Chavandoz qamchisidan chaqnagan qissa

0
34
marta ko‘rilgan.

Co‘z san’ati o‘zini badiiy obrazlar orqali namoyon qiladi. Badiiy obraz esa ko‘zguga qarab o‘z aksimizni ko‘rganimiz kabi ijodkor ruhiyatidagi bizning aksimizga ijodkor tomonidan berilgan xolis qarashdir. Badiiy obrazda xarakter yoki borliqning yaxlit tasviri to‘laligicha va bor murakkabliklari bilan ijodkor ongi orqali asarga ko‘chib o‘tadi. Bu jarayonda u inson va olamning quruq tasviri bo‘lib qolmay, ijodkorning dunyoqarashi orqali ongida kashf etilgan inson va olamni aks ettiradi. Bu yozuvchining inson va hayotga bergan estetik bahosi sanaladi. Shuningdek, mazkur hodisa yozuvchining maqsadiga bog‘liq holda amalga oshadi. “Badiiy asarda ozmi-ko‘pmi tafsilot bilan tasvir etilgan personaj – obraz yoki xarakter deb ataladi. Obraz insonning tipiklashtirilgan va individuallashtirilgan tasviridir… Xarakter (obraz) muallif estetik idealini tashuvchidir”.[1] Obraz ma’lum bir muhitda harakat etish natijasida namoyon bo‘ladi va shakllanadi.

Borliqda azaliy qarama-qarshi unsurlar: suv va olov, ibtido va intiho, ezgulik va yovuzlik, yorug‘lik va zulmat, hissizlik va hayajon singari antonimik qarashlar mavjud. Bu hol insonlar ongi va tafakkurida ham aks etadi. Insoniyat yaratilibdiki, jamiyat va inson o‘rtasida ayro jihatlar mavjud bo‘lgan, ana o‘sha davrlardan ramziylik adabiyotning muhim omiliga aylangan. Ijodkor hislari ramzlarda aks etgan. Ramz – ko‘chma ma’no kasb etuvchi obrazlilik turi. Muallif qarashlarini badiiy obraz zohiriy akslantirsa, ramziy obraz esa botiniy ifodalaydi.

Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasida manfur ijtimoiy muhit ta’siri sezilsa-da, muallif o‘z qarashlarini ochiq bayon eta olgan. Muallif kech kuzda tug‘ilib o‘sgan yurti – Surxon vohasiga yo‘l olgani, Sattor chavandoz bilan til topishib, chavandoz unga ot topib berganligini aytadi va “Men… otlandim” deydi. Bu uning adabiyotimizga yana bir asarini tuhfa qilmoqchi bo‘lib, nomini abadiylashtirishga otlanganini anglatadi. “Uzun qish ko‘pkarixona – ish joyim bo‘ldi, chavandozlar – hamxonam bo‘ldi, otlar – birodarim bo‘ldi. Nihoyat, ko‘klamda “Ot kishnagan oqshom” nomli ikkinchi qissamni jurnalga ko‘tarib keldim” deb aytadi. Adabiyotshunoslar e’tirofidan farzandi kamolini ko‘rgan otadek quvongan yozuvchi “Men” nomli maqolasida “Qissa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining hisobot yig‘ilishida yilning eng yaxshi qissasi deya baholandi” deb yozadi. Yozuvchining mahorati uning hayotiy bilimlari, ko‘pkarining qonun-qoidalarini mukammal tushunib, ko‘rgan-kechirgani va chopgan uloqlari gazi bilan o‘lchanadi. Ana shunday yetuk asarni yozish uchun muallif bir-necha martalab chavandozlardan qamchi yeb, otdan yiqilib, haqoratli so‘zlar bilan tahqirlangan. Asarda o‘zbek folklori va dunyo adabiyotining ta’siri ham beqiyos. Adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshev Azim Ro‘ziyev bilan “Tog‘ay Murod chizgan suratlar” suhbat-maqolasida shunday deydi: “Ziyodulla obrazi orqali insonning nozik kechinmalari, ziddiyatlari ochib beriladi. U kal bo‘lsa-da, ko‘nglining shu qadar nozikligi, g‘ururi shu darajada balandligi, erkinligi va atrofini o‘rab turgan kishilarning naqadar qallobligi, sotqinligi-yu qo‘rqoqligi qanday ifodalanganligini ko‘ring-a. “Ot kishnagan oqshom” qissasi dunyodagi adolat va adolatsizlik haqidagi go‘zal hamda dahshatli asar. Bu qissa adibning boshqa asarlari singari ezgulikka da’vat etadi. Ezgulik va razolatning mangu kurashidan bahs etadi. Tog‘ay Murod asarlari millatimiz yuksalishiga, ma’naviyati balandroq, ko‘ngli tozaroq bo‘lishiga xizmat qiladi”[2] deydi. Bu va shunga o‘xshash fikrlar “Men qaytib kelaman” nomli xotiralar kitobida ko‘plab uchraydi. Muallif mazkur asarni yozib, o‘zbek milliy koloritini o‘zida mujassam etgan ko‘pkari (uloq) yo‘qolib ketish arafasida turgan bir paytda uni ommaga qaytarish uchun o‘zida kuch topa olgan edi. Kal katta Ziyodullaning otini olib ketish uchun kelganida u “… Otam bechora sovet tuzumini deb qurbon bo‘ldi. Otga kelsam, ot yigitning yo‘ldoshi, katta. Qolabersa, ot bilan ko‘pkari chopamiz…” deb ajdodlardan o‘tib kelayotgan bu sport turining bardavomligi haqida so‘zlaydi. Lekin kal katta unga “Ko‘pkari – eskilik sarqiti! Ko‘pkari – yovvoyilar o‘yini” deb tanbeh beradi. Muallif esa Ziyodulla obrazi orqali bu fikrlarga tish-tirnog‘i bilan qarshi turib, ham ma’nan, ham jismonan kuchli bo‘lgan xalq vakillarining o‘yini ekanligini aytadi.

Asarda bosh obraz Ziyodulla Qurbonov. Asar uning tilidan hikoya qilinadi. Roviy nutqidagi “ta’til qildim” (ovqatlandim), “do‘mbiramni sayratdim” (do‘mbiramni chaldim), “cho‘nqayibman” (engashmoq), “chiningni ayt” (rostini ayt), “zuvalasi pishiq”, “bo‘limli” (baquvvat), “sag‘ir” (etim), “burnini jiyirib” (nazarga ilmay) kabi sheva so‘zlarning iste’molga kirib kelishi adabiy til uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Tog‘ay Murod nasrining ifoda tarzi haqida professor Bahodir Sarimsoqov: “Adib o‘zbek badiiy nasridagi bayon poetikasini butunlay yangi o‘zanga burib yubordi. Epik bayonning bu shakli hozirgi o‘zbek nasrida mutlaqo yangi badiiy hodisa bo‘ldi. Men bu hodisani kvantiy bayon shakli, deb nomlagim keladi va epik bayonning ushbu shamoyili haqida, umr nasib etsa, maxsus bir tadqiqot qilish niyatim yo‘q emas”, deb yozadi. Muallif so‘zga xasislik qilmasdan bayon etikasiga amal qilib, o‘zining shunday uslubini yaratadi. U takroriy so‘zlarni ko‘p qo‘llaydi. Takrorlar uning ifoda tarzi orqali ulkan ma’no kasb etadi.

Ko‘pkari el-yurt ori uchun kurashib kelgan dovyurak chavandozlarning mardligi va halolligi bilan yo‘g‘rilgani bois e’tiborga loyiq. Unda halollik qancha ko‘kka ko‘tarilsa, g‘irromlik shuncha yerga uriladi. Fikrimizning dalili sifatida ko‘pkarining asosiy shartlari zamiridagi insoniy ma’no va axloqiy mezonlariga e’tibor qilaylik: “Bakovul… qamchi sopini boshi uzra ko‘tardi. Jarangdor ovozda aytdi: “Chavandozlar-ov! Gapimni o‘ng qulog‘ing bilan-da, chap qulog‘ing bilan-da eshitib ol! Chilvir solmaysan – bir! Bir-birovingni yomon gap bilan so‘kma – ikki! Qamchi solma – uch! Yiqilgan chavandoz ustiga ot solma – to‘rt! Ot qochganda ushlashga yordam ber – besh!” Bu hukmdek yangragan so‘zlar tildanmas yurakdan chiqadi. Ko‘pkarida faqat halol ishgina o‘zini oqlaydi. Bu haqda adabiyotshunos Usmon Qosimov: “Xalqimizning milliy g‘ururi bo‘lgan oliyhimmat chavandozlarning mard va halolligi qanchalar yuksak taqdirlanishi va aksincha, ko‘pkarida nohaqlik qilgan pastkash bakovul va qitmir uloqchilarning el qarg‘ish, nafratiga duchor bo‘lishi kitobxon qalbidagi pok insoniy tuyg‘ularni jo‘sh urdirib, uning haqiqat va ezgulikka bo‘lgan umid, ishonchini orttirishi tabiiydir”,[3] deb yozadi. Qissadagi kurash qahramonlar ishtiroki orqali mantiqiy isbotini topgan va g‘amli badiiy talqinlari ham chuqur falsafiy asosga ega.

Ziyodulla chavandozning asar boshidagi kal bo‘lib qolish holati uni qanchalik o‘ksitmasin, ahdida sobit turib, aytganini bajaradigan, fikridan qaytmaydigan insonga aylanadi. To‘g‘ri, u ham odam – xato qiladi, ammo adolat haqida gap ketsa, boshini kundaga qo‘yib bera oladi. U otning o‘sib-ulg‘ayishi haqida “Birodarlar, sara ot, chavandoz aql-zakovatidan bino bo‘ladi! Sara ot chavandoz qalb qo‘ridan bino bo‘ladi!.. Qanday qilib tarbiyaladim? Aytmayman, birovlar bilib qoladi, aytmayman…” deb o‘zining dunyoqarashini fosh qilib qo‘yadi. Bu esa uning ochiqko‘ngilligi va samimiyatidan dalolat beradi. U ana shunday gaplarni erkalash ohangida aytadi. Yana bir gap, Ziyodulla ot bilan butun shaxs va bir butunlikni tashkil etadi. U chavandoz bo‘lib, diqqatimizni tortdi va bizning sevimli qahramonimizga aylandi. Ziyodulla chavandozning otga, ayniqsa, Tarlonga mehri bo‘lakcha. U “Otning sarasi menda, quling o‘rgilsin menda!” deya o‘zini otining haqiqiy egasi sanaydi. U xalq dostonlarini do‘mbira jo‘rligida aytadi. Asarni o‘qirkanmiz go‘yoki doston eshitgandek bo‘lamiz. Odatda, xalq dostonlarida dovyurak, mard, botir alplar otga minib yurt ori va el sha’ni uchun o‘zining ezgu amallari va jasoratlarini ko‘rsatganlar. Haqiqatan, dostonlarga ko‘ra, otga har tomonlama mukammal, o‘lkaning ko‘zga ko‘ringan insonlari, qiyinchiliklarni sabot bilan yengguvchi alpkelbat, husnda ham ancha ko‘rkli yigitlari yarashadiki, Tog‘ay Murod ana shuni yurakdan his qilib, jamiyat kirdikorlarini ochishda iqtisodiy qiyinchilikdan bezgan va sog‘lom muhit hamda haqiqat tarafdori bo‘lgan Ziyodulla obrazi orqali bu muammoni yechishga harakat qiladi. Yozuvchi Alpomish, Avazxon, Ravshanxon, Kuntug‘mishlar kabi har tomonlama yetuk, shunga qaramay boshida sochi yo‘q bo‘lgan Ziyodulla kalni “otga mindirib” o‘zining paradoksal qarashlarini ko‘rsatadi. Yozuvchi mahorati, odatda, alplar minishi kerak bo‘lgan otga oddiy xalq vakili Ziyodullani loyiq ko‘rishida. Shunday alp bahodirlar qayerdan yetishib chiqqan? Xalq orasidan-da. Shu bois Ziyodulla qorishiq obraz bo‘lib, u o‘zida xalq folklori an’analarini ham mujassam etadi.

Chavandozlik sirlarini mukammal egallashi, tush motivi, go‘zal bir hurliqoni tushida ko‘rib qancha malomatlar bilan bo‘lsa ham unga uylanishi xalq dostonlarida ham bor. Bir qarashda komik talqin ustuvor bo‘lgan bu qissada ijtimoiyatning badiiyatga ko‘chishi aks etgan. Bunda jamiyatning qusurlarini o‘zida namoyon etadigan bir dard yotibdi. Yuqorida aytib o‘tilgan Alpomish, Avazxon, Ravshanxon, Kuntug‘mishlar sultonlar avlodidan. Ular elning obro‘li insonlari farzandi bo‘lib gavdalanadilar. Shu yo‘sinda o‘zlarining g‘ayrat-shijoatlarini ishga solib qahramonliklar ko‘rsatib, xalqning obro‘li insonlariga aylanadilar. E’tibor qiling, ularning ko‘rinishi ham nuqsonsiz. Bizning Ziyodulla chavandoz esa, aksincha oddiy xalq vakili. Dunyoqarashi ham o‘ziga xos. U mohir chavandoz. O‘zbeklarga xos ahdiga sodiq, o‘ziga ishonchi baland, adolatni sevguvchi, faqat o‘zini o‘ylamasdan, o‘zgalar g‘ami bilan yonguvchi obraz. O‘zbeklarga xos tantilik, g‘ayrat aks etgan tasvirga e’tibor bering: “… tag‘in uzaldi… uloq junini eti bilan qo‘shib ushladim, g‘ijimlab ushladim. Bor kuchim bilan siltab ko‘tardim, egar qoshiga o‘ngarib oldim! Ko‘kragim ostiga bosdim, bilaklarim bilan bosdim!

Ko‘z ilashmay qoldi!

Qolgan ish Tarlon ishi bo‘ldi! Tarlon tulkiday chopdi!

Ko‘pkari oxiri menda ketdi. Men zafar qozondim!

Birodarlar, o‘zbek eli o‘r keladi, o‘zi o‘jar, zo‘r keladi!” ko‘pkarilardan birida bo‘layotgan nohaqlik va baxilliklardan aziyat chekkan ko‘p katta chavandozlar bir to‘da pastkashlarga zarda qilib, to‘yni ham, uloqni ham tashlab ketadilar. U boshqa uzangi yo‘ldoshlari singari oson yo‘lni tanlamaydi. Yolg‘iz o‘zi o‘sha ko‘pkaridagi nohaqlik va adolatsizlikka qarshi kurashadi. Ziyodulla chavandozdagi insof, diyonat, atrofdagi odamlarga mehr-oqibat va ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga g‘arazsiz munosabat uni doimo adolat va ezgulikni himoya qilishga undaydi. Uning tabiatiga ko‘rib-ko‘rmaslikka olish, o‘zini bilmaganga solish begona.

Bu obrazni yaratishdan asosiy maqsad: mustamlaka tuzumining qonli jarohatidan ozor chekkan xalqning ichki g‘alayonlarini aks ettirish edi. Tog‘ay Murod o‘sha jamiyatdagi nohaqliklarga Ziyodulla chavandoz obrazini qalqon qilib ko‘rsatadi. Muallif qalbida bir dard bor ediki, u ham bo‘lsa, xalq manfaati, inson erki, jamiyat farovonligi, el-yurt ma’naviyati bilan bog‘liq edi. Akademik Baxtiyor Nazarov bilan Farrux Jabborovning “Davralari davom etadi” nomli suhbat-maqolasida shunday jumlalar bor: “Ot kishnagan oqshom” qissasi qahramoni Ziyodullaning adolatsizlik bilan, haqsizlik bilan sira chiqisha olmasligini yodga oling. Ko‘pkarilardagi ba’zi g‘irromliklardan tutab ketishini aytmaysizmi? Go‘yo chavandozlarnimas o‘zini himoya qilayotgandek o‘rtanib yozadi Tog‘ay Murod. U hayotda ham mana shunday bo‘lganini tanigan-bilganlar yaxshi eslashadi. Tog‘ay gapni isrof qilib chuvalashtirib o‘tirmay, kezi kelganda, mushtni ishga solishdan ham tap tortmasdi. Ba’zan bunga o‘zim guvoh bo‘lganman”. U mardlik va jasoratni shunday qattiq himoya qiladiki, uning taxayyul olami bilan real hayotni chog‘ishtirib yuborasan kishi.

Bir qarashda, paradoksal tarzda komik talqin etilgan Ziyodulla chavandoz obrazi jamiyatning xo‘rlangan, tahqirlangan bir vakili. Muallif XX asrning 70–80 yillaridagi xalqning ahvolini ramz sifatida “kal”ga yuklaydi. Muallif jamiyat nuqsonlarini boshi kal inson ko‘rinishiga mengzaydi va bu obrazni bolaligidan kal qilib ko‘rsatadi. Inson tana a’zolaridan ko‘zga tashlanadigani va e’tiborni tortadigani – bosh qism. U o‘zini qiynagan armonlarini shu bosh orqali ko‘rsatib beradi.

Asardagi Ziyodulla obrazi mavjud tuzumga isyon sifatida gavdalanadi. Uni bir ilmsiz, ma’rifatsiz inson sifatida ham ayblab bo‘lmaydi. “… Siyohdonni olib, muallimning yuziga otdim. Tegmadi. Keyin tashqari otildim… Yana qaytib maktabga oyog‘imni bosmadim… onamiz aldab-avradi, baribir maktabga bormadim”. Nega bormaydi? Chunki u qattiq uyaladi. “Uyat o‘limdan qattiq” deydilar-ku! Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi o‘zi xohlagandek odam bo‘lishida asqatadi. Undagi uyat o‘sha jamiyatga bo‘lgan isyonni keltirib chiqaradi. U asar boshidanoq jamiyatning tragik holatini ocha boshlaydi. Uni tomirida oqayotgan toza qon, ajdodlardan qolgan g‘urur va ertangi kunga ishonch boshqaradi. U hamma narsaga e’tibor beravermaydi. G‘ururi, moli, ori, joniga tegadigan ishlargagina qarshi boradi. “… chaqaloqli uyni qaradi… kattalar qilig‘i hamiyatimga tegdi. Tishimni tishimga zo‘rg‘a bosib turdim” deb erkaklik sha’ni toptalganini his etadi. Yana bir o‘rinda Kal katta og‘zini tiyolmay qoladi:

“ – O‘chir-e…

– Katta, enamni so‘kmang… sizga bundayin beposhna gaplar ep bo‘lmaydi…

– O‘chir deyman-e…

– Esa men ham sizning…

Kal katta o‘z shashti bilan, o‘z zabti bilan supadan uchib ketdi. Chuqurga borib tushdi. Raisimiz dovdirab qoldi”.

Bu voqeaning yuzaga kelishiga bir sabab bor, u ham bo‘lsa: birgina mansab ishtiyoqida yongan kimsaning “kattakon”larga yaxshi ko‘rinish uchun qilgan ishi. O‘sha jarayonda rais ham mansab ilinjida Kal kattaning qilmishlarini oqlab, o‘zini yaxshi ko‘rsatishga urinadi. Ichki ishlar xodimlarining oldida ham yolg‘on guvohlik beradi. Odatda, xalqning ezilishi orqali biror mansabga erishilmaydi. Inson o‘z iste’dodi, mehnati va ezgu amallari evaziga e’tibor qozonadi va elning og‘ziga tushadi. Mansab, e’tibor tortib yoki sotib olinmaydi – qozoniladi. Elning qarg‘ishi Kal kattani shunday ahvolga olib keladiki, oxir-oqibatda xor bo‘ladi. Ziyodulla esa o‘zining g‘ayrati va shijoati bilan elning orini oladi, uzangi yo‘ldoshlari hech qanday sovrin olib qaytolmagan to‘ydan ham u zot bilan qaytadi, haqini “ayirib” qaytadi. “ – Qalay, quruq qaytmadilaringmi, ishqilib?.. Men oldimdagi serka junini og‘ritib-og‘ritib tortdim. Serka uzib-uzib ma’radi” deydi. Shunda u faqat o‘ziningmas uzangi yo‘ldoshlarini ham uyatdan saqlaydi. “ – Ana shunday ovozli jonlilardan barimizda bor! Xurjundagi qat-qat to‘nlarni aytmasak-da bo‘ladi!” deya sheriklarini tragik vaziyatdan olib chiqadi. U to‘ylardan birida Jo‘ra boboning Saman otini minib ko‘pkarida ot suradi. U sinalmagan otga minmaydi, lekin Jo‘ra boboning ko‘ngliga qaraydi. Uning ko‘ngliga qarayman deb “qon yutadi” va o‘zining “Birodarlar, og‘zing qora qon bo‘lsa-da, g‘animing oldida tupurma” konsepsiyasiga amal qiladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Ziyodulla obrazi orqali insoniyatning qabih qilmishlari qarshisidagi g‘olib shaxs va oddiy hayvon, otning mehri oldidagi ojiz qalb va sel bo‘lgan yurakni, odamlar mehridan tonib, hayvonlar mehriga zor kimsa ruhiyatidagi g‘alayonlarni ilg‘aymiz. Bu obraz bizning yerga ko‘milayotgan urf-odatlarimiz va unutilayozgan rasm-rusumlarimizning qaytishi va davomiyligini ta’minlashga xizmat qilgan, deb ishonch bilan ayta olamiz.

 

Zavqiddin SUVONOV

1986 yilda tug‘ilgan. Termiz davlat universitetini, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti magistraturasini tamomlagan. Respublika matbuotida qator ilmiy maqolalari e’lon qilingan. “Poetik obraz tabiati” nomli ilmiy risolasi nashrdan chiqqan.

 

“Sharq yulduzi”, 2017/9

 

 


[1]  Sultonov I. Adabiyot nazariyasi. 2-nashr. T.: O‘qituvchi. 1986.

[2] Yo‘ldoshev. Q. Tog‘ay Murodning o‘z so‘zi. To‘plam. O‘ziga xos shaxsiyat va betakror iste’dod. Yangiyer. 2008.

[3] Qosimov. U. Hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida Tog‘ay Murod ijodi. “Yozuvchi”. 1997.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.