Eski “Bezgakshamol” haqida yangi gaplar

0
196
marta koʻrilgan.

Baʼzan kitobni ancha “eskitib” oʻqish yangi kitob mutolaasidan foydaliroq boʻladi. Chunki badiiy asarning qadri aynan kitob eskirganda, oradan maʼlum bir vaqt oʻtganda yanada ortadi.

Anvar Obidjonning “Bezgakshamol” kitobini ilk bor oʻqiganimga 22 yil boʻlibdi. Usta Gulmat “Bezgakshamol” soʻngida shunday yozgan ekan:

 

E, daftarim, nuqta qoʻydim soʻnggi betingga,

Nazm tangrisi omad bersin oldu ketingga!

 

Mana, oradan shuncha yil oʻtib, “Bezgakshamol”ni yana oʻqiyapman:

 

Jangga telba yagʻoch otda kirgʻonidek, dalli Gulmat –

Kutar yagʻoch qalamdin rizq… Xayr Oltiariqqinam.

 

Kulgi odamning kayfiyatini chogʻ etishi kerak, degani aslida shunchaki yuzaki qoida. Agar barcha hajviy asarlar faqat odamlarni kuldirishga xizmat qilganida, Mark Tven yoki Aziz Nesin hajviyalari bu qadar umrboqiy boʻlmasdi. Har qanday kulgining tag-zamirida jiddiyat yotadi. Inson oʻz muammolarini kulgi bilan tasvirlaydi, tabassum bilan hal etadi. Ishonmasangiz, Usta Gulmatdan soʻrang:

 

Bizda toʻndan boʻlak ne bor?

Na mol yigʻdik, na topdik yor.

Bir yoʻla lek amir boʻldik,

Bu kech nasya ichib koʻknor.

 

Usta Gulmatdagi tagdor kinoya, mugʻombirona soddalik, baʼzan buyuklikka daʼvogarlik “Bezgakshamol”ni boshqa hech bir hajviyotga oʻxshamas qiyofa bilan taʼminlagan. Oʻzini Hofiz Sheroziy yoki Suqrotga tenglashtirish uchun yo ulardek yuksak isteʼdod, yo darveshona ishonch egasi boʻlish kerak. Usta Gulmatda aynan mana shunday darveshlik bor. Shu sabab: “Kuyladi xolingni kuyib forsiyda Hofiz, turkiyda Gulmat”, degan shoirga kulib qoʻya qolamiz. Shuning uchun ham: “Hayotdan dars berur sanga gahi Suqrot, gahi Gulmat” satridan keyin kulgi sabab koʻzga kelgan yoshlarni arta-arta keyingi gʻazalga oʻtamiz:

 

Buyuk ishdir magar charxda mani shoir topilgʻonim,

Boshimgʻa lek javr boʻldi tanilmoqqa shoshilgʻonim…

 

Bayozni varaqlab, Gulmatning qiyofasini yaratishga uringan odam bir ish chiqarolmay, xunob boʻlishi tayin. Chunki Usta Gulmat “Bezgakshamol”da goh mayparast, goh taqvodor, goh dalli-donishmand, gohida savodsiz kimsa, baʼzan sodda moʻysafid, baʼzida quv yigit, bir landavur kimsa, bir mehnatkash, biroq omadsiz odam boʻlib koʻrinadi.

Masalan, Beshyogʻochda bir musofir undan Shayxontohurni qanday topishni soʻraydi. Gulmat bechora musofir qiynalmasin deb, erinmasdan unga yoʻl koʻrsatadi. Keyin qarasa, choʻntagi qup-quruq. Musofir aslida bir kissavur ekan. Shoir: “Vaysatib Gulmatni, vah, kartmonni urdi kissavur”, deb qolaveradi.

Yana bir voqeani oling. Gulmat koʻnkaga (tramvayga) chiqadi. Odam tirband. Tiqilinchda nimalar boʻlmaydi deysiz! Gulmat biqiniga tepki yeydi, kavushini yoʻqotadi, durust yaktagi yirtiladi, hamyonidan, nosqovogʻidan ayriladi. Avvalo:

 

Temirlargʻa kiribdur jon, gʻaroyib bir zamon boʻldi,

Valekin koʻnkaning, doʻstlar, yaralgʻoni yamon boʻldi. –

 

deb taassuf qiladi. Ammo gʻazal soʻngiga kelib:

 

Kavush, doʻppi ila hamyon degil satqay, ayo Gulmat,

Ketsa moling ketibdur, lek shukur qil, bosh omon boʻldi. –

 

deb oʻzini yupatadi.

Oʻylanib qolasiz. Gulmat kim? Isyonkormi, itoatkormi? Oqilmi yo goʻlmi?

Yoʻq, Gulmat bu – biz. Gulmatning feʼl-atvori, fazilatlari, nuqsonlari – bizning xislatimiz, bizning nuqsonlarimiz.

Gulmat bu – Anvar Obidjon bizga qaratgan koʻzgu. Qoʻshnisi olma eksa, devorini pastroq uradigan, tekin ishlaganda sekin ishlaydigan yoki yanglishib begona kavushni kiyganda oʻziniki qoʻltigʻida boʻladigan mugʻombirlar ham, “danagi birla yuta bilmagʻon oʻrik oʻgʻirlamas”, soʻziga amal qiladiganlar ham, hammasi biz qutulishimiz lozim boʻlgan “xislatlar”dir.

Gulmatning baʼzi dumbul falsafalari koʻp jihatdan Kalvak maxzumni eslatadi. Chunki Kalvak maxzum ham “dil tortsa, balodan ham benasib qolmaslik” tarafdori edi. Baʼzi qiliqlari Qori Ishkambani yodga soladi. Ayniqsa, Oʻrda oshxonasida birov hisobidan tekin tushlik qilganda, beixtiyor mashhur xasisning mehmondorchiligi koʻz oldingizga keladi.

Anvar Obidjonning “Bezgakshamol”i dunyoga kelganiga 22 yil boʻlibdi. Lekin, ajab, eskirgan biron satrini topolmaysiz. Usta Gulmat hali ham satrlar orasidan goh mugʻombirona, goh sodda-bayov iljayish bilan qarab turganday…

 

Risolat HAYDAROVA,

yozuvchi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.