Doston va uning turlari

0
6441
marta koʻrilgan.

Doston – xalq ogʻzaki ijodining eng yirik janri boʻlib, u qahramonlik, ishqiy-sarguzasht, fantastik mazmunga ega boʻlgan voqealarni bayon qiluvchi asar.

Qahramonlarning sarguzashtlari, oʻzaro munosabatlari va kechinmalarini keng koʻlamda tasvirlovchi yirik hajmli liro-epik asar doston deyiladi.

Doston davr, tuzumdagi xalq ruhiyatini, xususiyatlarini aks ettiradi. Zamonlar oʻtishi bilan ular yangi-yangi mavzular va gʻoyaviy mazmun bilan boyib boradi. Dostonlar xalq tomonidan yaratilgach, ijodkor xalq ular orqali oʻz maqsadlari, orzu-istaklari, his-tuygʻularini ifodalaydi.

Odatda, dostonlarning birinchi ijodkori unutilib, ular nasldan naslga, avloddan avlodga oʻtishi natijasida xalq mulkiga aylanadi.

Dostonlar mavzu jihatidan rang-barang, mazmunan xilma-xil boʻlganligi bois ularning quyidagi turlari mavjud: qahramonlik dostonlari, romantik – ishqiy-sarguzasht dostonlar, tarixiy dostonlar.

Dostonlardagi asosiy qahramonlar qiyofasida insonparvarlik, vatanparvarlik, mardlik, jasurlik, doʻstlik, vafodorlik, sadoqat kabi olijanob fazilatlar umumlashtiriladi.

Xalq ogʻzaki ijodidagi “Alpomish” qahramonlik dostoni boʻlsa, “Goʻroʻgʻli”, “Ravshan”, “Rustamxon”, “Oshiq Gʻarib va Shohsanam” kabilar ishqiy-sarguzasht dostonlaridir.

“Rustamxon”da oʻz davrining ijtimoiy-siyosiy munosabatlari, ishq-muhabbat sarguzashtlari, turli fantastik uydirmalar, ertaklarga xos voqealarning yuksak badiiyati bilan yoʻgʻrilgan tasvirlar kishini hayajonga soladi. Asar matnida xalqimizning qadimiy, boy tiliga xos fazilatlar, xalqona ibora va ifodalar, shu tilning imkoniyati, nafosati, kuchi va qudrati ham yorqin namoyon boʻlgan.

Shu til vositasida asar qahramonlarining har biriga xos fazilatlar, oʻrni bilan esa, ayrim qusurlar ham yorqin boʻyoqlarda koʻrsatib berilgan.

Aziz oʻquvchi! Xalq dostonlarini baxshilar ijrosida eshitganmisiz? Agar baxshilarning dostonni ichki ovoz bilan kuylashini, ming-ming misrani yoddan, ohangga solib ijro qilishini eshitsangiz, sizni, albatta, hayajonga soladi, tuygʻularingizni junbushga keltiradi, toʻlqinlantiradi. Ayniqsa, bu siz bilgan, siz oʻqigan dostonlarning ijrosi boʻlsa, uning taʼsir kuchi yanada ortiq boʻladi. Shunda xalq oʻz dostonlarini necha ming-ming yillardan beri nega saqlab, asrab-avaylab kelayotganining sabablarini anglaysiz.

 

Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.