Dramaturgiyada zamondosh qahramon obrazi

0
71
marta ko‘rilgan.

Annotatsiya

Bugungi kunda zamondosh qahramon obrazini yaratish dramaturgiyamiz oldidagi dolzarb masaladir. Maqolada zamonaviy dramaturglarimiz tomonidan yaratilgan zamondosh qahramonlar obrazi haqida so‘z boradi. Jumladan, R. Muhammadjonovning “Oydin”, Q. Norqobilning “Quyoshni sen uyg‘otasan”, U. Azimning “Qurshov” dramalari qisqacha tahlilga tortiladi.

Annotatsiya

Sozdaniye obraza sovremennogo geroya – aktualnaya tema sovremennoy dramaturgii. V statye rassmatrivayutsya obrazi’ sovremenni’x geroyev, sozdanni’e uzbekskimi dramaturgami. V ney analiziruyutsya drami’ “Oydin”(R. Muxammadjonov),”Kuyoshni sen uygotasan”(K. Norkobil) i “Kurshov”(U. Azim).

Annotation

Create an image of the modern hero actual topic of modern drama. The article considers the created images of modern heroes Uzbek playwrights. It analyzes the drama as “Oydin “ ( R. Muhammadzhonov ) “Kuyoshni September uygotasan “ ( K. Norkobil ) and “Kurshev “ ( U. Azim ).

Tayanch so‘zlar: dramaturgiya, drama, teatr, spektakl, syujet, qahramon, obraz, xarakter, dramatizm.

 

Bugungi kun dramaturgiyasi haqida gap ketar ekan, teatr san’atining asosi bo‘lgan ushbu adabiy janrning rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash joiz. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Buxoro shahrida bunyod etilgan viloyat musiqali drama teatrining yangi binosiga tashrifi chog‘ida sahna san’ati oldida turgan vazifalarga to‘xtalar ekan, zamonaviy qahramon obrazini yaratish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirganida katta ma’no bor: “Teatr – tarbiya maskani, – deya o‘z fikrini boshlagan edi mamlakatimiz rahbari, – Yoshlarimizni turli mafkuraviy tahdidlar va g‘araz niyatli kuchlardan, ta’sirlardan asrab-avaylashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda pand-nasihat bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. Ezgulikni, yurtparvarlikni, insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladigan amaliy ishlar qilish kerak. Ana shunday amaliy tarbiya omillaridan biri teatrdir. Teatr davr bilan hamnafas yashayotgan, hayot sinovlarida toblangan fidoyi insonlar haqida hikoya qiluvchi asarlarni sahnaga olib chiqishi zarur. Farzandlarimizning ma’naviy dunyosini mustahkamlaydigan, kelajakka ishonchini oshiradigan, oriyatini kuchaytiradigan zamonaviy qahramonlar obrazini yaratish kerak”.[1]

Shu bois, madaniy hayotimizning har bir sohasida zamon qahramoni obrazini yaratish borasida o‘ziga xos izlanishlar ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, har ikki yilda an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Seni kuylaymiz, zamondosh!” respublika festivali dramaturgiyamizda ma’lum bir siljishlarga sabab bo‘ldi. Festivalga tayyorgarlik jarayonida dramaturglarimiz tomonidan zamonamiz qahramoni obrazlarini aks ettirgan qator yangi pyesalar ham yaratildi. Xususan, atrofimizda kechayotgan bunyodkorlik ishlarini tasvirga olgan “Ezgulik yo‘lida” (Sh. Rizayev) asari, hayotini tibbiyotga bag‘ishlagan, fidoyi meditsina xodimlari haqidagi “Oq xalatli farishtalar” (F. Bobojonova) dramasi, yangi paxta navini ixtiro etib, uni yetishtiradigan yoshlar hayotini aks ettirgan “Bahor shamoli” (N. Abbosxon), zavod ishchilari hayoti haqidagi “Boshqacha odamlar” (O. Xakimov, S. Odilov), to‘rtinchi hokimiyat vakillari sanalgan jurnalistlarga bag‘ishlangan “Oqqush” (M. Komiljonov), katta hayotning og‘ir qiyinchiliklarini o‘zining buyuk bardoshi bilan yenggan ayol haqidagi “Jannati ayol” (O. Madatova), chegara hududlaridagi militsiya xodimlarining faoliyati haqidagi “Shijoat” (X. Xursandov), sabr, chidamlilik, metin iroda, har qanday sharoitda jufti haloliga sadoqatni tarannum etuvchi “Quyoshni sen uyg‘otasan” (Q. Norqobil) kabi dramalar shular jumlasidandir.

Muhim ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqayotgan asarlarning paydo bo‘layotgani dramaturgiya davr bilan hamnafas qadam tashlayotganini ko‘rsatadi. Zamonaviy qahramonni yaratish yo‘lida dadil qadamlar tashlanmoqda. Shuningdek, so‘nggi yillarda davrning global muammolari – odam savdosi, giyohvandlik, terrorizm haqida ko‘plab asarlar yaratilmoqda. Shu ma’noda, Rixsivoy Muhammadjonov qalamiga mansub “Oydin” (Milliy akademik drama teatri) asari bugungi kunda o‘zbekning bolasini ham o‘z komiga tortayotgan muammo – odam savdosi va uning ayanchli oqibatlari xususida. “Oydin” dramasidagi qahramon tushib qolgan vaziyat oddiy emas. Voqealar rivojida odam savdosi qurboni bo‘lgan qizlar bilan bog‘liq tafsilotlar asosida intervyu tayyorlash jarayonida qahramonning jabrdiyda qizlarning ko‘rgiliklari uchun asosiy aybdorlardan biri o‘zi bir yostiqqa bosh qo‘ygan turmush o‘rtog‘i ekanligini bilib qolishi va ushbu jarayonda qalbida kechgan ruhiy jarayonlar o‘ziga xos sahnaviy vositalarda ochilgan.

Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub “Quyoshni sen uyg‘otasan” dramasi zamondosh qahramonning o‘ziga xos qiyofasini namoyon ettirgani bilan e’tiborli. Asar bir ayolga xos sabr, bardosh, matonat, vafo, jasorat haqida. Uning bosh qahramoni sodda, oddiy qishloq ayoli Shabnam. Bir necha yildirki, ikki farzandini o‘zi tarbiyalaydi. Uning katta orzular bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan turmush o‘rtog‘i Qodir ko‘p pul topish niyatida Rossiyaga ketgan. Asar ularning temir yo‘l bekatida uchrashuvlari sahnasidan boshlanadi. Turmush o‘rtog‘ini o‘zga yurtdan qaytarishga, o‘zi bilan birga ketishga ko‘ndira olmagan Shabnam yolg‘iz qishloqqa qaytishga majbur bo‘ladi. Bosh qahramonni mana shunday murakkab bir sharoitda qo‘llab-quvvatlaydigan, unga dalda berib, ruhlantiradigan qaynonasi Oydin momo obrazi asarning o‘ziga xos liniyalaridan biridir. O‘zining mustahkam irodasi, sabr-toqati bilan shaxs darajasiga yetishib, nafaqat o‘zini o‘nglab olgan, shu bilan birga, qishloqdoshlarini ham ish bilan ta’minlab, gilam to‘quvchi kichik sex ochib, muvaffaqiyatga erishgan ayol obrazida fidoyi zamondosh qiyofasi yaratilganini ko‘rsatadi.

Dramaturg Usmon Azimning davrimizning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan asarlaridan biri “Qurshov” dramasida ham zamondosh qahramon obrazi o‘ziga xos ko‘rinishda aks etgan. Usmon Azimning ushbu asarida bir guruh bosqinchi terrorchilarga qarshi kurashga bel bog‘lagan yurtdoshlarimizning vatanparvarligi va matonati haqida hikoya qilinadi. Yuqorida tilga olingan mavzuni muallif romantik ruhda hal qilishni maqsad etar ekan, turli uslub va vositalarda vatan oldidagi burch va mas’uliyatni yoshlar ongiga yana bir bor singdirishni maqsad qiladi. Muallif asarning boshidagi tanishtiruv qismida qahramonlarni “Biznikilar”, “Hammaga baribirlar”, “Terrorchilar” tarzida guruhlarga bo‘lib tanishtiradi. Dramaturgning boshqa ko‘pgina dramalaridan farqli ravishda, mazkur asarda ijobiy va salbiy obrazlar o‘rtasidagi chegara aniq. Shu ma’noda, bosh ijobiy obraz leytenant Ravshan Sobirov. U yurtimiz chegaralarini qo‘riqlashdek sharafli sohada xizmat qiladi va bu yo‘lda begunoh insonlarning qonini to‘kayotgan bir guruh terrorchilarga qarshi kurashib, o‘zi qahramonlarcha shahid ketadi. Jinoyatchilarni qo‘lga tushirgan mard, asl yurt o‘g‘lonining matonati chuqur dramatik vaziyatlarda tasvir etiladi. Syujet rivojida mana shu voqelik zaminida turli xarakterdagi kishilarning xatti-harakati orqali o‘ta murakkab taqdirlar va munosabatlar ko‘zga tashlanadi.

Shu o‘rinda, bu asarida ham dramaturg qahramonlarni nomlash borasidagi o‘z an’anasiga sodiq qolganini ta’kidlash joiz. Xususan, bosh qahramon Ravshan, uning rafiqasi Zulhumor. Qahramonlarni xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan muhabbat dostonidagi obrazlar nomi bilan atash asnosida muallif qalbi toza muhabbat bilan to‘la insonlar juda katta sharafli ishlarni qilishga, jasorat ularga doim hamroh bo‘lishini ta’kidlashga urg‘u bergan. Dramada turli ifodaviy vositalardan foydalanilib, murakkab sharoitda insoniyligi va vatan oldidagi burchini unutmagan shaxslarning munosib timsoli yaratilgan.

Shunday qilib, so‘nggi davrda o‘zbek dramaturgiyasi katta evrilishlarni boshidan o‘tkazmoqda. Unda zamonaviy qahramon obrazini yaratish yo‘lida o‘ziga xos jarayon kechmoqda. Hayotning qarama-qarshiliklari oldida chekinmagan, o‘zligini anglashga intilgan va o‘zini namoyon eta olgan qator insonlar obrazlari yaratildi. Biroq shu bilan birga, hali yaratilayotgan qahramonlarning hammasini badiiy yetuk, davr sinoviga bardosh beradigan qahramonlar, deyishga erta. Shunday bo‘lsa-da, dastlabki dadil va muvaffaqiyatli qadamlar bu yo‘ldagi ishlarning ertangi kuniga katta umid uyg‘otadi. Bu jarayon nechog‘liq murakkab va ko‘p qirrali bo‘lmasin, yangilikka intilish va uni egallash yo‘lidagi sa’y-harakatlar va izlanishlar orqali uning ijobiy natija topishiga shubha yo‘q.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

I. Karimov. “Xalq so‘zi” gazetasi, 2010 yil 1 sentyabr.

Ozod Vatan saodati. Dramaturgiya. Besh jildli. Nashrga tayyorlovchilar: Sh. Rizayev, T. Islomov. – T.: “Adib”. 2013. J. 3.

U. Azim. Jimlik. – T.: “G‘afur G‘ulom”. 2012.

Madayev O. Tanho yulduzim. “Teatr” jurnali, 2013. №1.

Rizayev O. Sahnada zamonaviy qahramon obrazi. “Teatr” jurnali, 2010. №5.

 

Malika FAZILOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

 


[1] Karimov I. Xalq so‘zi gazetasi, 2010 yil 1 sentyabr.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.