farosatimiz bilan emas, hamisha qandaydir an’analar bilan ish ko‘ramiz. Endilikda odamlar inson bo‘lib qaror qabul qilmay qo‘ydilar, doimiy zarurat va bir xil sharoitga tashlangan, shuningdek, jamiyat deya atalgan olomonni tashkil qiluvchi bu odamlarni qudratli bir kuch o‘rinlaridan qo‘zg‘atmaguncha o‘z ishlarida davom etaveradilar. Ular orasida nima qilish kerakligini ham, kim bilan munosabatga kirishayotganingni ham bilmaysan: do‘stingning chin do‘stligini bilishing uchun katta voqealarni kutishing kerak, ortiq imkoning bo‘lmasa ham, kutaverasan; axir, o‘sha voqealar kelishi uchun ham do‘sting kimligini bilishing kerak-ku.

Bu ishonchsizliklar ortida qanchalik ko‘p illatlar zanjiri tortilgan. Na samimiy do‘stlik, na chin hurmat, na qat’iy ishonch – hech biri qolmagan. Shubha, gumon, ishonchsizlik, sovuqqonlik, nafrat – bularning bari ma’rifatli asrimiz bergan, maqtab olqishlanadigan makkor va soxta xushaxloqlik, xushmuomalalik niqobi ostiga yashiringan. Biror kimsa Parvardigor nomini yodga olmaydi, aksincha, uni haqorat qiladi, negadir bu haqoratlarga quloqlarimiz o‘rganib qolgan. Odamlar o‘z mehnatidan emas, boshqalarning xizmatidan ta’ma qiladi. Hech kim dushmani bilan ochiqdan-ochiq yuzlashmaydi, aksincha, unga yeng ichida tuhmat qiladi. Bilimsizlik xavfli qaroqchilik bilan o‘rin almashgan. Isrofgarchilik, benomuslik avj olgan; illatlar, qusurlar ezgulik nomi ila taqdirlanmoqda; kun ko‘rish uchun bu illatlarni o‘zlashtirishing yoxud o‘zingni ularni o‘zlashtirganday tutishing lozim. Zamonamiz ahli donishlarining quruq sumbati kimgadir ma’qul bo‘lsa, mayli, uni olqishlasin; men esa ularning yasama soddadilliklari va nozikta’b ishvalarini maqtovga arzimaydi, deb bilaman.

Mana, axloqimizning qay darajada “pok”ligi! Mana, qanday qilib “ezgu odamlar”ga aylandik! Adabiyot, fan, san’at bu evrilishdagi o‘z hissalarini maqtashni, ko‘klarga ko‘tarishni talab qiladi. Men faqatgina bir mulohazani qo‘shimcha qilaman: agarda dunyoning uzoq bir burchagida yashovchi kishi bizning ilmu fanimizning holatidan, mukammal san’atimiz, teatr tomoshalarimiz, yuksak odobimiz, yoshu qariga qaramay, ertayu kech bir-birimizga ko‘rsatayotgan iltifotimizdan kelib chiqib Yevropa axloqi haqida biror tasavvurga ega bo‘lishni istarkan, ko‘rib turganlari unda aslidan ko‘ra yolg‘on taassurot qoldirardi.

“Men tor doirada, musohabalarda ko‘p gapirishni yoqtiraman, biroq o‘z bilimdonligini ko‘z-ko‘z qilib safsata sotishni oqil kishiga yarashmaydigan ish deb bilaman”, – deydi Monten. Ammo, afsuski, zamonamizning aksariyat olimlari bu ishni o‘zlariga kasb qilib olganlar.

Oqibat bo‘lmagan joyda sabab izlanmaydi, biroq bizning ruhiy qashshoq, axloqiy buzuqligimizning sababi fan va san’atimizning taraqqiy etishidir. “Bu baxtsizliklar faqat bizning asrimizgagina xosmi?” – degan savol tug‘iladi. Yo‘q, azizlar, bizni noo‘rin qiziqtirayotgan bu ofatlar xuddi olam kabi qadimiydir. Ummon suvlarining kunlik ko‘tarilish-pasayishi sayyoralarning harakatiga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, fan va san’atning odilona muvaffaqiyati va taqdiri bilan ham shunchalik bog‘liq. Odamlar haqiqiy ezgulikni yo‘qotganlarini fan va san’at ziyosi boshimiz uzra ko‘tarilgach, ko‘rdilar. Bu hol hamma yerda, hamma davrlarda kuzatilgan.

Misol uchun, Misrni olsak. Bu yurt cho‘g‘dek issiq osmon ostidagi g‘aroyib iqlimi bilan dunyo ilm-faniga ilk maktab[2] vazifasini o‘tagan. Qachonlardir Sezostrit dunyoni zabt etgani otlangan bu shoyon o‘lkaga boqing. Bu yurt dastlab falsafa va san’at beshigiga aylanadi, so‘ngra Kambiz, keyinchalik yunonlar, rimliklar, arablar, va nihoyat, turklar tomonidan zabt etiladi.

Yoxud Osiyoni ikki karra zabt etgan qahramonlar diyori Yunonistonga boqing. Endigina dunyo yuzini ko‘rgan adabiyot bu yurt aholisining yuragiga hali illat urug‘larini sochmagan edi; biroq san’atning taraqqiy etishi, axloqning buzilishi hamda makedoniyaliklarning jabr-zulmi paydar-pay ortib bordi; oqibatda hamon o‘sha donishmand, hamon o‘sha mazaxo‘rak, hamon o‘sha jafokash Yunoniston boshidan kechirgan inqiloblari natijasida faqatgina yangidan-yangi hukmdorlarni ko‘rdi, xolos. Demosfenning bor notiqlik san’ati serhashamlik va san’at dastidan kasallangan jonga hayot baxsh etolmadi.

Enniylar va Terenslar davrida qachonlardir cho‘ponlar asos solgan va dehqonlar shuhratini yoygan Rim ham tanazzulga yuz tutdi. Ovidiy, Katull, Marsiallardan so‘ng nomini eshitsa, uyat ham qizaradigan betamiz bir to‘da shoirlar qachonlardir ezgulikning ehromi bo‘lgan Rimni, jinoyatlar teatri, xalq sharmandasi, yovvoyilarning ermagiga aylantirdi. Dunyo poytaxti bo‘lgan bu shahar minglab xalqlarga o‘zi bergan qullik, zulm yukini ko‘tara olmay, oxir-oqibat, quladi. Rimning so‘nggi kunlarida uning fuqarolariga “a’lo did sohibi Orbitr” deya nomlangan unvonlar taqdim etilgan (imperator Neron davrida “arbiter elegantiae” unvonini olgan shoir Petroniy nazarda tutilmoqda – t. i.).

Men qachonlardir dunyo markaziga aylanishi mumkin bo‘lgan Sharqiy imperiya poytaxti Konstantinopol haqida, Yevropadan quvilgan fan va san’atga boshpana bergan shahar haqida nima ham deya olardim? Sharmandalik, buzuqlik, qabihlik illatidan jamlangan bor jinoyatlar, jaholatlar – mana, Konstantinopol tarixi nimalarga asoslangan. Mana, bizning asrimiz ko‘milib yotgan bilimdonlikning asl manbasi!

O‘zimiz yuzma-yuz bo‘lib turgan haqiqatni isbotlash uchun uzoq o‘tmishdan misol keltirish kimga kerak?

Osiyoda adabiyotni ulug‘laydigan, uni yuksak martabalarga ko‘taradigan bir mamlakat bor. Agar fan chindan ham axloqni poklaganda edi, agar u odamlarni Vatan uchun qon to‘kishga o‘rgatganda edi, agar fan va san’at chindan ham odamlarda jasorat hissini uyg‘otganda edi, Xitoy xalqi hamisha donishmand, ozod, hech qachon yengilmas xalq bo‘lardi. Agar ulardan ustun bo‘lgan qusurlari, jinoyatlari bo‘lmaganda edi, ular yovvoyi mo‘g‘ullar zulmini yenggan, donishmandlari esa o‘zlariga foyda bergan bo‘lardi. Faxr-iftixorga cho‘mgan xalq qullik va bosqinchilikdan bo‘lak nimaga erishdi? Bu manzaralarni keraksiz bilimlarning yuqumli kasalidan o‘zini himoya eta olgan kam sonli xalqlar axloqi bilan solishtiraylik. Ular o‘z ezguliklari bilan o‘z baxtlarini yaratgan va boshqalarga namuna bo‘ladigan xalqlardir. Forslar ana shunday ajoyib millat edi. Ular avlodlariga ilm-fan o‘rniga ezgulikdan dars o‘tgan, Osiyoni osonlik bilan zabt etgan, tarixi “Falsafiy roman” (qadimgi yunon tarixchisi Ksenofontning (er. avv. 434-355) shu nom bilan atalgan asari nazarda tutilmoqda – t. i.) sifatida tillarda doston bo‘lgan xalqdir. Skiflar ham jasorati, dong‘i bizgacha yetib kelgan ana shunday elat edi. Germanlar ham shunday xalqlar sirasiga kiradi; ochko‘z, badavlat Rimning jinoyatlarini yozishdan charchagan “qalam” germanlarning soddadil ezguliklarini ta’rif etadi (qadimgi Rim tarixchisi Tasso haqida so‘z bormoqda – t. i.).

Nahotki, men Yunonistonning bag‘rida qad ko‘targan, o‘zining jasoratiyu dono qonunlari bilan nom taratgan azim bir shaharni unutsam. “O Sparta, samarasiz donishmandlikdan mangu xoli yurt” (fransuz shoiri Monten satri – t. i.).

Men bizni band etgan qusurlarning hatto nomini ham bilmaydigan baxtiyor xalqlar haqida, sodda, tabiiy hayot tarziga ega bo‘lgan Amerika yovvoyi qabilalari to‘g‘risida masal aytib o‘tirmoqchi emasman. Monten ularning hayot tarzini hech ikkilanmay nafaqat Platonning “Qonunlar”idan, balki xalqlarni boshqarish uchun yaratilgan eng mukammal falsafadan ham ustun qo‘ygan.

Qani, vijdonan ayting-chi, nega afinaliklarning o‘zi ma’budlar ham tenglasha olmaydigan xalq yig‘inlaridan notiqlarni quvib chiqdi? Rimliklar o‘z respublikalaridan tabobat ilmini haydab solganda u haqida qanday fikrda edilar? Nahotki, ispanlar o‘z huquqshunoslariga Amerikaga borishni ta’qiqlaganda bechora hindular haqida o‘ylagan bo‘lsalar?

Voqealarning yakuni ushbu farqlarning qiymatini ko‘rsatadi. Afinaliklarning yurti ilmli, nozikta’b notiqlar va faylasuflar o‘lkasiga aylandi. Bu shaharda me’morchilikning nozik usullari, nutqning nozik ifodalariga mutanosib edi. Hamma yerda mohir ustalarning qo‘llari bilan yaratilgan marmar ustunlar, matolar, koshinlar ko‘rinib turardi; aynigan asrning jami namunalari bo‘lib xizmat qiladigan ushbu san’at asarlari Afinada yaratildi.

Lakedemon (qadimgi Spartaning boshqacha nomi – t. i.) o‘zida dabdabali manzara kasb etmagan. Boshqa xalqlarning rivoyat qilishicha, u yerda faqat ezgu kishilar dunyoga keladi, u yerning shamoli ham go‘yo ezgulik taratadi. U yerning aholisidan bizga ularning qahramonliklari haqidagi xotiralargina qoldi. Nahot, biz uchun bu xotira yodgorliklari Afinadan qolgan marmar haykallardan kamroq qadrli bo‘lsa?

To‘g‘ri, ba’zi donishmandlar ommaviy taloto‘plarga qarshi turib, muza sohiblarini qusurlardan muhofaza etganlar. Eng sho‘rpeshona donishmandlardan biri o‘z zamonasining san’atkorlari haqida, mana, nimalar degan:

– Men shoirlarga nazar soldim, ularning mulohazalari o‘zlarini ham, o‘zgalarni ham yanglishtiradi. Ular o‘zlarini donishmanddek tutadilar, boshqalar ham ularni shunday, deb o‘ylaydi. Aslida, ular hech qanday donishmand emaslar. Shoirlardan so‘ng, – deb davom etadi Suqrot, – musavvirlarni kuzatdim. Hech kim san’at borasida menchalik omi emas edi; hech kim menchalik musavvirlar g‘aroyib sirlarga ega bo‘lganlar, deb ishonmagan. Ammo, shunga qaramay, men ularning shoirlardan kam emasligini bildim. Ular ham, boshqalar ham bid’at, xurofot hukmidalar. Ularning eng zo‘rlari o‘z ishining ustalari bo‘lgani uchun ham o‘zlarini donishmand sanaydilar. O‘z-o‘zlariga bergan baholari ularning asl bilimlari haqidagi tasavvurlarimni xiralashtirgan. Shuning uchun men o‘zimni Arakulaning o‘rniga qo‘yib, o‘z-o‘zimdan so‘radim: kim bo‘lishni ma’qul ko‘rgan bo‘lardim: ularmi yoki o‘zimmi? Nimani bilishni istardim: ularning ilmlarinimi yoki o‘zim bilganimdek hech narsani bilmasliknimi? Men Xudo qarshisida va o‘z-o‘zimga shunday javob berdim: men o‘z-o‘zimcha qolishni istayman! Biz – na shoirlar, na sofistlar, na musavvirlar, na notiqlar va na men Haqiqat, Ezgulik, Go‘zallik emasligini bilamiz. Ammo o‘rtamizda shunday farq borki, ular hech narsani bilmagan hollarida, o‘zlaricha biror narsani bilamiz, deb o‘ylaydilar; men esa hech narsani bilmasligimga shubha qilmayman. Menga Arakula in’om etgan afzallik shuni anglatadi va men qat’iy ishonch bilan shuni aytamanki, menga o‘zim bilmagan narsa haqida hech narsa ma’lum emas.

Demak, ko‘rib turibsizki, ma’budlar nazdida, odamlarning eng donosi, yunonlar nazdida, afinaliklarning eng oqili bo‘lgan Suqrot, bilmaslikni nechog‘lik ulug‘lagan! Agar u bizning zamonamizga qaytganda, olimlarimiz, san’atkorlarimiz uni shu fikridan qaytara olarmidi? Yo‘q, janoblar, bu adolat peshvosi bizning keraksiz ilmu irfonlarimizga nafrat bilan qaragan bo‘lardi; u bizning atrofimizda qalashib yotgan kitoblar ummonini ko‘paytirishni istamagan bo‘lardi, u shogirdlariga uqtirganidek, bizning avlodlarimizga ham o‘z ezguligini xotira qilib qoldirgan bo‘lardi. Aslida, odamlarga ilmni shunday bergan afzal!

Dastlab Afinada Suqrot, Rimda Katon fuqarolarning jasoratini sustlashtirayotgan, ezgulikni yo‘ldan urayotgan makkor, hiylagar yunonlarga bas kelmoqchi bo‘ldilar. Lekin fan, san’at, dialektika g‘olib chiqdi: Rim faylasuf va notiqlarga to‘lib toshdi; harbiy tartib e’tiborsizlik ichida qoldi; dehqonchilik pisand etilmadi; odamlar jamoa-jamoalarga bo‘linib, o‘z Vatanlarini unutdilar. Erkinlik, xolislik, qonunga hurmat, itoat etish kabi muqaddas so‘zlar o‘rniga Epikur, Zenon, Arkiselay kabi nomlar paydo bo‘ldi. Oramizda oqillar paydo bo‘lgandan buyon ularning o‘z faylasuflari gapira boshladi, fazilatgo‘y odamlar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shu vaqtgacha rimliklar ezgulikni amalda deb bilardilar, ular ezgulikdan ta’lim bergandan buyon u yo‘qola boshladi.

Mana, serhashamlik, yengiltaklik, qullikning mevasi. Mana, mangu donishmandlik in’om etgan bilmaslik ne’matidan mag‘rurona yuz o‘girishning oqibati. Uning o‘z ilmi sirini qalin parda bilan o‘rashi, bizni nokerak bilim va izlanishlar uchun yaratmaganidan dalolatdir. Biroq biz uning saboqlaridan yetarli xulosa chiqardikmi? Odamlar, yodingizda tutingki, tabiat sizni xuddi bolasining qo‘lidan xavfli narsani tortib olgan onadek bilimdan saqladi; uning bizdan yashirayotgan barcha sirlari bizga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan musibatlardir. Zero, ilm zahmatlari uning yaxshiliklaridan kam emas. Odamlar aynib ketdi; agar ular olim bo‘lib tug‘ilish “baxti”ga muyassar bo‘lganlaridami, bundan ham battar bo‘lar edi.

Nahotki, insoniyat uchun bunday mulohazalar haqorat bo‘lsa?! Qachongacha g‘ururimiz ulardan ozor chekadi! Nahotki, or-nomus jaholatning urug‘i bo‘lsa? Nahotki, ma’rifat va ezgulik yondosh bo‘lmasa? Bu mulohazalardan yana qanday xulosalar chiqarish mumkin? Ushbu zohiran qarama-qarshiliklarni muvofiqlashtirish uchun biz inson aqli deya ataydigan takabbur va mag‘rurona bilimlarimizning behuda va asossiz ekanligini ochiq ko‘z bilan ko‘rmog‘imiz zarur. Agar fan va san’atni o‘z-o‘zicha tahlil etsak, ularning muvaffaqiyatlari nimalarga olib kelishi mumkinligini ko‘ramiz, shuningdek, hech ikkilanishlarsiz tarixiy xulosalarga asoslangan mulohazalarni qabul qilamiz.

 

2-qism

 

Misrdan Yunonistonga o‘tgan qadimgi afsonalarda aytilishicha, insonlarning osoyishtaligini yomon ko‘rgan ma’budlardan biri ilm-fanni kashf etgan (Misr mifologiyasidagi Tota ma’budi nazarda tutilmoqda. Bu obraz yunonlarda Germes nomi bilan atalgan – t. i.). Xo‘sh, misrliklarning o‘zi fan haqida qanday fikrda edilar? Gap shundaki, ular ko‘z o‘ngilarida endigina dunyoga kelgan ilmu fan bulog‘ini ko‘rganlar.

Darhaqiqat, agar dunyodagi barcha qadimgi mixxatlarni jamlab, ularni falsafiy qarashlar yordamida boyitganimizda ham, ularning kelib chiqishiga doir savollarimizga javob beradigan bilim manbaini topa olmaymiz.

Prometey haqidagi afsonalarning ramziy ma’nosini tushunish ham mushkul emas; uni Kavkaz tog‘lariga zanjirband qilgan yunonlar, xuddi misrliklar Tota ma’budini yomon ko‘rganlaridek, unga salbiy munosabatda bo‘lganlari, bejiz emas. Qadimiy masallardan birida, Prometeyning muqaddas olovini ko‘rgan Satir uni bag‘riga bosib o‘pmoqchi bo‘lganligi, buni ko‘rgan Prometey: “Ey Satir, olovdan nari tur, u sening soqolingni kuydirib yuboradi. Zotan, olov unga yaqinlashganlarni kuydiradi”, degani hikoya qilinadi.

Astronomiya xurofotlardan; notiqlik kalondimog‘lik, xushomad, va yolg‘ondan; geometriya xasislikdan; fizika behuda qiziqishlardan, shuningdek, hatto axloq ham insonning takabburligidan paydo bo‘lgan. Shu tariqa, fan va san’at bizning illatlarimiz mahsulidir. Agar ular bizning ezguliklarimiz oqibatida vujudga kelganlarida edi, biz ularning chin qadr-qiymatlariga shak-shubha bildirmagan bo‘lardik.

Ularning qusur va noqisliklardan vujudga kelganligi, fan va san’atning nimalarga xizmat qilayotganligida ham ochiq-ravshan ko‘rinadi. Chunki zebu ziynatga ko‘milmagan san’at kimga kerak? Agar adolatsizlik bo‘lmasa, adliyaga ne hojat? Agar urushlar, bosqinlar, fitnalar bo‘lmasa, tarixning holi ne kechardi? Bir so‘z bilan aytganda, agar har kim inson majburiyatlari va tabiat talablariga bo‘ysunib, baxtsiz birodarlariga hamda o‘z vataniga xizmat qilganda edi, hech kim hayotini behuda mulohazalar bilan o‘tkazishni istamagan bo‘lardi. Nahotki, biz haqiqat yashiringan quduq labiga zanjirband etilib, halok bo‘lish uchun yaratilgan bo‘lsak? (“Haqiqat yashiringan quduq” iborasi Demokritning hikmatlarida keltiriladi – t. i.) Ushbu mulohazalarning o‘ziyoq falsafani o‘rganib, ilmga intilayotgan har qanday kishini sergak torttirishi lozim.

Ilm-fan bizga hali qancha xavf, qancha yanglish yo‘llar tahdid qilarkin? Haqiqatni deb foydasidan zarari ming karra ko‘p qanchadan-qancha xatolarni boshimizdan kechirarkinmiz? Yo‘qotganlarimiz va topganlarimizning natijasi ayon: zero, yolg‘onlar cheksiz, haqiqat esa yagona. Biroq bu haqiqatni xolis izlovchi kishi bormi? Uning niyati xolis ekanligini qanday bilish mumkin? Turli xil fikrlarning taloto‘pida uni qaysi mezonga ko‘ra aniqlash mumkin? O‘sha mezonni topdik ham deylik, biroq eng mushkuli, uni qay birimiz adolat bilan qo‘llay olamiz?

Odamlar qancha kam bilsa, o‘zlarini shuncha ko‘p bilimga ega, deb o‘ylaydilar. Axir, peripatetiklar nimadandir shubhalandilarmi? Axir, Dekart olamni kublar va quyundan iborat demadimi? Bugun Yevropada elektr tokining sir-asrorini jiddu jahd bilan tushuntirib berishga kirishmagan birorta fizik bo‘lmasa kerak. Zotan, bu masala chin faylasufni umidsizlikka solgan bo‘lardi.

Agar bizning ilmu fan oldiga qo‘yilgan masalalarni yechishga qodir emas ekan, u holda, u keltiradigan natijalariga ko‘ra ham xavfli. Behuda qiziqish mahsuli bo‘lgan fan, o‘z navbatida, behuda, samarasiz vaqt o‘tkazishni talab qiladi. Mana, uning jamiyatga keltirayotgan eng katta zarari. Binobarin, buni siyosat va axloq borasida gapirmasa ham bo‘ladi.

Ey siz, bo‘shliqda jismlarni o‘zaro bir-biriga tortishishini kashf etgan mashhur faylasuflar, qani menga ayting-chi, teng vaqt oralig‘ida harakatlanayotgan sayyoralarning makonga nisbatan munosabati qanday? Qabariq va jamlanma nuqtalarning qanday egri tomonlari bor? Inson borliqni Xudoda qanday ko‘ra oladi? Jism va ruh o‘zaro bir-biriga qanday muvofiq keladi? Boshqa sayyoralarda odamlar yashaydimi? Qaysi hasharotlar noodatiy tarzda ko‘payadi? Ey beqiyos ixtiro kashf etganlar, javob bering! Agar siz bu narsalar haqida hech narsa bilmaganingizda, biz haddan ziyod ko‘paymagan, farovon turmush kechirgan, illatlar botqog‘iga kamroq botgan bo‘larmidik? Asarlaringizning oqibatini yana bir bor o‘ylab ko‘ring! Agar olimu fuzalolarimizning mehnati bizga naf bermas ekan, u holda, hech qanday foyda keltirmay, jamiyat qonini ichayotgan ayrim betayin yozuvchilaru bekorchi safsatabozlar haqida nima deb o‘ylaylik?! Ular vatan, e’tiqod degan muqaddas so‘zlarni eshitsalar, istehzo bilan jilmayadilar, ular o‘z falsafalarini insondagi pok tuyg‘ularni buzishga, bulg‘ashga qaratadilar.

Vaqtni behuda sarf qilish – bu g‘oyat yomon illat, biroq yengil adabiyot va san’at keltirayotgan zahmat ham undan kam emas. Bu ziyon-zahmat serhashamlikda ko‘rinadi. U ham boshqa illatlar kabi insonning shuhratparastligidan dunyoga keladi. Serhashamlik kamdan-kam holda fan va san’atdan ayri bo‘ladi, fan va san’at esa hashamdorlikdan ayri bo‘lmaydi. Bizning kashfiyotlarga va aforizmlarga boy falsafamiz asriy tajribalarga qaramay, zebu ziynat va hashamdorlik davlatning yuksakligidan dalolat beradi, deb uqtirishini bilaman. Ammo u ulug‘ imperiyalar ana shu dabdaba oqibatida vayron bo‘lganini, zebu ziynat hamisha ezgu axloqqa qarama-qarshi qo‘yilganini tan olarmikan? Mayli, zebu ziynat molu davlatdan dalolat bersin; mayli, u mumkin qadar boylik orttirishga xizmat qilsin: xo‘sh, bugungi kunda muhim bo‘lgan bu paradoksdan qanday xulosa chiqarish mumkin? Agar odamlar, qanday qilib bo‘lsa ham, boylik orttirishga intilsa, u holda, ezgulik nima bo‘ladi? Qadimgi siyosatchilar hamisha axloq va ezgulik haqida gapirganlar; biznikilar esa savdo va pul degan so‘zni tildan qo‘ymaydilar. Biri odamning narxi falon mamlakatda falon pul, agar uni Jazoirdan sotib olsa, qancha bo‘ladi desa, boshqasi esa unisiga xuddi shu ohangda arzon bahoga sotib olish haqida maslahat beradi. Ular odamlarni xuddi hayvon podasini savdolashganday baholaydilar. Ularning fikricha, biror davlatdagi inson qadr-qimmati, uning o‘sha davlatdagi iste’moli bilan belgilanadi (muallif quldorlik davrini nazarda tutmoqda – t. i.).

Axir, Aleksandr Makedonskiy yuz minglab fors satraplarini oz sonli qo‘shin bilan yenggan, qashshoq skiflar esa eng qudratli davlatga qarshi turgan emasmi? (So‘z Doroning skiflar isyonini bostirishda muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida bormoqda – t. i.).

Ikki qudratli respublika hokimlik da’vosida o‘zaro kuch sinashdi: ularning biri boy, ikkinchisining esa hech vaqosi yo‘q edi. Aynan shu ikkinchisi birinchisining ustidan g‘olib bo‘ldi (Eramizdan avval 264-241 yillarda bo‘lib o‘tgan Rim va Karfagen urushi nazarda tutilmoqda – t. i.). Mol-dunyoni yamlamay yutgan Rim imperiyasining o‘zi ham oqibat mol-dunyoni bilmaydigan kimsalar o‘ljasiga aylandi. Franklar Galiyani, Sakslar Angliyani yengganda jasoratdan o‘zga boyliklari yo‘q edi. Qo‘y terisidan tikilgan po‘stindan ortig‘ini bilmagan tog‘lik qo‘shinlar avstriyaliklarning irodasini bukib, Yevropani zir qaqshatgan badavlat Burgundiya sulolasini zabt etgandi. Bizning oqil siyosatdonlarimiz o‘z hisob-kitoblarini chetga surib, bu misollar haqida o‘ylasalar, vijdon va chin axloqni mol-dunyoga sotib olib bo‘lmasligini bilsalar, ma’qul bo‘lardi.

Hashamdorlik haqida mulohaza yuritarkanmiz, so‘z nimaning ustida borayotganligiga e’tibor beraylik. Balki bu masala biror davlatning qudratli, muvaffaqiyatli, ezgu va boqiy bo‘lishi uchun, deb o‘ylarsiz? Ha, men muvaffaqiyat qozonish haqida aytayotibman, lekin u qanday muvaffaqiyat? Nahotki, zebu ziynatga o‘chlik qalbdagi haqgo‘ylik bilan yondosh bo‘lsa?! Yo‘q, arzimas tashvishlarning botqog‘iga qorishgan aql hech qachon o‘zidan balandga yuksalolmaydi, binobarin, unda bunga kuch bo‘lganda ham, jasorat topilmaydi.

Albatta, har bir san’atkor qarsaklarni, olqishlarni istaydi. Uning eng bebaho yutug‘i zamondoshlarining maqtovi, e’tirofi sanaladi. Agar u ilm ahli yengiltak yoshlarga erk berish urf bo‘lgan, ularning ko‘r-ko‘rona erklari uchun chin iste’dodlar o‘z qarashlarini qurbon qilayotgan, durdona asarlar yakson etilib, uyg‘unlikning ajoyibotlari rad qilinayotgan zamonda tug‘ilish baxtiga muyassar bo‘lsa, o‘sha maqtovu olqishlarga qanday qilib sazovor bo‘ladi? Janoblar, bu vaziyatda ijodkor nima qila oladi? Albatta, u o‘z dahosini zamonasozlik ko‘yiga soladi, o‘limidan keyin ham tan olinadigan boqiy san’at mo‘jizalarini qo‘yib, zamonasining didiga mos asarlar yaratishni ma’qul ko‘radi.

Yengiltaklik, serhashamlikning muqarrar oqibati, o‘z navbatida, didlarning aynishiga olib keladi. Agar buyuk iste’dodlar orasidan zamonasozlik va mayda asarlar yozish mayliga qarshi o‘z ruhida kuch topa olgan biror odam topilgan taqdirda ham, u iste’dodning holiga voy! Chunki u qashshoqlikda, nomi chiqmay o‘lib ketadi. Bu bashorat emas, aksincha, achchiq haqiqat! Ey zamonamiz musavvirlari, Karl va Pyerning (Karl Van Loo (1705–1765), Jan Batis Pyer (1713–1768), fransuz rassomlari – t. i.) ibodatxonalarni ulug‘vor va ilohiy suratlar bilan bezagan qalami sizga meros bo‘ladi yoki uni izvoshlarning eshiklarini bezayotgan behayo suratlaringiz ila badnom qilasiz.

Kishi ruhiy axloq haqida mushohada etarkan, ibtidoiy davrlardagi sodda urf-odatlarni aks ettirgan suratlarni ko‘z oldiga keltiradi. Bu tasvirlar tabiat o‘z qo‘li bilan barpo etgan, nigohlarimiz to‘xtovsiz murojaat etadigan, biz uzoqlashishni istamagan san’at asarlaridir. Odamlar ezgu va beozor bo‘lgan zamonlarda o‘z qilmishlariga ma’budlarni guvoh bo‘lishini istaganlar hamda ular bilan bir gumbaz ostida yashaganlar; tez orada ular yovuzlashib, guvohlaridan yuz o‘girdilar va ma’budlarning muhtasham ibodatxonalarini tark etdilar. Oxir-oqibat, ular o‘zlari egalik qilish uchun ma’budlarni ibodatxonalardan haydab solishdi yoki aniqroq qilib aytganda, ibodatxonalar odamlarning o‘ylaridan sira farq qilmay qo‘ydi. Ularning marmar ustunlar bilan quvvatlanib, dunyo saroyi ostonasida turganliklari karinflarning kapitellalarida aks etgan zamonlarda axloq tubanlashib, illatlar haddan ziyod urchigan edi.

Turmush qulayliklari ortib borishi bilan san’at takomillashadi, zebu ziynat, serhashamlik keng yoyiladi, haqiqiy mardlik so‘nadi, jangovor ruh sob bo‘ladi; bu jimjit xonalarda, burchaklarda taraqqiy etayotgan fan va san’atning oqibatidir. Gotlar Yunonistonni zabt etgan vaqtda ularning kutubxonalari, g‘oliblardan birining oqilona tadbiri bois yondirib yuborilishdan saqlab qolindi. U raqiblariga ularni harbiy mashqlardan chalg‘itib, o‘tirib ishlashga majbur qiladigan behuda mashg‘ulotlarni qoldirishni ma’qul, deb bilgandi. Karl VIII esa deyarli qilich yalang‘ochlamay turib, Toskaniyani o‘ziga bo‘ysundirdi; uning a’yonlari bu oson g‘alaba, italiyalik amaldorlarning jangovor, harbiy mashqlarni unutib, ilmu fanga mukkasidan ketganliklari evaziga bo‘ldi, deya hisoblaganlar.

Rimliklar qachonki suratlar, gravyuralar, oltin-kumushdan yasalgan idishlar va nozik san’at asarlari bilan mashg‘ul bo‘la boshlaganlaridan so‘ng ulardagi jasorat, mardlik yo‘qolib borganini tan oladilar; binobarin, taqdir bu azim o‘lkani hamisha boshqa xalqlarga o‘rnak bo‘lishi uchun yaratgan ekan, Medichiylarning dabdabayu as’asasi, san’atning qaytadan uyg‘onishi Italiyaning burungi shon-shavkatiga butunlay yakun yasadi.

Fanning taraqqiyoti harbiy jasoratga qanchalik salbiy ta’sir etsa, uning axloqiy munosabatlardagi zarari ham bundan bir muncha ko‘p. Bolaligimizning ilk onlarida bizga berilayotgan noqis tarbiya aqlimizni majruh qiladi, mulohazalarimizni aynitadi. Men hamma joyda behisob tarbiya muassasalarini ko‘raman, u yerda yoshlarga har nimadan saboq beriladi, biroq ularga o‘z burchini ado etish kerakligi haqida ta’lim-tarbiya berilmaydi.

Farzandlaringiz o‘z ona tilini unutib, hech qayerda so‘zlashilmaydigan begona tillarni o‘rganadi; ular haqiqat va yolg‘onni farqlamay, o‘zlari bazo‘r tushunadigan tillarda she’r yozishni do‘ndiradilar; ular boshqalar anglamasin deb, so‘zlarni mohirlik bilan bo‘yab-bejaydilar; ammo ular oliyjanoblik, adolat, qanoat, insoniylik degan so‘zlarning ma’nosini bilmaydilar, Vatan degan totli kalom ularning quloqlariga yetib bormaydi; agar ularga kimdir Xudo haqida gapirsa, uni e’zozlaganlaridan emas, aksincha, undan qo‘rqqanlari uchun nomini tilga oladilar.

Men bolalar nima bilandir mashg‘ul bo‘lishi kerakligini, biroq behuda vaqt sarf qilish ular uchun jiddiy xavf ekanligini ham bilaman. Demak, ular nimalarni o‘rganmoqlari lozim? Darhaqiqat, g‘oyat oqilona savol! Ular ulg‘aygan chog‘larida unutadigan emas, bajariladigan ishlarni o‘rgansinlar.

Spartada hukmronlik qilgan sulolalarning to‘ng‘ich o‘g‘illari quyidagicha tarbiya ko‘rgan: farzand dunyoga kelgach, uni ayollar qaramog‘iga emas, balki oliyjanobligi bilan shohning ishonchini qozongan ikki erkak xizmatkorning tarbiyasiga topshirilgan. Ular bolani jismonan ko‘rkam va baquvvat qilib voyaga yetkazishga mas’ul bo‘lganlar. Bola yetti yoshga to‘lganda, uni ot minib, ov qilishga majbur etishgan. Bola o‘n to‘rt yoshga yetganda, uni millatning eng donishmand, eng odil, eng qanoatli va eng jasur bo‘lgan to‘rtta ustoz tarbiyasiga topshirganlar. Birinchisi unga dindan saboq bergan, ikkinchisi esa hamisha adolatli bo‘lishga o‘rgatgan, uchinchisi unga nafsni yengishni, to‘rtinchisi esa hech narsadan qo‘rqmaslikni ta’lim bergan. Muxtasar qilib aytganda, bu ustozlar shogirdini olimu fozil emas, axloqli qilib tarbiyalashga intilganlar.

Bizning xiyobonlarimiz haykallar bilan, galereyalarimiz esa suratlar ila bezatilgan. Sizningcha, xalqqa havola qilinayotgan, davlat arboblariyu har xil mashhur zotlarni aks ettirgan ushbu san’at asarlari nimani ifodalaydi? Kuyunchaklik ila qadimgi afsonalardan tiklanib, farzandlarimizga namoyish etilayotgan bu suratlar, ularning qalbini, ongini yanglishtirishni ifodalaydi, hali xat-savodi chiqib ulgurmay, ko‘z o‘ngida xunuk manzaralarni tasvirlaydi.

Agar ezgulik toptalib, tengsizlik bo‘lmaganda edi, ushbu adashishlar, yanglishishlar qayerdan paydo bo‘lardi? Mana, mashg‘ulotlarimizning ayon natijasi va ularning yomon oqibatlari. Hozirgi vaqtda insondan uning or-nomusini emas, qobiliyati bor-yo‘qligini so‘raydilar; kitoblarni esa foydaliligi emas, qiziqarli yozilganligi bilan baholaydilar. So‘zamollar mukofotlar bilan siylanmoqda, ezgu ish qiluvchilar esa e’tibordan chetda. Chiroyli nutq uchun minglab mukofotlar bor, chiroyli amal uchun hech vaqo yo‘q. Qani, menga aytinglar-chi, ushbu akademiyaning mukofotiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi mulohaza egasining shuhrati bilan ushbu mukofotni ta’sis etganlarning xizmatlarini qiyoslab bo‘ladimi?

Donishmand boylik ortidan quvmaydi, lekin u shon-shuhratga befarq ham emas; biroq u shon-shuhratning bevafoligini ko‘rgach, uning ruhan toblangan va hamma uchun foydali bo‘lgan fazilatlari qashshoqlikka, unutilishga mahkum bo‘ladi, so‘nadi. El koriga nafi tegadigan iste’dodlardan ko‘ra havoyi iste’dodlarni afzal ko‘rishimizning oqibati shu. Bu, ayniqsa, fan va san’at yangilanayotgan hozirgi paytda yaqqol sezilib qolmoqda. Bizning fiziklarimiz, matematiklarimiz, ximiklarimiz, astronomlarimiz, shoirlarimiz, rassomlarimiz, bastakorlarimiz bor, ammo bizning chin fuqarolarimiz bormi? Holbuki, ular bor bo‘lgan taqdirda ham, chekka-chekka qishloqlarimizda qashshoqlikdan nobud bo‘lmoqda. Mana, hozirda ularning ahvoli qanday! Bizga non, bolalarimizga sut berayotganlarga ko‘rsatayotgan “ehtiromimiz” bu!

Men yovuzlikning o‘zi emas, uning oqibati yovuz, deb bilaman. Xuddi foydali o‘simliklar orasida o‘sgan zararkunanda o‘t kabi yoki zaharli hayvonlarning tanasida uchraydigan bir-biriga o‘xshash zahar va unga qarshi ziddi zahar singari hiylagarlik ham donishmandlikdan rang oldi. Binobarin, ulug‘ qirol o‘rtamiyona iste’dodlarni urchitdi hamda insoniyatning behuda aql-zakovatini ko‘z-ko‘z etuvchi muassasaga asos soldi (Lyudovik XIVning 1643–1726 yillar Parij akademiyasini ta’sis etganligi nazarda tutilmoqda – t. i.). Bu dono qaror uning vorislari tomonidan mustahkamlanib, butun Yevropaga namuna etildi. Bu, ayniqsa, ushbu akademiyaga a’zo bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lish uchun intilgan, yuksak xizmatlari va namunali axloqi uchun berilgan mukofotlarga loyiq bo‘lishga jon-jahdi bilan tirishgan yozuvchilarning oyog‘iga tushov bo‘ldi. Akademiya mukofotlari ta’sis etiladigan majlislarda yozuvchilarning xalqda ezgulikka muhabbat uyg‘ota oladigan asarlari tanlanadi, shuningdek, bu muhabbatni faqat ularning o‘zlarigina berishga qodir ekanligiga, olimlar jamiyatga nafaqat ilm, balki insoniyatga ezgu hikmatlar berayotganligiga hammamizni ishontirishadi.

Mening xaq ekanligimni isbotlovchi dalillarimga e’tiroz bildirmay qo‘ya qolishsin. Biz qabul qilayotgan ko‘plab me’yorlar ularning haq ekanligini ko‘rsatadi, axir, mavjud bo‘lmagan kasallikka davo izlayotganimiz yo‘q-ku. Olimlar uchun barpo etilgan ko‘plab tashkilotlar fanga uni tadqiq etishga e’tibor qaratsa, ajab emas. Ehtiyotkorlik yuzasidan mulohaza qilib aytish mumkinki, oramizda ziroatchilardan ko‘ra, faylasuflarning kamyobligi kishini xavotirga soladi. Men ziroatchilik va falsafani o‘zaro muqoyasa qilish fikridan yiroqman: binobarin, bu muqoyasani hech kim qo‘llab-quvvatlamaydi ham. Men faqat falsafaning o‘zi nima ekanligini bilmoqchiman. Mashhur faylasuflarning asarlari qanday mazmunga ega? Bu donishmandlikka oshno bo‘lganlarning berayotgan saboqlari qanday? Axir, ularning aytayotgan so‘zlarini eshitib, jamoat maydonlarida: “Quloq soling, xaq gapni faqatgina men aytaolaman”, deya tomoq yirtib qichqirayotgan bir to‘da safsataboz qalloblarga o‘xshatmaysizmi? Ularning ayrimlari: “Tabiatda hech qanday jism yo‘q, faqatgina u haqidagi bizning tasavvurlarimizgina mavjud” desa, boshqasi: “Olamda materiyadan bo‘lak narsa, borliqdan o‘zga Xudo yo‘q”, deb ta’kidlashdan nariga o‘tmaydi. Ularning biri: “Fazilatlar ham, illatlar ham yo‘q, ezgulik va yovuzlik axloqning to‘qib chiqargan uydirmalari” deb og‘iz ko‘pirtirsa, ikkinchisi: “Inson insonga bo‘ri: u bemalol bir-birini g‘ajib tashlashi mumkin”, deydi. O, buyuk faylasuflar, nega siz shunday ilm konini do‘stlaringiz, farzandlaringizga meros qilib qoldirmaysiz? Siz buning uchun darhol taqdirlangan bo‘lardingiz va biz birodarlarimiz hamda farzandlarimiz orasida sizning tarafdorlaringizdan birini ko‘rishdan qo‘rqmagan bo‘lardik.

Mana, tirikligida zamondoshlari izzat-hurmat ila qadrlab, o‘lgandan so‘ng nomini abadiylashtirgan bu g‘aroyib odamlarning ahvoli qanday!? Mana, avloddan-avlodga o‘tib, farzandlarimizga berayotgan hikmatli o‘gitlarimiz! Axir, insoniyat aqlini yanglishtirgan ma’jusiylik avlodlarga behayo haykallardan bo‘lak nima qoldirdi? Injil kelgan vaqtlarda esa bu behayolik noshirlar qo‘liga o‘tdi. Yaxshiyamki, Levkipp va Dia-Goraning kufrona asarlari o‘zlari bilan birga o‘tmish qa’riga singib ketdi. Zero, u vaqtlarda inson tafakkurini manguga muhrlash, kitob nashr etish yo‘q edi.

Ey donishmand ajdodlarimiz qoldirgan muazzam kitoblar, zamonamiz nuxsi ufurib turgan asarlar ila qorishing hamda kelajak asrlarga fanimiz, san’atimiz taraqqiyoti, yutuqlari, tarixi haqida haqqoniy xabar bering! Agar kelajak avlod sizni o‘qisa, ularning ko‘nglida bugun biz ko‘tarayotgan ushbu masalaga nisbatan hech qanday shubha qolmaydi; agar ular biz kabi nodon, noshud bo‘lmasalar, alam bilan qo‘llarini samoga ko‘tarib: “Ey, barcha hikmatlar egasi qodir Xudo! Bizdan ajdodlarimiz qoldirgan halok etuvchi narsalarni, bilimni, san’atni ko‘targin! Bizga o‘zing yorlaqagan poklikni, bilmaslikni ato etgin!” – deya xitob qiladilar.

Holbuki, fan va san’at yutuqlari bizni chin ma’noda baxtli qilmas ekan, holbuki, ular didni aynitib, axloqni buzarkan, u holda, biz san’at ibodatxonasi ostonasiga har kimning ham kirishiga izn bermaydigan, ilm vasvasasidan saqlovchi muqaddas to‘siqlarni yorib kirmoqchi bo‘lgan bir to‘da yozuvchilar haqida nima deya olamiz? Fan va san’at eshiklarini surbetlarcha sindirib, ushbu muqaddas ibodatxonaga yopirilib kirayotgan ilmparastlar haqida-chi? Ular fan yoxud adabiyot sohasida nimagadir erishgandan ko‘ra jamiyat uchun foydali biror hunarning boshini tutsalar bo‘lmaydimi? Bir umr yomon matematik yoki o‘rtamiyona fizik bo‘lgandan ko‘ra, mohir hunarmand bo‘lgan yaxshi emasmi?!

Taqdiriga daholik bitilgan zotlarga ustozlarning zarurati bo‘lmagan. Bekon, Dekart, Nyuton kabi bashariyat muallimlarining muallimlari bo‘lmagan. Ayting-chi, birorta pedagog ularni daho darajasiga yetkaza olarmidi? O‘rtamiyona muallimlar o‘zlarining tor tafakkur doiralari bilan ularning tasavvurlarini chegaralagan bo‘lardi, xolos. Axir, ularni aynan shu qarshilik ulkan to‘siqlarni yengib o‘tish uchun kuch to‘plashga o‘rgatmadimi?! O‘zida ilm mashaqqatlarini yengib o‘tishga kuch topolgan kishigina fan va san’atga umrini baxsh eta oladi. Zero, insoniyat tafakkuriga haykal qo‘yish hammaning chekiga tushgan ish emas. Ruhning o‘zi nimaga moyil ekanligini yaxshi biladi, faqat buyuk hodisalargina buyuk insonlarni yaratadi.

Taqdir buyuk ishlarga munosib ko‘rmagan biz kabi oddiy odamlarga kelsak, keling, yaxshilar, hammamiz avvalgidek o‘z ishimiz bilan mashg‘ul bo‘laylik. O‘zimiz munosib bo‘lmagan mashhurlik ketidan quvmaylik, agar chin ma’noda iste’dodli bo‘lganimizda, u bizga bu qadar qimmatga tushmagan bo‘lardi. Baxtimiz o‘z qo‘limizda bo‘la turib, uni boshqalardan izlashning nima hojati bor?! Xalqni savodxon qilish tashvishini boshqalarga qo‘yib beraylik-da, o‘z burchimizni sidqidildan ado etaylik, zero, bu haqida qayg‘urishning biz uchun ortiq zarurati yo‘q.

O, bashariyatning oliy ilmi bo‘lgan ezgulik! Seni bilish uchun shuncha zahmat, shuncha sa’y-harakat kerakmi? Axir, har bir qalbga sening tamoyiling muhrlanmaganmi? Nahot, sening qonunlaringni bilish uchun o‘z-o‘zidan kechish, ehtiroslar junbishga kelganda, vijdon amriga quloq solish yetarli bo‘lmasa? Keling, mana shu chin falsafa bilan qanoatlanaylik, mangulikka doxil bo‘lgan daholarga hasad qilmaylik, qachonlardir biri chiroyli so‘zlovchi, ikkinchisi esa chiroyli amal qiluvchi bo‘lgan buyuk xalqlar kabi (Afina va Sparta xalqlari nazarda tutilmoqda – t. i.) o‘zaro o‘rtamizda muqaddas chegara borligini unutmaylik!

 

Rus tilidan Oygul Asilbek qizi tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] Atlet – sportchi.

[2] Russo yashagan davrda shunday deb bilishgan. Yo‘qsa, hozirda Shummer tamadduni barcha sohalarda dastlabki maktab bo‘lganligiga doir isbot-dalillardan dunyo afkor ommasi xabardor – tahririyat izohi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.