Bolalar folklori: ertak

0
510
marta koʻrilgan.

Xalq ogʻzaki poyetik ijodidagi eng boy va rang-barang janrlardan biri ertaklardir. Xalq tomonidan yaratilgan koʻplab ertaklarda bolalarning oʻziga xos hayoti chetlab oʻtilmagan. Hatto turli yoshdagi bolalar uchun juda koʻp maxsus ertaklar yaratilgan.

Ertakning muhim xususiyatlaridan biri uning hamisha xalq hayoti, kurashi, tarixi, ruhiy olami, dunyoqarashi, urf-odatlari bilan chambarchas bogʻlanishi, insonlarga axloqiy va maʼnaviy yoʻldosh boʻlib kelishidadir. Ertaklar insonning maʼnaviy va jismoniy kuchiga ishonch ruhi bilan sugʻorilgan boʻlib, ijobiy kuchlar tabiat va ijtimoiy hayotda oʻziga dushman boʻlgan kuchlarga qarshi kurashda doimo gʻolib chiqadi. Xalq ertaklarida ijtimoiy muhim masalalar odilona hal etiladi. Ertaklar sodda va tushunarli boʻlgani uchun har qanday kitobxonga tez yetib boradi. Oʻtmishda yaratilgan ertaklarda xalqchillik kurashi oʻzining haqqoniy badiiy ifodasini topgandir. Xalqning kelajakka boʻlgan ishonchi, adolatning adolatsizlik ustidan gʻalabasi, yoruglikning zulmatni yengishi, ozod va baxtiyor hayotga erishish gʻoyalari yorqin obrazlar orqali tasvirlangan.

Xalq ertaklari oʻz xususiyatlariga koʻra bir necha turga boʻlinadi: hayotiy ertaklar, hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli-afsonaviy ertaklar, ijtimoiy-maishiy ertaklar.

Xalq ertaklarida el-yurtni koʻz qorachigʻiday avaylab saqlovchi ajoyib qahramonlar ulugʻlanadi, ayollarning haq-huquqlari himoya qilinadi, uzoq masofalar yaqin qilinadi, kishilar xarakteridagi yaramas odatlar, nomaʼqul illatlar tanqid ostiga olinadi, mardlik, epchillik, dovyuraklik, mehnatsevarlik, halollik, vafodorlik, saxiylik gʻoyalari ulugʻlanadi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.