“Boshimdagi oʻramol toʻrt guli bor…”

0
211
marta koʻrilgan.

Xalq qoʻshiqlaridagi ramzlarni tushunmasak, badiiy matnning poetik maʼnosini chaqolmaymiz. Natijada bir-biridan mazmunli oʻlanlarimiz bogʻdan-togʻdan aytilgan qurama xirgoyidek tuyuladi. Hozirgi kunda shunday boʻlayapti ham. Shu bois ushbu maqolada xalq lirikasida koʻp uchraydigan tol va roʻmol ramzlari zamiridagi maʼnolar haqida muxtasar toʻxtalishni niyat qildik.

Oʻzbek mifologiyasi va folklorida tol obrazi muhim oʻrin tutadi: turli marosim va urf-odatlarda, irim-sirimlarda bu daraxtning novdasi, bargi yoki yogʻochidan sehrli xususiyatli ashyo sifatida foydalanish anʼanasi mavjud. Ayrim joylarda keksa tol daraxtlari, ayniqsa, mozor va muqaddas qadamjolarda, buloqlar boʻyida, avliyo kishilar qabri yonida oʻsadigan tollarni kesish, shoxini sindirish mumkin emas deb qaraladi. Tol novdasi suqilgan joyda koʻkarib ketaverishi va tez oʻsadigan daraxt boʻlgani bois uning novdalaridan serhosillik tilash bilan aloqador marosimlarda ham foydalanilgan. Masalan, H. Karomatovning yozishicha, Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida dehqonning qoʻli yengil boʻlsin deb ketmon dastasi toldan tayyorlansa, Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida toldan yasalgan beshikka tolbargak osib qoʻyish udumi qayd qilingan. Birinchi holatda serhosillik gʻoyasi ilgari surilgan boʻlsa, boysunliklar odatining zamirida chaqaloq ham tol kabi tez oʻsib, voyaga yetsin, degan ezgu qarash yotadi.

Oʻzbek xalq oʻlanlarida “tol” poetik detali “tol chiviqday” birikmasi tarkibida qoʻllanilganida goʻzal yorning nozik qaddu bastini tasvirlashga xizmat iʼiladi. Quyidagi oʻlanda keltirilgan “Yoz boʻlsa qovun pishar toʻr olishib” misrasi ramziy maʼnoda yetuklik, pishiqchilik, moʻl hosil timsoli sifatida inson umriga tashbeh qilinadi; polizdagi qovunlarning “palagi palagiga oʻralashib” oʻsishi umrning saodatli damlari – toʻy-hashamlar, xalq sayillari, bayramlarda qiz-juvonlarning hamjihat boʻlib, toʻplanishib, xursandchilik qilishiga oʻxshatilgan. “Bellari tol chiviqday buralib” raqs tushish esa ayol goʻzalligining oʻziga xos badiiy talqinidir:

 

Yoz boʻlca qovun pishar toʻr olishib,

Palagi palagiga oʻralashib,

Qiz, kelinlar oʻynaydi toʻy boʻlganda,

Bellari tol chiviqday buralishib.

 

Xalqimizning badiiy-estetik qarashlariga koʻra, kishining zohiriy (tashqi) va botiniy (ruhiy-maʼnaviy) goʻzalligi orasida mutanosiblik boʻlgandagina chin maʼnodagi goʻzallikka erishiladi. Quyidagi oʻlanda husnu latofati gʻoyat chiroyli kelinchakning oila aʼzolariga, jumladan, turmush oʻrtogʻiga hurmati va mehr-muhabbati “tol chiviqday buralib” turgan noziknihol suvrati misolida tasvirlangan:

 

Ovolaylar deganda, ovolaylar,

Yoʻqligin er yigitning qoʻlin boylar,

Armon bilan olganing boʻlca yaxshi,

Tol chiviqday buralib oting boylar.

 

Jez qayiqman boʻz qayiq cuv kechadi,

Koʻklam boʻlca, curilib el koʻchadi,

Er yigitning olgani yaxshi boʻlca,

Tol chiviqday buralib uy chechadi.

 

Oʻlanlarda “tol” poetik detali yor, maʼshuqa obrazining badiiy ifodasi sifatida qoʻllanilishi kuzatiladi. “Oqar suv”, “daryo”, “soy”, “ariq” soʻzlari umr yoʻliga tashbeh qilinishini hisobga olsak, “Oqsuv soy yoqasidagi tol” ham ramziy maʼnoda yor obraziga ishora qiladi:

 

Oqsuv soyni yoqalab tol boʻladi,

Oq yuzimga yarashgan xol boʻladi,

Bizni oʻctirgan enamga barakalla,

Bizni koʻrgan yigitlar dol boʻladi.

 

Oʻzbek xalq lirikasida roʻmol (ayol) va belbogʻ (erkak) ramzi ham koʻp uchraydi. Kashta solingan roʻmol detali sevgi, muhabbat maʼnosida keladi:

 

Boshingdagi roʻmoling cer kashtali,

Akang boʻydoq, yori yoʻq cirlashgali,

Erganagi boylovda, enang uygʻoq,

Intizorman ikkovlon coʻzlashgali.

 

“Alpomish” dostonida qalmoq yurtida chohga bandi qilingan epik qahramon gʻoz qanotiga xat yozib, oʻz yaqinlariga ahvolini bayon etishi, Samarqand shahridagi qadimgi arxeologik yodgorlik – Afrosiyobdan topilgan qoʻhna devoriy suvratlarda elchilar bilan birga gʻozlar ham aks etgani “gʻoz” detali koʻp asrlardan buyon “xabarchi”, “elchi” ramzi boʻlib kelayotganini dalillaydi. Oʻlandagi roʻmolning “gʻoz juni” (yaʼni pati)dan qilingani uning sovchilar orqali berib yuborilgan sevimli yor hadyasi ekaniga ishora:

 

Boshimdagi oʻramol gʻozning juni,

Ovuling yaqin boʻlca yozning kuni,

Ovuling yaqin boʻlca yozning kuni,

Yotcam uyqum kelmaydi boz-boz kuni.

 

Oʻzbek qiz-juvonlari chiroyli roʻmol oʻrab yurishi bir koʻrkiga ming koʻrk qoʻshadi. Agarda roʻmolga gullar naqshi tushirilgan boʻlsa, bu goʻzallik yanayam ortadi. “Boshidagi roʻmolning toʻrt guli bor” qizning koʻprikdan oʻtkazib olinishi, poetik maʼnosiga koʻra, oʻzga xonadonga kelin boʻlib uzatilishini anglatadi:

 

Boshimdagi oʻramol toʻrt guli bor,

Koʻprik colib coyingdan oʻtkazib ol.

Ixtiyoring, koʻngling menda boʻlca,

Moʻljallagan yeringga yetkazib ol.

 

Badiiy matnda qiz bolaning roʻmol oʻrashi “boshi bogʻliq” (fotihali) ekanini bildirib keladi. Xalqimizda biror oilaga sovchi boʻlib borishdan oldin “Falonchining qizining boshi boʻshmi?” deb soʻrash odati bor. Oilasi buzilgan ayolga nisbatan ham “boshi boʻsh” iborasi qoʻllaniladi. Sovchilar qiz tarafni rozi qilganidan keyingi “fotiha qilib qoʻyish” marosimi ayrim joylarda “roʻmol bogʻlash” deb ham ataladi. “Alpomish” dostonida Surxayil kampir Barchinga sovchi boʻlib borganida shu udum tilga olinadi:

 

Qozonda qaynagan shirboz goʻshmidi,

Shu qizingning agar boshi boʻshmidi?

Boshi boʻshmi deyin, sendan soʻrayin,

Kelin qilib boshiga roʻmol oʻrayin.

 

Quyidagi qoʻshiqda esa roʻmol va tol poetik detallari yonma-yon kelib, qizning boshqa yigitga majburan uzatib yuborilgani, ikki yoshning bir-biriga bogʻlagan muhabbati zavol topgani, bundan ozorlangan oshiqning koʻngil izhori chiroyli badiiy ifodalangan:

 

Roʻmolingni boshingga oʻray colding,

Boshi tuban ketadi kecgan tolning,

Oyday, kunday betingga yara colib,

Bormikan xociyati qoʻygan xolning.

 

Oʻzbek xalq oʻlanlarida qoʻllanilgan poetik ramzlar maʼnosini tushunish oʻzbek xalqining koʻnglini tushunish demakdir.

 

Shahodatbonu IMOMNAZAROVA

 

“Yoshlik”, 2017–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.