Buyuk ummondan bahralar

0
195
marta koʻrilgan.

Turli janrlardagi asarlarda hazrat Alisher Navoiy siymosi oʻzga xos badiiy talqin etib kelinadi. Albatta, oʻz asarlarida Alisher Navoiy siymosini yaratishga urinish ijod ahlining deyarli barchasi uchun xosdir. Ularning asarlari orasida ixcham lirik lavhalar ham, yirik epik asarlar ham mavjud. Muhimi, bu asarlarning aksariyatida Alisher Navoiyning sermazmun hayoti hamda serqirra faoliyati butun rang-barangligi bilan namoyon boʻlgan. Ularni oʻziga xos navoiynomaning alohida-alohida sahifalari sifatida tasavvur etish mumkin.

Atoqli shoir Abdulla Oripov buyuk bobokalonimiz obrazini yaratishda zamonamiz shoirlaridan ancha ilgarilab ketgan. Jumladan, “Oʻzbekiston” sheʼrida shoir mana bunday yozadi:

Besh asrkim nazmiy saroyni,

Titratadi zanjirband bir sher.

Temur tigʻi yetmagan joyni,

Qalam bilan oldi Alisher.

Dunyo boʻldi chamanim manim.

Oʻzbekiston Vatanim manim.

Shoir sheʼriyati hikmatga yoʻgʻrilgani, obrazli tasvirning yorqinligi, hayot haqiqati badiiy haqiqatga yuksalgani bilan alohida ajralib turadi.

Xayol kabi keng erur olam,

Mayda gapni koʻtarmagay sheʼr.

Kerak boʻlsa mening uchun ham,

Javob berar bobom Alisher.

Bu kabi satrlar shoirning qiyofasini, poetik ohanglarini belgilaydi desak, xato qilmaymiz. Mana, Abdulla Oripov buyuk salafi haqida nima degan: “Ayonki, buyuk Navoiy ijodi va faoliyati ulugʻ bir ummondir. Uning tubiga yetish yoxud bu bahrni dafʼatan baholash necha-necha avlodlarning ham umriga tatigulikdir… Navoiy oʻz sanʼatini, gʻazaliyotini faqat sanʼat bezagi uchungina emas, balki aniq murodu maqsadlar uchun, ezgu gʻoyalari, niyatlari uchun xizmat qildirdi. Uning betakrorligi ham ana shunda…”.

Abdulla Oripov buyuk salafining sanʼatxonasidan qanday saboq olganini quyidagicha ifoda etgan: “… Men Navoiydan masalaning mohiyatiga kirishni, sheʼrni sehrli tayoqchaday oʻynatishni oʻrgandim”.

Jahonki muqaddas neni koʻribdi,

Bariga onasan, ey qodir hayot.

Besh yuz yil naridan boqib turibdi,

Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.

“Nuroniy bir zot” Abdulla Oripovning Navoiyga nisbatan qoʻllagan koʻplab epitetlaridan bittasi. Albatta, mazkur parchadagi tayanch tushunchalar ifodasi sifatida muqaddas, hayot, besh yuz yil kabi soʻzlarni ham ajratish joiz boʻladi. Ayni mana shu soʻzlar band mazmunining yaxlit bir holda, quyma xulosa tarzida jaranglashiga asos boʻlgan.

Dunyoda biror nom qoldirmoq uchun,

Yurt buzish shart emas degan gap-ku rost.

Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin,

Alisher qalamni koʻrsatdi, xolos.

Abdulla Oripovning Navoiy obraziga ijodiy yondashuvi oʻziga xos: uningcha, shoir timsoli milliy iftixorimiz, gʻurur va sharaf-shonimizdir, chunki “Uning nomi bilan birga bitilgan Dunyo daftariga oʻzbek degan nom”. Abdulla Oripov uchun Alisher Navoiy buyuklarning buyugi, ustozlarning ustozi, uning “ijodi va faoliyati ulugʻ bir ummondir”. Sheʼr ahlining jahongiri besh asrdan ortiq muddatki, nazmiy saroyni titratib, yigirma birinchi asr shoirlarini ham hayratga soladi: shoir Navoiy haqida soʻz yuritib, “Nizomiy bolidan halvo pishirgan”i-yu, “Fuzuliy bitgan devonni” bir lahza qoʻlidan qoʻymaganligini taʼkidlaydi.

Abdulla Oripov oʻz sheʼrlarida Alisher Navoiyni nafaqat shoir, olim yoki mutafakkir sifatida, balki ulugʻ ustoz siymosida ham tasvirlaydi. Uning “Ustozga taʼzim” sheʼrida oʻqituvchi – murabbiy ustoz madh etilib, “Alisherbek lutf”i qiyos qilinadi:

Buyuk Alisherbek lutf etgan misol,

Savod oʻrgatdingiz qancha ranj bilan.

Qoplab boʻlarmikin bu qarzni ahvol,

Uzib boʻlarmikan yuzta ganj bilan.

Xalqimizning naqllaridan birida: “Sen odamlarga bir yil yaxshilik qilmoqchi boʻlsang, bugʻdoy ek; oʻn yil yaxshilik qilmoqchi boʻlsang, tok ekib bogʻ qil; umr boʻyi yaxshilik qilmoqchi boʻlsang, ustozlik qil”, deyiladi. Shuning uchun qadimdan kishilar oʻz zurriyodlarini ustoz qoʻliga topshirar ekanlar: “Eti sizniki, suyagi bizniki”, deb unga ishonch bildirishgan. Abdulla Oripovning “Alisher va talaba” nomli sheʼrida Alisher Navoiy ustozini yuqori darajada eʼzozlovchi, har qanday yuqori martabada boʻlishidan qatʼiy nazar ustozni eʼzozlab, uni pir deb biluvchi shogird sifatida gavdalanadi:

Saroy yoʻlga chiqdi savlati bilan,

Alisher arkoni davlati bilan.

Hirot fazosida yangradi takbir,

Shahar aylanmoqda vaziri kabir.

U xalqning ahvolidan xabar olgan holda “ulusning dardi ne? Aʼmoli nechuk”ligi bilan tanishadi. Qurilayotgan inshootlar, xalqning turmush tarzi bilan qiziqadi. U buyuk shoir boʻlishi bilan birga shoh Husayn Boyqaro ishonch bildirgan haqparast, elparvar vazir ham edi. Uning qoʻlida juda katta hokimiyat va huquq boʻlib, unga jami fuqaro ehtirom ila taʼzim qiladi, “shohona jonlar” tegrasida parvona boʻlishadi. Hatto, dastori “haybatli shayxlar” ham unga bosh egib turadi. “Sergak sarbozlaru sodiq aʼyonlar, kosibu shoiru naqqosh”gacha Mir Alisher istiqboliga muntazir.

Alisher barchaga tarahhum bilan,

Hurmat koʻrgazardi tabassum bilan.

Yuzlab talabalar mamnun, sarafroz,

Ulugʻ Navoiyga chiqdilar peshvoz.

Sheʼrda tasvirlanishicha, ana shunday shukuhli pallada “hali lablaridan uchmay biror soʻz” hazrat atrofga koʻz tashlaydilar. Saflar orasidan bir talabaga boqib turib mehr ila tikilgach, nogahon otdan tushadilar. Butun xalq hayron boʻlib qoladi.

Borib talabani quchdilar hazrat,

Olomon ruhida yangradi hayrat.

Sarbozlar, aʼyonlar hayratda edi,

Takabbur boyonlar hayratda edi.

Tagʻin otga minib vazir soʻzsiz, bekalom safarlarini davom ettiradi. Ancha sukunatdan soʻng oxiri bir mulozimning sabri tugab, vaziri kabirdan boʻlib oʻtgan voqea yuzasidan savol soʻraydi:

Kimga shu asnoda baxt kuldi ekan,

Ayting, ul talaba kim boʻldi ekan?

Oʻychan bir tabassum qildiyu janob,

Mulozimga sekin ayladi javob:

Esimda yosh chogʻim, koʻp yillar nari,

Menga saboq bergan uning padari.

Abdulla Oripov ustozga hurmati yuksak boʻlgan buyuk Navoiy obrazini oʻquvchi koʻz oʻngida yaqqol namoyon eta olgan. Bu holat xaloyiqning hayratiga sabab boʻlayotir. Chunki uning eʼtiqodicha, ota-ona farzandni dunyoga keltirsa, uni kamolga yetkazadigan, yetuk inson qiladigan ustozdir.

Maʼlumki, Alisher Navoiy asarlaridagi asosiy gʻoya inson kamolotidir. Shoir jamiyat hayotini sinchkovlik bilan tahlil qiladi, insoniyat tarixiga nazar tashlaydi. Shu kuzatishlar asnosida niyatning ezguligi, komillik sari intilish insonni yuksaltirishiga ishora qiladi. Xuddi shu holat Abdulla Oripov sheʼriyati uchun ham xos.

 

Gulbahor ASHUROVA,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
dotsenti, filologiya fanlari nomzodi

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.