Choʻlpon sheʼriyatida mumtoz obrazlar

0
2344
marta koʻrilgan.

Poetik obrazlar maʼlum ijodkorlar tomonidan ishlanib, qiyomiga yetkazilsa ham muayyan adabiy muhit doirasida shakllanib, mukammallik kasb etadi va maʼlum vaqt oraligʻida anʼanaga aylana boradi. Jamiyatdagi insonlar tafakkurining oʻzgarishi bilan poetik obrazlarda ham yangilanish sodir boʻladi[1]. XIX asrning soʻnggida yashab ijod etgan shoirlar ijodida poetik obrazlar sof dunyoviy, milliy, ijtimoiy asosga qurila boshlandi. Shu bilan bir qatorda mumtoz anʼanaviy sheʼriyat taʼsirida oʻzlashgan obrazlar tarkibida, ularni qoʻllanilish doirasida ham evrilish, yangilanishlar yuz berdi. Ayrim shoirlar sheʼriyatida poetik obrazlar sof dunyoviy, boshqalarida esa sof milliy, ijtimoiy asosga qurila boshlandi. Bu jarayon ijodida yorqin aks etgan shoirlardan biri Abdulhamid Choʻlpondir. Ayniqsa, shoirning XX asr boshlarida yaratgan asarlarida poetik obrazlarning yangilanishi, ularning yangicha talqinlarda qoʻllanishi koʻzga tashlanadi. Bu borada professor Dilmurod Quronovning “Biz Choʻlponni haqli ravishda yangicha ijodkor deb ataymiz… Ayni paytda hech bir ijodkor, hatto eng buyuk isteʼdod sohiblari-da oʻzini voyaga yetkazgan xalq madaniyati taʼsiridan butkul uzilib ketolmaydi. Tabiiyki, Choʻlpon sheʼriyati ham quruq joyda yuzaga kelgani yoʻq, mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi anʼanalari unga asos boʻlib xizmat qildi. Buni, xususan, Choʻlpon sheʼriyatida “oshiq” va “yor” obrazlari talqinida ham kuzatamiz…[2] degan fikrlari oʻrinli. Anʼanaviy poetik obrazlar: “oshiq”, “maʼshuqa”, “raqib”, “doʻst” shoir sheʼriyatida yangicha talqinlar: birinchidan, shoir eʼtiqodi, isteʼdodi tabiati va uning yangilikka intilish niyati bilan bogʻliq holda; ikkinchidan, ijtimoiy hayot talablari va mavjud ziddiyatlarni yengishga harakat tarzida yuzaga chiqdi.

Mumtoz adabiyotda eng koʻp qoʻllangan, Choʻlpon ham eʼtibor qaratgan poetik obrazlardan biri oshiq boʻlib, bu obraz jadid sheʼriyatida keng miqyosda tadqiq etilgan. U “bulbul”, “qul”, “koʻngil”, “jon”, “daraxt” kabi poetik timsollar bilan tanosubiy munosabatda keladi. U qaysi koʻrinish yoki timsol vositasida ifodalanmasin baribir “oshiq” timsoli orqali shoirning “men”i tasvirga olinadi:

 

Keng dalada kiyik oʻynar,

Kiyik koʻzin yigit oʻylar,

Kiyik koʻzi koʻngil tortar,

Oshiq koʻrsa dardi ortar.

 

Shoir istiora vositasida yorni “kiyik” timsoli orqali poetik idrok etadi, keng dalada oʻynayotgan kiyik, bu oʻz yurtida emin-erkin yurgan maʼshuqadir. Kiyik koʻzli yor oshiq dilini tortadi va buni koʻrgan oshiqning dardi ortib, uning muhabbati yanada alangalanadi[3]. Shoirning xulosasiga koʻra, Tangri sevgini yaratgan ekan, u bek, xonlarning oʻrdalarida maskan tutishi, dushmanlar bilan yovlashishi uning “hunar”i emas. Mumtoz adabiyotdagi muhabbat mavzusi Choʻlpon sheʼriyatida erk timsolida oʻzining yangicha talqinini topadi. Yaʼni sevgi dala-yaylovlarga tarqalgan boʻlib, u erklilikni yoqtiradi, shuning uchun ham kiyik timsoli va “yaylov” majozi keladi.

“Poʻrtana” sheʼrida oshiq obrazi anʼanaviydek tuyulsa-da, nozik didli, tez fahmli oʻquvchi boshqa bir maʼnoni ham topa oladi.

 

Koʻpiklar… u oppoq, sanoqsiz koʻpiklar

Yulduzdek jimirlab turalar,

Koʻpiklar… u kichik, chiroyli koʻpiklar

Oshiqning koʻnglidan uralar…

 

Bu yerdagi “oshiq” shoirning oʻzi. Asarning oʻtgan asrning 20-yilida yozilganiga eʼtibor beradigan boʻlsak, bolsheviklar tomonidan berilgan vaʼdalar asli puchligi, rus bosqinchilik siyosatining boshqacha koʻrinishi ekanligini ziyolilarimiz keyinroq tushundi. Bizningcha, ushbu sheʼr ham mana shunday idrokning bir namunasidir. “Oppoq”, “sanoqsiz” koʻpiklar – millatimizga berilgan yolgʻon vaʼdalardir. Achinarlisi shundaki, ular “oshiq”ning koʻnglidan urganligidir. Negaki, xalq hali oʻzining holini idrok qila olish imkoniyatiga erishgan emas. Zamon va tuzum oʻrtasidagi nomutanosiblik, xalqni zoʻrlik bilan savodsizlik botqogʻiga itarish natijasi oʻlaroq xalq oʻzligidan judo boʻlgan. Shuning uchun ham “oshiq” obrazi orqali shoir siymosi namoyon boʻlib, u mustabid tuzum qarshisida zohiran ham botinan himoyasiz xalq holiga achinadi. Choʻlpon soddadil elning yangi bir qiyofasini, ishonuvchanligini yuqoridagi kabi yashirin maʼnolar orqali ochib berarkan, poʻrtana timsoliga qoʻshimcha maʼno yuklaydi. Endi poʻrtana mumtoz sheʼriyatdagi anʼanaviylikdan uzoqlashib, haqsizlikka qarshi isyonkor timsolga aylanadi. Natijada sheʼr oʻch olishga chorlovchi soʻzlar bilan yakunlanadi: “Koʻp ezgan dushmandan, past jondan Oʻchni ol, oʻchni ol, oʻch ol…”

“Sharq qizi”da “oshiq” soʻzi oʻz maʼnosida ham, koʻchma maʼnoda ham koʻzga tashlanadi:

 

Aytalarkim, sovuq, shumli qora qish

Oʻtib ketib, kelmish chiroyli bahor.

Gulga oshiq boʻlib, sayrar emish qush,

Gul ham ul qushlarga nozlanib qarar.

 

Bulbulning gulga oshiq boʻlishi adabiyotimiz uchun anʼanaviydir. Lekin sheʼrning ikkinchi bandida boshqacharoq oʻxshatmaga duch kelamiz:

 

Aytalar, dalada yer beti tamom

Koʻm-koʻk duxobadan koʻylaklar kiymish.

Xoʻrozlar chaqirib, yuzin ochsa tong,

Saboning labini oshiqlar emmish…

 

Xoʻsh, saboning labini emayotgan oshiqlar kim? Bu ham erkni kutayotgan xalq timsolidir. Qishda bahorga intiq yerlar yashil baxmal – duxoba kiygan fursatni kutayotgan millat bu.

Shoir sheʼriyatida “maʼshuqa” obrazi ham oʻziga xos tasvirga ega. “Maʼshuqa” obrazining “Tangri”, xalq”, “maʼrifat”, “malak”, “xayol” shakllari mavjud. Bu shakllar bevosita ijtimoiy-ilohiy mazmunni ifodalashda shoirga qoʻl keladi. Uning “Oʻzbegim” sheʼrida quyidagi lavha chizilgan:

 

Soʻlqildab kelasan, oʻzbegim,

Maʼrifat otiga otlanib,

Bir miri topgan boladay –

Ogʻzingni irjaytib… suyunib.

Dunyoda hamma xalq qiziqqan

Gavhardek bebaho ot edi.

Hurriyat boʻlganda sen kelding,

Minayin semirgan otga deb,

 

misralarida shoirning alamli kechinmalari oʻz aksini topgan. Maʼrifat otiga otlanishga daʼvat shoir ijodidagi maʼshuqa obrazini ifodalaydi. Maʼrifat oʻz nomiga koʻra Yaratgan bilan bogʻliq. Ammo shoir bu oʻrinda “maʼshuqa” obrazi orqali Ollohni emas, ijtimoiy oʻzlikni yoqlaydi va unga intiladi.

 

Xayol, xayol… Yolgʻiz xayol goʻzaldir,

Haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqaman.

Xayoldagi yulduzlarkim, amaldir,

Olovimni alar uchun yoqaman.

Goʻzal xayol, kel, boshimda gul oʻynat,

Manim istak-tilagimni erkalat!

 

Sheʼr mazmunidan bilish mumkinki, lirik qahramon ruhiyatida xayol poklik ramzi. U haqiqatga eltuvchi koʻprik – agar u toza dilda makon tutgan boʻlsa. Shuning uchun ham shoir xayol ummoniga gʻarq boʻladi. Shoir uchun xayol ijtimoiy hayot iztiroblaridan forigʻ boʻlish vositasi emas, maʼshuqaga yetishish uchun “oshiq”ning yagona yoʻli. Aks holda shoir ongli boʻla turib, insonlar tilida soʻzlashishga qodir boʻlmagan yaratiqlar bilan tillashmagan boʻlardi. U butun koinot mehvari boʻlmish – inson, yaʼni oshiq. Uning tilagi sof. Xayoli esa yorga yetishishga koʻmak beruvchi doʻstdir. Bu timsol (xayol) Umar Xayyom, Pahlavon Mahmud, Lutfiy singari ijodkorlarda ham ana shu mazmunda kelgan. Ammo mumtoz shoirlar ijodidagi xayol Choʻlponnikidan farqli. Bu shoirlarning yori biror shaxs yoki Yaratuvchi Haq boʻlsa, Choʻlponning yori haqiqat, istiqlol va erk. Shu bilan birga mustabid tuzum zugʻumida oʻrtanayotgan millat.

Ayni yoʻnalishda Choʻlpon sheʼrlaridagi “maʼshuqa” obrazi talqinida uni vatanga mengzash, yor muhabbati orqali diyorga boʻlgan munosabatni ifodalashni professor Dilmurod Quronov shunday qayd etgan: “Mumtoz sheʼriyatimizda faol qoʻllaniladigan mazkur ramzlarga Choʻlpon yangi maʼno yukladi: uning talqinida “yor” – yurt ozodligi-yu, “oshiq” – erkka tashna koʻngil. Yaʼni, mutasavvif shoirlar intilgan maʼnaviy estetik ideal Haq boʻlsa, Choʻlpon intilib yashagan ijtimoiy-estetik ideal yurt ozodligi boʻlib qoldi. Bundan anglashiladiki, Choʻlpon ijodiyotidagi ramzlar, asarlari qatidagi botiniy mazmun mumtoz sheʼriyatimizdan turtki olgan holda tushunilishi lozim. Zero, Choʻlpon tasavvuf sheʼriyatidan nafaqat quruq shaklni, ruhini-da oʻzlashtirgandek”[4].

Badiiy adabiyotda “doʻst” obrazining eng koʻp qoʻllanilgan varianti “koʻngil” boʻlib, uni har bir ijodkor oʻzicha talqin qilgan. Hazrat Navoiy sheʼriyatida “koʻngil” soʻzining arabcha – qalb, forscha – dil kabi muqobillari boʻlgani holda ayni mana shu turkiy soʻzni juda koʻp qoʻllagan va har bir gʻazal yoki boshqa janrdagi asarining ichki mohiyatidan kelib chiqqan holda oʻzgacha talqin bergan. Lutfiy gʻazallarida esa, koʻngil oshiq hayotini boshqaruvchi, hayot sirlarini ochuvchi deb qaralgan. Shuning uchun ham bu timsolni talqin qilgan olimlar “koʻngil” soʻzi shaklan oʻzgarmasa-da, matnda oʻz mohiyatini oʻzgartira borganini taʼkidlaydilar:

 

Suyuningiz:

koʻpdan beri zindonda

Quyosh koʻrmay, zaxlab qolgan koʻngillar…

 

Koʻngil” degan soʻzni tilga olish yoki koʻngil hayotiga tegishli fikrlardan sheʼr yaratishni ijtimoiy anʼanalar, hurlik bilan bogʻliq koʻrinishi Choʻlpon sheʼriyatiga xos.

 

Koʻngillarga qora toldi, sezmadim,

Sezdim sening ketganingni koʻngildan…

 

Insoniyat koʻnglidan ketgan maʼshuqa bu – erk. Shoir nazdida elimiz erksizlikka koʻnikib ketishgan. Gʻaflatda qolgan “koʻngil”da maʼshuqaning siyrati qolmagani millatni qullik girdobida qoldirdi. Mutelik ularning turmush tarziga aylanib qoldi. Nafaqat shoir, balki millatning har bir vakili buni sezib turadi, ammo bunga qarshi biror chora qoʻllamaydi. Aksincha, shu qismatga ham rozi.

 

Ilk avval koʻzimi ishq ila ochdim,

Ishqing maydoniga qonimi sochdim.

Ishqsiz oʻlkalardan u onda qochdim,

Na zamon bogʻladim zunnor ishqi.

 

Ishq bir necha ming yillik milliy va mumtoz adabiyotimiz taraqqiyotida qoʻllanilib kelingan anʼanaviy poetik timsollardan biri. Chunki u, birinchidan, inson oʻzligini anglashi va Haqqa yetishishidagi asosiy vosita – doʻst mazmuniga ega boʻlsa, ikkinchidan, majoziy dunyo neʼmatlari bilan bogʻliq, oʻzida “shavq”ni mujassam etgan raqib sifatiga ham ega. Va bu timsol turli ijodkorlarda turlicha talqin etilgan. Choʻlpon oʻzining usmonli shevasida yozgan “Ishq” sheʼrida ham bu timsoldan muvaffaqiyatli foydalangan boʻlishiga qaramay, uni butunlay yangicha maʼnoda qoʻllaydi. Lirik qahramon “Ishq deya ayrildim dindan, imondan” deydiyu, lekin bu yerdagi ishq na-da majoziy ishq va na-da ilohiy ishqni nazarda tutadi. Tutqun oʻlkadagi tutqun millat oshiq timsolida kelsa, “erk” maʼshuqa sifatida tarannum etiladi.

 

Sodda dil bunlardan na maʼni anglar.

Bilmaz kuch oʻldugʻun izhor ishqi, –

 

deya yakunlanayotgan sheʼr oshiq ishqining izhori, maʼshuqa, yaʼni erkka erishuv jarayoni “kuch oʻldugʻuni” soddadil oʻquvchi sezmasligi mumkin, biroq erkka erishuv jarayoni hech qaysi millat va hech qaysi mamlakatda sokin kechgan emas. Choʻlpon butun eʼtiborni ana shu kuch, yaʼni erk uchun kurashga qaratgan. Shoir ijodida “oshiq” obrazi orqali millat, “maʼshuqa” deya erk, “raqib”da mutelik, “doʻst” sifatida koʻngil birlamchi qoʻyilib, bu obrazlarning yangi shaklda zamonaviy sheʼriyat nuqtai nazaridan talqin qilinishi, jamiyat, millat tafakkurini oʻzgartirishga chogʻlangan shoir dunyoqarashi bilan bogʻliq.

Shoir “Suygan choqlarda” sheʼrida murojaat etgan anʼanaviy poetik obrazlardan yana biri “bulbul” timsoli boʻlib, unga lirik qahramon qalb kechinmalari singdirilgan:

 

Gunafshalar qulogʻimga madhingni

Soʻzlab-soʻzlab charchadilar, bitmadi…

Alamzada bulbul yigʻlab, kechalar

Alamingning soʻngin tamom etmadi.

 

Mumtoz sheʼriyatdagi bulbul odatda, kechalar alamli yigʻlasa ham oʻz dardini aytib, yaʼni gul ishqida oshiqligidan nolon yigʻlar edi. Shoir bu oʻrinda bulbul timsolining mumtoz sheʼriyatdagi vazifasini saqlab qolgan boʻlsa ham, biroq uning talqinidagi bulbul oʻz dardini emas, shoir maʼshuqasining hikoyasini alamli soʻylab, bu hikoyani aytib tamom qila olmaydi. Shoir tasavvuridagi qismatni falsafiy ifodalashda “bulbul” timsolidan foydalangan:

 

Koʻzingdagi hikoyaning mazmunin,

Shoir boʻlsam, aytib-aytib yigʻlardim.

Oʻshal, eski jarohatli qalbimni

Satrlarning nashtari-la tilardim.

 

Choʻlpon “eski jarohatli qalb” sifatida asrlar boʻyi ezilgan, jafozada va mehnat bilan kun koʻrgan xalq dardini nazarda tutadi, natijada yor koʻzidagi hikoyaning “mazmuni” millat dardi ekani maʼlum boʻladi. Millat holiga achinish bilan birga xalq qalbi jarohatli ekanini anglaydi. Shoir bu timsol orqali anʼanaviy obraz “oshiq”ni tasvirlasa ham u faqatgina yor ishqida kuygan jafokor emas, balki millat va elning aʼzosi sifatida u bilan darddosh boʻlgan insondir. Shuning uchun sheʼrning soʻnggi bandida bulbulning musiqali ovozi faqat oʻz sevgisini emas, balki dardli elning hasratini ifodalashga qaratiladi.

Koʻringanidek, Choʻlpon sheʼriyatida koʻhna adabiyotdagi yuzlab anʼanaviy obrazlardan faqat ayrimlarigina ishtirok etgan boʻlsa ham ular mumtoz timsollarning aynan takrori boʻlib qolmadi, balki zamon talablari asosida yangilandi. Shuningdek, baʼzi anʼanaviy timsollar mohiyatan mumtoz xususiyatlarni saqlab qolgan boʻlsa-da, ularni ichdan yangilashga, yangicha maʼno qatlamlarini ochishga xizmat qilganligi kuzatiladi.

 

Muqaddasxon TOJIBOYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

 


[1] Xrapchenko M.B. Gorizontiʼ xudojestvennogo obraza. M.: 1984.

[2] Quronov D. “Yoʻl esdaligi”da tagmaʼno qatlamiga doir // Sharq yulduzi. 1998. 1-son. B. 162.

[3] Yorning koʻz, gul, dil degan talqinlari mavjud boʻlib, kiyik koʻzli yor timsoli ham uchrashi mumkin, biroq yorga kiyik sifatida murojaat etish va uni shu timsol orqali anglatish jadid sheʼriyatida birgina Choʻlpon sheʼrlariga xos.

[4] Quronov D. “Yoʻl esdaligi”da tagmaʼno qatlamiga doir // Sharq yulduzi. 1998. 1-son. B. 162.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.