Elimga tanitmoq istayman

0
1040
marta koʻrilgan.

Abdulhamid Choʻlpon tarjima ishlariga kirishgan vaqtda bizda garchi koʻplab tarjima asarlar boʻlsa-da, tarjima nazariyasi yaratilmagan edi. Ammo barcha milliy adabiyotlar yangilanishga birdek tashna, oʻzlarini adabiy tasavvurlarni yangilashga birdek haqli hisoblardilar. Chinakam tarjimon millat talabini his qilishi, oʻz oʻquvchilarini ayon bilishi kerak. Choʻlpon shunday tarjimon edi. U milliy koʻtarilishdagi ishtirokini besh yoʻnalishda olib bordi: sheʼriy asarlar, nasriy asarlar, dramatik asarlar, publitsistik asarlar tarjimasida, shu bilan birga tarjima nazariyasini yaratish yoʻlida.

Sheʼriy asarlar tarjimasiga ragʻbat Takoʻr (Choʻlpon tilida atalishi)ga muhabbatdan kuchlandi. Koʻrilmagan shakl, koʻrilmagan ruh izlagan Choʻlpon yozadi: “… haligi ulugʻ zot menga yoʻliqdi. Shundan keyin chinakam qondim”. U tarjimaga qadar Tagorning hayoti, maorif islohiga oid intilishlari, Tagor asarlarining ruscha, inglizcha nashrlariyu tarjimalari bilan izchil tanishdi. Qadam-baqadam tarjimaga tayyorlandi. “Buyuk hindu” maqolasidan oʻqiymiz: “Qoʻlim qaltirasa ham, yuragim oʻynasa ham, qudratim yetmasa ham oʻsha “Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi oltun koʻpruk”ni elimga tanitmoqchi boʻldim. Mundan ortiq bir narsa demak, chinakam, qoʻlimdan kelmaydir. Mening qoʻlimdan kelgani: u muborak odamning baʼzi bir narsalarini nasr bilan ruscha orqali tarjuma qilib berish boʻldi. Shu ham katta gap”. Ammo sheʼr tarjimasida shaklni saqlash eng muhim jihatdir. Poetik shaklni parchalash mumkin emas. Shakl oʻzida ritmni, ritm oʻzida ohangni, ohang esa ruhni saqlaydi. “Takoʻrning sheʼrlari hammasi degunday kuyli, kuylari – xalq kuyi. Bu safar uning bir ashulasini tizma yoʻli (sheʼriy shaklda – Sh. N.) bilan tarjuma qilib beramiz”. Choʻlpon shoir tarjimon edi, oʻz sheʼrlari, hikoyalari, safarnomalari, tarjimalari – barchasida musiqiylik bor, barchasida ohang oʻynaydi.

Nasriy asarlar tarjimasi A. S. Pushkin, I. S. Turgenev, A. P. Chexov, M. Gorkiy, L. Andreev, I. Franko kengligida olib borildi. Choʻlponning asosiy tarjimonlik faoliyati dramatik asarlarga qaratilgan. Tarjimachi (Choʻlpon tilida atalishi) hikoyalar tarjimasida bayonni dialoglar bilan almashtirgan, yaʼni soʻzlarni aktyorlar nutqiga sozlagan, ijroga moslagan. Leonid Andreevning “Osilgan yetti kishining hikoyasi”ga ikki oʻrinda remarka bersa (ruscha matnda yoʻq), Gogolning “Ivan Ivanovich bilan Ivan Nikiforovich oralarida boʻlib oʻtmish nizolar hikoyati”da dialoglar (4-fasl) oʻta jonli, ayni ijroga moʻljallangandek yaratilgan. Choʻlpon tarjima vaqti aktyorlarning ogʻiz harakatlarini koʻrib turgandek ishlagan.

Choʻlpon I. S. Turgenevning “Ovchi kundaliklari” turkum hikoyalariga mansub “Petr Petrovich Karatayev” nomli hikoyani “Choʻri qiz” nomi bilan oʻgirgan (1929). Tarjimada mutlaq muvofiqlikka erishish mumkin emas, ammo quyma jumlalarga ega boʻlish mumkin. “… a vot ya yee ujo, vot ya yee… Dur-to ya iz nee viʼbyu”. Bu ziqna kampirning aytganlari. Choʻlpon quyidagicha oʻgiradi: “Adabkinasini beraman men uning, adabkinasini!.. Buzuq niyatlarini tortib olaman men uning”. Milliylikka toʻyingan quyma jumlalar bular. Tarjimon asl matnga estetik taʼsirni oshirish, davrga moslash, eng muhimi, nutqda ijroni taʼminlash uchun ancha erkin yondashgan. Yondashuvini, oʻz talqinini shunday tushuntirgan: “Mulkdorning ikkala kampir bilan suhbati ruschasida nasr sanʼatidagi povestvovaniye (qissa qilish) yoʻlining eski, oʻz zamonidagi shakli bilan yozilgʻon. Uni oʻsha shaklda tarjima qilish ham ogʻir, hamda hozirgʻi oʻquvchi yoshlargʻa vazminlik qilgani uchun majburiyat orqasida yangi shakl bilan, yengillashtirib tarjima qildim”.

Choʻlpon U. Shekspir, K. Gotssi, N. V. Gogol, V. N. Bill-Belotserkovskiy, K. Goldoni, Lope de Vega, F. Shiller, S. Levitina, A. Fayko, V. V. Tretʼyakov, V. Ivanovning dramatik asarlarini, teatrga oid koʻplab maqolalarni oʻzbek tiliga oʻgirdi.

“Hamlet”ning Choʻlpon tarjimasi Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasida oʻzbek tarjima sanʼatining shoh namunasi sifatida eʼtirof etiladi. Bu tarjima kitob holida 1934 yil chop etildi (Veljam Sekspir HAMLET 5 pardalik faca Colpan tarcemasi Taskent 1934). Maqsud Shayxzoda 1948 yilda oʻz talqinini yaratdi. Tinimsiz tahrir va tuzatishlardan soʻng, 1960 yilda “Hamlet” tarjimasining qayta ishlangan varianti nashr boʻldi. 2007 yil Jamol Kamol asarni asliyatdan oʻgirdi. Qiyoslash, tarjimalarni baholash uchun qoʻlimizda yuragi har xil urayotgan beshta tarjima matni bor: inglizcha, ruscha, ruschadan oʻgirilgan ikkita oʻzbekcha va inglizchadan oʻgirilgan bitta oʻzbekcha matn.

Choʻlpon “Hamlet”ni deyarli nasriy yoʻlda oʻgirgan. Bu “Hamlet” tarjimasining ilk tajribasi edi. Choʻlpon aktyorlarning talaffuz imkoniyatlariga qarab ish koʻrgan va bu tarjima Maqsud Shayxzoda tarjimasi kitob holida chop etilganda ham sahnadan tushmagan, sheʼriy boʻlmagan, jonli soʻzlashuvga asoslangan ijro Choʻlpon talqinida davom etgan.

Shekspir va Choʻlponning ijodiy quvvati qay darajada edi? Tarjima nega Choʻlpon tomonidan amalga oshirildi, boshqa bir taraqqiyparvar tomonidan emas? Inglizcha, ruscha, oʻzbekcha matnlar oʻrtasida qanday yutuqlar va yoʻqotishlar bor?

“Shekspir Choʻlpondir yoxud Choʻlpon Shekspirdir. Choʻlpon sheʼrlari Shekspir joʻshqinligi bilan toʻladir. Choʻlpon oqkoʻngilligi Shekspir samimiyligidan oʻtadir” (Ahmad Shukriyning “Choʻlpon Choʻlpondir” maqolasidan, 1923). Shekspir joʻshqinligi, samimiyligi ruscha matn orqali Choʻlponga qanday oʻtib borgan? Choʻlpon talqini Maqsud Shayxzoda, Jamol Kamol tarjimalarida qanchalik davom etgan? Tarjimasi koʻp bahslarga sabab boʻlgan Hamlet monologi misolida ayrim kuzatishlarni havola qilamiz.

 

To be, or not to be – that is the question:

Whether ‘tis nobler in the mind to suffer

 

The slings and arrows of outrageous fortune

Or to take arms against a sea of troubles,

And by opposing end them.

 

(V. Farnham tahriri).

 

Parchaning soʻzma-soʻz tarjimasi quyidagicha: borlik yoki yoʻqlik – muammo shu. Gʻazabnok taqdir nayzalari va boʻyinturuqlarida azoblanish oliyjanoblikmi yoki ofatlar dengiziga qarshi turish, bu qarshilik bilan ularni tugatish oliyjanoblikmi?

 

Ruscha tarjimada:

Biʼt ili ne biʼt – takov vopros;

Chto blagorodney duxom – pokoryatsya

Prashʼam i strelam yarostnoy sudbiʼ

Il, opolchas na more smut, srazit ix

Protivoborstvom?

 

(M. Lozinskiy tarjimasi).

 

Ruscha matnning soʻzma-soʻz tarjimasi: borlik yoki yoʻqlik – muammo shu. Oliyjanoblik nima – gʻazabnok taqdir oʻqlari va palaxmonlariga boʻysunishmi yoki fitna dengizida kurashib, qarshilik bilan ularni magʻlub etishmi?

Asl matnni va ruscha tarjimani qiyoslaylik.to suffer tarjimasidan boʻlak boshqa oʻrinlarda toʻla muvofiqlikka erishilgan:

 

to be or not to be

that is the question

nobler in the mind

to suffer

outrageous fortune

slings and arrows

or

to take arms against

a sea of troubles

by opposing end them

 

to suffer feʼli azoblanmoq, qiynalmoq, boshdan kechirmoq maʼnolariga ega. Rus tilida stradat, ispiʼtiʼvat, preterpevat feʼllari bilan muqobil keladi. Ruscha tarjimada to suffer pokoryatsya feʼli bilan ifodalangan va ifoda pokoryatsya sudbe birikmasiga yaqinlashgan. Pokoritsya – itoatda boʻlmoq, taslim boʻlmoq, koʻnmoq maʼnolarini, pokoryatsya sudbe birikmasi taqdirga tan bermoq maʼnosini anglatadi.to suffer feʼlini itoat qilish, boʻysunish maʼnolarida qoʻllab boʻlmaydi. Shekspir azoblanish va qarshi turish feʼllarini zid maʼnoda qoʻllagan. Ruscha tarjimada boʻysunish va kurashmoq feʼllari zid qoʻyiladi.not to be tushunchasi oʻrnini azoblanish, to be oʻrnini kurashish egallaydi. Yaʼni borlik, mavjudlik – kurashmoqdir, yoʻqlik – azoblanish. Rus tilidagi matnda ne biʼtpokoryatsya, biʼtopolchas holatida. Yaʼni borlik, mavjudlik – kurashishda, yoʻqlik, abas – boʻysunishda. Azoblanish toʻla boʻysunish emas, balki nihoyasiga yetmagan chidash. Shekspir qahramonlariga oʻta insoniy munosabatda boʻlgan: yashab qolish uchun doimo imkon bor. Choʻlpon tarjimasida oʻqiymiz: “Yo oʻlish, yo qolish – gap shunda! Ajabo, qaysi biri sharaflik va oliyjanob: dilozor falakning zarbalariga chidashmi, yoki balolar dengiziga qarshi bel bogʻlab, ularga qarshi qoʻzgʻolib, ularni barham berishmi?”

M. Shayxzoda tarjimasida:

 

Tirik qolmoq yo oʻlmoq? Shudir masala!

Qaysi biri bulardan bizga munosib?

Bu dilozor falakning tahqirlariga

Shikoyatsiz-shikvasiz chidab turmoqmi?

Yoʻqsa, unga rad-badal berib qoʻzgʻalmoq,

Qurol olib yo yengmoq yo mahv boʻlmoqmi?

J. Kamol tarjimasida:

 

Yo hayot, yo mamot: masala shundoq

Joizmikin ul jobiru jabbor falakning

Jafosiga har daqiqa chidasa yurak?

Yo balolar dengiziga koʻndalang boʻlib,

Koyishlaru tashvishlarga chek qoʻymoq kerak?

 

Ruscha matndan taslim boʻlmoq, koʻnmoq; inglizcha matndan qiynalmoq, azoblanmoq kabi Maqsud Shayxzoda, Jamol Kamol qalamiga monand bundan-da yuksak soʻzlarni topish mumkin edi. Ammo M. Shayxzodaga, J. Kamolga “Choʻlpon oqkoʻngilligi Shekspir samimiyligidan oʻtadir”. Oʻzbek adabiyotida Shekspirni tarjima qilish anʼanalarining avvali Choʻlpondan boshlanadi.

Ushbu monolog asliyatda ham 35, ruscha matnda ham 35 satr, M. Shayxzoda tarjimasida 44, J. Kamolda 40 satr. Choʻlponda boʻlsa dramatik shakl saqlanmagan. Ammo replikalardagi keskinlik, loʻnda ifodaviylikda Shekspirga juda yaqin borilgan. Choʻlpon intuitiv ilgʻam bilan asl matnga yetib olgan.

Quyida monologning asl matni, Lozinskiy talqinidagi ruscha va Choʻlpon talqinidagi oʻzbekcha matnlar havola qilinadi.

Choʻlponning tarjima nazariyasini shakllantirishdagi tadqiqotlari kichik maqolalar holatida. Xususan, “Takoʻr va takoʻrshunoslik”, “Buyuk hindu”, “Joʻrj Dandon”, “Shohnoma”ning turkcha tarjimasi”, “Tarjima toʻgʻrisida jindek”, “Koʻlagada qolganlar toʻgʻrisida”, “Soʻz, soʻz, soʻz” maqolalari tarjima tanqidi muammolaridan bahs yuritadi. “Nima uchun tarjimalar, ularning tili, uslublari toʻgʻrisida yaxshi tekshirishlar, tanqidlar, taqrizlar yoʻq? Shekspirning “Hamlet”ini aytib ham oʻlturmaylik…” (“Koʻlagada qolganlar toʻgʻrisida” maqolasidan). Choʻlpon adabiy tarjimonlar, sahna tarjimonlarini muallif bilan teng koʻradi, shunga yarasha tanqidga ham munosib koʻradi. Choʻlponni zabtiga olgan muammolar bugun ham dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Uning tarjimalari borasida tarjimashunoslikning yangi mezonlari bilan tekshirishlar olib borilsa, Choʻlpon tarjima tili, uslubi masalalari yanada yechimini topgan boʻlardi.

 

Shahnoza NAZAROVA

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.