Bolalar folklori: maqollar

0
1857
marta koʻrilgan.

Bolalar xalq ogʻzaki ijodida maqollar yetakchi oʻrinda turadi. Xalq yaratgan gʻoyat ixcham, chuqur va tugal maʼnoli gaplar maqol deb yuritiladi. Maqol xalqning, bir necha avlodlarning aql-u farosati hamda turmush tajribasining yakuni, ular donishmandligining mahsulidir. Maqollarda hayotning achchiqchuchugini tatib koʻrgan, turmushdagi hodisalarga aql koʻzi bilan qaraydigan, sof vijdonli, oliyjanob mehnat ahlining biror voqeahodisadan, biror kishidan yoki biror ishdan chiqargan xulosasi bayon qilinadi. Bu xulosa biror kishi uchun (koʻproq bolalar uchun) yoʻl koʻrsatuvchi boʻlib xizmat qilishi mumkin. Maqollar xalqning aql-idroki, ijtimoiy-tarixiy tajribasi, kurashi hamda mehnatning badiiy ifodasi sifatida yaratib kelinmoqda.

Maqollar chuqur maʼnoni ifoda eta bilishi, ixcham, pishiq va puxtaligi bilan xalq ogʻzaki ijodining boshqa turlaridan farq qiladi. Ularda mehnatkash xalqning orzu-umidlari, oʻzaro munosabatlari, vatanparvarlik, insonparvarlik xislatlari, oʻyfikrlari oʻziga xos shaklda aks etgan boʻladi. Shu sababdan ular bolalarni toʻgʻri, mantiqiy fikrlashga, maqsadni qisqa, ixcham va loʻnda bayon etishga oʻrgatadi, ularning badiiy didini oshiradi, tarixiy hodisalarning mohiyatini yaxshiroq, chuqurroq payqab olishga yordam beradi. Bundan tashqari, maqollar ona tilining eng nozik badiiy xususiyatlarini bilishga va soʻz boyligini ham oshirishga koʻmaklashuvchi bir vosita sifatida xizmat qiladi.

Shuning uchun ham soʻz sanʼatkorlari, shuningdek, bolalar yozuvchilari xalq ogʻzaki ijodiga, ayniqsa, maqollarga koʻproq murojaat etganlar va ulardan unumli foydalanganlar.

Maqollar mavzu jihatidan boy, xilma-xil va rang-barangdir. Ularda ona-Vatanni sevish, uni tashqi va ichki dushmanlardan koʻz qorachigʻidek saqlash, unga sodiq boʻlish gʻoyalari juda ixcham, ohangdor bir shaklda, obrazli ifodalarda gavdalantirilgandir:

 

Bulbul chamanni sevar,

Odam – Vatanni.

* * *

Ona yurting omon boʻlsa,

Rangi roʻying somon boʻlmas.

 

Doʻstlik, birodarlik, dushmanga nafrat, ahillik va birdamlik gʻoyalari ham maqollarning asosiy magʻizini tashkil etadi:

 

Koʻkka boqma, koʻpga boq!

* * *

Doʻst soʻzini tashlama,

Tashlab boshing qashlama.

 

Maqollarda mehnat – insonning koʻrki, ziynati sifatida ifoda etiladi. Shuningdek, hamkorlikda, kengashib qilingan mehnat serunum boʻladi, degan gʻoya ilgari suriladi:

 

Daryo suvini bahor toshirar,

Odam qadrini mehnat oshirar.

* * *

Daraxt yaprogʻi bilan koʻrkam,

Odam – mehnati bilan.

 

Koʻpgina maqollarda yoshlar ilm-hunarli boʻlishga chaqiriladi:

 

Bilagi zoʻr birni yiqar,

Bilimi zoʻr mingni yiqar.

* * *

Ilm – aql chirogʻi.

Til, nutq madaniyati va donolik haqida ham anchagina maqollar yaratilgan:

Tilga eʼtibor – elga eʼtibor.

* * *

Dono aytsa – el aytgani,

Elning gʻamini yeb aytgani.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.