“Ey sabo…”

0
759
marta koʻrilgan.

Ey sabo[1], holim borib sarvi xiromonimgʻa[2] ayt,

Yigʻlarimning shiddatin gulbargi xandonimgʻa[3] ayt.

 

Buki aning ahd-u paymonida men oʻlsam dagʻi[4]

Yaxshi fursat topsang, ul bad[5] ahd-u paymonimgʻa ayt.

 

Buki aning zulfi[6] zunnorida[7] dinim hosili

Kufr[8] ila boʻlmish mubaddal[9], nomusulmonimgʻa ayt.

 

Buki qilmishmen jahon-u jonni aning sadqasi,

Yuz tuman jon-u jahondin yaxshi jononimgʻa ayt.

 

Buki yuz jon sadqasi qilsam pushaymon boʻlmagʻum,

Vasligʻa bir vaʼda qilgʻandin pushaymonimgʻa ayt.

 

Buki yuz ming fitnakoʻzluk boʻlsa paydo onsizin[10],

Qilmagʻum nazzora[11] hargiz koʻzi fattonimgʻa[12] ayt.

 

Buki chok aylab yoqa, usruk[13] chiqar el qasdigʻa,

Men oʻlub el jon topar, beboki[14] nodonimgʻa ayt.

 

Dahr bogʻi[15] gullari husnin vafosiz erkanin,

Yuzi gul, jismi suman[16], koʻyi[17] gulistonimgʻa ayt.

 

Ey Navoiy, hech gulshanning seningdek xushnavo

Bulbuli yoʻq erkanin shohi suxandonimgʻa[18] ayt.

 

– V–– / – V–– / – V–– / – V–

foilotun / foilotun / foilotun / foilon

Ramali musammani maqsur

 

Alisher Navoiyning “Ey sabo,…” gʻazalida bir qarashda oshiqning dil izhoriga oid tuygʻular ifodasi aks etayotganday koʻrinsa-da, aslida, obektiv voqelikka boʻlgan estetik munosabat ifodasi bosh oʻrinda turganligini payqash qiyin emas. Oshiq saboga murojaat qiladi:

 

Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimgʻa ayt,

Yigʻlarimning shiddatin gulbargi xandonimgʻa ayt.

 

Sabodan kutilayotgan iltifot bitta: oshiqning holatini, chekayotgan iztiroblarini maʼshuqaga yetkazish. Ammo maʼshuqa oddiylar qatorida turmaydi. Uning birinchi belgisi – “sarvi xiromon”ligida. Oshiqning “holi” uning “yigʻlarimning shiddati” ifodasida ochiq koʻrsatilgan. Maʼshuqa – “gulbargi xandon” sifatida buni anglasa, oshiq koʻngli tasalli topadi.

Yorning ezgu xislatlar bilan yodga olinishi tasodifiy emas. Buning real asoslari bor. Eng muhimi, dastlab yorning oʻzi ham oshiqqa beparvo va loqayd munosabatda boʻlgan emas, balki ahd-u paymon qilishga imkon yaratgan. Faqat bugun bu ahddan qaytgan holda namoyon boʻlmoqda. Shuning uchun ham yor “bad ahd-u paymon” sifatiga “musharraf” boʻlgan:

 

Buki aning ahd-u paymonida men oʻlsam dagʻi

Yaxshi fursat topsang, ul bad ahd-u paymonimgʻa ayt.

 

Yorning-ku ahd-u paymondan qaytganligi aniq. Oshiqda oʻlmakdan boshqa imkon yoʻq. Bu xabarni yorga yetkazish lozim boʻladi. Saboning yelkasiga yuklanayotgan vazifalardan biri ham shu. Ammo buni bajarish uchun istagan harakatni qilish mumkin emas. Buning uchun tegishli fursat topilishi kerak. Bu fursatning esa, albatta, “yaxshi” boʻlishi shartdir. Shundagina yomon (“bad”) ahd-u paymon egasining koʻngliga ozor yetmaydi. Shaxs kayfiyatidagi foje holatning bunday tiniq ifodasi, albatta, oʻquvchiga taʼsirsiz qolmaydi.

 

Buki aning zulfi zunnorida dinim hosili

Kufr ila boʻlmish mubaddal, nomusulmonimgʻa ayt.

 

Yaʼni “Ey sabo, yorning zulfi zunnorida dinim hosili kufrga almashganini nomusulmonimga ayt”. Oshiq aytmoqchiki, yor koʻyida men beliga zunnor bogʻlab but (xoch)ga topinuvchi (nasroniy)lar kabi ishlar qilgani bois savoblarim kufr (nosharʼiy ish)ga aylandi. Mazkur bayt irfoniy maʼnolarga ham ega.

Baribir, maʼshuqa uchun oshiqning joni ham, jahoni ham sadaqa boʻladi. Zero, oshiq uchun maʼshuqadan koʻra “yaxshi jonon” mavjud emas:

 

Buki qilmishmen jahon-u jonni aning sadqasi,

Yuz tuman jon-u jahondin yaxshi jononimgʻa ayt.

 

Oshiqning dil iztiroblari soʻngsiz, adoqsiz. U maʼshuqa uchun “yuz jon sadqa” qilsa ham achinmaydi, pushaymon boʻlmaydi. Ammo yorning subutsizligi, soʻzining ustidan chiqmasligi unga aziyat yetkazadi, pushaymonliklar beradi:

 

Buki yuz jon sadqasi qilsam pushaymon boʻlmagʻum,

Vasligʻa bir vaʼda qilgʻandin pushaymonimgʻa ayt.

 

Mazkur gʻazaldagi oshiq mumtoz adabiyotimizdagi boshqa oshiqlar bilan bir nuqtada hamfikr va oʻxshash: u oʻz yoridan boshqa goʻzallarni tan olmaydi. Buning sababi ham yana yorning oʻzi – u goʻzallikda tengsiz, qiyossiz:

 

Buki yuz ming fitnakoʻzlug boʻlsa paydo onsizin,

Qilmagʻum nazzora hargiz koʻzi fattonimgʻa ayt.

 

Koʻz tasviri keyingi baytda yana davom etadi. Endi u anʼanaviy tarzda “usruk” deyiladi. Bu suzilgan koʻzning poyetik ifodasi. Aslida, u lugʻaviy jihatdan “mast, sarxush” maʼnosiga ega. Bu koʻz egasi “el qasdiga”, demakki, boshqaga qaragan koʻzdir. Oshiq uchun ham eng iztirobli jihati shu: bu usruk koʻzning oshiqqa emas, boshqalarga – “el”ga qarashidir:

 

Buki chok aylab yoqa, usruk chiqar el qasdigʻa,

Men oʻlub el jon topar, beboki nodonimgʻa ayt.

 

Maʼshuqaning sharofati bilan oshiq, oʻz nazarida, “jon topishi”, yaʼni hayot maʼnosini bilishga intilishi, hayot shodliklaridan, zavq-u sururidan bahra topishi lozim edi. Amalda bunday boʻlib chiqmadi. “Men oʻlub el jon topar” degan ifoda “beboki nodon” maʼshuqani “fosh etish”ga qaratilgan. Ammo bu yerda tahdid ham, tahqir ham yoʻq. Faqat, yumshoqqina eʼtiroz mavjud, xolos. Bu yumshoqlik va, taʼbir joiz boʻlsa, oshiqning maʼshuqa oldidagi erkaligi – im egalik qoʻshimchasining ishtiroki bilan yanada taʼkidlanibroq yuzaga chiqmoqda. 93

Maʼshuqani insofga chaqirish mumkin. Shunday yoʻllardan biri umrning oʻtkinchi ekanligini, husnning abadiy qolmasligini eslatish. Buning uchun olamdagi, tabiatdagi boshqa bir hodisalar esga olinadi, qiyoslanadi:

 

Dahr bogʻi gullari husnin vafosiz erkanin,

Yuzi gul, jismi suman, koʻyi gulistonimgʻa ayt.

 

Bu yerda “dahr bogʻi gullari”ning ham oʻz, ham koʻchma maʼnoda qoʻllanganini qayd etish kerak. U oʻz maʼnosida olamdagi gul – oʻsimliklarni anglatadi hamda ularning goʻzalligi muvaqqatligini taʼkidlashga xizmat qiladi. Koʻchma maʼnoda esa u goʻzallarni, umuman, tirik jonlarning barchasini ham anglatayotgani koʻrinib turibdi.

Nihoyat, oshiq koʻngil yorning taʼrifini yana bir pogʻonaga koʻtaradi. Endi u “shohi suxandon” sifatida taʼriflanadi. Birinchi marotaba shu oʻrinda oshiq ham oʻzining asl qiyofasini oshkor etishga jazm etadi, oʻzining “xushnavo bulbul” ekanligini bildirib oʻtishni lozim topadi:

 

Ey Navoiy, hech gulshanning seningdek xushnavo

Bulbuli yoʻq erkanin shohi suxandonimgʻa ayt.

 

Ushbu gʻazalda qoʻllangan soʻzlar oshiq va maʼshuqa holatining oʻziga xosligi va darajasini baholashning mezoni boʻlib xizmat qilmoqda. Bu yerda maʼshuqaning oshiq uchun naqadar aziz va qadrli ekanligi obrazli tarzda aks etgan.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

 


[1] S a b o – mayin, yoqimli, sahar paytida esadigan shabada.

[2] S a r v i  x i r o m o n – sarv – toʻgʻri, tik oʻsadigan, qishin-yozin koʻkarib turadigan, hidi va koʻrinishi yoqimli boʻlgan daraxt; x i r o m o n – oʻzini har tomonga tashlab noz bilan yuruvchi; koʻchma maʼnoda goʻzal yurishli nozanin, maʼshuqa.

[3] G u l b a r g i x a n d o n – ochilib turgan atirgul; koʻchma maʼnoda shod-xurram yuruvchi maʼshuqa.

[4] D a gʻ i – yana, tagʻin; ham, hamda.

[5] B a d – yomon.

[6] Z u l f – soch, soch oʻrimi.

[7] Z u n n o r – but, sanam; xristian diniga mansub boʻlganlarning beliga bogʻlanadigan chilviri, belbogʻi; z u l f i z u n n o r i – koʻchma maʼnoda maʼshuqaning soch oʻrimlari.

[8] K u f r – kofirlik, islomni tanimaslik.

[9] M u b a d d a l – almashingan, oʻzgartirilgan.

[10] O n s i z – usiz, uning yoʻqligida.

[11] N a z z o r a – qarash, nazar tashlash, koʻz solish.

[12] F a t t o n – fitna qiluvchi, maftunkor.

[13] U s r u k – mast, sarxush.

[14] B ye b o k – qoʻrqmaydigan, hayiqmaydigan, tortinmaydigan; hayosiz, parvosiz, bevosh.

[15] D a h r – dunyo, olam, zamon, davr; d a h r  b o gʻ i – koʻchma maʼnoda olam, dunyo, tabiat.

[16] S u m a n – yasmin soʻzining qisqargani: oq, sariq rangli xush isli gul.

[17] K oʻ y – koʻcha, yoʻl; qishloq, mahalla.

[18] S u x a n d o n – soʻz ustasi, goʻzal va oʻrinli soʻzlashni uddalay oladigan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.