Cho‘lponning “Buloqlar”i

0
46
marta ko‘rilgan.

Bu kun o‘zbek adabiyotiga yana yangi bir to‘n kiygizildi: Cho‘lponning “Buloqlar” otliq yangi bir she’rlar to‘plami bosilib chiqdi.

Cho‘lpon o‘zbekning yangi shoiridir. Shuning uchun o‘zbek elining bu kungi ruhi, holi, sezgisi “Buloqlar”da qaynaydir. O‘zbek tili, o‘zbek ohangi “Buloqlar”da sayraydir, o‘quydir. O‘zbekning ruhiy to‘lqunlari bunda ko‘puradir, ko‘klar tomon uchadir, ko‘tariladir.

“Buloqlar”da o‘zbek sezgisi ingraydir, sizlaydir, titraydir. Shuning uchun bu to‘n shunday bir to‘ndirki, o‘zbek ruhidan, jonidan bitgandir, uning badanini asramoq, qo‘rumoq uchun o‘z bag‘riga bosqondir.

O‘zbek yangi shoirlarining ohangsiz bo‘lishini uyalmayin so‘ylayturg‘an og‘izlarga “Buloqlar” tufuradur. O‘zbek adabiyotiga til tegdirmakchi bo‘lg‘an mashhur “nodonlar”g‘a bu “Buloqlar” kuladir.

Shoir “Amalning o‘lumi” degan parchasida: – she’riy misra emas

 

Ko‘nglimda yig‘lag‘an malaklar kimlar,

Sharqning onalari, juvonlarimi?

Qarshimda egilgan bu jonlar kimlar,

Qullar o‘lkasining insonlarimi? –

 

deb, shu qisqagina parchaning o‘zidagini qancha she’riyat, qancha ohang uydirg‘andir, shu bilan birga yurtining dardini, qullarining inglagan jonlar bo‘lishini, ko‘nglida yig‘lag‘an malaklarning sharqning onalari, juvonlaridan iborat ekanini qancha ochiq, muassir va e’joz bilan tasvir etadilar.

Mana ikkinchi bandida elining umidlarini eskartib:

 

Keng xayollar uchdimi ko‘kka,

Butun umidlarin yovlarmi ko‘mdi, –

 

deb, sharq xalqlarining abadiy asirlikka kirganligiga ishonmag‘ini ko‘rsatib, o‘zining “Xayolida porlag‘an” sham’ining o‘chishig‘a shubhalik so‘rog‘ bilan aytadir:

 

Mangu tutqinliqqa kirdimi o‘lka?

Xayolda porlag‘an sham’larmi so‘ndi?

 

Yana boshqa bir sahifasini ochdim. Hali o‘z adabiyotining borliq-yo‘qlig‘i shubhalik bo‘lg‘anlarning “nazariyai adabiya”lariga, uzoqlardan misollarni anglamay olg‘anlarg‘a “oliy hislar” uchun hali ko‘b yillar misol bo‘lishg‘a arziydirg‘an:

Och axir, ochg‘ilkim, ko‘ksingni:

 

Bir nafas o‘zimni unitay,

Unitmoq butunlay “o‘zlik”ni,

Oh, shundan najotni men topay,

 

degan, shu parcha ko‘zimga tushdi va ko‘r vijdonlarga la’natlar o‘qidim.

60 sahifaga molik bo‘lg‘an bu asar “Sharq uchun”, “Sezgilar”, “Sevgi”, “Qora yo‘llar”, “Qor qo‘ynida” unvonlari ostida bo‘limlarga ayrilg‘an 26 parchadan iboratdir.

Asar chiroylik va nafis bosilg‘an. O‘zbek shoirini bu muvaffaqiyati bilan tabrik etamiz va adabiyot suyguvchilariga taqdim qilamiz.

 

V. M. (Vadud Mahmud)

“Turkiston” gazetasi, 1923 yil 10 dekabr.

 

“Ijod olami”, 2018–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.