Chingiz Aytmatov saboqlari

0
276
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda kitob mutolaasi, yoshlar tarbiyasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida tanlanganini yana bir marta isbotladi. Zero, Chingiz Aytmatov dunyoga kitob bergan, kitob orqali insoniyat oldida turgan muammolardan xalos boʻlish yoʻlini koʻrsata olgan adib sanaladi.

XX asrda jahoniy shuhrat topgan adiblar anchagina. Ammo ularning orasida Chingiz Aytmatov oʻzining fazoviy tafakkur tarzi, inson kamoloti hamda taraqqiyotiga toʻsiq boʻlayotgan illatlarni jasorat bilan fosh qila olgan, ayni paytda dunyo adabiyotining ilgʻor anʼanalarini ham milliy, ham umumturkiy adabiyotga dadillik bilan olib kirgan, bu anʼanalarning nafaqat qirgʻiz, balki butun turkiy adabiyotda sintezlashishiga ulkan hissa qoʻshgan, asarlarida oʻrtaga tashlangan masalalar qanchalik milliy boʻlsa, shunchalik umuminsoniy ekanligi, umuman, adib Yer sayyorasiga, banibasharga taalluqli eng ogʻriqli, eng iztirobli, eng dolzarb muammolarni badiiy va falsafiy mushohadaga aylantira olgan, mazkur muammolarga oʻsha paytning oʻzidayoq oltita qitʼaning ham eʼtiborini qaratgan, adabiyotning zamon bilan uygʻun keladigan nuqtalarini topa olgan ulkan va betakror isteʼdod ekanligi – noyob adabiy hodisaligi bilan alohida ajralib turadi.

Turkiy adabiyotda dunyo miqyosida Chingiz Aytmatov darajasida tan olingan boshqa bir adibni topolmaymiz. Boshqa adiblarning dunyoviy koʻlamiga zarracha soya solmagan holda, Aytmatov asarichalik bironta turkiy adabiyot vakilining ijodiy mahsuloti hali dunyoning 180 dan ortiq tillariga oʻgirilmaganini tan olish kerak. Jahonda sanoqli adiblar egallagan choʻqqini turkiy adabiyot vakillaridan hozircha faqat Chingiz Aytmatovgina egallab turibdi. Bugungi kunda tadqiqotchilar adibning asarlari jahon tillarida 80 million nusxadan oshiq chop qilinganini eʼtirof etishmoqda. Bu fakt adib nomini XX asrning eng koʻp va xoʻp muhokama etilgan Jan-Pol Sartr, Alber Kamyu, Maks Frish, Fridrix Dyurrenmatt, Gabriel Garsia Markes, Vargas Losa, Karlos Fuentes, Kendzaburo Oe kabi soʻz sanʼatkorlari safidan joy olganini bildiradi. Bu adiblar faqat bir asrda yashagani uchun emas, balki soʻzga boʻlgan eʼtiqodlariga, oʻz davriga qarata aytgan gaplariga, oʻz davrini muqarrar maʼnaviy, ekologik fojialardan ogohlantirishlariga koʻra ham jahon adabiyotining peshqadam vakillari sanalishadi. Ular adabiyotning tasavvur, did, ifoda, shartlilik usullarini isloh etishdi, XX asr soʻz sanʼatini yangi bosqichga, yangi maqomga, yangi choʻqqiga koʻtargan oʻzidan oldingi salaflarining munosib izdoshlari ekanini ijodlari, xizmatlari, adabiyotga, Soʻzga qoʻshgan hissalari bilan isbot qilib berdilar.

Chingiz Aytmatov asarlarida koʻtarilgan muammolar yuqorida nomlari zikr etilgan adiblar oʻrtaga tashlagan va tahlil qilgan muammolar hamda shu davrning adabiy maromi bilan uygʻun va hamohang ediki, adib inson hamda olam haqida oʻz ogʻriqlarini, iztiroblarini, oʻy-kechinmalarini, katta harflarda yoziladigan, yangi davrda tobora kamayib borayotgan Inson va insoniy fazilatlar haqidagi orzu-armonlarini asarlari orqali bayon etib berdi. XX asrning buyuk adiblari Frans Kafka, Jeyms Joys, Alber Kamyu, Uilyam Folkner, Marsel Prust, Ernest Heminguey, Tomas Eliot kabi majruhlashish, mahkumlashish, mohiyatsizlanish sari yuz tutgan Inson Qalbini himoya qildi, uning tashqi hamda ichki tajovuzlarini, tahdid va taʼqiblarini koʻrsatib, tahlil qilib, asoslab berdi. Mafkuralar, taʼlimotlar, gʻoyalar toptab tashlagan inson shaʼnini, inson nomini, inson gʻururini Soʻz maydonida himoya qildi; soʻz bilan, qalam bilan texnokratlashayotgan, moddiylashayotgan, manfaatlashayotgan, mafkuralashayotgan, oʻzini yaratgan asosdan tobora uzoqlashib, uzilib, yolgʻizlik, maʼnisizlik, xudbinlik, yovuzlik, johillik sari ketayotgan bashariy zalolatga, bashariy mahkumlikka, bashariy manqurtlikka, bashariy qabohatga qarshi murosasiz kurashdi.

Gap shundaki, yuqorida nomlari zikr etilgan dunyo adabiyoti vakillarining har biri alohida dunyo: jahon adabiyotida oʻz uslublari, oʻz qarashlari, insonni tahlil etishdagi oʻz yoʻnalish, oʻz ohang, oʻz konsepsiyalariga ega. Kafka, Kamyu, Sartrlar dunyoga, odamga ekzistensialistik yondashgan boʻlsa, Maks Frish, Fridrix Dyurrenmatt, Kendzaburo Oe asarlarida biz texnokratlashayotgan, oʻz tabiiy zaminidan uzilgan insonning botiniy dunyosi manzaralari hamda fojiasi tahlilini koʻramiz. Gabriel Garsia Markes, Karlos Fuentes, Vargas Losalar Borxes, Onetti, Pedro Paramolar reallik bilan roʻyo, voqelik bilan tasavvur fusunkor realizm adabiyotining ajralmas boʻlagi, hatto insonni tadqiq etishdagi yangi usuli ekanini isbotlab berishdi. Bu uslubda ertaklar, miflar, afsonalar, rivoyatlar, xayol badiiy vositaga aylanib ketadi, badiiy shartlilik yanayam shaffoflashadi, inson botinining ifodasi yanayam badiiylashadi, jozibalashadi, timsollashadi, chuqurlashadi. Chingiz Aytmatov esa XX asrga xos uslublarni, jumladan, yuqorida nomlari zikr etilgan yozuvchilarga xos boʻlgan barcha uslubni, yangi ifoda usullarini, qarashlarni, tashbehu talqinlarni oʻz ijodida, oʻz badiiy olamida birlashtira oldi.

“Jamila”, “Yuzma-yuz”, “Boʻtakoʻz”, “Erta qaytgan turnalar”, “Sarvqomat dilbarim” kabi qissalarda insonga va voqelikka ekzistensialistik munosabatni koʻrsak, “Oq kema”, “Ona yer”, “Asrga tatigulik kun”, “Sohil boʻylab chopayotgan olapar” asarlarida biz fusunkor realizmga xos boʻlgan uslubni – mif hamda asotirlarning, shartlilikning, fantasmagoriyaning badiiy vositaga aylanib ketganini, “Kassandra tamgʻasi”, “Fudziyamaga ogʻish”, “Kunda” (oʻzbek tiliga “Qiyomat” deb tarjima qilingan) asarlarida texnokratlashayotgan inson fojiasi tahlilini koʻramiz. Shunga koʻra, qatʼiyat bilan aytish mumkinki, Chingiz Aytmatov jahon adabiyotining XX asr 60–90-yillariga xos boʻlgan barcha uslub, yoʻnalish, muammo, masala, tahlil, ifoda usuli, umuman, barcha ilgʻor anʼanalarini oʻz ijodida namoyon eta olgani, ijodiy laboratoriyasida sinab koʻrgani, sintez qilgani bilan ham eʼtiboru eʼtirofga loyiq adibdir. Zotan, Chingiz Aytmatov zamonaviy turkiy adabiyotga jahoniy koʻlam, jahoniy miqyos, jahoniy nigoh olib kirdiki, buyuk va betakror asar “Boburnoma”dan soʻng dunyo nazaridan chetda qolgan turkiy badiiy tafakkurga yana banibashar eʼtiboriyu eʼtirofini qarata boshladi. Ana shu xizmatining oʻziyoq Chingiz Aytmatovning nafaqat qirgʻiz yoki umumturkiy, balki jahon adabiyotida mustahkam, metindek faxrli, sharafli oʻrni borligini koʻrsatadi.

Adib eng soʻnggi asarigacha inson qalbini, uning koʻnglini himoya qildi, uning maʼnaviy tanazzul botqogʻidan qutulishidan umid uzmadi. Biz Jamila, Asal, Bola, Moʻmin, Toʻlgʻonoy, Edigey, Avdiy va boshqa obrazlarda insonga xos qalb tarovatini, insonning kelajagi hamda ertasiga, uning irodasi va qudratiga ishonchni his etamiz.

“Sohil boʻylab chopayotgan olapar” asari insonga boʻlgan umidning yorqin namunasi sanaladi. Bolani – kelajakni saqlab qolish uchun, eng soʻnggi tomchi suvni ichib qoʻymaslik uchun kattalar birin-ketin halok boʻlishadi: agar kattalar oʻzlarini kelajakni – bolani saqlab qolish uchun qurbon qilishmaganda chanqoqlikdan bola – kelajak ham halok boʻlardi. Soʻnggi tomchi suv bilan tirik qolgan bola oʻz manziliga – ona makoniga yetib boradi. Bu inson va uning yelkasidagi masʼuliyat haqidagi, baniolam hamda odam uchun kelajakni saqlab qolish haqidagi timsoliy xulosa, timsoliy hikmat edi. Haqiqiy inson oʻzi yashab turgan zamin, sayyora, uy ertaga bolalariga ham qolishi uchun bugungi soʻnggi obihayot tomchilariga aylanayotgan maʼnaviy, insoniy fazilatlarni, ezgulikni, olam va tabiat bilan uygʻunlikni asrab qolishi, uni avlodlarga yetkazishi shart hamda zarur. Insonni faqat shu yoʻl qutqara oladi, faqat shu yoʻl bilan kelajak asrab qolinadi.

Chingiz Aytmatov asarlarini oʻqigan har bir oʻquvchi hayot, inson, olam, tiriklik haqida olam-olam saboqlar, xulosalar, fikrlar oladi. Bu saboqlar uni maʼnaviy komillik sari yoʻlga undashiga, bu yoʻlda oʻquvchiga madad berishiga, mayoq va saboq vazifasini oʻtashiga shubha yoʻq. Zero, kitob mutolaasi inson uchun hamisha maʼnaviy saboq hamda maʼnaviy mayoq vazifasini oʻtaydi, uni oʻtmishdan saboq olib, kelajak uchun yashashga oʻrgatadi.

 

Nazar ESHONQUL,

yozuvchi

 

“Ijod olami”, 2018/4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.