Dogʻiston adabiyoti

0
125
marta koʻrilgan.

Kavkaz va Kavkazorti xalqlari adabiyoti rivojiga nazar soladigan boʻlsak azaldan koʻhna anʼanalarga ega boʻlgan xalqlar barobarida nisbatan keyinroq shakllangan Dogʻiston adabiyotiga koʻzimiz tushadi. Klassik adabiyot namoyandalari va zamonining ilgʻor fikrli kishilarining ilmiy-badiiy merosini chuqur oʻrgangan mazkur adabiyot namoyandalari ham qisqa fursat ichida oʻz soʻzlarini ayta olishdi. Oʻzbek kitobxonlari Sulaymon Stalskiy, Rasul Gamzatovlarning asarlarini zoʻr ishtiyoq bilan mutoala qilishadi.

Dogʻiston xalq shoiri Sulaymon Gasanbekov Stalskiy Kasumkent tumaniga qarashli Ashaga-Stal ovulida 1869 yilda tugʻilgan. Yoshligida ota-onasidan yetim qolgan Sulaymon batraklik qilishga majbur boʻladi. xalq qoʻshiqlarini ogʻzaki yodlab olgan Stalskiy savodsiz boʻlsa-da, oʻzi ogʻzaki sheʼr va qoʻshiqlar toʻqiy boshladi. Rus yozuvchisi Maksim Gorkiy uni “XX asr Gomeri” deb atagan edi. 1900–1919 yillar orasida uning ijtimoiy-siyosiy mavzudagi “Bulbul”, “Oqsoqol”. “Mullalar”, “Qozilar”, “Samovar”, “Rossiya” asarlari mashhur boʻldi. Oʻsha davr farzandi sifatida Sulaymon Oktyabr toʻntarishiga katta umid bogʻladi. Bir qator yaratgan asarlarida shoʻroviy hukumatni maqtab, yeru koʻkka olib chiqib qoʻydi. Ammo asl mohiyatni anglay boshlagach hatti-xarakatini zamonaga emas, koʻngilga moslay boshladi. “Dushman doʻst boʻlolmaydi”, “Bizning kuch”, “Yil fasllari”, “Vatan haqida oʻylar” dostonlarida mazkur noroziliklar u yo bu darajada ifodasini topgan. Sulaymon Stalskiy 1937 yilda 66 yoshida vafot etadi.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.