“Ey orazi nasrin…”

0
165
marta koʻrilgan.

Ey orazi nasrin, sochi sunbul, qadi shamshod,

Bulbul kibi hajringda ishim nolavu faryod.

 

Sayd oʻldi koʻngul koʻzlaringa, vah, qutulurmu

Bir qushki, aning qasdida boʻlgʻay iki sayyod?

 

Ul maktab arokim oʻqudung noz rumuzin,

Goʻyoki vafo ilmin unutmish edi ustod.

 

Ashkimni koʻrub tez boʻlur koʻngli jafogʻa,

Ore, itimas chunki suyi boʻlmasa foʻlod.

 

Mingdin bir emas oʻz yuragi zaxmlaridin,

Har nechaki togʻ bagʻrini zaxm ayladi Farhod.

 

Oʻlugni kishi dafn eta olmas, vale har kun

Yuz tiygʻ qilur dafn koʻzung boʻlgʻali jallod.

 

Gul yafrogʻi tirnogʻlar erur bu chaman ichra,

Bulbul paru bolini yulub bergali barbod.

 

Ne ayb, Navoiy kibi devonaligʻ etsa,

Har odamiykim, boʻlsa aning yori parizod.

  

* * *

Lik – beloy roziʼ, kosiʼ – smol, i tonkiy stan – samshit.

Poyu o ney… Tak solovey prolit svoy ston speshit.

 

Jivomu serdsu stat dano dobiʼchey glaz tvoix:

Dva lovchix gonyat dich odnu, ona li ubejit?

  

A v shkole toy, gde ves toboy lukavstva proyden kurs,

Naverno, vernostyu prostoy nikto i ne greshit.

 

I razve eti sleziʼ – stal? Za chto j, v otvet na nix,

Ya etim vzglyadom ledyaniʼm, kak pikoyu, proshit?

 

Xot kajdiʼy den menya kaznish, – ne predayesh zemle,

Kogda j tvoy skorbniʼy dolg tebya spokoystviya lishit?

 

Ne kamnem, chto drobit skalu, – toskoy dushi svoyey

Farxad probilsya v grud goriʼ, gde sladkiy tok bejit…

 

A etoy roziʼ lepestki – podobiye kogtey,

I solovey u nog yee rasterzanniʼy lejit.

 

Kto vinovat v sudbe takoy, bezumniʼy Navoi?

Lyuboy, kto istinno vlyublen, toske prinadlejit.

 

A. NAUMOV tarjimasi

 

Gʻazal sharhi

 

Maʼlumki, goʻzallik har doim shoirlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai boʻlib xizmat qilib kelgan. Xususan, Sharq shoirlari inson goʻzalligini, uning husnu malohatini alohida bir zavq-shavq bilan kuylaganlar, vasf etganlar. Bu xususiyat Alisher Navoiy ijodiga ham xos va buni shoirning:

 

Ey orazi nasrin, sochi sunbul, qadi shamshod,

Bulbul kibi hajringda ishim nolavu faryod, –

 

matlaʼsi bilan boshlanuvchi gʻazali misolida ham koʻrish mumkin. Gʻazal sakkiz baytdan iborat boʻlib, “Xazoyin ul-maoniy”ning birinchi devoni – “Gʻaroyib us-sigʻar”dan oʻrin olgan. Hazrat Navoiyning boshqa lirik sheʼrlari singari ushbu gʻazal ham yuksak badiiyat bilan bitilgan, xususan, uning matlaʼsi oʻzgacha bir goʻzallik va jozibaga ega boʻlib, muallifning sanʼatkorligi va mahoratini yaqqol namoyon etadi. Bir baytning oʻzida shoir yorning beqiyos goʻzalligini va uning hajrida azob chekayotgan oshiqning holatini tasvirlashga hamda oʻquvchiga yetkazib berishga muvaffaq boʻlgan. Birinchi misrada oʻxshatish va tashbehlarning ketma-ket keltirilishi baytning taʼsirchanligini, undagi emotsionallikni kuchaytirishga xizmat qilgan. Matlaʼda yorning yuzini nasringa (oq gulga), sochini sunbulga, qaddini shamshodga, oʻz lirik qahramonini esa ayriliqda nolayu faryod chekayotgan bulbulga oʻxshatgan Navoiy navbatdagi baytda oshiq koʻnglini qushga, yorning koʻzlarini ovchilarga qiyos qiladi.

Ikki ovchi bir qushga qasd qilsa, u qochib qutula olarmidi?

 

Sayd oʻldi koʻngul koʻzlaringa, vah, qutulurmu

Bir qushki, aning qasdida boʻlgʻay iki sayyod?

 

Goʻzallarning bevafoligidan shikoyat – oʻzbek mumtoz sheʼriyatida koʻp uchraydigan motivlardan biri. Gʻazalning uchinchi baytida shoir ana shu motivga murojaat qiladi. Lekin bu toʻgʻridan-toʻgʻri shikoyat emas. Navoiyning lirik qahramoni mahbubasining oʻziga nisbatan vafosizlik qilganini, uni unutganini aytib nolimaydi. Baytda yorning vafosizligidan shikoyat motivi yor tabiatidagi ana shu xususiyatning sababi haqida mulohaza yuritish orqali ochib beriladi:

 

Ul maktab arokim oʻqudung noz rumuzin,

Goʻyoki vafo ilmin unutmish edi ustod.

 

Mazmuni: “Sen noz ramzlarini oʻrgangan oʻsha maktabda ustod vafo ilmidan saboq berishni unutgan koʻrinadi”.

Oshiq ishq iztiroblari, hajr azobidan koʻz yoshi toʻkadi, lekin bu hol mahbubaning koʻnglini yumshatmaydi, aksincha, uning ishqida toʻkilayotgan koʻz yoshlarini koʻrgach, u yanada koʻproq jabru jafo qila boshlaydi. Bu bejiz emas, zero yorning koʻngli – poʻlat, oshiqning koʻz yoshlari esa suv. Poʻlatga suv berilmasa, u mustahkam, qattiq, oʻtkir boʻlmaydi. Oshiq koʻz yoshi toʻkkan sayin yor jafosi ortishining sababi shunda:

 

Ashkimni koʻrub tez boʻlur koʻngli jafogʻa,

Ore, itimas chunki suyi boʻlmasa foʻlod.

 

Gʻazalning mavzu-motivi uning beshinchi baytida oʻzining kengroq talqinini topadi va umumlashtiruvchi xususiyat kasb etadi. Agar oldingi baytlarda shoir oʻz lirik qahramonining kechinmalari, dardi va iztiroblari haqida soʻz yuritgan boʻlsa, mazkur baytda umuman oshiqning, muhabbat dardiga giriftor boʻlgan insonning holati va ishq yoʻlida chekkan azobi mubolagʻali bir tarzda tasvirlanadi va bunda muallif sharq adabiyotida ishq va oshiqlik timsoliga aylanib ketgan Farhod obrazidan foydalanadi:

 

Mingdin bir emas oʻz yuragi zaxmlaridin,

Har nechaki togʻ bagʻrini zaxm ayladi Farhod.

 

Mazmuni: Farhod togʻ bagʻrini har qancha zaxm qilgan (qazgan) boʻlsa-da, lekin bu zaxmlar uning oʻz yuragi zaxmlarining mingdan biricha ham emas.

Navbatdagi baytda shoir yana yorning jafokorligi motiviga qaytadi:

 

Oʻlugni kishi dafn eta olmas, vale har kun

Yuz tiygʻ qilur dafn koʻzung boʻlgʻali jallod.

 

Gʻazalning yettinchi bayti alohida diqqatga sazovor:

 

Gul yafrogʻi tirnogʻlar erur bu chaman ichra,

Bulbul paru bolini yulub bergali barbod.

 

Mazmuni: Bu chaman ichida gul yaprogʻi bulbulning pari va qanotini yulib, yelga uchiruvchi tirnogʻlardir. Baytning oʻziga xosligi shundan iboratki, u gʻazalning asosiy mavzu-motivi (ishq, yor jafosi)ga mos mazmunni ifodalash bilan cheklanib qolmaydi, uning zimnida muayyan falsafiy-ijtimoiy maʼno ham jo qilingan.

Gʻazal ushbu maqtaʼ bilan yakunlanadi:

 

Ne ayb, Navoiy kibi devonaligʻ etsa,

Har odamiykim, yori aning boʻlsa parizod.

Alisher Navoiyning ushbu gʻazali A. Naumov tarjimasida rus tilida nashr etilgan. (Alisher Navoi. Sobraniye sochineniy v 10-ti tomax. T. 1, str. 74. T. 1968 g.)

Dastlabki (birinchi, ikkinchi) baytlar tarjimasida iloji boricha asliyatdan uzoqlashmaslikka harakat qilingan. Tarjimon Navoiy qoʻllagan badiiy vositalarni (oʻxshatish va tashbehlarni) saqlab qolishga intilgan. Masalan, yuqorida aytib oʻtilganidek, matlaʼda yor yuzi nasringa (oq gulga), sochi sunbulga, qomati shamshodga oʻxshatilgan. Bu tashbehlarning ikkitasi tarjimada aynan oʻgirilgan, faqat soch bilan bogʻliq tashbeh oʻrniga oʻzgacha bir oʻxshatishdan foydalanilgan:

 

Lik – beloy roziʼ, kosiʼ-smol, i tonkiy stan – samshit.

Poyu o ney… Tak solovey prolit svoy ston speshit.

 

Ikkinchi bayt tarjimasida ham yuqoridagi tamoyilga amal qilingan, lekin yor koʻzlarining itlar bilan ov qiluvchilarga qiyos qilinishi bir muncha qoʻpolroq chiqqan:

 

Jivomu serdsu stat dano dobiʼchey glaz tvoix:

Dva lovchix gonyat dich odnu, ona li ubejit?

 

Asliyatda esa Navoiy ularni “ikki sayyod” deb atagan. Yorning tabiatidagi bevafolik xususiyatining sababi izohlangan navbatdagi bayt tarjimon tomonidan shunday oʻgirilgan:

 

A v shkole toy, gde ves toboy lukavstva proyden kurs,

Naverno, vernostyu prostoy nikto i ne greshit.

 

Gʻazal toʻrtinchi baytining mazmuniga biz yuqorida toʻxtalib oʻtdik. Uning asosiy maʼnosi, yaʼni oshiqning koʻz yoshlariga javoban yor jafosining ortishi tarjimada oʻz ifodasini topgan, lekin uning mantiqiy asosi juda zaif:

 

I razve eti slyoziʼ – stal? Za chto j, v otvet na nix.

Ya etim vzglyadom ledyaniʼm, kak pikoyu proshit?

 

Navoiy yor koʻnglini poʻlatga, oshiq koʻz yoshlarini suvga oʻxshatgan va poʻlatga suv bilan ishlov berilishiga ishora qilish orqali oʻz fikrini mantiqiy asoslagan. Ana shunday badiiy dalillash (xudojestvennaya argumentatsiya) tarjimada mavjud emas. Umuman, dastlabki baytlar tarjimasida asliyatdan uzoqlashmaslikka harakat qilgan tarjimon keyingi baytlarda bu tamoyildan chekingani, asliyatga ancha erkin yondashgani, ayrim hollarda uning mazmunini aniq va toʻgʻri aks ettira olmagani koʻzga tashlanadi. Jumladan, beshinchi baytni (asliyatda oltinchi, tarjimada baytlar oʻrni almashib qolgan) u quyidagicha oʻgirgan:

 

Xot kajdiʼy den menya kaznish, – ne predayesh zemle,

Kogda j tvoy skorbniʼy dolg tebya spokoystviya lishit?

 

Yuqoridagi satrlardan garchi “Sen meni har kuni qatl qilsang-da, dafn etmaysan. Qachon bu qaygʻuli burching seni bezovta qiladi?” – degan maʼno chiqadiki, bu Navoiy bayti mazmuniga mos emas. Xuddi shunday holni navbatdagi bayt tarjimasida ham koʻramiz.

 

Ne kamnem, chto drobit skalu, – toskoy dushi svoyey,

Farxad probilsya v grud goriʼ, gde sladkiy tok bejit…

Asliyatning yettinchi bayti zimnida uning bir oʻqishda anglashiladigan birlamchi maʼnosidan boshqa maʼno ham jo etilgan. Tarjimada faqat birlamchi maʼno – gulning bulbulga (yorning oshiqqa) jafosi oʻz ifodasini topgan:

 

A etoy roziʼ lepestki – podobiye kogtey,

I solovey u nog yee rasterzanniʼy lejit.

 

Sheʼrning soʻnggi baytida “Yori parizod boʻlgan har qanday odam Navoiy singari devonalik qilsa ne ayb”, degan maʼno ifodalangan. Bunda oshiqning “devonaligʻi” bilan yorning “parizod”ligi tanosub hosil qiladi. Tarjimada esa yuqoridagi maʼno ham, badiiy sanʼat ham aks ettirilmaganini va tarjimon asliyatdan uzoqlashib ketganini koʻramiz:

 

Kto vinovat v sudbe takoy, bezumniʼy Navoi?

Lyuboy, kto istinno vlyublen, toske prinadlejit.

 

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, Alisher Navoiy gʻazallarini oʻzga tillarga, shu jumladan, rus tiliga, ulardagi butun goʻzallikni, teran maʼnoni saqlagan holda oʻgirish ancha qiyin va murakkab vazifa. Bu sohada hozirga qadar qilingan ishlarni tahlil etish, ularning tajribasini hisobga olgan holda yangi tarjimalarni yaratish zarur. Ular tarjima sanʼatining eng yuksak talablariga javob bera oladigan darajada boʻlishi lozim. Mazkur ishga eng yaxshi ijodiy kuchlarni safarbar etish, birinchi navbatda, katta soʻz ustalarini, ulkan shoirlarni jalb etish, ularning navoiyshunos olimlar va tarjimashunoslar bilan hamkorlikda ishlashini tashkil qilish orqaligina bunga erishish mumkin.

 

Qodirjon ERGASHYeV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.