Bobur va Umar Xayyom

0
562
marta koʻrilgan.

Fors-tojik adabiyotining atoqli namoyandalaridan boʻlgan Umar Xayyom ijodiy merosi turkiy sheʼriyatga, xususan, ulugʻ oʻzbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiy ijodiga kuchli taʼsir koʻrsatganligi, shubhasiz. Masalan, Umar Xayyom oʻz ruboiylarida moddiy olamning bordan yoʻq, yoʻqdan bor boʻlmasligini turli shakllarda, rang-barang obrazlarda badiiy ifodalagan. Garchi bizgacha yetib kelgan tazkiralarda Umar Xayyomga shoir sifatida taʼrif va tavsif berilmagan boʻlsa-da, Sharq mumtoz sheʼriyatida rindona sheʼrlar deb yuritiladigan turkumlarda bu ulugʻ zotning samarali taʼsirini payqash qiyin emas. Mashhur nazariyotchi olim Nizomiy Aruziy 1156 yilda yozilgan “Majmuan navodir” asarida Umar Xayyomni “Hujjat ul-islom”, deya ulugʻlaydi. Oʻzining ilmiy-filologik asarlarini yaratishda Nizomiy Aruziydan ilhomlangan Navoiy, demakki, Umar Xayyom haqida muayyan tasavvurga ega boʻlgan.

Shuningdek, Tehrondagi Guliston kutubxonasida saqlanayotgan Sultonali Mashhadiy dastxatiga mansub qoʻlyozmada Umar Xayyomning quyidagi mashhur ruboiysi ham mavjud:

 

Mo loʻbatgonemu falak loʻbatboz,

Az roʻyi haqiqati, na ki az roʻyi majoz.

Bozicha hami kunem bar naʼti vujud,

Aftem ba sanduqi adam yak-yak boz.

 

Tarjimasi:

 

Bizlar qoʻgʻirchoqmiz falak qurchoqboz,

Bu soʻzim chin soʻzdir, emasdir majoz.

Yoʻqlik sandigʻiga ketamiz bir-bir,

Vujud palosida oʻynagach biroz. [1]

 

“Boburnoma”da xabar berilishicha, Sultonali Mashhadiy har kuni Husayn Boyqaro uchun oʻttiz bayt, Alisher Navoiy uchun yigirma bayt kitobat qilgan. Demak, Umar Xayyom sheʼrlari Navoiy zamonasida ham mashhur boʻlgan va sevib oʻqilgan. Shuningdek, Alisher Navoiy qalamiga mansub ushbu bayt ham yuqorida keltirilgan ruboiy bilan hamohangligi diqqatni tortadi:

 

Hama bozeki, loʻbatboz erur gardun firebinggʻa,

Bu loʻbatlarki, el koʻnglin olur – oning qoʻgʻirchogʻi.

 

Maʼlumki, XV asr oʻzbek mumtoz adabiyotida anʼanaviy mavzular davom ettirilishi barobarida, real hayot tasviri, tarjimai hol (hasbi hol) xususiyatlari asarlarga kengroq kirib kela boshladi, keng kitobxonlar ommasi uchun tushunilishi oson boʻlgan uslubda asar yaratish tamoyili kuchaydi. Bobur ijodida ham bu hol yorqin koʻrinadi. Albatta, Umar Xayyom va Bobur yashagan davrlar orasida talay tafovut mavjud. Ammo adabiy-madaniy anʼanalar, oʻsha davr ijodiy jarayonining umumiy qonuniyatlari yuzaga kelgani ham tabiiy. Bobur, asosan, Navoiyga ergashgan, undan taʼsirlangan boʻlsa-da, uning turkiy tildagi ruboiylari mazmunining gʻoyat teranligi, ifoda tarzining soddaligi, fikrning ochiqligi, badiiy sanʼatlarga boyligi, musiqiy ohangi bilan Umar Xayyom ruboiylarini eslatadi. Tuygʻular samimiyati, oʻquvchi bilan oʻzini teng tutib murojaat qilishi, oʻz qusurlarini ham ochiq tilga olishi, oʻziga talabchanlik, murosasizlik singari xususiyatlar Umar Xayyomga juda yaqin keladi.

Bobur oʻziga nisbatan ham oʻta talabchan, masʼuliyat hissi kuchli, gʻayrat-shijoatli donishmand bir inson sifatida koʻpgina ruboiylarida oʻz-oʻzini ayovsiz tahlil va taftish qilsa, Umar Xayyom faylasuf shoir sifatida dunyoning oʻtkinchiligini uqtiradi, muhitni keskin tanqid ostiga oladi. Bu – bejiz emas. Nima boʻlganda ham, bu ikki shoir ijodi koʻp jihatlardan mushtaraklik kasb etadi. Buni ayrim misollarni qiyoslash orqali ham payqash mumkin. Umar Xayyom:

 

May ichma deydilar, ortar figʻoning,

Qiyomatda doʻzax boʻlar makoning.

Bu haq, ammo arzir ikki jahonga –

May ichib, shirakayf boʻlgan bir oning.

 

Bobur:

 

May tarkini qilgʻali erurmen gʻamliq,

Bor tiyra koʻngulgʻa har zamon darhamliq.

Gʻam birla farsudaliq halok etti meni,

May birla emish shodligʻu xurramliq.

 

Bobur mirzoning oʻzi eʼtirof etganidek, 11 yoshidan soʻng butun hayoti davomida Ramazon hayitini ikki marta bir yerda kutib olish unga nasib etmagan. Shoh va shoir falak nayranglari, zamona nosozligi, taqdir nomardliklaridan gʻoyat bezganligi maʼlum. Ana shunday holatlarda “bosh olib bir sori” ketish istagi gʻalayon qilganligi uning bir necha sheʼrlariga muhrlangan:

 

Koʻngli tilagan murodiga yetsa kishi,

Yo borcha murodlarni tark etsa kishi.

Bu ikki muyassar oʻlmasa olamda,

Boshini olib, bir sori ketsa kishi.

 

Bundan tashqari u yana beshta ruboiysida “bosh olib ketish” fikrini bayon qiladi: “Boshni olibon bir sori ketmak mushkil”, “Boshimni olib ketgay edim yuz qotla”, “Boshimni olib, qay sori ketgaymen?”, “Boshimni olib bir sori ketgaymen”, “Boshimni olib ayoq yetgancha ketay!”

Boburda “bosh olib ketish” niyatining faqat bittasi muhabbat bilan bogʻliq boʻlsa (“Boshimni olib ketgay edim yuz qotla, Boʻlmasa edi sochinggʻa dilbastaligʻim”), Umar Xayyomda ikkitasi shunday (“Bosh – yoʻlin tuprogʻi, To gʻam boshimizga solguncha gʻavgʻo”). Bittasi esa hayotiy muammolar, ilojsiz holat, tushkunlik kayfiyati bilan bogʻliq (“Ulkim bosh kosasin bino qilibtur”).

Boburda biror yoqqa bosh olib ketish xususida gap borsa, Umar Xayyomda gʻoya yanada keskin tus olib, dunyodan yoʻqolib ketish darajasiga yetadi. Bundan maʼlum boʻladiki, Bobur chorasiz ahvolda qolgan lahzalarda ayni fikrga kelgan boʻlsa, Umar Xayyom butunlay tushkunlikka tushganida shunday misralarni bitgan. Shuningdek, Umar Xayyom atrofdagi kishilar, mavjud muhit bilan ham turli murakkabliklarni boshdan kechirganligi boshqa sheʼrlarida ochiq-oydin koʻzga tashlanadiki, bu uning tushkun kayfiyati, umidsiz holatlari haqidagi yuqorida aytilganlarni tasdiqlaydi.

Bobur va Umar Xayyom xalqona soʻz va iboralarni topib qoʻllashda ham mahorat koʻrsatganlar. Misol uchun, ularning koʻz bilan bogʻliq iboralar qoʻllanilgan ruboiylarini keltirish mumkin:

Bobur:

 

Jismimda isitma kunda mahkam boʻladur,

Koʻzdin uchadur uyqu chu oqshom boʻladur.

Har ikkalasi gʻamim birla sabrimdek,

Borgʻon sori bu ortadur, ul kam boʻladur.

 

Umar Xayyom:

 

Xoʻragimni may-la toʻkis – but qiling,

Qahrabo yuzimni naq yoqut qiling.

Jahondan koʻz yumsam, sharobga yuvib,

Tok zangidan menga bir tobut qiling.

 

Har ikki muallif oʻz asarlarini bemorlik paytlarida yozganlari koʻrinib turibdi. Albatta, koʻzdan uchish iborasi ikki shoirda ikki maʼnoda qoʻllangan: Boburda – uyquning koʻzdan uchishi, Umar Xayyomda – umr yoʻlining koʻzdan oʻtishi.

Bobur ruboiysida badiiylik kuchli: u shu oddiy hayotiy voqelikdan ham badiiy yuksak ruboiy yaratish uchun ustalik bilan foydalanadi: isitma bilan uyqu gʻamim bilan sabrimga oʻxshaydi – borgan sari gʻamim ortib, sabrim kamaygani singari isitma ham kuchayib, uyqum oʻchib bormoqda. Bu yerda shoir isitmani gʻamga, uyquni sabrga oʻxshatish bilan tashbeh, bu deganda gʻamni, u deganda sabrni koʻzda tutish bilan laffu nashr, koʻzdan uchish iborasini qoʻllash orqali irsoli masal, isitmaga uyquni, gʻamga sabrni qarshi qoʻyish bilan tazod sanʼatlaridan mahorat bilan foydalangan.

Ammo Umar Xayyom ruboiysi ham oʻrinli qoʻllanilgan badiiy sanʼatlardan xoli emas: “koʻz yummoq” iborasi – irsoli masal, “qahrabo yuz” deyish orqali istiora, savol-javob sanʼati, dard-davo soʻzlarini qoʻllash orqali tazod, qahrabo, yoqut kabi bir-biriga bogʻliq soʻzlarni ishlatish bilan tanosub sanʼatlari qoʻllangan.

Boshqa jihatlardan olib qaraganda ham, Bobur va Umar Xayyom ruboiylarida til, uslub, ifoda tarzi, ohang jihatidan yaqinliklar, mushtarakliklar mavjud ekani maʼlum boʻladi. Bu, birinchidan, oʻsha davr adabiyotining yetakchi tamoyillari bilan izohlansa, ikkinchidan, shoirlarning ijodiy prinsiplaridan kelib chiqadi. Chunki ularning har ikkalasi ham sodda va barchaga tushunarli til, yengil va ravon uslubda, ochiq va samimiy yozish tarafdorlari boʻlganlar.

Umar Xayyomda Haqning abadiyligi, xohish-iroda ham unga tegishli ekanligi haqida soʻz yurituvchi quyidagi ruboiy mavjud:

 

Sensiz oʻqigandan mehrobda namoz,

Mayxonada senga sir aytganim soz.

Avval – sen, oxir – sen, sensiz bari puch,

Mayli, oʻtga tashla, yo ayla navoz.

 

Boburning quyidagi ruboiysi ham mavzu va falsafiy-gʻoyaviy jihatdan yuqoridagi ruboiyga gʻoyat hamohangdir:

 

Yo qahru gʻazab birla meni tufroq qil!

Yo bahri inoyatingda mustagʻraq qil!

Yo Rab, sengadur yuzum qaro gar oq qil,

Har navʼ sening rizong erur, andoq qil!

 

Xulosa qilib aytganda, oʻzaro ijodiy taʼsir masalasini salaflarga ergashish, zamondoshlarga payravlik yoki muayyan ilmiy axborot tashuvchi manbalar asosidagina emas, balki uslub, ohang, gʻoyaviy-falsafiy xususiyatlar uygʻunligi vositasida ham asoslash mumkin.

 

Habibulla JOʻRAYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1]Shoislom Shomuhammedov tarjimalaridan foydalanyapmiz.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.