Doston mohiyatiga nazar

0
396
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy inson hayotining goʻzal va mazmundor boʻlmogʻini tilar edi. U har doim kishilarga hayotni qanday kechirmoq toʻgʻrisida pandi oʻgitlar berar, ularning koʻnglini koʻtarmoqqa, ularda hayotni ulugʻlash va qadrlash tuygʻularini tarbiyalashga intilar, turli illatlardan qutulmoqqa chaqirardi. Shu bilan birgalikda, insoniy xislatlarni ulugʻlab, bu xususiyatlar barchada boʻlishini istar edi. “Hayrat ul-abror”ning oʻninchi maqolati rostlik taʼrifi va egrilikni rad etish haqida boʻlib, unda insonga ziynat bagʻishlovchi rostlik koʻklarga koʻtarilgan, egrilik esa qoralangan.

“Hayrat ul-abror” dostonining ijtimoiy mohiyati, oʻz davri ruhi, tarixiy sharoiti, siyosiy-iqtisodiy voqea-hodisalari bilan mustahkam aloqasi, yetuk Inson va odamiylik haqidagi qarashlari qiyoslashning turli shakllari orqali yuzaga chiqadi. Bu qiyoslashning mohiyatida “yaxshi” va “yomon”, “odil” va “zolim”, “munosib el” va “nomunosib el” gʻoyalari yotadi. Ushbu gʻoyalar tarkibi turli vositalar orqali amalga oshiriladi.

Insonni komillik sari yetaklovchi toʻgʻrilik, rostlik kabi xislatlar, uni tubanlikning eng qaʼriga olib boruvchi yolgʻonchilik, riyo kabi illatlar dostonda shunchaki xronologik tahlil sifatida koʻrsatilmagan. Insonga xos toʻgʻrilik va egrilik xususiyatlarini borliqdagi narsa va hodisalarning mohiyatini qiyoslash orqali tasvirlashga harakat qiladi. Sham toʻgʻri boʻlgani uchun garchi kuyib tamom boʻlsa-da, boshdan oyoq nurga aylanadi.

 

Shamki, tuzluk bila masrur erur,

Garchi kuyar boshtin-ayoq nur erur.

 

Yashin ham yorugʻlikdan iborat, lekin u egrilikni odat qilgan, shuning uchun hamma yoqni yoritsa-da, yerning ostiga kiradi.

 

Barqki egrilik oʻlubtur xoʻyi,

Garchi yorur, lek borur yeri quyi.

 

Sham va yashin detallarida vazifa bir xil, ammo mohiyat har xil. Maqsad sari olib boruvchi yoʻllar turlicha: biri toʻgʻrilikni odat qilgan va pok nurga aylangan, ikkinchisi esa egrilikni kasb qilgan va oxir-oqibat, garchi yorugʻlikdan iborat boʻlsa-da, yer qaʼriga kirdi. Bu kabi dalilli sifatlashlar maqolatning katta qismini tashkil qiladi. Sham toʻgʻri boʻlgani uchun nafaqat nurga aylanadi, balki bazmning shohidiga ham aylanadi. Parvona egri uchgani uchun oxir-oqibat qanotlari kuyadi.

 

Sham boʻyi tuz kelib ayvon aro,

Shohidi bazm oʻldi shabiston aro.

Egri uchush birla chu koʻp aylanib,

Qaydaki parvona borib oʻrtanib.

 

Dostonda toʻgʻrilikning karomatini, egrilikning kasofatini koʻrsatish uchun turli xil badiiy vositalardan, turli xil badiiy sanʼatlardan unumli foydalanilgan. Tashbih, sifatlash, tanosub, oʻxshatish sanʼatlarining yorqin namunalari uchraydi.

Shoir doʻsti Husayn Bayqaroni zamon Sulaymoni deb ataydi. Va uning ulugʻvorligini koʻrsatuvchi belgilarini sanaydi.

 

Borgahi torami axzar kibi,

Xayli bu toram aro axtar kibi.

 

Saroyining gumbazi osmon gumbaziga oʻxshash boʻlib, saroydagi unga qarashli odamlar goʻyo yulduzlar kabidir.

Baytda tashbih sanʼatiga oid unsurlar uchraydi. Bu sanʼatning qoidasiga koʻra narsa, belgi va harakat kabilar boshqasiga oʻxshatish, qiyoslash or

qali tasvirlanadi. Tashbihning yuzaga kelishida toʻrt unsur ishtirok etishi mumkin:

Oʻxshamish – tasvirda fikr qaratilgan narsa yoki tushuncha. (Axzar – osmon gumbazi), (xayli);

Oʻxshatilmish – tasvirda qiyoslanayotgan narsa yoki tushuncha. (borgahi torami – saroy gumbazi);

Asos – nimaga koʻra oʻxshatishning yuzaga chiqqanligi.( Asos ishtirok etmagan, lekin ulugʻvorlikda degan yashirin maʼno bor);

Vosita – oʻxshatish belgisi(kibi).

 

Boʻldi chu mistar xatigʻa tuz raqam,

Boshini olmas raqamidin qalam.

 

Mistarning chizigʻiga yozuv toʻgʻri kelabergach, qalam boshini koʻtarmasdan yozgani yozgan. Ushbu baytda esa mistar(chizgich), yozuv, qalam soʻzlarini qoʻllash orqali tanosub sanʼati hosil qilingan.

Maqolatning koʻp oʻrnida tazod sanʼati namunalari ham uchraydi. Falsafiy bilimlarda ham qarama-qarshiliklar toʻgʻri fikrni keltirib chiqaradi degan qonun bor.

 

Rostqalam xalq erurlar salim,

Egridurur xatki, emas mustaqim.

 

Ushbu baytda “rostqalam” va “egri xat” hamda “salim” va “mustaqim emas” soʻzlari orqali tazod hosil qilingan. Xatni toʻgʻri yozadigan kishilar sogʻlom “salim” dirlar. Bu oʻrinda maʼnaviy sogʻlomlik nazarda tutilgan. Agar xat egri yozilgan boʻlsa, demak yozgan odam ham toʻgʻri emas. Salim va toʻgʻri emas soʻzlari orqali maʼnoviy tazod hosil qilingan.

 

Rostdur ul kim, nazari toʻgʻridir,

Kim iligi egridir, ul oʻgʻridir.

 

Baytda “nazari toʻgʻri” va “iligi egri” hamda “rost” va “oʻgʻri” soʻzlarini qarshilantirish orqali toʻgʻrilikning, halollikning yana bir sifatini ochib beradi. Xalqimizda “qoʻli egri” degan ibora bor. Shoir ushbu iborani toʻgʻri qarash bilan qarshilantirmoqda. “Rost” (haq) va “oʻgʻri” soʻzlarini qarshilantirish orqali esa, nazari toʻgʻri insonning haq ekanligini, qoʻli egrilik ortida oʻgʻrilik kabi yomon illat mavjudligini taʼkidlaydi.

Shoirning fikricha, barcha yomon illatlar faqatgina egrilik, yolgʻon, riyo oqibatida yuzaga keladi va u insonni tubanlik botqogʻiga botiradi. Rostlik, toʻgʻri soʻz, toʻgʻri amal, toʻgʻri nazar, toʻgʻri fikr va shu kabi xususiyatlar insonni “salim” qiladi. Shu bilan birgalikda, Navoiyning azaliy orzusi, ideali boʻlgan Komil Inson obrazini yaratadi.

 

Dildora YALGASHYeVA

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.