Eski haqiqatning yangi talqini

0
166
marta koʻrilgan.

Mashʼal shu kungacha bironta sheʼriy toʻplam chop ettirmabdi. Nima uchun? Bilmadim. Uning sheʼrlari bilan tanishib chiqib, bunga afsuslandim, xolos. Mashʼalbek har nima yozgan boʻlsa, buni chuqur masʼuliyat bilan yozgan, oʻz oldiga juda katta talablar qoʻygan. Aftidan, u sheʼrlarini eʼlon qilsa, ularning sheʼriyat ummoni tubiga choʻkib, izsiz yoʻqolib ketishini istamagan koʻrinadi. Agar shunday boʻlgan boʻlsa, uni maqsadiga yetgan deb qarashimiz mumkin – uning sheʼrlari haroratli, fikrlari teran, his-tuygʻulari ohorli. Ularda falsafiylik ham, yumor ham, kinoyayu pisandalar ham, chuqur dardlar ham bor. Albatta, Mashʼalbek ham boshqa shoirlar kabi inson va Vatan, sevgi va sadoqat, inson umrining maʼnosi toʻgʻrisida yozadi, lekin bu tanish mavzular haqida oʻz soʻzlari, oʻz tuygʻulari bilan yozadi. Men shoir sheʼrlarining oʻziga xosligi, yangichaligini dalillaydigan koʻpgina misollar keltirishim mumkin edi, lekin oʻylaymanki, bunga hojat boʻlmasa kerak: eʼtiboringizga havola qilinayotgan sheʼrlarni oʻqisangiz, gapimning chinligiga amin boʻlasiz.

Mashʼalbek sheʼrlari bilan tanishganimda, men yana bir eski haqiqatning chinligiga tan berdim. Sheʼriyat inson bilan birga mangu yashaydigan, oʻlmaydigan hodisa va uning imkoniyatlari ham cheksiz, bitmas-tuganmasdir, chunki u chinakam isteʼdodga ega boʻlgan har bir odam uchun saxiylik bilan oʻzining yangi-yangi tilsimlarini ochib beraveradi.

Xodi Toqtoshning “Muhabbat ul eski narsa, ammo har bir yurakni yangarta”, degan chiroyli gapi bor. Shuni biroz oʻzgartirib: “Sheʼriyat ul eski narsa, ammo har bir shoir ani yangarta”, desa ham boʻlar ekan. Mashʼalbekning ijodi bunga yana bir dalildir.

 

Ozod ShARAFIDDINOV

 

17 oktyabr 2000 yil

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.