“Dildagi haroratni xijolatdan qutqaring!”

0
184
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

“Yetim” soʻzi tilimizda necha zamonlardan beri qoʻllanib kelayotgan tushuncha. Chunki shu tushuncha asnosidagi voqelik hamma zamonlarda qaysidir bir insonning hayotida yuz beruvchi hodisa. Bu ayniqsa, urush, qirgʻin-barot muhorabalar boʻy koʻrsatgan har qanday hududda muqarrar. Bu soʻz eski boʻlsa ham “Sen yetim emassan” tarzidagi birikma holatida darak gap, daʼvatkor – undov gap, tasalli-taskin maʼnosidagi aforizm – bu, hech shak-shubhasiz, Gʻafur Gʻulomning badiiy tafakkuri hosilasidir. Ehtiros va tasalliga toʻla “Sen yetim emassan!” degan soʻz birikmasi yetmish besh yillik tarix davomida tom maʼnodagi ijtimoiy-milliy tushuncha, hikmatli ibora tusini oldi. Bunday hikmatli iboralarni, ijtimoiy salmoqdor birikmalarni, qay zamonda boʻlmasin, millatning peshqadam vakillari, peshvolari, donishmand otalari ayta oladi. Gʻafur Gʻulom umr boʻyi isteʼdodi va faoliyati bilan shunday vakolat olabilgan shoir edi. Oʻz zamonasida sohibqiron Amir Temur, hazrat Alisher Navoiy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Choʻlponu Oybeklar oʻshanday fazilatlarni namoyon etgan.

Gʻafur Gʻulomning tavallud kuni bahona har yili shoir uy-muzeyida yigʻilish, yod etish, amalga oshgan ijodiy loyihalar taqdimotini qilish, yangi rejalar tuzish anʼana tusiga kirgan. Yana shu bahona bu muhtaram zotning oʻzi va soʻzi haqida turli fikrlar, xotiralar, tadqiqiy mushohadalar oʻrtaga tushadi. Ayniqsa, shoirligi barchasidan balandu behroq boʻlgani uchun bu vallomatning soʻzi, soʻzi qatlaridagi maʼno qatlamlari haqida fikr yuritiladi. Har safar yigʻiladigan izdihomda oʻsha munosabat, mushohada – tamsillardan mutaassir boʻlib, oʻzing ham bisotingdagi taassurotlardan nelarnidir xayolingdan oʻtkarasan, oʻzingcha zavqlanasan, oʻzingcha hayratlar tuyasan.

 

Munchalar chiroylisan, aziz Vatanim,

Bodomday ming koʻz bilan sevar badanim,

Sensan avval – oxir, sensan sevganim,

Jonim, yurak qonim, hatto shu tanim

Bir butun holida bari seniki.

 

Vatan haqida ne-ne yombi satrlar, choʻng va inja qiyoslar, ohorli tashbehlar bor. Shoirga yelkadosh doʻstlarining biri Vatanni “chappar urib gullagan bogʻ”, boshqasi “bir kun koʻrmasa quyosh sogʻinguvchi, qishlarida bahor shivirlagan oʻlka” deya alqasa, Gʻafur Gʻulom muhabbatini “bodomday ming koʻz” bilan suyish orqali izhor etadi. Bilmadim, bodomning ming koʻzi boʻlib yurtga koʻngil qoʻyish metaforasini boshqa birov qoʻllaganmikan? Odatda bodomni tilga olishingiz bilan uning oʻsha “ming koʻzi” tasavvurga keladi. Yurt goʻzalliklarini koʻz bilan koʻrib, zavqini tuyar ekansiz, demak, shoir bizu siz – oddiy bir odamdan farqli “bodomday ming koʻz” bilan Vatan manzaralarini koʻradi, kuzatadi, binobarin, oʻsha sohir tuygʻularni shu holga muvofiq his etadi. Demak, uning muhabbati teran, miqyosli, salmoqli. U ona yurtini ming koʻz ila suygani kabi, bor vujudini unga bagʻishlaydi, ham.

Shoirning bu yorugʻ dunyodagi aʼmoli boʻlakcha – bagʻoyat baland. Uni bejiz avliyolardan keyingi zot deb sharaflamaydilar. Shoir oʻzi yoki yaqinlari uchungina emas, balki eng avvalo, jamiyat, xalq, millat uchun masʼul. Shu masʼullik darajasini qanday idrok etishi va badiiyatning qay bir jozib ranginliklarida aks ettira bilishiga qarab shoirning oʻsha xalqu millat tarixidagi oʻrni belgilanadi, mavqei, nufuzi tasdiq topadi. Gʻafur Gʻulom millat oldidagi burchi, masʼuliyatini teran anglagan, bu choʻng tuygʻular ilohiy bir majburiyat oʻlaroq zimmasiga yuklaganini yaxshi biluvchi oydinlardan edi. Shu bois Shoʻrolar qatagʻon mashinasi uchinchi bor avji adosiga koʻtarilgan bir pallada “Chin arafa” nomli sheʼr yozadi. Oktyabrning yigirma sakkizinchi sanasi nishonlanishi oldida shu hodisaga bagʻishlab, 1945 yil 2 noyabrda yozilgan bu sheʼr, agar “bagʻishlov”i boʻlmasa, qiyos olingan hodisa – diniy marosim va “chin arafa”, “hayitlik tanga” kabi soʻz – istilohlar qoʻllangani uchun muallifi jazolanishi, mashʼum “troyka” hukmiga topshirilishi aniq edi. Ayni chogʻda bu tushuncha va marosimlar biror munosabat bilan yod etilmasa, arxaik soʻzlarga aylanib, xalq xotirasidan oʻchib ketishi ham mumkin edi. Gʻafur Gʻulom kabi shoirlar aynan “qalovi”ni topib, xalq xotirasini saqlaguvchi, til boyligini avaylab asraguvchi vallomatlar boʻlib oʻz ilohiy missiyalarini bajaradilar. Shu boisdan ham daho shoirlarning “men kibi yoʻq nodire” (Navoiy), “Qoʻl bilan tiklab boʻlmas haykal qoʻydim oʻzimga”(Pushkin) kabi satrlarini beshaku shubha qabul qilamiz. Gʻafur Gʻulomning ham “Oʻzbek elning dong qozongan Manasday oqiniman” degan tanti iddaolari sira malol kelmaydi. Aksincha, siz-da unga qoʻshilasiz, dildan iqrorlik izhor etasiz… Ha, ha, iqrorlik izhor etmaslik mumkin ham emas, axir. Taassufki, “… shunos”larimiz deyarli eslamaydigan manzumalarda shu qadar moʻl metofora, tashbehu qiyoslar, oʻnlab mumtoz va zamonaviy sheʼriyatga xos sanʼat, badiiy priyomlar borki, oʻqib, uqib qalbingiz hapriqib ketadi.

 

Olmaotaning olmasiday

Qon talashgan yuzlaring,

Konibodom bodomiday

Qur-quralay koʻzlaring.

Oltoy boʻrkin qingʻir qoʻygan

Qoshlari qunduzlaring.

Sarimoyday soʻlqillagan

Gʻoz oʻmrovli qizlaring.

Oynabuloq suvlaridek

Baxti boʻlsin yarqiroq,

Jengay desam yiroq boʻlmas,

Singlim desam yaxshiroq.

 

(“Qozoq elining ulugʻ toʻyi” sheʼri, 1945 y.)

Gʻafur Gʻulomning nasru nazmdagi sanʼatkorligi taxlam-taxlam ilmiy kitoblarga mavzu boʻlgan, albatta. Biroq ilm har qancha daʼvoyu olim iddaoda boʻlmasin, oʻsha sanʼat tufayli paydo boʻlgan ruhiy saodatni omma huzurida bot-bot aytib, eslatib turmoq joiz ekan. Mana bu satrlarni oʻqib, Gʻafur Gʻulomni kechagi kun shoiri, yaqin oʻtmish vakili, tarix deya aytib boʻlarmikan?!

 

Kim edingu kim boʻlolding,

Ne bor aziz joningda,

Ey dil, bergil sarhisob!

 

Shoir 1947 yilda yozgan “Birinchi sheʼr”idagi mazkur satrlari bilan shu kunlarimizga hamqadamligini ayon qilar ekan, oʻquvchini yana bir iqrorga majbur etadi. Beixtiyor yana uning oʻz eʼtirofini eʼtirof etasiz.

 

Oshiqlarga peshvolik

Daʼvosi bor qoningda

Qatordagi oftob,

Kamalakning tovlanishi

Nur bahsidan hikoyat.

 

Yangi yil arafasida, bayramga bagʻishlov oʻlaroq yozilgan bu sheʼrni yana oʻsha gʻafurona sanʼat, injalik, nuktadonlik, joziba, sohirlikning namunasi deya qabul etasiz. Falsafiy fikr yuksakligidan entikasiz.

 

Qor tagida koʻklam kutar

Taʼzim bilan binafsha,

Yer uxlaydi hansirab.

Arpalarning namga toʻygan

Ishtahasi hamisha

Qiyoq choʻzar nur soʻrab.

Zarralarning tomirida

Yashamoq namoyishi

Vulqonlarning dagʻdagʻasi

Atomlarda yashirin.

Qalbing bilan tinglasang,

Elektrik qilga qoʻshar

Daryolarning ich sirin.

Ayovsiz hayotiy jang –

Quvvatdan rang, harakatdan

Muammo osoyishi.

 

Nazarimda, mazkur sheʼr bir faylasuf, bir adabiyotchi yoki yana ne bir “… shunos”ning bir necha kunlik behalovat izlanishiga sabab boʻla oladi. Kamina esa bu manzumaning bizning kunlarimizga hamohangligidan soʻylayotgan edim. Axir “Kim edigu kim boʻldik?” degan bu kunlarimizning bosh shior – ramziy ritorik soʻrogʻini Gʻafur Gʻulom yetmish yillar naridayoq soʻrab turgan boʻlsa va bilhaqiqat, “dilga bergan savolining sarhisobi”ni qilib, oʻzi yana shukronalikning maʼnosini izohlab quyidagicha javob aytayotgan boʻlsa, bunga hayrat va eʼtirof alyorini ayab boʻladimi?!

 

Asl baxtdir tugʻib, oʻsib,

Yashab, gullatganing yer –

Qarib oʻlsang mozoring.

Ona, beshik, bogʻu boʻston,

Dastgohu manglayda ter.

Yering va paxtazoring –

Shonu sharaf obroʻying,

Maʼrifating shundandir.

Yurt salomat, xalq farovon,

Oila tinch, bor huquq –

Odamzodga xos gʻurur.

Oʻzbekman deb kekkayganda,

Keng peshonang yop-yorugʻ.

Toleingga tashakkur;

Bali, oyning yarqirashi –

Nur bulogʻi kundandir.

 

Ha, Gʻafur Gʻulom na bugun va na kelgusida oʻz sheʼrlari uchun shoir ukasi Mirtemir aytmoqchi “xijolatlik emas”, boʻlmaydi ham. Chunki uning har sheʼri, har satrida oʻzbekligi ufurib, koʻkrak kerib – kekkayib turadi. Shoirning oʻzbekligi ayni chogʻda “odamzodga xos gʻurur” bilan toʻyintirilgan. Shu bois, u hech qachon zamon shitobi va zamona soʻrovlaridan chetga boʻlmaydi. Binobarin, biz shoirning kenja zamondosh avlodlari va bizlardan soʻng kelgan, kelayotgan nasllar ham “Kim edigu kim boʻldik?” degan savolni oʻz-oʻziga berarkan, bot-bot Gʻafur Gʻulomday buyuk nazm sohibqironiga, uning tajriba, saboq va oʻgitlariga murojaat etaveradi. Bu vaziyatda ham qalbi daryo shoirimiz daʼvatkor satrlari bilan yana peshravlik qilib turaveradi:

 

Keling, doʻstlar, vaqt oʻtmasin,

Mehnat, istirohatning

Qadahini sipqoring.

Boʻsa bilan ishtiyoqu

Dildagi haroratni

Xijolatdan qutqaring.

 

Shuhrat RIZAYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–12

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.