“Chin naqshi ham rashk etar…”

0
208
marta koʻrilgan.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, butun dunyo mamlakatlari bilan doʻstona, har tomonlama manfaatli aloqalar oʻrnatildi. Jahonning eng yirik, manaman degan davlatlari bilan ham teng sheriklik, oʻzaro hurmat asosida hamkorlik qilyapmiz. Jumladan, xalqaro maydonda katta nufuzga ega boʻlgan Xitoy Xalq Respublikasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi diplomatik aloqalar kun sayin mustahkamlanib, yangi bosqichga koʻtarilib boryapti. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning oʻziyoq ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik qay darajada jiddiy, ishonchli ruhda ekaniga dalildir.

 

Oʻzbekiston singari Xitoy ham qadim madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlib, ikki oʻlka oʻrtasida azaldan turli sohalar boʻyicha aloqalar rivoj topgan. Xitoy yilnomalarida yurtimiz tarixiga oid nodir maʼlumotlar uchrashi ham buning isbotidir.

Oʻzbek mumtoz adabiyotida, jumladan, ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy sheʼriyatida bu mamlakatning qadimgi nomi Chin atamasi keng qoʻllangan. Negaki, “Navoiy Oʻrta Osiyo, Eron, Kavkaz, Xitoy, Hindiston va Yunon (Gretsiya) singari qadimgi oʻlkalarning tarixiy, madaniy boyliklari bilan yaqindan tanish edi”1. “Xamsa”ning bosh qahramoni Farhod Chin xoqonining oʻgʻli ekani ham, “Saddi Iskandariy”da Xitoyga qoʻshin tortib borgan Iskandarning Chin xoqoni bilan muloqoti talqini ham buyuk shoirning Xitoyga eʼtibori va qiziqishi katta boʻlganini tasdiqlaydi2. Keling, kuzatuvni aynan “Farhod va Shirin”dan boshlaylik. Ulugʻ mutafakkir Farhod tavallud topgan Chin mulkini taʼriflar ekan, eng goʻzal tashbehlarni qoʻllaydi:

Ki, Chin mulkiki, rashki naqshi Chindur,

Savodi gʻayrati xuldi barindur3.

Bu oʻrinda “savod” soʻzi “oʻlka”, “hudud” maʼnolarida kelgan boʻlsa, “gʻayrat” soʻzi “rashk, qizgʻanish” mazmunida4. Bayt sharhi: “Chin mulkining goʻzalligiga Chin naqshining oʻzi ham rashk qiladi, bu oʻlka hududiga jannat ham havas bilan qaraydi”. Demak, komil inson timsoli boʻlgan Farhod ana shunday goʻzal oʻlkada tugʻiladi.

Yoki mana bu bayt mazmuniga diqqat qiling:

Bu gulshanniki rashki naqshi Chindur,

Nasimi ham, guli ham otashindur (FSH, 45).

Chin naqshlari ham rashk qiladigan bu gulshanning nasimi (shamoli) ham, guli ham otashin, yaʼni odamning koʻziga issiq koʻrinadi, benihoya yoqimli, deyilmoqda mazkur baytda.

Ushbu taʼriflarning oʻziyoq hazrat Navoiy qalbida Chinga qiziqish nechogʻlik baland boʻlgani dalilidir. Xuddi shunday fikrlarni ulugʻ shoirning “Hayrat ul-abror” asari misolida ham aytish mumkin. Dostonda Chin atamasi qoʻllangan baytlar quyidagicha:

Naqshigʻa teng tutmay oʻzin naqshi Chin,

Olam oʻlub ilgida naqshi nigin5.

Asarda qay bir oʻrinda goʻzallik toʻgʻrisida, naqsh haqida, naqqoshlik hunari xususida soʻz ketsa, qiyosan albatta “naqshi Chin”, “naqqoshi Chin” birikmalari qoʻllanganini kuzatish mumkin. Bu hol, birinchidan, Xitoyda qadimdan naqqoshlik rivoj topganini koʻrsatsa, ikkinchidan, hazrat Navoiyning bu xalq sanʼati borasidagi eʼtirofidan dalolat beradi. Mana bu misralar ham ushbu fikrni quvvatlaydi:

Bor edi Chin mulkida bir nozanin,

Ojiz aning naqshida naqqoshi Chin (HA, 301).

Xuddi shunga yaqin fikrlar boshqa bir baytda ham goʻzal poetik shaklda ifodalangan:

Qasrlari borcha rafiu matin,

Kilk ushotib naqshidan naqqoshi Chin (HA, 312).

Alisher Navoiy lirik kulliyotini “Xazoyin ul-maoniy” deb atagan. Navoiyshunos olimlarimiz toʻgʻri qayd etganlaridek, bu kulliyot chindan ham maʼnolar xazinasidir. Ana shu xazinadan joy olgan gʻazallarda Chin atamasi goʻzal tashbehlar, betakror metaforalar orqali qoʻllangani kuzatiladi. Shoirning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidan olingan mana bu bayt ushbu fikrni tasdiqlaydi:

Vah, ne yuzdur ulki taqlidin qilib naqqoshi Chin

Cheksa yuz suvrat, birin yuzdin namudor aylamas.

Baytda yor husnu malohati tajnis sanʼati orqali betakror ifodalangan. Yuz soʻzi ikki oʻrinda ikki xil: 1) yor chehrasi; 2) miqdor maʼnolarida qoʻllangan.

Taqvo evi hamvor erur, subham ipi zunnor erur,

Uy kulbayi xammor erur,

to koʻrdum ul Chin luʼbatin.

Ushbu baytdagi “Chin luʼbati” birikmasi “Navoiy asarlari lugʻati”da “Chin goʻzali” deya izohlangan6. Baytda Chin goʻzalini koʻrgan oshiq holati irfoniy mohiyat hamda betakror badiiyat bilan ifodalangan. Mana bu baytda esa tabiat tasviri oshiq ruhiyati bilan uygʻunlikda ohorli poetik talqin etilgan:

To dasht bahor birla rangin boʻlgʻay,

Gulzor nigorxonayi Chin boʻlgʻay.

Nigorxona suratlar bilan bezatilgan xona maʼnosini anglatadi. Shoir dasht turli rang bilan bezangan bahorda gulzor Chin nigorxonasiga aylanadi, deya tanosub va tashbeh sanʼatlari vositasida oʻzi ifodalmoqchi boʻlgan fikrni ziynatlaydi. “Nigorxonayi Chin” birikmasi bayt mazmunida yetakchi mavqega ega va shoir badiiy niyatini ifodalashda kalit soʻzlar vazifasini oʻtagan, deyish mumkin.

Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonida ham Chin bilan bogʻliq tashbehlar, metaforalar mahorat bilan ifodalangan.

Chin kiyigi desam koʻzin, vah, nedurur itob anga,

Chunki qarosi koʻrguzur har sari mushki nob anga.

Bu baytda shoir maʼshuqa koʻzini Chin kiyigiga tashbeh etadi. “Mushki nob” – “sof mushk, toza mushk; oʻta xushboʻy”7 maʼnolarini anglatadi. Chin atamasi faqat ushbu baytdagina emas, boshqa oʻrinlarda ham muayyan soʻz bilan birgalikda ana shunday goʻzallik, mukammallik timsoli sifatida qoʻllangani kuzatiladi.

Mana bu bayt jozibasi oʻquvchini hayrat dengiziga choʻmdiradi. Badiiyatning, sheʼriyatning qudrati nechogʻlik yuksak ekanini anglash imkonini beradi:

Keldi Chin naqqoshi ul yuz naqshini

qilmoqqa tarh,

Chehra ochib naqshi devor aylading naqqoshni.

Maʼshuqaning goʻzalligi shu darajadaki, uning yuzidagi goʻzallikni tasvirlash niyatida kelgan naqqoshning oʻzi devorga naqshlanib qoladi. Yaʼni uning goʻzalligini tasvirlashga moʻyqalam ojiz. Bu ham mayli, hatto musavvirning oʻzi ham asl niyatini unutib, devor suyanishdan oʻzga chora topa olmaydi.

Orazing Chin naqshi zulfung

mushku haryon xol erur,

Hind elikim Chingʻa kelmish mushk savdo qilgʻali.

Bu baytdagi fikr chin maʼnoda ohorli. Chinakam sanʼatkor shoirgina bunday misralarni ijod qilishga qodir. Shoir baytda goʻzal tashbeh va teran mazmun mutanosibligiga erishgan. Tasavvur qiling: yorning orazi (yuzi) Chin naqshiga mengzaladi, zulfi esa – mushkka. Uning goʻzal yuziga yarashiqli xollari shu qadar koʻpki, goʻyo Hind eli (hindistonliklarning qoramagʻizdan kelganiga ishora) Chinga mushk savdo qilgani tashrif buyurgan.

Chin atamasi bilan bogʻliq bunday poetik talqinlarni shoirning barcha devonlarida mutolaa qilish mumkin. Jumladan, “Badoyeʼ ul-vasat” devonidagi mana bu misralar ham ushbu fikrni quvvatlaydi:

Asru vahshiydur mening mushkin gʻizolim,

ey koʻngul,

Chin kiyigi goʻyiyo bermish anga tuqqonda sut.

Shoir lirik asarlarida “naqqoshi Chin”, “nigorxonayi Chin”, “nofai Chin”, “mushki Chin”, “Chin luʼbati”, “Chin kiyigi”, “Chini zulf” singari tushunchalar keng qoʻllanadi. Eng muhimi, ular fikrni kutilmagan miqyoslarda goʻzal poetik tasvir orqali ifodalash imkonini beradi. Quyidagi bayt ham buning isbotidir:

Chini zulfung gʻami muhlik dedim, oʻlturma meni,

Chin dedim, har neki men zori gʻamandoʻz dedim.

Xulosa qilib aytganda, hazrat Alisher Navoiy sheʼriyatida Chin atamasi bir-birini takrorlamaydigan, ohorli talqinlarga asos boʻlgan. Bu fikr shoirning “Xamsa” dostonlariga ham, lirik sheʼrlariga ham birday taalluqlidir.

 

Oybarchin ABDULHAKIMOVA

 

“Yoshlik”, 2016 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.