Bobur muammolarining badiiyati

0
617
marta koʻrilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur turkiy mumtoz adabiyot adabiy tur va janrlarining badiiyat qonunlari, ularga oid nazariy asarlarning mazmun-mohiyati, bir-biridan farqli tomonlaridan yaxshi xabardor boʻlgan. Oʻz oʻrnida biror adabiy tur yoki janrning u yoki bu jihati, oʻsha adabiy tur yoki janrning biror shoir ijodidagi xususiyatlari yuzasidan oʻz xulosa va qarashlarini ham bildirgan. Bunday xulosa va qarashlar uning barcha asarlari tarkibida turli darajada aks etgan. Bobur ana shunday nazariy bilimlar asosida qator sheʼriy janrlarda gʻoyaviy-badiiy barkamol asarlar yarata olgan. Uning muammo janriga doir bilim va qarashlari hamda muammo janridagi sheʼrlari xususida ham shunday fikrni aytishimiz mumkin.

Jumladan, “Boburnoma”da Hirot sheʼriyat ahli borasida gapirib “Yana Mullo Muhammad Badaxshiy”, deydi va uning muammo risolasi hamda muammolari yuzasidan soʻz yuritadi.[1]

“Boburnoma”da xilma-xil mavzularda uyushtirib turilgan sheʼriyat kechalari haqida maʼlumotlar berilgan. Albatta, ana shu uyushtirilgan sheʼriyat kechalari oʻsha davrlar adabiy jarayonlarida anʼanaga aylangan muammo janridagi sheʼrlar bahsiga ham bagʻishlangani, shubhasiz.

Asarning bir necha oʻrnida muammo janriga bagʻishlangan risolalari bilan yaxshi maʼlum boʻlgan Shihobiddin Muammoiy, Mullo Muhammad (Jununiy) Badaxshiy, Sharifiy Munajjim kabilar muallifning doimiy hamsuhbatlari va aytib oʻtilgan singari kechalarning ishtirokchilari qatorida zikr qilingan. Chunonchi, Shihobiddin Muammoiy va Mullo Muhammad (Jununiy) Badaxshiylar keyinchalik Boburga bagʻishlab muammo risolasi yozganligi ham maʼlum[2].

Umuman olganda Zahiriddin Muhammad Bobur muammo janri qonun-qoidalari va bu borasidagi risolalar bilan yaxshi tanish boʻlgan. Oʻz navbatida yaratilgan risolalar, ularda muammo janri qoidalarining bayon etilishiga doir oʻz qarashlari ham mavjud. Shihobiddin Muammoiy va Mullo Muhammad (Jununiy) Badaxshiylarning risolalari uning ana shunday qarashlarini inobatga olgan holda yozilgan deya olamiz.

Sharafiddin Ali Yazdiy muammo janridagi sheʼrlar eng avvalo ikki jihatga – sheʼrlik va muammolik jihatiga ega boʻlishi shart deydi. Shuningdek, aytilishcha, yashirilgan ism koʻrsatish shart hisoblanadi[3]. Bu talabda sheʼrlik jihati deganda, muammo sheʼrda mazmunning boʻlishi muhimligini nazarda tutgan. Muammolik jihati deganda esa, mazmunni bayon qilish uchun qoʻllanilgan soʻzlar mazmunga putur yetkazmagan holda muammo janriga xos ishoralar vazifasini ham oʻtashi kerakligini anglatada.

Turli davrlarda mazkur janrda yaratilgan sheʼrlarda koʻproq ishq-muhabbat mavzulari asosiy oʻrinda ekanligi koʻrinadi. Bular bilan bir qatorda axloqiy-taʼlimiy mavzularda yozilgan muammo sheʼrlar ham uchraydi.

Hozirda Boburning 54 ta turkiy va bitta fors tilida yozgan muammosi maʼlum. Bu muammo sheʼrlar janrga qoʻyilgan dastlabki uchala talabga toʻla mos keladi. Ularda ham boshqa ijodkorlarning asarlarida boʻlgani singari ishq-muhabbat, axloqiy-taʼlimiy mavzular bilan bir qatorda hayotiy lavhalar ham qalamga olingan.

Jumladan, uning “Doyam Ali” nomiga yozgan muammosida sheʼrlik jihatiga koʻra, lirik qahramon oʻzining bemehr sevgilisini koʻrish ishtiyoqida ekanligi, uni koʻrish va koʻngil dardlarini bildirishni istayotganligi bayon qilingan. Ushbu ikki misrada oshiqning yorini qidirayotganligi, uni koʻrish, dardlarini aytish istagi bilan bogʻliq ruhiy kechinmalari yetarli darajada ifodasini topgan. Undan oshiqning butun dardu iztiroblarini his qila olish mumkin. Oʻz navbatida oshiqning dardu iztiroblarini tasvirlashga qaratilgan soʻzlar muammo janrida ishlatiladigan imo-ishora soʻzlar oʻrnida ham qoʻllangan. Bu hol asarda mazmun ifodasiga xalal bermagan:

 

Yorab, ul xurshidroʻ bemehr oyim qandadur

Kim, anga solsam koʻzumni, yo desam koʻnglum gʻamin[4].

 

“Doyam Ali” nomi quyidagicha chiqariladi: Oldin birinchi misradagi ishoralarga asosan “Xurshid” soʻzining “yuz”i “dol” harfi “oyim” soʻziga qoʻshilsa, yashirilgan ismning “Doyam” boʻlagi chiqadi. Qolgan boʻlak ikkinchi misradagi ishoralarga chiqariladi. Yaʼni “Kim anga solsam koʻzumni” ishorasiga koʻra “Koʻz”ning tarodifi arab tilidagi “ayn” soʻzi, undan esa “ayn” harfini hosil qilish anglashiladi. “Yo desam” ishorasi bilan “yo” harfi olinadi. “Koʻngil”ning tarodifi “qalb”.”Desam koʻnglum gʻamin” ishorasi bilan “Qalb” soʻzining “qalb”i – “lom” harfi olinadi. Oldin hosil qilingan ayn, yo va lom harflari oʻz oʻrniga qoʻyilsa, “Ali” boʻladi. Unga “Doyam”ni qoʻshsak “Doyam Ali” ismi chiqadi.

“Noʻmon” nomiga yozilgan muammo ham oshiqning iztirobli kechinmalarini tasvirlashga qaratilgan. Unda oshiqning oʻz sevgilisi hajrida chekayotgan qalb tugʻyonlari mubolagʻaning gʻuluv darajasida koʻz oʻngimizga keltirilgan:

 

To borgʻoli gulʼuzori gul siymtanim,

Har yon guldek chokdurur pirahanim,

Oʻlsam koʻzu ogʻziyu qadi yodi bila,

Chok oʻlgʻusi koʻnglak kabi har yon kafanim[5].

 

Yechimi: Uchinchi misradagi koʻz, ogʻiz, qad soʻzlarining ishorasiga koʻra, koʻz maʼnosini bildiruvchi “ayn” soʻzi harf maʼnosida olinib, ayn harfi hosil qilinadi. Keyin ikkinchi harfning hosil qilinishiga ogʻiz soʻzi ishora boʻladi. Muammo qoidalariga koʻra harflar inson aʼzolariga oʻxshatiladi. Shu qoidaga koʻra mim ogʻizga oʻxshatilgan. Shunday qilib, ogʻiz soʻzi, mim harfini hosil qilishga ishora. Navbatdagi “qad” soʻziga asosan, mazkur qoidaga koʻra alif hosil qilinadi. Ularni jam qilsak, “aʼmo” hosil boʻladi. Uchinchi misradagi ishoraga koʻra “kafan” soʻzi chok boʻlsa, yaʼni ismni hosil qilishda zarur boʻlgan nun harfi olinib, “har yon” qilinsa. “aʼmo”ning ikki tomonidan oʻrin oladi va maqsad qilingan “Noʻmon” ismi chiqadi.

“Hasan” nomiga yozilgan muammos esa axloqiy-taʼlimiy mavzuda:

 

Xulqungni rost qilgʻil har sorigʻaki borsang,

Ahsanta der bori el gar yaxshi ot chiqorsang[6].

 

Ishoralarga koʻr ism ikkinchi misradagi arabcha “ahsanta” soʻzidan “alif” va “te” harflari isqot qilinsa, qolgan harflar “Hasan” degan maʼnoni beradi.

Ushbu muammoning bosh mavzuini maʼnaviy kamolot masalasi tashkil qiladi. Muallif oʻquvchiga komillikning asosiy belgilaridan biri yaxshi xulq egasi boʻlish muhimligi, oʻsha xulq tufayli hamma yerda yaxshi soʻz eshitish mumkinligin uqdirgan.

“Xurram” nomiga yozilgan mana bu muammoda mayxoʻr kishining turmush tarzi, bunday turmush tarzining oxir oqibati hikoya qilinadi. Sheʼrda bunday ayanchli hayotiy lavhalar tasviri bilan birgalikda pand-nasihat mazmuni ham aks etgan. Shoir bu hikoya orqali bunday turmush tarzi egalarini qoralaydi:

 

Har kim kecha may ichib, saboh osilgʻay,

Maxmurligʻda xeshdin oyrilgʻay.

Mayxonagʻa yetkuncha chogʻirsiz boʻlmas,

Shoyad, orada xumor zoʻriy qilgʻay[7].

 

Yechimi: muammoning yechimi toʻrtinchi misradagi ishoralarga koʻra topiladi. Unga koʻra “orada xumor zoʻriy qilgʻay”, deyilgan. Ishoraga binoan “xumor” soʻzinining ichidagi maqsad qilingan ismni hosil qilishga xalal berayotgan alif harfini isqot qilsak, “xamr” qoladi. Qolgan harflarni qalb amalining qalbi kull qoidasiga koʻra oʻz oʻrniga joylashtirsak, “Xurram” nomi chiqadi.

Bobur muammolarida qoʻllangan soʻzlar mazmun kasb etishi barobarida imo-ishora soʻzlar vazifasini ham bajargan. Bu hol eʼtiborning butunlay mazmungagina qaratib qolinmaganligini bildiradi. Muallif oʻz oʻrnida oʻsha ishoralarga binoan ism boʻlaklari ketma-ket va oʻz oʻrnida topilishiga ahamiyat berilgan. Ana shu jihatlar Bobur muammolarining badiiyatini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi. Qayd qilingan xoslikni yuqorida keltirilgan misollarning barchasida koʻrishimiz mumkin.

Muammo janri nazariyasiga oid risolalarda muammo sheʼrlarning badiiyat darajasini belgilashda ismni chiqarishda qoʻllanilgan ishoralarning ketma-ketligi, ism harflari yoki boʻlagining tartib bilan hosil qilinishiga alohida ahamiyat berilgan. Jumladan, Mavlono Mir Niyoziy Hijoziy Buxoriy muammo sheʼrlarda ismni chiqarishdagi imo-ishoralar, ismdagi harflar ketma-ketligining oʻz oʻrnida kelishiga qarab atamm akmal, komil va noqis turlariga boʻladi[8]. Ushbu tasnifga koʻra Bobur muammolarini atamm akmal darajada deya olamiz.

Bobur muammolaridagi ismni chiqarishga oid mukammallikni boshqa misollarda ham koʻrishimiz mumkin. “Shuhratiy” nomiga yozilgan muammo:

 

Yuz ming jafo ul oy uchun men qarorsiz,

Qilgʻaymen ixtiyor vale ixtiyorsiz[9].

 

Yechimi: Dastlab, birinchi misrada “ul oy uchun” deyilgan ishoraga koʻra, oyning tarodifi “shahr” soʻzi olinadi. Ikkinchi misradagi ishoralar asosida “ixtiyor” soʻzini boʻlaklarga boʻlib oʻqisak, “ix-ti-or” boʻladi. Undan kerakli boʻlakni olamiz va “shahr”ga ulaymiz, shunda “Shuhratiy” nomi chiqadi. Koʻrinib turganidek, ism boʻlaklarini topishga ishoralar oldin birinchi, keyin ikkinchi boʻlakka qaratilgan.

“Soʼid” nomiga yozilgan muammo yuzasidan ham shunday fikrni bildirish mumkin:

 

Tiygʻi jafoni kimga desang, ahli holdur,

Boshigʻa sindurur, buti beeʼtidoldur[10].

 

Yechimi: Oldin ikkinchi misradagi “Boshigʻa sindur” ishorasi eʼtibor berilsa, yashirilgan ismning birinchi harfi “sin” oʻsha ishora orqali hosil qilinishi bilinadi. Ishora oʻz-oʻzidan birinchi harf “sin” boʻlishi kerakligini taʼkidlamoqda. Ismning qolgan boʻlagi sheʼr tarkibidagi “eʼtidol” soʻzi yordamida topiladi. Bunga “Buti beeʼtidoldur” soʻzlari dalolat qilmoqda. “Eʼtidol” soʻzi tartibli degan mazmunni ham bildiradi. Ishoraga koʻra, “eʼtidol” soʻzini “beeʼtidol” qilish, harflarini oʻz oʻrnidan qoʻzgʻatib, “tartibsiz” koʻrinishga keltirish talab etiladi. Yaʼni, qalbi kull va isqot qoilalariga binoan zarur harflarni ismda joylashishi kerak boʻlgan oʻrinlarga qoʻyib, keraksizlari tushirib qoldiladi. Qolgan harflar yigʻindisini oldin hosil qilingan “sin” harfiga ulansa,”Soʼid” hosil boʻladi.

 

“Olim” nomiga yozilgan muammo:

Ey yorki, yorligʻdin oʻldung gʻofil,

Dushman kibi Boburni koʻrarsen hosil,

Debsan: “alamim qilsa rafiq, aytay yor”,

Qilmish alaming rafiq, yor aytgʻil.

 

Muammoning yechimi uchinchi va toʻrtinchi msralardagi ishoralarga koʻra hosil qilinadi. Uchinchi misrada “alamim qilsa rafiq, aytay yor” deyilgan boʻlib, bu ishoradan “alam” soʻzi ismni chiqarishda vosita boʻlishi anglatilmoqda. Ishoraga koʻra avvalo, “alam” soʻzining bayroq maʼnosida qoʻllanib, oʻz oʻrnida oʻsha soʻzdagi lom harfi bayroqqa, oʻxshatilgan. Keyingi misrada aytilgan “bayroq”ning yoniga yana bitta “bayroq”, yaʼni oʻshanga oʻxshash harfni qoʻshish kerakligi bildirilmoqda. Lom harfiga alif harfi koʻrinishi jihatdan mos keladi. Aytilgandek, “alam” soʻzidagi lom harfi – “bayroq”ning yoniga yana bitta “bayroq” – alifni qoʻysak, “Olim” nomi chiqadi.

Xulosa qilib aytganda, Zahiriddin Muhammad Boburning muammo janrida yaratgan asarlari janr talablariga mos tarzda mazmun va shakl uygʻunligiga egaligi, ismni chiqarishdagi imo-ishoralarning tartib bilan berilishga koʻra mukammal badiiyatga ega.

 

Jaloliddin JOʻRAYEV,

filologiya fanlari nomzodi

 

Manba: navoimuseum.uz sayti


[1] Bobur Zahiriddin Muhammad. Boburnoma. – T.: Yulduzcha, 1990. –B. 163.

[2] Bu toʻgʻrida qarang: Tattaviy Mir Alisher Qoneʼ. Maqolot ush-shuaro.-Karochi: 1958. –B. 90.; J.Joʻrayev. Mavlono  Jununiy  Badaxshiy  va uning “Risolai muammo” asari. –T., 2005. -63 b.

[3] Muammo janridagi sheʼrning mazkur jihatiga oid maʼlumotlar Ali Yazdiy tomonidan koʻrsatilgan. Qarang: Sharafiddin Ali Yazdiy. Hulali mutarraz dar fani muammo va lugʻaz. OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi.  8311-raqamli qoʻlyozma. 66b-varaq.

[4] Bobur devoni. Kobul nashriga takmila. –T.: Sharq, 2004. –B. 35.

[5] Koʻrsatilgan manba.. –B. 35.

[6] Koʻrsatilgan kitob. –B. 30.

[7] Koʻrsatilgan kitob. –B. 35.

[8] Mavlono Mir Niyoziy Hijoziy Buxoriy. Risolai muammo. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti fondi. 12146/ III raqamli qoʻlyozma. 23b-varaq.

[9] Bobur devoni. Kobul nashriga takmila. –T.: Sharq, 2004. –B. 36.

[10] Koʻrsatilgan kitob. –B. 36.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.