Diloromu Diloroyu Diloso…

0
395
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy asarlarida aql va ilmni eʼzozlab, “Odamzod naslining ulugʻligi bilimdandir”, “Ilm-fan inson uchun mislsiz boylik, ziynat” kabi gʻoyalarni tarannum qilgan, jumladan, xotin-qizlarning axloqiy, aqliy xislatlarini, qobiliyatlarini taʼriflagan, tavsiflagan.

“Farhod va Shirin” dostonining XXXV bobi, yaʼni Mihinbonu Farhodga ziyofat berayotgani tasvirlangan zavq-shavqli lavhada mahorat bilan yaratgan Dilorom, Diloro, Diloso, Gulandom, Sumanboʻy, Sumanso, Parichehr, Parizod, Parivash, Paripaykar kabi oʻn nafar olima va sanʼatkor qizlarni ulugʻ shoir dastlab shunday tanishtiradi:

Kelib har qaysi bir fazl ichra mohir,

Mahorat shevasi har birda zohir.

Shoira Dilorom va raqqosa Diloro:

Biri ashʼor bahri ichra gʻavvos,

Biri advor davri ichra raqqos.

Mantiq ilmi ustasi Diloso va astronom Gulandom:

Biri mantiq rusumida raqamkash,

Biri hayʼat ruqumigʻa qalamkash.

Mantiq soʻzi nutq, soʻz maʼnosidan tashqari qonun maʼnosini ham bildiradi. Demak, olima Diloso qonunshunos hamdir.

Faylasuf Sumanboʻy, soʻz ustasi, notiq Sumanso:

Birining shevasi ilmi haqoyiq,

Balogʻatda biri aytib daqoyiq.

 

Tarixchi Parichehr, hikmat ilmi bilimdoni Parizod:

Biri tarixda, soʻz aylab fasona,

Biri hikmat fani ichra yagona.

Hisobchi, iqtisodchi Parivash va muammo ilmi ustasi, adabiyotshunos Paripaykar:

Hisob ichra birining zihni borib

Muammoda birisi ot chiqorib.

Bu fanlarda bular bir-birdin ahsan

Yuz ul fanliq aro har qaysi yakfan –

deya goʻzal satrlarda taʼriflaydi hamda ilk Uygʻonish va Temuriylar renessansi davrlarida taraqqiy qilgan fanlar tizimiga alohida toʻxtaladi. Kuzatishlarimiz shuni koʻrsatdiki, Alisher Navoiy bu kabi fanlar guruhini mazkur dostonning Abulfavoris Shogʻarib Mirzoga bagʻishlangan bobida ham sanagan va unga, u orqali yoshlarga “Quyoshliq istasang kasbi kamol et, Kamol ar kasb etarsen, bemalol et” deya nasihatlar bitar ekan, shahzodaga, navqiron avlodga namuna qilib “Valek ul, ilm sori topti chun dast, Koʻzi olinda boʻldi osmon past” deya Ulugʻbek Mirzoni sharaflab, hurmat bilan tilga olgan.

Navoiyshunoslikda oʻn nafar olima, sanʼatkor qiz obrazining ayrim jihatlari akademik V. Zohidov, navoiyshunos adib M. Shayxzoda, professor S. Erkinov kabi ustozlarimiz tomonidan oʻrganilgan.

Dostonda Navoiy bu qizlar obrazini “Shirin bisotining nadimi”, “Mihinbonu harimi”, “Zihi oʻn ismi dilkash”, “Oʻn shoʻxi mohir” kabi sifatlar bilan alohida sifatlaydi. Umuman, Navoiy har biri bir ilm va hunarning egasi boʻlgan tadqiqotchi, ijodkor qizlar obrazi orqali oʻzining xotin-qizlar masalasiga qarashini alohida badiiy talqin qilgan. Buni M. Shayxzoda: “Xotin-qizlarga bagʻishlab yozilgan har bir misra Navoiyning ularga zoʻr hurmat bilan qaraganini koʻrsatadi”, deb yuksak baholagan. Shoir ularni “soʻzlatadi”, ularning ilmiy salohiyatini, darajalarini “soʻzlatish” asosida ochib berar ekan, “Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm, Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm”, deya taʼriflangan Farhodday donishmand shahzoda yigitning bu oʻn olima, sanʼatkor qizlarning bilimdonligi sabab, hatto oʻzining oʻzlashtirgan bilimlarini ham tekshirib koʻrganini, xotirasini ishga solib, sinovdan oʻtkazganini shunday ifodalaydi:

Alargʻa chun taammul qildi Farhod,

Unutgʻon nuqtalarni ayladi yod.

Ish koʻrgan, ziyrak malika Mihinbonu savol-javob tufayli Farhodning shahzoda ekanini sezadi va Shirinning Farhodga boʻlgan kuchli muhabbatiga qarshilik qilmaydi, yoʻl beradi. Demak, oʻn olima, sanʼatkor qizlar obrazi doston syujetini oʻziga xos usulda rivojlantirishga xizmat qilgan. Ammo ulugʻ shoir bu bobda malika Mihinbonuni “soʻzlatmaydi”, yaʼni uning tilidan Farhodni Shiringa ham, oʻn olima, sanʼatkor qizlarga ham rasmiy tarzda tanishtirmaydi. Maʼlumki, Alisher Navoiy dostonda Shiringa Farhodning valiahd shahzoda ekanligini oʻzi tilidan, yaʼni Shiringa yozgan “nomai maqsuda”sida bildiradi.

Navoiy davr ziyolilari, qalam ahli mashgʻul boʻlgan ilm-fan turlarini, kasb-hunarlarni, ayniqsa, ularda yetakchi xotin-qizlarning isteʼdodini lirik lavhalarda dadillik bilan badiiy gavdalantiradi. Shoirga bunday dadillikni, jurʼatni bergan kuch, ilhom, muhit bu – Temuriylar Renessansi davri edi. Akademik M. Xayrullayev “Oʻrta Osiyoda ilk uygʻonish davri madaniyati” kitobida yozadi: “Alisher Navoiy mutafakkir shoir, olim, maʼrifatchi edi. Uning uzoq yillar davomida temuriy shohlardan Husayn Boyqaro saroyida dono maslahatchi, vazirlik faoliyati hokimiyatni maʼrifat yoʻliga yoʻllab turishda, uygʻonish madaniyatini taʼminlashda nihoyat muhim ahamiyat kasb etdi”. Oʻn nafar olima, sanʼatkor qiz faoliyat olib borgan ilmiy-ijodiy muhit sababchisi malika Mihinbonu ekanini, uning davlat boshqaruvidagi mahoratini namuna qilib koʻrsatishni ham Navoiy oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Yaʼni Mihinbonu va Shirin oʻn olima qiz yordamida, birinchidan, mamlakatni idora qilish, ikkinchidan, saroyni nazoratda tutish, uchinchidan, oʻz-oʻzlarini boshqarish, kengash qilishga erishadi. Aqlli, tajribali, fozila qizlar yetuk jamoadir. Lirik lavhada shoir yuksak mahoratini namoyon etgan: lavha tili poetikasi “yuzi yorugʻ soʻz”larga boy, taʼsirli, yoqimli. Bu esa oʻquvchiga faqat koʻtarinki kayfiyat, umid, estetik zavq bagʻishlaydi. Avvalo, “bir” soni yordamida ularning har birining ilm-fandagi salohiyati alohida taʼkidlanadi, namuna qilib koʻrsatiladi. Keyin talmehning oʻndan ortiq murakkab va ochiq turi mohirona qoʻllanadi. Va nihoyat bir-biriga mantiqan yaqin, faqat yorqin, rangdor: mohir – zohir, gʻavvos – raqqos, raqamkash – qalamkash, haqoyiq – daqoyiq, fasona – yagona, borib – chiqorib, ahsan – yakfan kabi betakror qofiyalar yaratiladi.

Shoir mazkur lavhada jam va taqsim sanʼatidan ham mahorat bilan foydalangan. Adabiyotshunos olim Yo. Isʼhoqov yozishicha, “Jam va taqsim lugʻatda taqsimli jam demak. Istiloh sifatida bir narsani bitta sifat yoki xususiyat nuqtai nazaridan jamlash va keyin boshqatdan ularni turlarga ajratishga aytiladi”. Doston avvalidagi tanishtirish lavhasidan ayonki, Navoiy oʻn olima va sanʼatkor qizlarni bitta masalada, yaʼni fanlarning bilimdoni, olimalik, ijodkorlik nuqtai nazaridan bir davrada jamlaydi, ularni oʻn fanu sanʼatning bilimdonlari sifatida baholaydi. Keyingi oʻn baytda esa ularni har biri puxta egallagan fan, sanʼat mutaxassislari sifatida taqsimlaydi. Albatta, u mazkur fanlarni ilmiy madaniyatning muhim sohalari hisoblagan. Alisher Navoiy bu obrazlarni ham oʻz davri, ham kelajakda ijodkor uchun namuna boʻlarli darajada yaratgan.

Dostonda Mihinbonuni:

Mihinbonuki donishparvar erdi,

Bilik ahliga shohi sarvar erdi –

deya taʼrif etgan shoir uning homiyligidan kamol topgan oʻn oqila, fozila qizlarni zamonasining koʻpgina fanlarida oʻz qobiliyatlari bilan nom chiqargan iqtidor egalari sifatida koʻrsatadi. Kuchli aql va hikmat egalari boʻlgan olima, sanʼatkor qizlar obrazi shoir ijtimoiy qarashlarining badiiy talqini hamdir. Alisher Navoiy Sharq adabiyoti bisotida mavjud obrazlardan davr talabiga mos mavzu-maqsadlarni ifodalashda oʻrinli foydalanib, Temuriylar Uygʻonish davri madaniyatiga xos jihatlarni ochib bergan. Masalan, Nizomiy Ganjaviy “Xusrav va Shirin” dostonida oʻn nafar qiz obrazini Shirinning qizlari nomi ostida tilga olib tasvirlaydi. Bu qizlar:

Anortoʻsh oʻnta qiz sevgida mastlar:

Farangisu Suhamli sarvbolo,

Ajabnoʻshu Falaknozu Humaylo.

Humoyunu Sumanturku Parizod,

Xutanxotunu Gavharmulki dilshod…

Alisher Navoiy yaratgan oʻn olima, sanʼatkor qizlar obrazi Nizomiy Ganjaviy yaratgan oʻn nafar passiv qizlar obrazidan yetukligi va ulugʻvorligi bilan farqlanib turadi. Doston avvalida shoir:

Ne gavhar, balki ilmu fazl koni,

Dema konkim, degil koʻhi maʼoniy –

degan shohbaytni yozar ekan, shu oʻn olima, sanʼatkor qizlarni ham nazarda tutgan.

Dostonda Farhod obrazidan tashqari ushbu qizlar obrazlari vositasida ayollardagi muhabbat, goʻzallik bilan birga ulardagi aqlu farosatni eʼzozlash, qadrlash masalasini ham koʻtargan, oʻz davridagi ijtimoiy-siyosiy muammolarni, taʼlim-tarbiya masalalarini ham qalamga olgan. Xulosa oʻrnida ustoz navoiyshunos, professor S. Erkinovning “Asarda maʼrifatli ayollar obrazlarining yaratilishi gumanist shoirning asrlar davomida ayollarning yashirin qolib ketayotgan kuch, qobiliyat, beqiyos iqtidorlariga boʻlgan katta ishonch sifatida koʻzga tashlanadi”, degan qimmatli fikrlarni eslashni joiz deb bildik.

 

Burobiya RAJABOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.