Bolalar folklori: topishmoqlar

0
1662
marta koʻrilgan.

Topishmoq ham xalq ogʻzaki ijodining eng qadimgi va boy janrlaridan biridir. Topishmoqlar, odatda, xalqning urf-odatlari, ruhiyati hamda axloqiy-estetik qarashlarini oʻzida mujassamlashtirgan boʻladi. Topishmoqda narsaning bir necha xil belgilari yashirin, sirli holda beriladi va har bir topishmoqning zamirida topilishi lozim boʻlgan bir maʼno va “kim?” “nima?” soʻroqlarida yashirin javob yotadi. Odamlar shu soʻroqlarga qarab, topishmoqda yashiringan narsani topishga harakat qiladilar. Ayniqsa, bolalar topishmoqdagi jumboqni bilishga, uni topishga juda qiziqadilar.

Topishmoqlar mavzusi tabiat va kundalik hayotda uchrab turadigan aniq hodisa va narsalardan iborat boʻladi. Odatda, topilishi lozim boʻlgan narsa yoki hodisaning biror belgisi taqqoslash yoʻli bilan obrazli ifodalanadi. Masalan, “Yer tagida oltin qoziq, u hammaga boʻlar oziq”. Bu topishmoqda sabzining tus jihatidan oltin rangiga yaqinligi, shaklan qoziqqa oʻxshashligi, uning tuproq ostida bitishi va tanovul qilish mumkinligi eslatiladi.

“Pak-pakana boʻyi bor, yetti qavat toʻni bor” topishmogʻida pak-pakana boʻyi, yetti qavat toʻni kabi belgilar piyoz ekanligini koʻrsatib turadi. Dum-dumaloq, jajji oy, chaqib yesang gʻij-gʻij moy” topishmogʻida dum-dumaloq, chaqsang – gʻij-gʻij moy kabi belgilar uning yongʻoq ekanligiga ishoradir.

Baʼzi topishmoqlar narsaning bajaradigan vazifasiga, harakatiga, uning nimadan yoki qanday ishlanganligiga qarab, shu xususiyatlar asosida yaratilishi mumkin:

“Qoʻli yoʻq, oyogʻi yoʻq, uy poylar” (qulf).

Topishmoqlar koʻproq istiora asosiga qurilgan boʻlishi mumkin: “Bir otasi, bir onasi, necha yuz ming bolasi” (Quyosh, oy, yulduzlar).

Mubolagʻa yoʻli bilan yaratilgan topishmoqlar ham anchagina: “Bir chuqurda ming chuqur” (angishvona). “Oʻzi bir qarich, soqoli ming qarich” (ip-igna).

Baʼzi topishmoqlar soʻzlarning ohangdosh boʻlib kelishiga asoslanadi: “Zuv-zuv borar, zuv-zuv kelar, doston oʻqir, gʻalvir toʻqir” (ari). “Osti tosh, usti tosh, oʻrtasida jonli bosh” (toshbaqa).

Topishmoqlar xalqning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti rivojlanishi bilan oʻzgarib boradi, yangi-yangi maʼno va mazmun ifoda etadi.

Bolalarning fikr doirasini kengaytirishda, aql-idroklarini rivojlantirishda, kuzatuvchanlik hislarini, nafosat tuygʻularini oʻstirishda topishmoqlar muhim rol oʻynaydi.

Qisqacha topishmoqlarda xalq donishmandligi aks etadi. Ular oʻziga xos mazmunni ifodalash shakli bilan bolalarni ziyraklikka, kuzatuvchanlikka oʻrgatadi, ularning qobiliyatlarini oʻstiradi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.