Dunyo adabiyotida “taom” va “tanovul” mavzusi

0
51
marta koʻrilgan.

Gulnoza Odilova[1]

 

Taom – inson va u yashayotgan jamiyat madaniyatining ajralmas qismi. Milliy oshxonaning oʻziga xos xususiyatlari esa u yoki bu millat madaniyatining qadimiy ildizlarini oʻzida mujassam etgan. Qandaydir taom yoki ichimlik isteʼmol qilar ekan, kishi beixtiyor maʼlum bir millat madaniyati bilan muloqotga kirishadi.

 Madaniyatlararo muloqot jarayonida ovqat va tanovul oʻzgani anglash vositasi hisoblanadi. Rus olimi A.I.Kozlovning fikricha,  jamiyatda ovqat “tabiiy” va “madaniy”, “insoniy” va “ilohiy”, “oʻz” hamda “oʻzga” kabi tushunchalar orasida ramziy maʼno kasb etadi.  Baʼzan birovning “maqbul” taomdan voz kechishi, uning gʻayrinsoniy xislati sifatida qabul qilinishi ham mumkin. Umuman olganda, oshxona va taom – “oʻzingniki”ni  “oʻzga”dan farqlash, “ular” va “oʻzimiz” oramizdagi chegarani aniqlab olish vositasidir (Kozlov A.I. Pishʼa lyudey. – Fryazino: Vek 2, 2005).

“Taom” tushunchasi inson hayotining turli xil jabhalarida – til, urf-odat, anʼana va madaniyatida namoyon boʻladi. Adabiyot esa madaniyatning ushbu ajralmas qismini taqdim etish vositasidir.

XVIII-XIX asrlar Yevropa adabiyotida gastronomik mavzuni toʻliq yoritishga oʻtildi. Biroq XI-XII asr qadimiy qoʻlyozmalaridayoq taom va ichimliklar haqidagi badiiy tasvirlar paydo boʻla boshlagan. Yunon yozuvchisi Ksenofontning uy-roʻzgʻor yuritish va oila iqtisodi  haqidagi “Uy roʻzgʻor yuritish” kitobida  roʻzgʻorni tashkil etish bilan birga dasturxon oldida oʻzini qanday tutish, ibodat kunlari qanday taomlar tanovul qilish haqida yoʻriqlar keltiriladi (Ensiklopediya pravoslavnoy kuxni. – N.Novgorod: Izd-vo Bratstva vo imya sv. Aleksandra Nevskogo, 1999). Ovqatlanish va taom Yevropa adabiyotshunosligida maxsus oʻrganiladigan yoʻnalishdir. Yevropa adabiyotshunoslarining fikricha, taom va  tanovul jarayonining badiiy adabiyotda oʻz oʻrni bor. Zero, taom – xalq madaniyati, tarixi, ijtimoiy jarayonlar haqida haqqoniy axborot bera oladigan muhim omillardan biri.

Taomni tadqiq etish  yoki “taomshunoslik” (food studies) ijtimoiy fanlar (antropologiya, sotsiologiya, tarix, madaniyatshunoslik) hamda sanʼat negizida shakllandi. Bu fan adabiyot, gastronomiya va kulinar tarix kabilarni oʻz ichiga oladi. Taomshunoslik ovqatga aloqador jarayonlarni: mahsulot chiqarishdan tortib, ovqatlanish jarayonining ijtimoiy hayotdagi oʻrni tahlili, ovqatlanish odat va marosimlari, tanovul uchun tanlanadigan hamrohlar (ijtimoiy tabaqalanish tahlili uchun) ni qamrab oladi. Bu jarayonni oʻrganish esa insonning jamiyatdagi oʻrni va milliy madaniyatning oʻziga xosligini koʻrsatib berishga xizmat qiladi.

Soʻnggi yillarda  Yevropa adabiyotshunosligida taomning badiiy adabiyotda tutgan oʻrni haqida yirik tadqiqotlar olib borilmoqda. Mazkur tadqiqotlar turlicha ilmiy yoʻnalishlarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Xususan – “adabiyotda taom”, “folklorshunoslik va taom”, “zamonaviy sheʼriyatda taom”, “ayollar adabiyotida taom”, “bolalar adabiyotida taom”, “adabiyotda tanovul, taom isteʼmol qilishning badiiy tasviri” kabi ilmiy mavzu va tadqiqotlar olib borilayotganligi, ovqatlanish hamda taom mavzusining Yevropa adabiyotshunosligiga naqadar chuqur kirib borganligini koʻrsatib turadi. Kara Killing va Skott Pollardning  taʼkidlashicha, agar taom adabiyotdagi substansiya, madaniyat hamda  sivilizatsiyaning tayanch nuqtasi sanalsa, u adabiyotshunoslik uchun ham fundamental tadqiqot manbai hisoblanadi. Modomiki, oziq-ovqat mahsulotlari har bir madaniyatning ajralmas qismi ekan, taom va tanovul adabiyot va sanʼatni anglashda asosiy vositalardan biri boʻlib xizmat qiladi (Keeling, Kara K. and Scott T. Pollard. “Introduction: Food in Children’s Literature.” Critical Approaches to Food in Children’s Literature. Ed. Kara K. Keeling and Scott T. Pollard. New York: Routledge, 2009).

Darhaqiqat, insoniyat taraqqiy etar ekan, azaldan yegulik topish hayotiy muammolardan boʻlgan. Har bir mumtoz asarni bir yoki bir necha qismat tarixi deb hisoblasak, unda hikoya qilinayotgan tarixiy davr taom va ovqatlanish jarayoni bilan bogʻliq qanchadan-qancha hodisalardan tarkib topganligini tasavvur qilish qiyin emas. Badiiy asarda uchrovchi “taom” konseptini tushunishning murakkab tomonlari ham mavjud. Amerikalik olimlar Devid va K.Jonatanlarning taʼkidlashicha, ovqat va unga tegishli anʼanalar, jamiki narsa va hodisalar turli yozuvchilar ongida turli asotsiatsiyani paydo qiladi. Taom faqat maza va hid bilan emas, balki boshqa jihatlari orqali ham his etiladi. Ovqat haqidagi tasavvurlar adabiyotda biror millat xotirasining negizigacha singib ketgan assotsiatsiyalar manbasi sifatida namoyon boʻlishi mumkin (David, Jonathan C. Food in Literature. Gale Encyclopedia of Food&Culture.2003). Yozuvchi ongidagi oʻz millatiga xos asotsiatsiyalar taomning hidi va unga xos boʻlgan xususiyatlar bitta shu ovqat yoki ozuqa nomini keltirish bilan ham hosil qilinadi. Ammo adabiyotshunos yoki tarjimon uchun mazkur pragmatik taʼsirchanlik – maza, taʼm va u bilan bogʻliq assotsiatsiyalarni anglab yetish uchun fon bilimlari zarur boʻladi. Fon bilimlari  xalq madaniyati, tarixi va urf-odatlarini oʻz ichiga olgan konseptual bilimlar majmuidir.Oʻzbek olimlaridan professor Shuhrat  Sirojiddinov mazkur istilohni maʼnoviy bilimlar deb atashni taklif etadi. (Sh. Sirojiddinov. Badiiy tarjima asoslari. 2011) Darhaqiqat, maʼnoviy bilimlar  bir millatning ijtimoiy ongida koʻp asrlar davomida shakllangan maʼno va tushunchalar yigʻindisini tashkil etib, badiiy asar matnida tabiiy holatda verballashadi. Misol sifatida “Oshqovoq somsa! Oshqovoq somsa! Kambagʻallik qursin ilohim!” (Choʻlpon, “Kecha va kunduz”) jumlasini olaylik. Agar bu gap ingliz tiliga tarjima qilinadigan boʻlsa, avvalo, oʻzbek xalqi tabiatida goʻshtli taomlarni sevib isteʼmol qilish, uyida goʻsht boʻlishi toʻkinlik va toʻqlik nishonasi ekanligi  haqidagi ekstralingvistik maʼlumotga ehtiyoj tugʻiladi. Shuningdek, uyda goʻsht boʻlmaganda, kartoshka yoki  qovoq solib somsa qilinishi, qovoq somsaning oʻzbek xalqi orasida, odatda, kambagʻalbop pishiriq ekanligini izohda berib oʻtish lozim boʻladi. Sababi, choʻntagi koʻtarsa-da, sabzavot solingan ovqat va pishiriqlarni xush koʻradigan yevropaliklar uchun qovoq somsa “kambagʻallar  taomi” emas, balki ijtimoiy mavqei balandroq qatlam vakillari isteʼmol qiladigan  shirinlik, yaʼni desert hisoblanadi. “Harri Potter hikmatlar toshi” asarining bosh qahramoni Harri Xogvortga yoʻl olayotib, Xogvort ekspress poyezdiga chiqadi. Yoʻlda isteʼmol qilish uchun sehrgarlarning anʼanaviy taomi boʻlgan lazzatli qovoq somsalardan sotib oladi. Kichkinagina qovoq somsachalar ziravorlar solingan oʻrtacha achchiqlikda edi. U poyezdda yangi tanishgan doʻsti Ronga qovoq somsalardan beradi. Ronning oilasi shirinlikka pul bera olmas, chunki kambagʻal edi (Herbert G. Litereture, literary history and cultural memory/Guttengen.Germany. – 2005). “Somsa” soʻzi oʻzbekcha-inglizcha lugʻatlarda “pie” soʻzi bilan berilgan. Lekin ing­liz tilida pumpkin pie qovoqli pirogni anglatadi. Bu esa tayyorlanishi, koʻrinishi va mazasi jihatdan qovoq somsaga muqobil boʻla olmaydi. Inglizcha pasty soʻzi esa oʻrta fransuz tilidan olingan, inglizcha pie soʻziga ekvivalentdir. Ichiga goʻsht, sabzavot yoki pishloq solib, donalab bukiladigan, qolipga solmasdan pechda pishiriladigan taom oʻzbekcha somsani eslatadi. Bu asardan ilhomlangan ingliz pazandalari “Harri Potter somsasi” yoki “Xogvort ekspress somsasi” retseptini yaratdilar. Kitob olamshumul shuhrat qozongach, Harrining qovoq somsasi Angliyaning milliy brendiga aylandi.

Rus adabiyotida ham xorijliklarga notanish boʻlgan glyuttonimlar (taom nomlari)  bor. Ular baʼzan rus kishilariga ham tushunarli boʻlmasligi mumkin. Chunki rus oshxonasining qadimiy anʼanalari oʻzgarib bormoqda. Gogolning “Oʻlik jonlar” asari qahramoni Korobochka “skorodumki”, “pirojki”, “shanejki”, “pryagliʼ”, “bliniʼ”, “lepeshki so vsyakimi pripekami”: “pripekoy s luchkom”, “pripekoy s makom”, “pripekoy s tvorogom”, “pripekoy so snyatochkami” kabilarni tayyorlaydi. Qadimiy rus oshxonasidan xabardor kishigina Gogolning un mahsulotidan tayyorlanadigan rus milliy taomlari nomini sanash orqali asar qahramoni Korobochkaning oshxona ishlariga erinmaydigan turli-tuman ovqatlar pishiradigan ayol portretini ochib berayotganligini sezishi mumkin. Chunki sanalgan taomlar XIX asrda nihoyatda keng tarqalgan xamirli taomlar sirasiga kirib, bugungi kunda zamonaviy rus oshxonasida vaqt tigʻizligi bois un oʻrniga boshqa mahsulotlardan foydalanilmoqda. Bu esa hatto zamonaviy rus kishisi uchun ham tushunarsiz boʻlishi mumkin. Rus kishilari uchun diniy marosim ramzlariga aylangan maslenitsaga quymoqlar, Pasxaga kulich va boʻyalgan tuxumlar, maʼrakaga kutya, tantanali marosimga non va tuz degan tushunchalar borki, bu tushunchalar rus xalqining koʻp asrlik diniy va tarixiy qadriyatlari mahsuli boʻlib, tarjima jarayonida tarjimonni koʻproq izlanishga undaydi.

Taom va tanovul mavzusi  ingliz oʻsmirlar adabiyotida alohida oʻrin tutadi. Bu Roeld Dalning shokolad va shirinliklar asosiy oʻrinni egallovchi “Charli va shokolad fabrikasi” asarida oʻz aksini topgan. Asarda shirinliklar ogʻizning suvini qochiradigan qilib tasvirlangan. Jon bobo tomonidan Charliga shokolad fabrikasi tasvirlab berilganda, shirinlik tasviriga oid birorta soʻz nazardan chetda qolmagan: “Mister Villi Vonka binafsharang mazali zefirlar, soʻrganingda har oʻn soniyada rangi oʻzgaradigan sertaʼm karamellar, ogʻzingda erib ketadigan pardek yengil shirinliklar, hech qachon taʼmini yoʻqotmaydigan saqichlar, igna bilan teshsanggina yoriladigan, ulkan hajmgacha puflab shishirsa boʻladigan shirin pufaklar, havorang qushlarning ustida olachipor dogʻlari bor tuxumlarini sirli uslubda tayyorlar edi. Agar bittasini ogʻzingga solsang, u borgan sayin kichrayib ketar va tilingning tepasida turgan jajjigina shakarli qushchaga aylanib qolardi” (Tarjima bizniki– G.O.). Yosh kitobxonning ishtahasini qitiqlaydigan shirinliklar – muallifning badiiy toʻqimasi. Keyinchalik esa qandolatchilar bolalarning mazkur kitobga boʻlgan mehridan unumli foydalandi, asarda keltirilgan shirinliklar ingliz bozorlarining xaridorgir mahsulotiga aylandi. Yevropa oʻsmirlar adabiyotida taomni oʻta lazzatli tasvirlash anʼanasi mavjud. Shirinlikka oʻch bolalarni kitobga mixlab qoʻyuvchi bunday asarlar yosh ingliz kitobxonlari orasida shuhrat qozonib, ekranlashtirish darajasiga ham yetgan. Ingliz folklori va ertaklarida esa sehr-jodu qurollari ovqatning bitmas-tuganmas manbalarini yaratadi. Bu, oʻz-oʻzidan, nozu-neʼmatlarga toʻlib ketuvchi stol, sehrli boʻtqa qaynab chiquvchi qozon kabilarda namoyon boʻladi (Jackson E. Food and Transformation. Toronto: Inner City Books, 1996). Ertaklarda uchrovchi sehr kuchiga ega glyuttonimlar oʻzbek xalq ertaklari (“Ochil dasturxon”, “Oltin tarvuz”, “Tilla behi” va h.) da ham keng uchraydi.

Psixoanalitik nazariyalarga koʻra, tanovul odatlari insonlarning shaxsiy bahosini shakllantirishda va uning oilaviy yoki ijtimoiy mavqeini koʻrsatib berishda muhim rol oʻynaydi. Taom va u bilan bogʻliq obrazlar  doimo adabiyotning bir qismi boʻlib kelishiga qaramasdan, psixologik nazariyalar taom va ovqatlanish jarayonining hamma ijtimoiy sohalar obʼyekti sifatida oʻrganilishiga olib keldi (Food in literature. Twentieth Century Literary Criticism. Ed. Gale Cengage. Oxford University Press, 2006). XXI asr Yevropa adabiyotida olamshumul shuhrat qozongan va ekranlashtirilgan asar Jon Harrisning “Shokolad” romanidir. Kanadalik fantast yozuvchi De Lint Charlz “Jon Harrisning mazkur romani – haqiqiy zavq-shavq manbai! “Shokolad” xuddi qaynoq issiq shokoladdek mazali, lekin undan Lotin Amerikasi emas, Yevropa taʼmi kelib turibdi” degan fikrni aytadi. Asarning bosh qahramoni yolgʻiz ona Viyen Roshe Fransiyadagi Laskne-su-Tann shaharchasiga koʻchib keladi. Uning orzusi shaharchada shokolad doʻkonini ochish boʻladi. Muqaddas Pasxa yaqinlashib kelayotgan bir paytda cherkov ruhoniysi Fransis Reyno kishilarni dunyo lazzatidan bahramand qiluvchi shokolad doʻkonini ochishga qattiq qarshilik koʻrsatadi. Bu masalada shahar aholisi fikri  ikkiga boʻlinadi. Tugʻma qandolatchilik iqtidoriga ega Viyen shaharliklarga zavq, rohat va huzur ulashadi. Yozuvchi qahramoni xarakterini, oshxonadagi ijodkorligini u tayyorlayotgan shirinliklari orqali ochib beradi. Oshxonada kuymalanayotgan ayolni goʻzal yaratuvchi ayol sifatida koʻrsatadi. Adibning aytishicha, asardagi deyarli hamma qahramonlarning prototiplari bor, u oʻzining yaqinlari va qarindoshlarida koʻrgan taomdan lazzatlanish va huzurlanish, shu orqali hayotdan zavq tuyish hissini oʻz asarida tasvirlagan. Xususan, Viyenning qizi Anuk yozuvchi qizining prototipi boʻlsa, asar qahramonlaridan biri Armandaning hayot haqidagi qarashlari muallifning katta buvisi feʼlida namoyon boʻlgan. Jon Harris  “Shokolad” asarining koʻp qismida oʻzining hayotga boʻlgan shaxsiy munosabatini taom tayyorlash va isteʼmol qilish jarayoni orqali ramziy tasvirlab beradi. Masalan, qand kasaliga chalingan Armandaning tugʻilgan kunga tayyorgarlik vaqtidagi holati tasvirini olaylik. Unda har bir shirin luqmani ogʻziga toʻldirib solayotgan Armanda oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyayotganligini toʻla anglagan holda “Bu mening oxirgi luqmam”, deydi va yuzida tansiq taom haqida gapirgandagina paydo boʻladigan huzur ifodasi namoyon boʻladi. “Endi menyuga oʻtsak”, deydi ishtaha bilan qoʻllarini ishqalab. Garchi shirinlik yeyish qatʼiy taqiqlangan boʻlsa-da, qahramonga ovqatdan lazzatlanish baxt va huzur hadya etadi.

Asarni oʻqir ekansiz, taom tasviri nainki estetik zavq uygʻotadi, balki ishtahani ham qitiqlaydi. Sanʼatkorona tasvirlanayotgan glyuttonimlar Yevropa madaniyatining ajralmas qismi hisoblangan gʻarb oshxonasi bilan yaqindan tanishish istagini uygʻotadi. Asar davomida hayotning lazzatli neʼmat ekanligi tatib koʻrish mumkin boʻlgan  shirinliklar va huzur bagʻishlovchi tanovul jarayoni tasviri orqali koʻrsatib beriladi.

Umuman, Gʻarb adabiyotida taomni badiiy tasvirlash anʼanasining oʻziga xos jihatlari shundaki, Yevropa adabiyotida ayni tasvir shu mavzudan  zavqlanuvchi kitobsevarlar guruhi uchun emas, balki har qanday adabiy janr ixlosmandlari uchun ham sanʼatkorona tarzda yaratilgan. Misol qilib Artur Konan Doylning “Sherlok Xolms” asarini ham olishimiz mumkin. Asarda Xolmsning taom tanovuli tasvirlari hamda u isteʼmol qiladigan taom va retseptlar Angliyada “detektiv oshxonasi” nomi bilan shuhrat qozongan. Asar muxlislarini nafaqat oʻzining ziyrakligi, balki noanʼanaviy taomlari bilan hayratga solgan Sherlok Xolms tayyorlagan taomlar keyinchalik “The Sherlock Holmes Victorian Cookbook: Favorite recipes of the Great Detective and Dr.Watson” nomi ostida 1997 yilda alohida kitob holida chop etilgan. Mazkur kitobdan asarda tasvirlangan, isteʼmol qilingan taom retseptlari zamonaviy kulinariya meʼyorlari asosida  keltirilgan boʻlib, har bir taom retseptiga illyustratsiyalar va asardan parchalar ilova qilinadi. Bunday kitoblarning paydo boʻlishi, ingliz adabiyoti va oshxonasining bir-biriga chambarchas bogʻliq holda bir butun madaniy boylik sifatida qaralishini koʻrsatadi. Zotan, “narrative kitchen” – “badiiy oshxona” istilohi ingliz adabiyotshunosligida ham, pazandachiligida ham tez-tez uchrab turadi. Bu istiloh mashhur asarlardagi badiiy tasvirlangan va kitobxonning alohida muhabbatiga sazovor boʻlgan taomlarni ifodalaydi. Badiiy oshxona taomnomasiga kiruvchi mumtoz taomlar reytingi pazandalar va adabiyotshunoslar tomonidan ilmiy oʻrganib boriladi. “Ovqat ye, ibodat qil va sev: bir ayolning Italiya, Hindiston va Indoneziya boʻylab baxt izlab qilgan sayohati” asari muallifi Elizabet Hilbert quyidagilarni bayon etadi: “Birgina inson umri qanchalik koʻp omillardan tashkil topgan! Qanchalik koʻp qatlamlardan tarkib topganmiz, ongimiz, jismimiz, tariximiz, oilalarimiz, qalblarimiz va tushliklarimizdan keluvchi taʼsirlarni qabul qilamiz!” (Tarjima bizniki – G.O.).

Asar muallifning ichki kechinmalari hayot va jamiyat haqidagi falsafiy qarashlarini oʻzida mujassam etgan. Muallifning “ong”, “jism”, “tarix”, “oila”, “qalb” kabi yuksak tushunchalar bilan bir paradigmatik qatorda “tushlik”ni ham sanashi Gʻarb kishisi tasavvurida “taom” konseptining oʻrni qanchalik yuqori ekanligini koʻrsatadi. Sharqdagi “eyish uchun yashash emas, balki yashash uchun yeyish kerak” degan koʻp asrlik tushuncha qon-qonimizga singib, isrofgarchilik, maishatparastlikdan kishilarni tiyib turgani boismi, adabiyotimizda taom va tanovul jarayonini yuksak darajada badiiy tasvirlashga u qadar urgʻu berilmaydi. Biroq  Yevropa adabiyotida bu alohida bir janr “food in literature” – “adabiyotda taom” boʻlib, sanʼat darajasiga koʻtarilib bormoqda. Masalan, yuqoridagi asar 2006 yilda nashr etilgan va 187 hafta mobaynida “New York Times” gazetasining bestseller asarlar roʻyxatidan tushmagan.

Asarda baxt izlagan ayolning ichki  kechinmalari tasvirlab berilgan. Yoshgina yozuvchi ayol kun kelib notoʻgʻri hayot tarzini boshdan kechirayotganligini, koʻpdan beri baxtni his etmayotganligini anglab yetadi, muhabbatga qurilmagan turmushidan voz kechib, Italiyaga ketadi. Italiyada yashash barobarida u oʻzligini topmoqchi boʻladi. U yerga oʻz rohati va ichki “men”ini izlab boradi. Buni u yerdagi oddiy taomlarni tayyorlash va isteʼmol qilishda tugʻiladigan kichik rohatdan ham  topadi: “Men rohatni qanday topdim?.. Hamma narsa oʻzgardi. Hammasi mazali boʻla boshladi… Men, men istayotgan narsa – lazzatli taomni yeyish ekanligini tushundim. Shunday ham boʻldi. Oktyabrning oʻrtalarida, tashqaridan qaraganda hech ahamiyatsizdek tuyulsa-da, hayotimdagi baxtga toʻla deb hisoblashga arzigulik bir necha soatlik rohatni his etdim. Taomimning yeyishligiga butunlay mahliyo boʻlib, berilib ketganimdan soʻng borib top-toza yogʻoch polning quyosh nuri tushib turgan bir parchasiga oʻtirdim, ovqatning har bir luqmasini italyancha gazetani oʻqib chiqish jarayonida yedim. Baxt tanamning kichik zarralarigacha singib ketdi” (Tarjima bizniki – G.O.).

Muallif asarda qoʻllagan beautiful food soʻzma-soʻz oʻgirilganda “chiroyli taom” maʼnosini bersa, prettiness of my meal “taomimning maftunkorligi” deb tarjima qilinadi. Eng qizigʻi shundaki, ayol goʻzalligi tasvirida ishlatiladigan sifatlarning taom tasvirida qoʻllanishi Yevropa adabiyotida taom masalasiga nihoyatda ixlos bilan munosabatda boʻlishni koʻrsatib turibdi. Taomdan lazzatlanish ruhiy qoniqmaslik va yolgʻizlikdan azob chekayotgan zamonaviy kishilar uchun taskin beradi va yana bir bor hayotdan zavq olish istagini uygʻotadi. Asardagi bosh gʻoya – hayotning insonga bir marta berilganligi, taom mazasini ham his etolmay tushkunlikda yashab oʻtish yoki oʻziga ziyon yetkazishdan koʻra hayotni yangidan boshlash imkonini izlash kerakligi haqida. Yozuvchi oʻz haqiqatiga ishontirishda taom va taomlanishdagi yoqimli holatlar tasviridan foydalanadi.

Margarit Artvudning “The Edible Woman” (soʻzma-soʻz tarjimasi “Yeyi­ladigan ayol”) asarida esa ayol individualligining shakllanishi, gender tafovut, ijtimoiy mavqe va ayol ruhiyatida mayllar taom hamda tanovul jarayoni fonida tasvirlab beriladi.

Artvudning taʼkidlashicha, bu hikoya vaqtning uch qismidan tashkil topgan. Har bir narsa Marianning taom va tanovul jarayoniga boʻlgan munosabatida farqlanadi. Turmush qurish boʻsagʻasida turgan Marian oʻz hayotini goʻyo boʻlajak eri “eyish”ga chogʻlangan taomdek his eta boshlaydi. Uning butun vujudida bunga nisbatan ruhiy isyon boshlanadi. Marianning yana bir jiddiy muammosi uning ovqat yeyolmay qolishidir, oddiy sabzi ham uning uchun jonli mavjudotdek tuyuladi. Asar butunlay feministik ruhga yoʻgʻriladi. Bir gal Marian boshidagi ogʻriqni tasvirlar ekan, u boshini magʻzi qirib olingan qovun poʻchogʻiga qiyoslaydi. “Ayting-chi, poʻchoqning oʻzi bilan fikrlab boʻlarmikin?” – deydi alamzada qiz. Roʻzgʻor va turli yumushlar ayolni yemirib borar ekan, uning ruhi choʻkib boradi, ishtahasi, hatto mayllari ham susayadi. Ayol ruhiyatiga yaqin kishi bilan yashasa, erki cheklanmaydi, jamiyatda oʻz oʻrni boʻlsa, baxtni his etadi. Asar soʻngida Marian normal ruhiy holatga erishadi va uni qiynayotgan hislardan xalos boʻladi. Asarda tanovul jarayoni qahramonlarning ruhiyatiga hamohang tasvirlanadi.

Oʻzbek va qardosh xalqlar adabiyotida ham taom tasviriga boy kontekstlar koʻplab topiladi. Garchi Yevropa adabiyotidagi kabi takomillashib, oʻziga xos yoʻnalish darajasiga yetmagan boʻlsa-da, adabiyotimizda taom tasviri orqali personajning ijtimoiy holatiga urgʻu berish urush yillari voqealari tasvirlangan asarlarda koʻplab uchraydi. Oʻ.Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, I.Sultonning “Qismat” asarlarida taom va tanovul tasvirlari bilan urush odamlarining nochor hayoti va bundan tugʻilgan ruhiy iztiroblari bayon etiladi. Umuman, adabiyotimizdagi gastronomik olam manzarasini tahlil qilar ekanmiz, yuqorida taʼkidlab oʻtganimiz –tabobat ilmining sultoni Ibn Sinoning “Baʼzilar ovqatlanish uchungina yashaydilar, men esa yashash uchun ovqatlanaman”, degan naqli qon-qonimizga singib ketishi natijasi oʻlaroq, yozuvchilarimiz ijodida taom tasviriga berilib ketmaslik, uni meʼyorida qoʻllashni kuzatamiz. Biroq “Oʻtgan kunlar”dagi Ziyo shohi uyidagi ziyofat, “Mehrobdan chayon”dagi Raʼno tayyorlagan manti tasvirlari oʻzbek adabiyotida taomni badiiy tasvirlashning gʻarbona anʼanalarini ham oʻzbek romanchiligining otasi Abdulla Qodiriy boshlab berganini koʻrsatadi. Garchi oʻzbek xalqi lazzatli taomlarni isteʼmol qilishni, quyuq-suyuq ziyofat va mehmondorchiliklarni xush koʻrsa-da, nazariy jihatdan goʻyoki taom isteʼmol qilishni istash, undan lazzatlanish, adabiyotimizda negativ boʻyoqlarda tasvirlanadi. Lazzatli taom goʻyoki kambagʻal kishi yetisha olmaydigan orzu, boy kishilarning maishati, rohatlanish vositasi, boy kishining taomni isteʼmol qilishi esa, uning salbiy jihatlarini kuchaytiruvchi ekspressiv ifoda sifatida badiiy adabiyotimizda koʻp uchraydi. “Miryoqub esa mingboshining xursandlik va kayf bilan mast boʻlgan yuzlariga tikilgan bir paytda ichkaridan bir tovoq toʻla manti chiqib, dasturxonning oʻrtasidan joy oldi. Miryoqub bu dargohda tez-tez koʻrinib turadigan bu serqatiq, semiz va yogʻliq mantilarga qadrdon doʻstini koʻrganday shirin bir kayf bilan tikildi, soʻngra koʻzlarini tovoqdan koʻtarib, mingboshining yuzlariga qaragach, shu topda tovoqdagi manti bilan tovoqqa tomon egilgan yuz oʻrtasida hech qanday farq koʻrmadi: ikkalasi ham shu qadar yogʻliq edi!” (Choʻlpon, “Kecha va kunduz”).  Salbiy qahramonlarning taom isteʼmoli sahnalari shu darajada ishonarli tasvirlanadiki, muallif oʻz maqsadi – kitobxonning oʻsha shaxsdan nafratiga toʻlaqonli erishadilar. Bunga  Solih Mahdumning ovqat kavshashi va tanovul jarayonlaridagi holati,  “Shaytanat”dagi Kesakning osh yeyishi bilan bogʻliq badiiy tasvirlarni misol qilish mumkin.

Atoqli qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatovning “Sohil boʻylab chopayotgan olapar” qissasi qahramoni ovchilikning haqiqiy gashtini – tyulenning xom jigarini yeb koʻrgandagina his etadi. Hikoyada kattalar bilan ovga chiqqan bolakay hissiyotlari yoʻl davomida bosqichma-bosqich tasvirlab borilgan. U quyidagi tasvirlarda chin ovchi boʻlish gashtini tuyadi: “O, Kurng (nivxlarning oliy tangrisi) egam, yetkazganingga shukur! Ovimizning boshlanishi chakki emas! – deya u oʻzining ov pichogʻini artib, tayyor qildi. Ovdan keyin eng muhimi – tyulenning xom jigarini shu yerning oʻzidayoq yeyish edi. Oʻrxon nimtalangan nerpa toʻshi oldida choʻnqayib oʻtirib olib, jigarni boʻla boshladi. Ovchilar oz-moz tuz sepilgan mayin jigar burdalarini huzur qilib chalpillatib yamlab yutar edilar. Jigar juda mazali, muloyim, iliq, toʻyimli edi. Kirskning orzusi ushaldi – haqiqiy katta kishiday ovda hom jigar yedi!” Birgalikda isteʼmol qilgan tyulen jigari – bolaning nazdida ovdagi teng huquqlilikni taʼminlaydi. Gastronomik kommunikatsiya bola va kattalar oʻrtasida koʻprik boʻladi.

Xulosa qilib aytganda, dunyo kitobxonlari tomonidan sevib oʻqilayotgan taom va tanovul mavzusi, inson ruhiyati va ichki dunyosini badiiy tasvirlashning oʻziga xos uslubi sifatida alohida oʻrin tutadi. Bu mavzu tadqiqi xalqlar oʻrtasidagi madaniyatlararo muloqot oʻxshashliklari va farqlarni anglash, gastronomik olam manzarasini tushunish, inson psixologiyasini chuqurroq anglash, jahonda yuz berayotgan adabiy tendensiyalardan boxabar boʻlish imkonini beradi. Ovqat va uning isteʼmolidan hosil boʻladigan ruhiy holat ishonarli boʻyoqlarda tasvirlangan Gʻarb adabiyoti namunalari oʻzbek kitobxonlari uchun ham yangicha joziba kasb etishiga shubha yoʻq.  Jahon adabiyotidagi “taom” va “tanovul” mavzusida yozilgan asarlarni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan oʻrganish va tarjima qilish kitobxonlarimiz tomonidan jahon adabiyoti durdonalarining yangi qirralari kashf etilishiga xizmat qilishi mumkin. Kelajakda zamonaviy oʻzbek adiblari asarlarida taomni badiiy tasvirlash, uning isteʼmoli bilan bogʻliq ruhiy holatlarni realistik ifodalash anʼanalarining shakllanishi, ajabmaski, jahon kitobxonlarida milliy oshxonamizning shoh taomlarini tatib koʻrish istagi orqali millat tabiati va yuragini bilish, oʻrganish ishtiyoqini  uygʻotsa.

 

 

“Jahon adabiyoti”, 2018/1

 


[1]* Gulnoza Odilova – filologiya fanlari nomzodi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.