Chin adib, mumtoz adib

0
357
marta koʻrilgan.

Yaqinda bir adabiyot muallimi bilan gurunglashib qoldim.

– Oʻquvchilarimdan biri oʻrtogʻining hikoya yoza boshlaganini aytib qoldi, – dedi u. – Bu men uchun yangilik boʻlsa-da, ajablanmadim. Lekin ijodkorlik oddiy hodisa emas-da. Bunga jiddiy sabab boʻlishi kerak. Kimdir tabiatan taʼsirchan boʻladi, Xudo yuqtirgan boʻlsa, ilk jajji asarlar oʻsha taʼsirchanlik mevasi boʻlib tugʻiladi. Ammo hayotida qandaydir jiddiy qiyinchilikka duch kelgan boʻlsa-chi? Bir necha kun oʻtdi. Bu vaqt ichida men oʻsha ijodsevar bolani kuzatdim. Yurish-turishida oʻzgarish yoʻq, ruhi baland, buni sinfdoshlari bilan hazillashishlaridan payqadim. Demak, muammo yoʻq, qaysi sabab yoki omil uni ijod olamiga boshladi ekan? Bu haqda oʻylab yurganimda uni tasodifan “qoʻlga tushirdim”.

Qoʻlida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Saylanma”si bor edi.

Muallimning hikoyasini tinglab, oʻzimning yoshligim, adabiyotga mehr qoʻyganim, “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor?”, “Ogʻir tosh koʻchsa”, “Bodom qishda gulladi” singari hech kimnikiga oʻxshamagan, oddiy va tiniq uslubda bitilgan, eng muhimi, yurakka chuqur taʼsir qiladigan ajib qissayu hikoyalarni takror-takror oʻqiganlarimni, xuddi oʻsha sofkoʻngil oʻquvchi kabi ilk mashqlarimni Shukur Xolmirzayevni oʻqigach, ilhomlanib bitganimni esladim.

Hech kim ijodkor boʻlib tugʻilmaydi, eng ulugʻ shoir va yozuvchilar ham yoshligida kimgadir ergashib, taqlid qilib tetapoya boʻladi. Hatto hazrat Navoiyning ham buyuk shoir boʻlib yetishishida Farididdin Attor, Lutfiy kabi ulugʻlar ijodi turtki boʻlganligi maʼlum. Oʻz navbatida Navoiy izidan borgan adabiyot muhiblari, ijodkorlar orasida minglab topiladi. Chunonchi, bugungi adabiyotimizda ham kimki oʻz soʻzini ayta bilgan, oʻz ovoziga ega boʻlgan boʻlsa, ularning ham ijodda oʻz “kumir”lari, ideallari, havas qilgan shoiru adiblari bor. Oʻzbek adabiyotining atoqli namoyandasi, oʻzbek hikoyachiligini jahon hikoyachiligi bilan boʻylashadigan darajaga olib chiqqan chin adib, mumtoz adib Shukur Xolmirzayevga muxlis boʻlganlar ham, uningdek yozishni orzu qilgan, unga oʻxshab ham shaxs, ham ijodkor sifatida kamol topishni istaganlar ham koʻplab topiladi.

Adib haqida zamondoshlarining xotiralarini oʻqib, oʻylab qolaman. Shunday inson bilan hamsuhbat boʻlganlar qanday ham baxtiyorlar-a! Men esam, adibni faqat bir martagina koʻrganman. Litseyda oʻqib yurganimda, “Maʼrifat” gazetasi tahririyatiga qatnab yurardim. Bir gal kelganimda paltoli, shlyapali, oʻrtaboʻy, qoshlarining chimirilib turishi bir paytlar koʻrkam yigit boʻlganidan nishon berib turgan keksa bir kishi bilan koʻrishib qolganman. Shukur Xolmirzayevni tanidingmi, degan edi yozuvchi bilan xayrlashgach, u yerda ishlaydigan akam. Oʻzim yaxshi koʻrgan yozuvchim haqida shaxsiy xotiram shu ikki-uch soniyalik salomlashuvdangina iborat. Biroq shu ham xotiramda yorqin muhrlanib qolgan.

Bugun bu adib bilan har kuni suhbatlashaman. Hikoya va esselari jam boʻlgan toʻrt jildlik “Saylanma”si, “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor?” qissa va hikoyalardan iborat kitobini mutolaa qilaman. Hayratlanaman. Ie, shunaqayam yozish mumkin ekan-da, deb zavqlanaman. Juda-juda jonli hikoya qiladi adib. Xuddi qarshingizda oʻtirib, voqealarni sizga gapirib berayotgandek. Samimiyat shu qadarki, muallif bilan orangizda santimetr ham masofa qolmaydi – bir asarida uni akam deb, yana bir asarida sirdosh doʻstim deb qabul qilasiz. Baayni, yaxshi koʻrgan akangiz sizni oʻtirgʻizib olib gurung beradi. Gurungki, uni bir daryo desangiz, qoʻshilib oqib ketgilaringiz keladi.

Shunday ijodkorga ergashmaslik mumkinmi? Gap kelajakda “ikkinchi Shukur Xolmirzayev” boʻlish ustida emas. Yozuvchi ijodini toʻla oʻrganish, uning maktabidan yetarli saboq olish muhim. Masalan, nasrda ijod qila boshlagan tengdoshlarim yoki uka-singillarim uchun Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom yoki Togʻay Murod nasrini puxta oʻrganish qanchalar zarur boʻlsa, Shukur Xolmirzayev ijodini oʻrganish ham shunchalar ahamiyatli.

Shoir-yozuvchilar ijodini targʻib etishga yoʻnaltirilgan maxsus jamgʻarmalar tashkil etish jahon tajribasida bor holat. Xoʻsh, nega endi bizda ham “Shukur Xolmirzayev fondi”ni tashkil etish mumkin emas. Oʻzbekiston Oʻzuvchilar uyushmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar koʻmagida shunday jamgʻarma tashkil etilsa, avvalo, adabiyot muxlislari uchun ulkan xayrli ish amalga oshgan boʻladi. Adibning qayta nashr etilmay yotgan oʻnlab kitoblari shu jamgʻarma koʻmagida chop etilib, xalqimiz qoʻliga yetib borardi. Qolaversa, yosh hikoyanavislar toʻgaragi tashkil etilishi, unga Shukur Xolmirzayev ijodini tadqiq etgan taniqli adabiyotshunoslar, adiblar jalb etilib, yosh qalamkashlarga mahorat saboqlarini berishlari mumkin. Jamgʻarma homiyligida nasrda ijod qiladigan yoshlar oʻrtasida Shukur Xolmirzayev nomidagi maxsus tanlov tashkil etish, ularning kitoblarini chop etib borish mumkin.

Shukur Xolmirzayevning aksariyat asarlari qahramonlari – yoshlar. Ular boricha, zarracha sunʼiylikdan xoli, zarracha boʻrttirishlarsiz tasvirlangan. Oʻylaymizki, tengdoshlarimiz – bugunning yoshlari ham oʻzlarining hayoti aks etgan goʻzal asarlardan keng koʻlamda bahramand boʻlishga haqlilar.

Zero zahmatkash adibimiz qoldirgan benihoya ulkan meros adabiyotimiz ravnaqi uchun judu zarurdir.

 

Elmurod NISHONOV,

“Turkiston” muxbiri

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.