Dil dardidan bitgan dostonlar

0
731
marta koʻrilgan.

Oʻtgan asrning 80-yillarida sheʼriyatimizga ijodkorlarning yangi bir toʻlqini kirib keldi. Sirojiddin Sayyid ana shu toʻlqinning harakatlantiruvchi kuchlaridan biri boʻldi. Adabiyotimizdagi azaliy va abadiy mavzularni ohorli rang va ohanglarda ifodalagan shoir davr sheʼriyatini shakl va mazmun jihatidan boyitdi. Vatan, millat, xalq singari umumbashariy mavzulardagi sheʼrlar uning yuksak isteʼdodini oʻzida namoyon etdi. Binobarin, Vatanni kuylamagan shoir yoʻq. Biroq Sirojiddin Sayyid satrlari bagʻrida Vatan “momolarning yuzidagi xarita”da koʻrinadi. Anʼanaviy tashbeh va sifatlashlardan xoli bu poetik fikrda shoirning muqaddas tushunchani nechogʻli chuqur anglashi koʻrinib turibdi. Ana shu joʻshqin va mahzun ruh shoir dostonlariga ham koʻchdi. Natijada u “Toʻpolondaryo bilan xayrlashuv”, “80-yillar”, “Tanazzul” singari dostonlarini yozdi. Bu asarlarda xalqimizning yaqin oʻtmishi manzaralari epiklik bilan uygʻunlashgan lirizm va publitsistik ohangda aks ettirilgan.

Maʼlumki, keyingi yillar oʻzbek poemachiligida zamonaviy voqelikni xalq dostonlari yoʻlida aks ettirish alohida uslubiy yoʻnalishga aylandi. Sirojiddin Sayyidning “Toʻpolondaryo bilan xayrlashuv” dostoni ana shu yoʻlda yozilgan asar sifatida eʼtiborni tortadi. Unda xalq dostonlariga xos quyidagi jihatlar kuzatiladi: 1. Doston nazm-nasr shaklida yaratilgan. 2. Nasriy parchalarda sajʼ usuli qoʻllanilgan.

Xalq dostonlaridan farqi shundaki, unda epiklik lirizmga yoʻgʻrilgan badiiy umumlashmalarda namoyon boʻladi. Shoirning dunyo haqidagi oʻy-kechinmalari doston mazmuniga yedirib yuborilgan. “Tavallo” deb nomlangan dastlabki qismda juda koʻp voqealarning tilsiz guvohi boʻlgan Toʻpolondaryo bilan shoirning xayolan suhbati aks etgan. Shu asosda S. Sayyid 80-yillardan turib yaqin tarix sahifalariga – mashʼum 30-yillar, urush davriga nazar soladi. Voqelikni real aks ettirish maqsadida Toʻpolondaryo qirgʻogʻidagi chaylada boʻlib oʻtgan suhbatni keltiradi:

“ – Bizlar qaridik, bu daryo tinmadi, tinmadi. Umr – daryo deguvchi edilar, bu daryo…

– Ikki oʻgʻlim bor edi, mulla. Qatorda turgan nor edi, qizlar ularga zor edi. Koʻksim toʻla dogʻ edi. Oʻgʻillarim togʻ edi. Ay, dunyo! Nima qilding-a! Yurak-bagʻrim tilding-a! Toʻngʻichim oʻn toʻqqizda edi, mulla! Boʻyniga tosh boylab shu daryoga choʻktirdilar. Koʻz yoshimni toʻktirdilar. Ay, dunyo!”

Qatagʻon yillari voqeligi adabiyotimizning turli janrlarida yaratilgan asarlarda oʻzining badiiy talqinini topgan. Yuqoridagi suhbat ohangida ham oʻsha yillarda ozor chekkan, yurak-bagʻri oʻrtangan otalar siymosi balqib yuzaga chiqadi.

“Zamonaviy dostonlar kompozitsiyasidagi nasriy parchalarda epik voqeabandlik emas, lirik kayfiyatni, kechinma taʼsirini ifodalash kuchayib boryapti”, – deb yozadi adabiyotshunos Sh.Hasanov.

Haqiqatan, dostondagi sajʼ bilan ziynatlangan nasriy parcha 30-yillardagi otalarning ruhiy holatini aks ettiradi. Undagi “nor”, “zor”, “dogʻ”, “togʻ”; “qilding”, “tilding”; “choʻktirdilar”, “toʻktirdilar” singari ichki ohangdosh soʻzlar shoirga qalbi yaralangan otaning ohu-figʻonini nihoyatda taʼsirchan va jonli ifodalash imkonini bergan. 

Shoir voqelik, hayotiy jarayonlarni kechinmalar, taxayyullar, manzara, holatlar orqali aks ettiradi, bu holatlar asarda oʻrni-oʻrni bilan almashib turadi. Daryo boʻyidagi muloqot “davronlarning dalgʻovini” ozmi-koʻpmi koʻrgan shoirning koʻnglida qat-qat boʻlib yotgan dardlarni yuzaga chiqaradi.

Shoirning “Tanazzul yoki bir begonaning iztiroblari” dostoni 90-yillar oʻzbek poemachiligining yaxshi namunalaridan biridir. Mohiyatan Abdulla Oripovning “Ranjkom” dostoniga yaqin boʻlgan, dramatik xarakterdagi bu asar ramziy mazmunga ega. A. Oripov “Ranjkom”da inson qalbi manzaralarini chizadi. Sababi, bir guruh kimsalar ranjituvchilar komitetini tuzib, shu yoʻl bilan insonlarga ozor berishni kasbga aylantirib oladilar. Asardagi Farrosh kampir obrazi oʻzining gʻoyaviy-badiiy yukiga ega. Mazkur obraz orqali shoir mavjud tuzum, unda yashayotgan bir guruh kishilar qiyofalarini yorqin lavhalarda ochib beradi. Insonlar qalbini vayron etib, ularga ozor berishdan rohat qiluvchi bunday shaxslar maʼnaviy tanazzulga sabab boʻladilar. Shoir dramatik epizodlarda mazkur jarayonni mohirlik bilan aks ettiradi. S. Sayyidning dostoni ham aslida maʼnaviy tanazzul ildizlarini ochib berishga qaratilgan. Har ikki dostonda ham bir-biriga hamohang, mutanosib obrazlar mavjud. Binobarin, asardagi Begona “Ranjkom”dagi savdoyi olimga, oshxoʻrlar ranjituvchilar komiteti aʼzolariga, xodim Farrosh kampirga ruhiy-maʼnaviy jihatdan yaqinlashadi. Demak, S. Sayyid zamonaviy dostonchilikda A .Oripov anʼanalarini davom ettirdi.

“Tanazzul”dagi obrazlar timsoliy maʼnoga ega. Begona – qalb kishisi, u dunyoni koʻngilsiz tasavvur etolmaydi. Soya esa qalbi koʻr boʻlgan, bu dunyoda faqat soyaga aylanib qolgan kishilar obrazidir. Oshxoʻrlar hayotni faqat moddiylikdan, yeb-ichishdan iborat deb bilgan shaxslarni oʻzida aks ettiradi. Asarning asosiy mazmuni Begonaning monologlari orqali yuzaga chiqadi. Soya unga kontrast qoʻyiladi. Sababi, dunyo nur va zulmat, yaxshilik va yomonlik asosida qurilgan. Shoir ana shu qarama-qarshiliklarni Begona va Soya kabi ramziy timsollar orqali gavdalantiradi.

 Begona obraziga shoir alohida mazmun yuklaydi. U hayotda ozor chekkan, iztiroblar iskanjasida qolgan kishilar timsolidir. Shu bois u oʻzini taftish qiladi, umr yoʻliga nazar tashlaydi:

 

… Hasratlarning hirqasiga oʻzni burkayman.

Kelaverar oq ot mingan oppoq moʻysafid.

Lekin menga yaqinlashmay yana qaytadi.

Men ikkiga boʻlinganman:

Bir men bundadir.

Bir men esa moziylarda takbir aytadi.

Biroq, bular bir-biriga begonadirlar.

Bundagi men undagidan garchi olddadir.

Garchi ketgan boʻlsa hamki ming yil ildamlab,

Lekin mehru eʼtiqodda ming yil ortdadir.

 

Eʼtibor qilinsa, parchada “oq ot mingan oppoq moʻysafid” tilga olinadi. U aslida Xizr boʻlib, koʻpincha piyoda kezadi. Shoir esa uni “oq ot mingan” holatda tasvir etadi. Xalq qarashlariga koʻra Xizr ham bir koʻrinish beradi. S.Sayyid ham shu jihatga diqqatini qaratgan. Bu dunyo koʻrguliklaridan ozor chekkan lirik qahramon Xizrdan madad soʻramoqchi boʻladi. Inson botinida hamisha ikki xil shaxs yashaydi. Begona ham qalbida ikki shaxsni koʻradi: biri moziy, ikkinchisi zamon kishisi. Zamon kishisining maʼnaviy dunyosi, undagi kemtikliklar lirik qahramonni qiynaydi. Chunki u mehru eʼtiqodda moziy kishisidan ortda qolgan.

Ruhiy-maʼnaviy tanazzul Begona va Soyaning suhbatlari – dialoglari orqali yorqinlashadi. Soya Begonani “Soyalar jamiyati”ga taklif etar ekan, shunday deydi:

 

…Sen bunchalar tushkun ketma, koʻnglingda agar

Dogʻing boʻlsa, nafsing bilan shuvab tashlagil.

Ogʻzingdagi siniq tishday siniq soʻzlarni.

Yaʼni “Imon”, “Eʼtiqod”ni tuflab tashlagil.

Koʻribsanki, juldur jahon yorishgay birdan…

Qiynamaydi koʻngil degan ortiqcha gaplar.

 

Soya inson maʼnaviy hayotining asosi boʻlgan “Imon”, “Eʼtiqod” tushunchalarini “siniq tishday siniq soʻz”ga qiyoslaydi va Begonani manqurtona yashashga daʼvat etadi. Shoir bu bilan maʼnaviy-ruhiy hayotimizdagi turli oʻpirilishlarga ishora qiladi. Zulmon oshxoʻr, Semiz oshxoʻr, Oriq oshxoʻr, Silliq oshxoʻr kabi obrazlarni yaratar ekan, nafs va qalb oʻrtasidagi kurashni ifoda etadi.

Umuman, asar dramatik poemaning chuqur lirizm bilan sugʻorilgan yangi koʻrinishi sifatida davr poemachiligida oʻziga xos oʻrin egallaydi. Dostonning yana bir muhim jihati, unda insonning botiniy olamida kechadigan turfa qarama-qarshiliklar yoritib beriladi.

Yuqorida tahlil etganimiz “Toʻpolondaryo bilan xayrlashuv”, “Tanazzul” singari dostonlarda Sirojiddin Sayyid mahoratining oʻziga xos qirralari namoyon boʻlgan. “Toʻpolondaryo bilan xayrlashuv”da xalq dostonlari uslubi, sajni qoʻllash, voqeabandlik singari jihatlar yorqin koʻzga tashlanadi. Ayni paytda voqelik ifodasida publitsistik ohangning, xotira xarakterining ustuvorlik kasb etishi zamonaviy dostonchiligimizni ham shakl, ham mazmun jihatdan boyitadi. “Tanazzul”da esa inson qalbida kechadigan ruhiy holatlar, taxayyullar ramziylik orqali ochib beriladi.

 

Dilrabo Quvvatova,

BuxDU doktoranti

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.