Bolalar folklori

0
1579
marta koʻrilgan.

Maʼlumki, ogʻzaki adabiyot yozma adabiyot paydo boʻlmasdan ilgari, uzoq oʻtmishdayoq mavjud boʻlgan. Bu adabiyot xalq badiiy kamoloti va maʼnaviy boyligining bitmas-tuganmas xazinasidir. Xalq ogʻzaki ijodi turmush tajribalari asosida yuzaga kelgan boʻlib, mehnat jarayoni bilan chambarchas bogʻlangan. Xalq donoligi shu mehnat jarayonining turli va oʻziga xos shart-sharoitlariga muvofiq ravishda bolalar uchun ham ajoyib ertaklar, qoʻshiqlar, topish – moqlar, maqollar yaratgan. Ularni bolalar juda sevib tinglaydilar va oʻqiydilar. Xalq ogʻzaki ijodi bilan bolalar maktabgacha tarbiya yoshidan boshlab tanisha boshlaydilar. Xalq ogʻzaki poyetik ijodidagi obrazlarning yorqinligi, soʻz maʼnolarining aniqligi, matnning ohangdorligi, musiqiyligi kabi xususiyatlar bola ruhiga orom, huzur bagʻishlaydi, uni oʻziga mahliyo etadi.

Yana bir narsani alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, kichik va oʻrta yoshdagi bolalar qahramonlik dostonlarini zavq-shavq bilan oʻqishadi, ertak, qoʻshiq va topishmoqlarga gʻoyat qiziqishadi. Xalq ogʻzaki poyetik ijodida yaxshilik yomonlik ustidan, toʻgʻrilik egrilik ustidan gʻalaba qiladi, mehnatkash xalqning intilishlari, turli orzu, istaklari haqqoniy va favqulodda qiziqarli ravishda hikoya qilinadi.

Koʻrinib turibdiki, xalq ogʻzaki ijodida mehnat ahlining urf – odati, tabiat va jamiyat hodisalariga boʻlgan munosabati, baxtli hayot haqidagi ezgu tilak va orzulari, qaygʻu va shodlik hislari, ularning qahramonlik, vatanparvarlik va insonparvarlik tuygʻulari, dushmanga nisbatan gʻazab va nafratlari, yengilmas iroda-yu haqiqat, adolat, baxt haqidagi oʻy va tushunchalari aks ettiriladi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.