Ekzistensializm: Alber Kamyu

0
3439
marta koʻrilgan.

Fransuz yozuvchisi va faylasufi Alber Kamyu (1913–1960) oʻtgan asrning 50-yillarida jahon intelligensiyasi tafakkuri va dunyoqarashiga katta taʼsir koʻrsatgan ijodkorlardan sanaladi. Zamondoshlari unga “Gʻarb vijdoni” degan sharafli nom bergandilar.

Alber Kamyu 1913 yilning 7 noyabrida Jazoirda yashovchi fransuz oilasida dunyoga keldi. Yosh Alber shu yerdagi boshlangʻich maktabda savodini chiqardi. Aʼlo oʻqigani uchun u maktab maʼmuriyati yoʻllanmasi bilan litseyga oʻqishga qabul qilindi. Biroq, sil kasaliga chalinib, bir muddat kasalxonada yotib davolandi. Baxtga qarshi bu kasallik umrining oxiriga qadar undan arimadi, adibning ruhiy holatiga jiddiy taʼsir koʻrsatib, hayoti va ijodida salbiy holatlar tugʻdirdi.

1932–1937 yillar Kamyu Jazoir universitetining falsafa fakultetida tahsil oldi. Bu yillarda u Andre Jid, F. M. Dostoyevskiy, F. Nitsshe asarlarini katta qiziqish bilan mutolaa qiladi. 1936 yil Kamyu “Neoplatonizm va xristianlik taʼlimoti” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Dissertatsiya mazmunida Platon falsafasining Avreliye Avgustin teologik falsafasi va diniy taʼlimotiga taʼsiri xususida fikr yuritilgan edi. Shundan soʻng, u S. Kyerkegor, L. Shestov, M. Xaydegger va K. Yaspersning ekzistensializm falsafasini qunt bilan oʻrganishga kirishadi. Ayni paytda davrining mashhur yozuvchisi Andre Malro prozasining tub mohiyatini ifodalovchi “hayotning absurdligi” gʻoyasini oʻrganish bilan mashgʻul boʻlib, oʻzi ham shu mavzuga yaqin “Baxtli oʻlim” nomli ilk qissasini yozadi.

Alber Kamyu talabalik yillarida fransuz kommunistik partiyasi gʻoyalariga xayrixoh boʻlib, 1935 yilda shu partiya safiga kiradi. Oradan koʻp oʻtmay Jazoirdagi xalq demokratik harakatida faol ishtirok etgani uchun uni “trotskiychilik”da ayblashib, partiyadan oʻchiradilar. Shundan soʻng Kamyu siyosatdan uzoqlashib, teatr sanʼati bilan shugʻullanadi, oʻzining “Mehnat teatri” truppasini tuzadi. Unda ilk daʼfa fransuz tilida F. M. Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romanini sahnalashtiradi. Kamyuning oʻzi Ivan Karamazov rolini ijro etgan edi. 1937 yilda u oʻzining “Avra-astar” nomli ilk esselar toʻplamini nashr qildiradi.

1938–1940 yillarda Kamyu Jazoirdagi bir qator gazetalarda muharrirlik qiladi. 1940 yili rafiqasi Fransis For bilan Parijga keladi va “Pari Suar” gazetasida texnik muharrir boʻlib ishga kiradi. Adib shu yili oʻzining mashhur “Begona” qissasini yozib tugatadi. Fashizmga xayrixoh boʻlgan Peten hukumatiga raqib jurnalistlar qatorida boʻlgani uchun Kamyu “Pari Suar” tahririyatidan haydaladi. Qamal qilingan Parijda qolishni istamagan adib Oran shahriga koʻchib oʻtadi. 1941 yilning fevralida “Sizif haqida afsona” essesini yozib tugatadi. Ayni paytda Kamyu Qarshilik koʻrsatish harakatining faol ishtirokchisiga aylanadi, Parijga qaytib, yashirin “Komba” gazetasiga muharrirlik qiladi. 1942 yili adibning “Begona” qissasi va “Sizif haqida afsona” essesi nashr qilinadi. 1943 yildan to umrining oxiriga qadar Kamyu mashhur “Gallimar” nashriyotida faoliyat koʻrsatadi. Shu yili Kamyu Jan-Pol Sartr (1905–1980) bilan tanishib, uning ijodini targʻib qilish, pyesalarini sahnalashtirishda yaqindan koʻmaklashadi. 1947 yilda adibning “Vabo” romani nashr qilinadi.

1947 yili Kamyu soʻl harakatchilar, jumladan Sartr bilan aloqasini uzadi. Birmuncha vaqt anarxistlar va soʻl sindikalistlar bilan aloqa oʻrnatadi, ularning organi boʻlmish “Liberter” jurnali va “Mond liberter” gazetalarida hamkorlik qilib, publitsistik maqolalarini chop ettiradi. Jumladan, “Liberter” jurnalida adibning “Isyonkor odam” (1951) essesi chop qilinadi. Adib ushbu essesida insonni qurshab turgan muhitning, u kechirayotgan hayotning absurd (maʼnosiz)ligi gʻoyasi anatomiyasini tavsiflashga harakat qiladi. Yozuvchining bu gʻoyasiga soʻl tanqidchilar, jumladan, Sartr ham qarshi chiqqan edi.

Bu orada Kamyu YUNYeSKO qarorgohida ham birmuncha xizmat qiladi. Tashkilotga general Franko hukumati boshliq Ispaniya davlati ham aʼzo boʻlib kirgach, adib undan uzoqlashadi. Ayni paytda u Yevropada kechayotgan siyosiy voqealarni diqqat bilan kuzatib boradi. Sharqiy Yevropa mamlakatlari, jumladan, Fransiyada avj olib borayotgan kommunistik partiya faoliyatini qoraladi. Bu harakatning boshida turgan, uni mablagʻ bilan taʼminlayotgan SSSRning olib borayotgan siyosatiga qarshi chiqadi.

1954–1956 yillar Kamyu yana teatr sohasiga qaytib, oʻz pyesalarini sahnalashtirish bilan mashgʻul boʻldi. 1956 yilda adib “Qulash” qissasini, bir yildan soʻng “Quvgʻinlik va Podsholik” hikoyalar toʻplamini nashr ettirdi. 1957 yili Shvetsiya akademiyasi unga “adabiyot rivojiga qoʻshgan ulugʻ xizmatlari, unda inson vijdonini real voqelikka aylantirgani uchun” xalqaro Nobel mukofotini beradi. Mukofot topshirish marosimida soʻzlagan nutqida, adib oʻz hayoti va ijodiga nazar tashlar ekan, jumladan, shunday xulosa qiladi: “… men oʻz zamonimning galerasi (kemasi)ga mixlanganman, boshqalarga qoʻshilib eshkak eshishim, kemada baliq hidi anqib turganligi, jallodlarning bisyorligi, bu ham yetmagandek, notoʻgʻri yoʻl olinayotganiga qaramay, undan tushib qolmasligim uchun mahkam kishanlab qoʻyilganman”.

Alber Kamyu hayotining soʻnggi yillarida qariyb hech narsa yozmadi. 1960 yilning 4 yanvar kuni yaqin doʻsti Mishel Gallimar bilan uning mashinasida Provansdan Parijga qaytayotganlarida avtohalokatga uchrab, 47 yoshida vafot etdi. Adib portfelidagi narsalar orasida oxiriga yetkazilmagan “Birinchi odam” qissasi qoʻlyozmasi va ishlatilmagan temir yoʻl chiptasi topiladi. Kim bilsin, agar chiptadan foydalanganida u omon qolgan boʻlarmidi. Kamyuning jasadini Fransiya janubidagi Lurmaren shaharchasi qabristoniga dafn etadilar.

2009 yilda Fransiya Prezidenti Nikola Sarkozi Kamyu xokini Parij Panteoniga koʻchirib kelish taklifini aytganida adibning oʻgʻli va qarindoshlari rad javobini berdilar.

Alber Kamyuning falsafiy qarashlari xususida fikr yuritadigan boʻlsak, u hech qachon oʻzini donishmand faylasuf, ustiga ustak ekzistensializm tarafdori deb hisoblamaganligining shohidi boʻlamiz. Nima boʻlganda ham, ekzistensializm falsafasi Kamyu ijodiga taʼsir koʻrsatganligi shubhasiz. Ayni paytda, uning ekzistensializm ruhidagi masalalarga shuurli va gʻayrishuuriy ravishda moyilligi, eng muhimi, bolaligidan davosiz xastalikka chalinganligi (oʻlim yaqinligini doimo his etib yashash) va kasallik bilan olishib ijod qilish ekzistensializmga yaqin gʻoya va fikrlarni ilgari surganligini, qisman boʻlsa-da, izohlaydi.

Ekzistensializmning yirik namoyandalari – “diniy ekzistensializm” peshvosi, nemis faylasufi K. Yaspers (1883–1969), “ateistik ekzistensializm” rahnamosi, fransuz faylasufi J. P. Sartrdan farqli oʻlaroq, Kamyu absurd bilan kurashning yagona yoʻli uning borligini, u mavjud ekanligini tan olish deb hisoblagan. Kamyu yaratgan qahramonlar bu holatga taalluqli boʻlmagan, taqdir taqozosi bilan vujudga kelgan murakkab ahvol, ogʻir sharoit, mushkul vaziyat (hayotga tahdid, yaqinlarining vafoti, vijdon azobi va hokazo) taʼsiri ostida ruhning, qalbning ana shunday holat, kayfiyatga kelganliklariga qaramasdan, ularning keyingi taqdiri mutlaqo har xil. Kamyu fikricha, kapitalizm, kommunizm, sotsializm kabi sunʼiy “izm”lar, jamiyatni majburan yaxshilashga boʻlgan turli-tuman va xilma-xil “urinish”lar – absurdning yuksak darajadagi koʻrinishidir. Insonparvarlik va demokratiya tarafdori boʻlgan Kamyu “gʻayriinsoniy va zolimona harakat vositasida jabr-zulm va adolatsizlik bilan kurashish undan-da katta sitam, jabr-jafo va istibdod adolatsizlikning avj olishiga sabab boʻlishi mumkin, deb hisoblagan.

“Birodar Karamazovlar” romani qahramoni Ivan Karamazovning “Hamma narsa mumkin” degan soʻzlari – erkinlikning yagona ifodasi”, – deb yozgan edi Kamyu. Absurd, hayotning bemaʼniligi (“Hamma yerda absurd hukmron”) xususida; hayot oʻtkinchi, oʻlim haq ekanligi (“oʻzining kim yoki nima ekanligini anglash – oʻlimni anglash demakdir”) xususida; “Xudoning laʼnatiga uchragan” yovuz va qabih tashqi olamdan uzoqlashish, begonalashib ketish, beshafqat hayotda yolgʻizlikni chuqur his etish (“hamma narsa menga yot”) xususidagi fikrlar – Kamyu prozasi va dramaturgiyasida doimiy va oʻzgarmas mavzudir. Biroq ekzistensializmning ishlatilaverib avra-astari chiqqan ushbu “qolip”i Kamyuning hayotiy tajribasi orqali “toʻgʻrilab” borilgan. Oʻta kambagʻal, bir burda nonga muhtoj boʻlgan oilada oʻsgan Kamyu uchun “inson qismati”, “insonning peshonasiga yozilgani va nasib etgani” har doim “inson hayoti, u borligʻining shart-sharoiti”, yaʼni hech qachon unutilmaydigan qashshoqlik, notavonlik, insonga nomunosib tarzda beziyo, rohat-farogʻat koʻrmay kun kechirishni oldindan taqozo etgan, bunga zamin yaratgan, shu mezon bilan oʻlchangan. Bunday mudhish sharoit, yashash uchun toʻgʻri kelmaydigan mushkul vaziyat Kamyuning “isyonkorona” harakatiga koʻp jihatdan zamin yaratgan, uni ragʻbatlantirgan, qalbiga olov purkagan. Kamyuning siyosiy faoliyatdan imkon boricha uzoqlashganligiga qaramasdan, “sof sanʼat”, “sanʼat sanʼat uchun”, jamiyatning eng sara aʼzolariga tushunarli boʻlgʻuvchi “elitar sanʼat”ga ishonmovchilik va aksincha, oddiy xalq uchun tushunarli boʻlgan sanʼatni qadrlash, munosib baholash adib ijodining negizini tashkil qilgan. U “tarix yuki”ni oʻz yelkasida koʻtarib yorugʻlikka olib chiqdi, hayot qiyinchiliklariga bardosh bergan qahramonlarni unutmaslikka harakat qildi, desak yanglishmagan boʻlamiz.

Alber Kamyuning “romantik ekzistensializmi” Jazoirdagi dastlabki hayotiy taassurotlari mevasidir. U oʻzining zamondoshi, aniqrogʻi “tabiatni uzoq kuzatish va uzoq mushohada qilish azobidan xalos boʻlgan” zamondoshi haqida yozish niyatida qoʻliga qalam olgani xususida koʻp bor aytgan. Haqiqatdan ham, Kamyuning ilk asarlarida tabiat goʻzalligiga mahliyo boʻlish, olamning turfa ranglarga burkanishini kuzatish, oʻzini shu olam mavjudoti, uning suyukli farzandi ekanligini his etish, yanada aniqroq qilib aytganda, Jazoir dengizi va quyoshidan bahramand boʻlish ustun turadi. Ekzistensializm ruhidan begonalashib ketayotgani, hayotdan uzoqlashib borayotganini his etgan Kamyu “tabiat bilan doimiy aloqa”da, “hayotning xayrixohligi”, “muhabbat iltifoti”ga boʻlgan ehtiyojidan forigʻ boʻlolmaydi: uning “absurd hukmronlik qiladi, muhabbatni qutqaradi”, degan purmaʼno soʻzlari uning asarlarining umumiy gʻoyasiga aylanadi.

“Begona” romani qahramoni Merso aynan shunday “ekzistensialist romantik” qiyofasida namoyon boʻladi. Muallifning oʻzi romanning ikki – metafizik va sotsial maʼnosiga toʻgʻridan-toʻgʻri ishora qilgan. Muallif Mersoning gʻalati xatti-harakatlariga izoh berarkan, birinchi navbatda uning “urf katalog”lariga qarab hayotga boʻysunishni xohlamasligiga eʼtibor qaratadi. Muallif “Begona” syujetini “rasmiyatchilik uchun qabul qilingan odob-axloqqa ishonmaslik” tashkil qiladi, deb hisoblagan. Oddiy odamning jamiyat bilan toʻqnashuvi, yaʼni har qanday odamni “urf katalogi” boʻyicha yashashga, “qatʼiy qoidalar doirasidan, rasmiy qabul qilingan qarash”lardan uzoqlashmaslikka oʻrgatuvchi jamiyatga roʻbaru kelishi romanning ikkinchi qismida yanada ravshanlashadi, murosasiz ohangda yangraydi. Merso ushbu doira qonunlaridan chiqib ketadi, aniqrogʻi oʻzida ushbu qoidalarni inkor qilishga kuch topa oladi. Natijada uni sud qilishadi, ayblashadi va jazoga tortishadi. U oʻziga notanish, mutlaqo begona odamni oʻldirgani uchun emas, balki qoidalarga boʻysunib yashamaganligi uchun – onasining dafn marosimida miriqib qahva ichganiyu, sigareta chekib oʻtirgani uchun jazoga loyiq deb topiladi. Merso – Xudoning yaratgan gʻofil bandasi, u biroz telbanamo, chunki u boshqa olam – tabiat olamiga butunlay mansub mavjudotdir. Qotillik paytida u oʻzini koinotning bir parchasi, samoviy manzaraning ajralmas bir boʻlagidek his qiladi, uning harakatlarini esa goʻyo samo jismlari, yaʼni quyosh boshqargandek tuyuladi. Qotillikkacha Merso tabiiy, oddiy odam qiyofasida koʻrinsa-da, biroq u uzoqdan-uzoq va hech bir sababsiz quyoshga toʻgʻri tikilib qaray oladi. Merso – kelgindi, oʻzga sayyoralardan kelgan mavjudot; uning sayyorasi – mavjlanib turuvchi dengiz va charaqlab turgan quyoshdir. Merso – romantik, bugungi hayotga kechikib kelgan otashparast odam. Bu fikrni inkor etmagan holda, Mersoni “ekzistensialist romantik” desak ham boʻladi. Jazoirning ajdarnafas quyoshi, choʻgʻdek qizigan qumi, qirgʻoqqa tinimsiz urilib turuvchi dengiz toʻlqinlari Mersoning xatti-harakatlariga taʼsir qiladi, uni “turtkilab” turadi. Mersoning jinoiy xatti-harakatlarini sotsial jihatdan asoslab boʻlmaydi, rasmiy odob-axloqqa qarshi isyon deb ham boʻlmaydi. “Begona” romanida roʻy bergan qotillik – jahon adabiyotidagi yana bir sababsiz, hech narsa taqozo etmagan qotilliklardan biridir. Mersoni ikkilanmasdan F. M. Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romanidagi Raskolnikov yoniga qoʻyish mumkin. Ular oʻrtasidagi yagona farq shundaki, Merso nima mumkin, nima mumkin emasligi oʻrtasidagi chegara xususida bosh qotirmaydi, ruxsat berilgan va taqiqlab qoʻyilgan narsalar xususida oʻylab ham koʻrmaydi, – oʻz-oʻzidan tushunarli-ku, erkin inson uchun hamma narsa mumkin! U mutlaqo erkin, unga hamma narsaga ijozat berilgan. Raskolnikov esa bu haqda koʻp oʻylaydi.

Aqldan ozdiruvchi fikr. Lekin oʻylab koʻrsak, “absurd hukmron” boʻlganligi uchun ham Merso mutlaqo erkin, oʻzini absurd dunyo qahramonidek sezgani uchun ham erkin, bu dunyoda Xudo yoʻqligi, maʼno yoʻqligi, yagona haqiqat – oʻlim haq ekanligi uchun ham u mutlaqo erkindir. “Begona” romani oʻlim syujetidan boshlanadi, uning markaziy nuqtasini ham oʻlim tashkil qiladi, hikoyaning davomida oʻlim mavzusidan chetga chiqilmaydi va nihoyat, romanni oʻlim yakunlab beradi. Roman oxirida hamma narsa oʻlim tarozisida tortiladi, baholanadi. Xulosa shuki, dunyodagi hamma narsa, tirik jon ham hech qanday qimmatga, bahoga ega emas, hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Faqat oʻlim muqarrar. Merso oʻlim jazosiga mahkum etilgani bilan dunyoda hech narsa oʻzgarmaydi. U xuddi boshqa gʻofil bandalar kabi oʻlimga mahkum etilgan, lekin busiz ham vaqti-soati kelganida oʻladi-ku. Beixtiyor odamning odam ustidan oʻlim hukmini chiqarishga kim ruxsat beribdi, degan savol tugʻiladi. Merso sudlanishi mumkin emas, u sudga boʻysunmasligi ham mumkin, lekin hamma uchun birdek qoida uni majburlaydi. Hayotning bemaʼniligi, qabul qilingan oʻlim haqidagi hukmning bemaʼniligi uni gunohidan, jinoyatidan ozod qiladi. Merso tom maʼnoda yashamaydi, u shunchaki kun kechiradi, u xuddi oddiy bir hujayra kabi harakatlanadi. Uning “yashash reja”si ham yoʻq. U yashashga asos boʻluvchi birorta gʻoyadan ham mosuvo. U bir soniyadan ikkinchi soniyagacha, falakning gardishi bilan tirikdir. J. P. Sartr asarda hikoya qilish uslubining qurilishiga eʼtibor berarkan, “… har bir jumla – bu oʻtkinchi lahza, koʻz ochib yumguncha oʻtadigan soniya <…> har bir jumla orolga oʻxshaydi. Biz ham jumladan jumlagacha, fanodan fanogacha sakrab-sakrab harakatlanamiz” [1]deb yozadi.

Asar tili va uslubining alohida taʼkidlangan sovuqligi, bosiqligi va hissiyotsizligi bosh qahramonning loqayd va beparvo xarakteriga mos keladi. Kamyu tilga oid ifoda etish vositalarining odatdan tashqari qisqa va unchalik boy boʻlmagan tomonlarini boʻrttirib koʻrsatishni amalda qoʻllaydi. Buning oqibatida tadqiqotchilar Kamyu uslubi – bu “klassitsizm ruhi”dagi uslub, yozuvchi bizlarni “XVII asr buyuk tamoyillari”ga qaytarmoqchi, deya oʻz fikrlarini isbotlamoqchi boʻladilar. Bu bir jihatdan toʻgʻri. Bu yerda tilga oid ifoda vositalarining yetarli emasligi, odatdan tashqari qisqaligi va unchalik boy emasligida, his-tuygʻular deyarli yoʻqligida qanday “buyuklik” mavjud, degan savolni berish oʻrinli boʻlar edi. Fransiyalik adabiyotshunos Pyer-Anri Simon fikricha, Kamyu “bizning haqiqiy dunyomizdan farqli oʻlaroq ancha izdan chiqqan, vayrona va beoʻxshov dunyoni yaratishda, oddiy odamlardan koʻra koʻproq aqldan qolgan, es-hushini yoʻqotgan va mayib-majruhga aylangan odamni tasvirlashni kashf etganligi bilan oʻz mehnatini ancha yengillashtirdi”[2]. Ushbu fikrni isbotlashga oʻzida jurʼat topgan Pyer-Anri Simon, ehtimol, boshqalardan koʻra haqiqatga yaqinroqdir.

1942 yili adibning “absurd haqida essesi” – “Sizif haqida afsona” asari nashr etildi. Bu asarida Kamyu oʻlim haqidagi fikr-mulohazalarini, yaʼni oʻz-oʻzidan begonalashib ketish, voqelikni bilib boʻlmaslik, yashash maʼnosini anglashning mumkin emasligi, erkinlikning yagona manbai sifatida absurdni koʻrsatish xususidagi mushohadalarini bir joyga toʻplarkan, absurd dunyoning bosh qahramoni roliga afsonaviy Sizifni tanlaydi. Sizifning ter toʻkib bajarayotgan ishi bemaʼni, bemaqsad; maʼbudlar amri bilan u xarsang toshni choʻqqiga koʻtarib chiqqanida tosh yana pastga qarab qulaydi va hammasini yangidan boshlashini u yaxshi biladi. Yana shuni biladiki – u choʻqqiga chiqqudek boʻlsa maʼbudlardan ham yuqorilaydi, taqdir ustidan gʻalaba qiladi, demak, toshni koʻtarish uning azaliy ishi va maqsadiga aylanadi. Shuni bilishning oʻzi kifoya, buni anglash erkinlikni kafolatlaydi. Sanʼat asari ham absurd dunyoga mansubdir, biroq ijod jarayoni xaos qoplagan dunyoda es-hush, eng muhimi tafakkurni saqlab qolishga, aqlni yoʻqotmaslikka imkon beradi.

Shu asnoda Kamyu ijodida romantik ruhdagi optimizmning yana bir manbai – sanʼat paydo boʻladi. U tomonidan yuksak qadrlangan, munosib baholangan fransuz romani taqdirni yengish, taqdir zarbalariga bardosh beruvchi qudratli kuch sifatida namoyon boʻladi. Muallif romanning badiiy makoni va zamonida taqdirni “shakl”ga soladi, uni “sanʼat qoida”lari asosida quradi. Bu xususiyat shak-shubhaga oʻrin qoldirmaydi, shuning uchun ham u badiiy adabiyotda azaldan mavjuddir. Kamyuning oʻzi ham klassik anʼanalarga sodiq qolish, ularga rioya qilishdek yuksak xislatlarni saqlashga harakat qilgan.

Qahr-gʻazabga toʻlgan maʼbudlar Sizifni bemaʼni va maqsadsiz ishni bajarishga mahkum etdilar. Bu bilan ularda bemaʼni, foydasiz va umidsiz mehnatdan dahshatliroq, shafqatsizroq jazo yoʻq, degan tushuncha paydo boʻldi.

Kamyu esa ushbu afsonaning qahramonini absurd odam deb hisoblarkan: “U oʻzining olijanob va qabih his-tuygʻularida ham, azob-uqubatida ham oʻzgarmaydi, absurdligicha qoladi”, deb yozadi. Sizif yerdagi hayoti, jilovlanmagan ehtiroslari, xudolarga boʻysunmagani va dunyoni chindan sevgani uchun jazoga mahkum etilgan. Qahramonning qisqa vaqt toʻxtab, tin olish payti, yaʼni poyoni yoʻq azob-uqubatlardan bir daqiqa boʻlsa-da, kutilgan holati qiziqarlidir. Aynan shu dam Sizif hushiga keladi, unga his-tuygʻulari yana qaytadi. Yoki tosh qaytadan pastga yumalayotganda, mehnatdan bir zum forigʻ boʻlgan Sizif bemaʼni mehnatidan qutilganini his etib, oʻzini erkin va ozod sezadi, hatto baxtli odamdek quvonadi ham. Afsonaning fojiaviyligi Sizifning ongli ravishda bemaʼni ishni bajarayotganida, abadul-abad toshni koʻtarishga mahkum etilganligini anglashida asoslangan, desak toʻgʻriroq boʻladi.

Kamyu zamonaviy odam hayotini ushbu afsona bilan taqqoslarkan, hayot fojiali va koʻp jihatdan bemaʼni deb hisoblaydi. Odamlarning xatti-harakati, yashash uchun kurash olib borishlari charxpalak aylanishiga oʻxshaydi, bir zaylda kechadi va hech qanday foyda keltirmaydi. Qahramonning aqli rasoligi, es-hushi joyidaligi, ongi aniq-ravshanligi taqdir ustidan gʻalaba qozonadi va azob-uqubatlarni xursandchilikka, shod-xurramlikka aylantiradi. Bu baxt Sizif chin qalbdan sevgan goʻzal dunyo va shirin hayot haqidagi xotirada mujassam boʻlarkan, uning yuragi “choʻqqiga chiqish uchun kurash” bilan toʻlib-toshgan. Kamyu fikricha, Sizifni baxtli odamdek tasavvur qilish lozim. Shubhasiz, Kamyu qadim yunon mifologiyasidan olingan mashhur afsonaga yangi hayot bagʻishlaydi. Sizifning ishi zamonaviy insonlar mehnati bilan bir xil ekanligi xususidagi fikrni rad etib boʻlmaydi. Koʻp odamlar yangilik yaratmaydilar, kashfiyot va ixtiro qilmaydilar, faqat bir zayldagi xarakatlardan iborat yumushini kundan kunga bajaraveradilar. Sizifning baxti shundaki, u, bir qarashda bemaʼni va befoyda boʻlib koʻringan ishida oʻzicha maʼnoni koʻradi.

Alber Kamyu asarlari va falsafasi xususida aniq bir tasavvur hosil qilish oson emas, chunki uning adabiy va falsafiy asarlarida bayon etilgan qarashlarni har xil alpozda, turlicha talqin qilish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Ayni paytda ushbu falsafaning oʻziga xos xususiyati, yoʻnalishi va muammolar majmui tarixchi va faylasuflarga uni ekzistensializmning bir koʻrinishi sifatida baholashga zamin yaratdi. Haqiqatdan ham, Kamyu dunyoqarashi va ijodida Gʻarb falsafasi asrlar osha bosib oʻtgan yoʻlning oʻziga xos xususiyatlari namoyon boʻldi.

Kamyu dunyo, umuman obʼyektiv voqelikning realligidan shubhalanmagan, uning tadrijiy rivojlanishi, toʻxtovsiz harakatlanishi muhimligini anglab yetgan. Uning fikricha, dunyo aql-idrokka asoslanib qurilmagan, u xaotik. Dunyo insonga nisbatan shafqatsiz. Adovat ruhi bilan sugʻorilgan dunyo insonga doimo tahdid solib turadi. Bu adovatli, shafqatsiz, tajovuzkor dunyo ming asrlar oshib bizgacha yetib keldi. Bu dunyo haqida biz bilganimizni ishonarli deb boʻlmaydi; toʻrlagan bilimimiz yetarlicha asosga ega emas, tajribada isbotlanmagan. Dunyo har doim koʻz oʻngimizdan gʻoyib boʻladi, tutqich bermaydi, oʻzgarib turadi. Hayot, obʼyektiv borliq xususidagi tasavvurida Kamyu “borliq oʻzini faqat shakllanishida namoyon qilishi mumkin, shakllanish esa mavjudliksiz, real tarzda borliqsiz hech narsa, yoʻq narsa”, degan aqidaga asoslanadi.

Yozuvchi fikricha, borliq ongda aks etadi, lekin “inson aql-idroki orzu-umidlar olamida harakatlanmaguncha oʻzining toʻliq ifodasini topmaydi. Agarda u uygʻonsa, hamma narsa oʻzaro uygʻunlashib ketib, yaxlit holga keladi, muayyan tartibga tushadi. Agarda tashqaridan biron bir tahdid kelsa, xavf-xatar tugʻilsa, ushbu dunyo parchalanib, xuddi oyna kabi sinib, minglab boʻlaklarga boʻlinib ketishi mumkin. Undan keyin insonning dunyoni bilish qobiliyati, aqli-zakovati uchun behisob yaltirab turuvchi siniq oyna parchalari qoladi. Uni terib olish esa inson aqliga bogʻliq”. Kamyu shu tariqa dunyoni oʻzgartirishning yagona manbai deb bilishni koʻrsatadi, ayni paytda, bilimdan oʻylamasdan, bemaʼno foydalanmaslikka undaydi.

Kamyu ilm-fan dunyo va inson xususidagi bilimlarimizni chuqurlashtiradi va kengaytiradi deguvchi purmaʼno fikrga qoʻshiladi, lekin bu bilimlar hali yetarlicha mukammal emasligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, ilm-fan bugungi kungacha ham eng muhim, eng dolzarb, yaʼni hayot maʼnosi, dunyo mavjudligining maqsadi, butun borliq, yaʼni oʻsimlik va hayvonot, umuman tirik organizmning yashash maʼnosi haqidagi savolga javob berolmaydi. Odamlar bu dunyoga, bu tarixga tasodifan tushib qolishgan. Ular oʻlimga mahkum etilgan va hayot koʻz oʻngimizda goʻyo absurd dunyodagi bemaʼni harakat, yashash uchun kurashdek namoyon boʻladi. Ushbu adovatli, tajovuzkor, sovuq va issiq, zulmat va yorugʻ, mashriq va magʻrib, shams va qamar, hayot va oʻlimdan iborat dunyoda Inson nima qilmogʻi lozim?

Kamyu bizni bu savolga kechiktirmay javob topishga chorlaydi. Avvalambor, inson “hayot nima, u yashab oʻtishga arziydimi, umuman yashash, hayot kechirishda maʼno bormi, yoʻqmi?”, deguvchi murakkab bir savolga javob berishi lozim. Falsafaning ushbu bamaʼni savoliga javob topish – oʻta murakkab falsafiy muammoni yechish demakdir. Kamyu fikricha, “qolgan barcha narsa… ikkinchi darajalidir. Yashashga intilish, toʻlaqonli hayot kechirish uchun tirishish, insonning dunyoga boʻlgan mehr-muhabbati bilan oʻlchanadi, “ushbu muhabbatda dunyodagi jamiki azob-uqubat, jabru jafo, qiynoq va sitamlardan kuchliroq narsa mujassam”dir”. Dunyoviy muhabbat insonga hayotni sevish va hayot oʻrtasidagi tafovutni, kelishmovchilikni yengib oʻtishga imkon beradi. Garchi ushbu tafovut ustunlik qilgudek boʻlsa, dunyoda absurd hukmronlik qiladi. Insonga benazir aqlu zakovat, zehn, tafakkur, eng muhimi, ong va til berilganki, u dunyoni muayyan tartibga solishi, ezgulik va yovuzlik xususidagi tushuncha va tasavvuriga mos ravishda uni oʻzgartirishi lozim.

Alber Kamyu yashash bu – absurdni chuqur va keng tadqiq qilish, unga qarshi isyon koʻtarish, deb hisoblaydi. “Men absurddan, – deb yozadi adib, – uchta natija (xohlasangiz manfaat, xohlasangiz saboq) kutaman – absurd mening isyonim, mening erkinligim va mening ehtirosimdan hosil boʻladi. Aqlimni ishga solib, oʻlimga itoatkorona boʻysunish qoidasini yashash qoidasiga aylantiraman va oʻz jonimga qasd qilishni rad etaman”.

Yozuvchi fikricha, inson tanlash huquqiga ega: yo oʻz davriga moslashib yashash yo uni oʻjarona rad etgan holda qarshi kurashish, lekin davr bilan bitim tuzishi ham mumkin. Keyingisida “oʻz davrida yashab abadiyatga ishonish” tamoyili ustun turadi. Qiziq holat, abadiyatga ishonish Kamyuga unchalik ham xush kelmaydi. Uning fikricha, dunyodagi absurddan, yaʼni dunyo bemaʼniligidan azaliy va abadiy qadriyatlarga eʼtiqod qilish, kundalik hayot illyuziyasiga shoʻngʻib ketish yoxud birorta gʻoyaga ergashib yashirinish, boshqacha aytganda, absurd bosimini tafakkur yordamida pasaytirish mumkin.

Endi mazkur sonda eʼlon qilinayotgan “Kaligula” pyesasi toʻgʻrisida ikki ogʻiz soʻz. Rim imperatori Kaligula (yangi eraning 12-41 yillar) ning ismi ilk bor Alber Kamyu kundaligidagi yozuvlari orasida (1937 yil yanvarida) “Kaligula yoxud oʻlim mazmuni. 4 parda” koʻrinishida uchraydi. Oʻsha paytlar Kamyu inson qismatining bartaraf qilib boʻlmaydigan fojiaviyligi, peshonaga yozilgani muqarrar roʻy berishi xususida chuqur oʻy-mulohazalar yuritish bilan band edi. Uning fikricha, hayotdagi xatti-harakat, feʼl-atvor xususiyatlarini baxtli yoki baxtsiz taqdirdan axtarish lozim. “Atrof – muhit, umuman bizni oʻrab turguvchi voqelik absurd emas, balki goʻzal va nafosatli boʻlishi mumkinligiga ishonch tufayli zamonamiz muqarrar halokatga uchramoqda”, – deguvchi Kaligulaning oxirgi soʻzlarini adabiyotga endigina qadam qoʻygan dramaturg shunday tasavvur qiladi.

Dastlab pyesa “Kaligula, yoxud Qimorboz” deb nomlanib, shubhasiz, Kamyuning F. M. Dostoyevskiy ijodi xususidagi fikr-mulohazalari bilan bogʻliq boʻlgan. U pyesasiga rim tarixchisi Svetoniyning “Oʻn ikki Sezar hayoti” asarida tasvirlangan davr sarhadlaridan kelib chiquvchi umumiy maʼno-mazmunni bagʻishlamoq niyatida edi. Anaxronizm, yaʼni bir davrni tasvirlashda boshqa bir davrga xos xususiyatlarni unga taalluqli qilib koʻrsatish yoxud oʻz zamonasiga mos kelmaydigan eski qarashlar, urf-odatlar, turmush tarzini tasvirlashdan qochib, Kamyu oʻz zamonasiga hamohang, davrga mos keluvchi fojiani sahnaga olib chiqmoqni maqsad qilgan. Fojia markazida – imperatorning metafizik ruhidagi isyoni turibdi, uning asosiy gʻoyasi, qolaversa boshlangʻich nuqtasi – Dostoyevskiyning “Hukm” asarida aks ettirilgan “ruhan va jismonan zoʻriqqan” qahramonining ruhiy holati, tushkunlik kayfiyati bilan aynan mos keladi.

Sevikli ayoli (Sezoniya – M. X.) ning jasadi oldida yosh imperator “oddiy va ochiq-oydin, bir oz bemaʼni va chidab boʻlmas haqiqat”ni anglab yetadi: “Odamlar oʻladi va ular baxtsizdirlar”. Oʻlganlari uchun baxtsizdirlar; “haqiqat”ga ishonmaganliklari uchun baxtsizdirlar; oʻlim haqida oʻylamaganlari uchun, oʻz-oʻziga va boshqalarga yolgʻon gapirganlari uchun baxtsizdirlar; mayda-chuyda qiziqqanlari, arzimas manfaat va qabih niyatlar, xudbinlarcha xatti-harakat qilganlari uchun baxtsizdirlar”.

Insonlar toʻkkan koʻz yoshlarning sababi ushbu “razolat” va “qabohat”da yotibdi. Ammo Kaligulani oʻrab olgan zodagonlar bunday hayotga tashnalik bilan chirmashib olganlar. Bu borada F. M. Dostoyevskiy “Hukm” asari qahramonining: “Ular yashashga bajonidil rozi boʻlishadi, lekin hayvonlarcha, yaʼni halqumiga kelguncha yeb-ichish, gʻaflat bosib uxlashu in qurib, nasl qoldirib yashashga rozidirlar. Bu kabi “insonlarcha” yashash – talon-toroj yoʻli bilan mol-dunyo orttirish demakdir”, deguvchi soʻzlar muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻz joniga qasd qilgan kishining faylasufona fikrlari Kamyu pyesasida ekzistensial ruhdagi “koʻz ochilish” shaklida ifodalanadi. Yana bu kabi “koʻz ochilishlarning” tagmaʼnosi qalb ogʻrigʻi, ruhiy xastalik Kamyu ong va tafakkurida “hayotdagi qismat”, “yozmish”dagi mavhum, metafizik ruhiyati oʻy-fikrlar bilan qorongʻilashadi. Pyesa qahramonining xatti-harakatlari shaxsiy zaiflik, noshudlik, bu dunyoda biror narsani oʻzgartira olmaslikdan ojizligini chuqur his etish bilan astoydil kurashga qaratilgan. U vujudiga kirib olgan, ongini zaharlagan iblisdan qutilmoqchi boʻladi-yu, bu kurashda oʻzi ham iblisona yoʻl tutadi.

Darvoqe, mavjud dunyo borligʻi bilan Kaligulani qanoatlantirmaydi. Bu dunyoda oʻlish ham mumkin, baxtsiz boʻlish ham mumkin – buni hech kim koʻrmaydi va bu haqda oʻylamaydi ham. Shuning uchun Kaligulani oʻrab olgan muhit, manfaatparast va tamaʼgir zodagonlar yolgʻon va soxta koʻrinadi. U dilemma oldida turibdi: “Nima qilish kerak: yolgʻonda yashashmi yoki dahshatli haqiqatni koʻrishmi?”. Yosh imperator taqdirga qarshi chiqib: “Men haqiqat ila yashamoqchiman?”, deya xitob qiladi. Butun borliq sarobdan, zodagonlarning “aqli rasoligi” yolgʻon, fisqu fujur, gina-kudratdan iboratligini tushunib yetgan Kaligula qalbida borliqning “zeb-ziynat va bezak”lariga qarshi norozilik tugʻiladi. Uning fikricha, dunyo “eng yuksak maʼno”dan mahrum boʻlgan, hayot esa – soxta va munofiqona. Pyesaning asosiy gʻoyasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, hayot maʼnosi masalasini muallif oʻlim muammosining qay tarzda hal etilishiga bogʻliq holda koʻrib chiqadi. Ushbu muammoning mohiyati shundaki, narigi dunyoga eshik Kamyu uchun ham, u yaratgan personaj uchun ham yopiqdir. Noumidlik va butun mavjudotning azaliy va abadiy oʻzgarmas birlamchi asosi – ruh (Xudo) ga intilish bilan vobasta holda Kaligula tanlagan yoʻlini belgilaydi.

Oʻz vaqtida yozuvchiga yaqin doʻst, keyinchalik esa murosasiz raqib boʻlgan J. P. Sartr Gʻarbiy Yevropaning maʼnaviy, ijtimoiy hayotida Kamyuning egallagan oʻrni va maʼnaviy qiyofasi haqida quyidagi fikrni bildiradi: “Kamyu bizning asrimizda, qolaversa, ulkan daryodek oqib oʻtayotgan tarixda Monten, Laroshfuko, Volter, Didro, Russo kabi ezgulikka yoʻgʻrilishni, saxovatpesha boʻlishni oʻrgatuvchi moraliste, yaʼni maʼrifat va maʼnaviyat targʻibotchisi boʻldi. Uni avvalo, faylasuf, keyin esa ijodkor desa boʻladi. Uning merosi fransuz adabiyotida abadiy qolajak. Kamyuning sabot-matonatli, sof va nozik, jiddiy va ehtirosli insonparvarligi davrining qaqshatqich va xunuk nishonalariga qarshi kurash olib bordi. Bu kurashda kim gʻolib chiqqanligini kelajak koʻrsatadi. Lekin u oʻz soʻzi bilan insonlar qalbida maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlagan sanʼatkordir”.

 

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–11

 


[1] (Sartre J.-P. Interprétation de l’Etranger. Paris, 1970. p. 56).

[2] (Simon P.-H. Histoire de la litérature française. Tome II, Paris, 1957. p. 194).

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.