Durga doʻngan qatralar

0
305
marta koʻrilgan.

Zamonaviy oʻzbek adabiyotining isteʼdodli vakillaridan biri, milliy sheʼriyatimizda oʻzining betakror ovozi bilan tanilgan, oʻziga xos uslubiga ega boʻlgan shoir ning yangi kitobi – “Qalb tomchilari” toʻplami nashrdan chiqdi (Toshkent, “Sharq”, 2010).

Avvalambor, kitobning nomi haqida bir mulohaza. Odatda, shoirlar oʻzining yangi kitobiga nom koʻyishda shu toʻplamga kiritilgan eng sara sheʼrlar, doston va turkumlardan birontasining mavzusini tanlaydi. Baʼzan toʻplamdagi ohorli, taʼsirchan soʻz, yangi ibora yoki tashbeh ham kitobga nom sifatida olinishi mumkin. Lekin “Qalb tomchilari” toʻplamida ayni shu nom bilan ataladigan sheʼr yoki turkum mavjud emas. Kitobdagi sheʼrlarda ham “qalb” va “tomchi” soʻzlari bevosita yonma-yon kelgan misra uchramaydi.

Ayni chogʻda kitobdagi sheʼrlarda “qalb” soʻzi “koʻngil”, “yurak”, “dil” tushunchalari bilan hamohanglikda turlicha talqin etilgan koʻp misralar borki, shoir qalbi – timsol, muayyan obraz sifatida namoyon boʻlgan bu yorqin va kutilmagan tashbehlar sheʼrxonni hayajonga soladi. Fikrimizning tasdigʻi uchun ayrim misollar keltiramiz:

 

Kamalakdek tuslandi koʻnglim,

Toʻzgʻidi tovusning patiday.

(21-bet)

Qaniydi

Tonggacha ovutsam

Oy, deya

Qush, deya dilimni!..

(27-bet)

Endi koʻngil –

dasturxonda non kabi siniq.

(28-bet)

Sen ketding.

Dil titrar vujud shoxida.

(29-bet)

 

Dilimni bezatsam – kutadiganim Siz.

(49-bet)

Lolarang qalbimda gʻamning bodasi.

(49-bet)

 

Qalb nahridan oqar chashm selobi…

(88-bet)

Xullas, muallif kitobga “Qalb tomchilari” degan nomni bejiz tanlamagan. Ayniqsa, shoirning quyidagi soʻfiyona oltiligi bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi:

 

Naysonning

birgina tomchisin

sadafingda asra,

o, nilufar qalb!

Toki durga doʻnsin

shu qatra…

(116-bet)

 

Aytish kerakki, Gʻulom Mirzoning oldingi kitoblari – “Yaxshiyam siz borsiz”, “Unutilgan hur”, “Oftobga qaytaman” toʻplamlaridagi samimiyatga yoʻgʻrilgan sheʼrlari ham koʻplab nazm muxlislari tomonidan qiziqish va ishtiyoq bilan kutib olingan. Shoir ana shu kitoblari misolida oʻzini, avvalambor, soʻz masʼuliyati va sheʼriyatning taʼsir kuchini chuqur anglab yetgan, sheʼriy shakl, ayniqsa, sheʼriyatning barmoq vazni imkoniyatlarini puxta oʻrgangan va bu vazn salohiyatiga xos yangi-yangi qirralarni kashf qilgan, bu topilmalarini sheʼrlarida yuksak mahorat bilan qoʻllagan yetuk ijodkor sifatida namoyon eta oldi.

Shu bilan birga, Gʻulom Mirzo oʻzining dastlabki kitobiga kiritgan aksariyat sheʼrlari, ayniqsa, oʻsha davr poeziyasi uchun dadil yangilik hisoblangan katta bir turkum “uchlik”lari bilanoq oʻz ijodida anʼanaviy sheʼriy qoliplar bilan cheklanib qolmasligini, aksincha, bu borada yangi izlanishlarga shay va qodir ekanini koʻrsatgan edi. Bu jihat uning keyingi kitoblaridan joy olgan “uchlik”lari va “beshlik”lari, shuningdek, shaklan barmoq vazni talablarini inkor etadigan, mohiyatan esa bu dilbar sheʼriy vaznning qofiya, ichki ohang kabi bir qator nozik xususiyatlarini oʻziga singdirib olgan boshqa koʻplab tashabbusli sheʼrlari misolida bosqichma-bosqich maromiga yetib, izchil kamol topib kelayotganini taʼkidlash joiz.

Ayniqsa, “Qalb tomchilari” kitobidagi yangicha shakldagi bitiklar – “oltilik”lar misolida shoir kitobdan-kitobga oʻtgani sari sheʼriyatdagi oʻz yoʻlini mustahkamlab, oʻziga xos uslubini charxlab, yanada oʻtkirlashtirib borayotganini kuzatish mumkin. Shu oʻrinda keyingi vaktda ayrim oʻzbek shoirlarining ijodiga mansub boʻlgan shakl izlanishlari, xususan, “uchlik”lar va “beshlik”lar haqida adabiy bahs borganda, koʻpincha ularni yapon sheʼriyatidagi “xokku”, “tanka” janri taʼsirida yozilgan sheʼrlar deb yuzaki baholashdan nariga oʻtmaslik xollari kuzatilayotganini ham taʼkidlash oʻrinlidir.

Fikrimizcha, bu shakliy yangiliklar mustahkam milliy zaminga ega boʻlib, ular satr soni borasidagi oʻxshashligidan qatʼi nazar, oʻzining xorij sheʼriyati namunalaridan tubdan farq qiladigan va hatto ustun turadigan bir qator xususiyatlariga ega. Va bu masalalar kelgusida adabiyotshunoslarimiz tomonidan atroflicha ilmiy-adabiy tahlil va talqin etib berilishi maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz.

“Qalb tomchilari” kitobidagi sheʼrlarning mazmuni haqida gap borganda, birinchi navbatda uning boy va xilma-xil mundarijasi diqqatni oʻziga tortishini qayd etish darkor. Toʻplamdagi turkumlarning bir qismi bugungi sheʼriyatimiz uchun anʼanaviy hisoblangan “Sen va men”, “Taayyun raqamlari”, “Ketma, tomirimda sevgi boʻlib oq”, “Nasaf xotiralari”, “Zarra-zarra tomadi tole” kabi nomlar bilan atalgani holda, unda mumtoz adabiyotimizga xos ravishda “Firoqnoma”, “Pandnoma”, “Ishqnoma”, “Tabiatnoma” deb nomlangan turkumlar ham mavjud.

Toʻplamning yana bir oʻziga xos jihati – unda shoirning shaxsiy hayoti, koʻngil kechinmalari, quvonchu shodliklari, iztiroblari satrlarga koʻchgan sheʼrlari, yurakni ezib yuboradigan mungli marsiyalari bilan birga tarbiyaviy jihatdan muhim, ijtimoiy ahamiyatga molik sheʼriy turkumlari, chuqur va keng falsafiy mushohadalari yonma-yon keladi. Bu sheʼrlarda shoir hayot mantigʻi, olam va odam mohiyati, zamon va makon manzaralarini turli ramzlar, timsollar, shoda-shoda tashbehlar orqali ifodalaydi. Hayotga ijodkor nigohi bilan boqayotgan shoirning kuzatuvlari savqi tabiiy tuygʻular bilan hamohanglikda nafis va najib satrlarda oʻz aksini topgan. Bir soʻz bilan aytganda, kitobdagi sheʼrlar badiiy yetukligi hamda samimiyati bilan kitobxon eʼtiborini birdek oʻziga tortadi.

Eng muhimi, shaxsiyat va ijtimoiylikning bunday noyob, ayni vaqtda tabiiy bir holda omuxtalashuvi timsolida shoir mahorat bilan yaratgan lirik obraz – zamonamiz qahramonining dunyoqarashi, fuqarolik pozitsiyasi va boshqa koʻplab insoniy kechinmalarini har birimiz dildan his etamiz, chuqur anglaymiz. Xususan, bugun dunyo miqyosida avj olayotgan globallashuv jarayoniga, uning turli sohalardagi ijobiy yoki salbiy taʼsiriga nisbatan shoirning oʻz munosabati, qatʼiy yondashuvi bor. Bu haqda bir oʻrinda:

 

Antennalar –

dunyo daraxtining

oʻq ildizlari.

Avval, tomimizni,

soʻng ongimizni

chirmagan tomirlar, –

(43-bet)

der ekan, shoir haqqoniy, ayni paytda kutilmagan badiiy-falsafiy xulosaga keladi.

Shoir toʻplamdan oʻrin olgan sheʼrlaridan bir turkumini “Mutolaa farogʻati” deb nomlagan. Bu sheʼrlarni Arastu, Budda, Gandi, Dekart, Ibn Sino, Gʻazzoliy, Lao Szi, Petrarka, Makiavelli, Laroshfuko, Nitsshe kabi jahon falsafa va adabiyotining oʻnlab daholari asarlari mutolaasi chogʻida tugʻilgan yangi, oʻzgacha mushohadalar, buyuk allomalar fikrining qaymogʻi boʻlgan noyob iqtiboslar, eng sara hikmatlarning ixcham talqini deyish mumkin. Oʻz shakli va mazmuniga koʻra yangilik boʻlgan bu turkum ham sheʼriyat ixlosmandlari qalbidan tom maʼnoda “mutolaa farogʻati” sifatida oʻrin egallasa, ne ajab.

Gʻulom Mirzoning yangi kitobini oldingi toʻplamlaridan ajratib turadigan xususiyatlardan yana biri – shoirning jahon adabiyoti namunalaridan tarjimalariga oʻrin berilganidir. Eʼtiborli tomoni shundaki, bunda ham, yuqorida aytib oʻtganimizdek, Sharq va Gʻarb sheʼriyati anʼanalarini uygʻunlashtirish tamoyiliga tayanilgani kuzatiladi. Yaponiyaning atoqli shoiri Matsuo Basyo, Lyuksemburg shoiri Aniz Kols va Polsha sheʼriyati vakili Tadeush Rujevich – aynan ana shu ijodkorlarning sheʼrlarini tarjima qilish uchun ularning ijodiy yoʻli bilan shoir-tarjimonning sheʼriy uslubidagi oʻzaro yaqinlik birlamchi asos boʻlib xizmat qilgan boʻlsa ajab emas. Bu tarjima sheʼrlar ham oʻzining yuksak badiiyati bilan oʻquvchi eʼtiborini tortishiga aminmiz.

Muxtasar aytganda, “Qalb tomchilari” kitobini Gʻulom Mirzoning sheʼriyat pillapoyalari boʻylab yuksalish yoʻlida qoʻygan navbatdagi dadil qadami, desak arziydi. Va, albatta, shoirdan bu yoʻlda yangi, qutlugʻ qadamlarni – goʻzal sheʼriy kitoblarni kutib qolamiz.

 

Akmal SAIDOV,

professor

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.