Bobur ijodining olmos jilolari

0
141
marta koʻrilgan.

Istiqlol yillari oʻzbek adabiyotshunosligida navoiyshunoslik bilan bir qatorda yangi ilmiy tarmoq – boburshunoslik ham uzil-kesil shakllandi. XIX asrdayoq Gʻarbiy Yevropada paydo boʻlgan va XX asrda rivojlanish bosqichiga kirgan boburshunoslik ilmi endi nafaqat shakllandi, hatto bu sohada “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” (“Sharq” NMAK, 2014,2017) va “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Bibliografiya” (Moskva, 2016) singari fundamental nashrlar ham dunyo yuzini koʻrdi.

Bobur tavalludining 330 yilligi tantanalarida xalqaro anjumanga qatnashgan jahonning mashhur boburshunoslari Eyji Mano (Yaponiya), Magda Maxluf (Misr), Aziz Qayumov, Saidbek Hasanov (Oʻzbekiston), Mansura Haydar (Hindiston), Ilza Sirtautas (AQSH), Ramiz Asker (Ozarboyjon), Bilol Yujel (Turkiya) boburshunoslik ilmining markazi Oʻzbekistonga – Toshkentga koʻchganini bir ovozdan eʼtirof etdilar. Bu sohada Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi rayosati va raisi Zokirjon Mashrabovning alohida xizmatlari borligi qayd etildi.

Oʻshandan buyon har yili boburshunoslikka doir yuzlab maqola va oʻnlab risola, monografiya yozilib nashr etilmoqda. Jumladan, 2017 yili Bobur tavalludining 535 yilligi oldidan oʻtkazilgan “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan oʻrni” mavzusidagi xalqaro anjuman va uning materiallarining “Bobur abadiyati” nomida nashr etilgani ham boburshunoslikdagi muhim voqea boʻldi.

Oʻtgan yilgi – Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligiga bagʻishlangan Mirzo Kenjabekning “Mubayyin” va “Volidiya”ga doir yangi tadqiqotlari va taniqli boburshunos Hasan Qudratullayevning “Boburning adabiy-estetik olami” (“Maʼnaviyat” nashriyoti, 2018) monografiyalarining chop etilgani ham ilmdagi sezilarli ishlardan boʻldi.

“Boburnoma” qomusiy asar boʻlgani uchun oʻnlab fanlar maʼlumotlari saqlangan xazinaga oʻxshaydi. Bu xazinaga adabiyotshunos kiradimi, tilshunos bosh suqadimi, tarixchi varaqlab koʻradimi, har gal oʻzidan oldingi tadqiqotchining koʻzi tushmagan yangi-yangi maʼlumotlarga duch kelaveradi.

Biz quyida filologiya fanlari doktori, professor Hasan Qudratullayevning “Boburning adabiy-estetik olami” asari haqida soʻz yuritamiz.

H. Qudratullayev bu kitobigacha Bobur va “Boburnoma” xususida koʻp kitoblar yozdi. Oʻquvchilar, ayniqsa, uning “Boburning armoni”, “Boburning davlatchilik siyosati va diplomatiyasi” kitoblarini sevib mutolaa qilganlar.

Tadqiqotchi yangi asarida “Boburnoma”ga tipologiya nuqtai nazaridan yondoshishni asosiy maqsad qilib olgan. Muallif mohirlik bilan “Boburnoma”dagi voqea-hodisalar, shaxslar va ularning qismatlari haqidagi matnlarni oʻsha zamonning ulugʻ adiblari va tarixchilari Alisher Navoiy, Zayniddin Vosifiy, Gʻiyosiddin Xondamir, Abdurazzoq Samarqandiyning kitoblaridagi maʼlumotlarga qiyosan tahlil qilgan. Ayni paytda mualliflarning mavqei, shaxsi, iqtidori, eʼtiqodi, shaxsiy uslubi haqida ham mushohada yuritish payida boʻlgan.

Olim asar mundarijasini tuzishda ilmdagi akademizmga xos yoʻl tutgan: tekshirishlarini avval fors-tojik va oʻzbek adabiyotida haqiqiy nasr va yodnomalar yaratilish tarixidan boshlagan. Hatto nasrdagi turkiy tildagi munozaralar ham H. Qudratullayev nazaridan chetda qolmagan. Munaqqidning nasriy asarlarining janr rang-barangligi xususidagi mushohadalari ham diqqatga sazovordir. Chunonchi, u yozadi: “Shunday qilib, Xusrav Dehlaviy va boshqa nasriy asarlar mualliflarining qarashlariga asosan, fors-tojik nasriy asarlari janr shakllarining toʻqqiz xili quyidagilardir: afsona, doston, hikoyat, qissa, maqomot, masal, latifa, tarassul (noma), tarix va sayr
(tarixiy adabiyot)”.

Tadqiqotchi professor H. Homidiyning “Asrimizgacha nasrimiz” maqolasiga asoslanib fors-tojik va turkiy (oʻzbek) adabiyotidagi nasr namunalari tasnifini ham keltiradi: 1. Hikoya, hikoyat, tamsillar; 2. Ishqiy-sarguzasht, axloqiy-taʼlimiy, qahramonlik ruhidagi qissalar; 3. Sarguzasht-romanlar; 4. Tarixiy, tarixiy-yodnoma; 5. Ilmiy-falsafiy, taʼlimiy mazmundagi nasriy asarlar.

Boburshunos olimning Bobur ifoda uslubiga xos toʻrt jihatni inobatga olgani eʼtiborga molikdir: “Birinchisi, Boburning atrof-muhitni teran idrok etishi, mavzu tanlashi va uni har qanday holatda ham real tasvirda berishi; ikkinchisi, mavzuni ilmiy-amaliy tahlildan oʻtkazib, badiiy tarzda ifodalashi; uchinchisi, oʻziga xos uslub – “har soʻzni rostini” bitishi; toʻrtinchisi, yuksak mahoratda oʻquvchiga yetkazish xususiyatidir”. Shu yoʻsinda u Abdurazzoq Samarqandiy, Alisher Navoiy, Zayniddin Vosifiy va Xondamir uslublarining oʻzlariga xos ifoda tamoyillarini mushohada etadi va ana shu tasvir usullarida bir shaxs yoki bir voqea talqinini toʻrt muallifning toʻrt kitobidagi faktlarga qiyoslaydi. Chunonchi, “Boburnoma”da muallif yuzlab voqea-hodisalar talqinida oʻz shaxsini ikkinchi, uchinchi planga olishga urinsa, Vosifiy “Badoyeʼ ul-vaqoyeʼ”da hamisha oʻzini tasvirning birinchi oʻrinida tutadi. H. Qudratullayev “Vosifiy… oʻzining ahvoli, zamondoshlari, doʻstlari va oshna-suhbatdoshlari haqida hikoya qilar ekan, biron soʻz va iborani pardali ifodalamaydi, barchasini ochiq bayon etadi. U hatto bizning zamonimiz uchun ham odobsiz hisoblanadigan soʻz va iboralarni bemalol asarida ishlatgan. Shuning uchun biz “Badoyeʼ ul-vaqoyeʼ”da muallif davridagi voqea-hodisalar, shaxslarning tarixiy mavqeini ochiq, yorqin, “yalangʻoch” holda koʻramiz”, degan ustod Sadriddin Ayniy mushohadalarini keltiradi.

Bobur va Navoiy esa soʻz va insho madaniyati, bayon pardaliligiga alohida ahamiyat berganlar. Navoiy, Xondamir va Bobur uslublarida bayondagi xolislik, bosiqlik, voqea-hodisalarning davr va zamon uchun muhimligiga asosiy eʼtibor qaratilsa, Vosifiy oʻzi va atrofidagilarga bogʻliq voqea-hodisalarni goh ikir-chikirigacha, goh sarguzashtlarning favqulodda avantyuristligigacha yozib yuboraveradi. “Alisher Navoiy tahlilida adabiyotning ijtimoiy vazifalari, nozik talablari birinchi masala boʻlib, adib ijodiga mohir pedagog, murabbiy sifatida yondashadi”, deb yozadi H. Qudratullayev.

Bobur esa juda talabchan va hatto qattiqqoʻl adabiyotshunos. Navoiy va Boburning Sayfiy Buxoriy va Badriddin Hiloliy kabi olim va shoirlarga bergan baholarida umumiylik bor. Har ikkovi ularning Hirot adabiy muhitining taniqli vakillari, isteʼdodli olim va shoirligini qayd etishda, ayniqsa, Hiloliy hofizasining kuchliligi xususida yakdildirlar. Ammo ularning shaxs va ijodga munosabati turlicha: Navoiy odob bilan, murabbiy sifatida ijobiy fazilatlari haqida soʻz yuritsa, Bobur kuchli tahlil bilan tanqidiy nuqtai nazardan ular ijodidagi kamchiliklarini ochib tashlaydi.

H. Qudratullayev Alisher Navoiy, Xondamir, Abdurazzoq Samarqandiy, Vosifiy va Bobur asarlaridagi badiiy tasvir masalasiga ham toʻxtalib, qay birining oʻta sodda, ayrimining balandparvoz “yuksak uslub”lari mohiyatini mushohada etadi. Jumladan, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼi saʼdayn va majmai bahrayn” asaridagi Shohrux mirzoning otdan yiqilish voqeasi bir betcha hajmda yoritilsa, Bobur otdan yiqilganini ikki satrda ifodalaganini juda maroqli qiyoslaydi. Quyidagi parcha “Boburnoma”dagi Axsidagi jang lavhasidan: “Ushbu holatda men yetib bordim, qilich tegurur mahalda otimning oyogʻiga oʻqladilar. Otim bukulub, oyogʻining oʻrtasigʻa meni urdi. Chust qoʻpub bir oʻq ottim”. Bu hodisani hozirgi zamon adibi ham bir betda ifodalashi mumkin. Bobur uslubi esa soʻzga “xasislik”, fikrda aniqlikning namunasidir.

Tadqiqotchi Bobur nasriga xos hikmatparastlikka ham mahorat koʻrsatkichi sifatida qarab, quyidagidek yaxshi iqtiboslarni keltiradi: “Mulkgirlikda va mamlakatdorlikta garchi baʼzi ishlar zohirda maʼqul va muvajjah koʻrinur, vale har ishning zimnida yuz ming mulohaza vojib va lozimdur”; “… agar ota yomon ish qilgʻon boʻlsa, yaxshi ish bilan badal qilmoq kerak”; “… har kimdin yaxshi qoida qolgʻon boʻlsa, aning bila amal qilmoq kerak”. H. Qudratullayev tadqiqda shu darajada sinchilik qiladiki, Bobur shaxsining turli yoshdagi, turli amaldagi qiyofasini uning soʻzlaridagi farq bilangina emas, balki muayyan voqea borasida boshqalarning muomala madaniyati bilan Boburning muomala madaniyati oʻrtasidagi tafovutigacha qalamga oladi. Sayfi Buxoriy ismini Navoiy, Xondamir, Vosifiy oʻz kitoblarida “Mavlono Sayfi Buxoriy” desalar, Bobur “Boburnoma”da joʻngina “Sayfi Buxoriy” deb u haqidagi jiddiy va tanqidiy fikrlarini keltiraveradi: “Yana Sayfiy Buxoriy edi, filjumla mulloligʻi bor edi”. Yoki: 17 yashar Zahiriddin Muhammad Samarqandni ikkinchi marotaba qoʻlga kiritganida Alisher Navoiydan tabrik maktubi oladi va unga yozgan javob maktubidagi ruboiysida Navoiy nomini tilga olishga iymanib:

Eykim, bori nazm ahligʻa sen xon yangligʻ,

Sheʼring bori sheʼrlarga sulton yangligʻ.

Mazmuni ani xatti savodi ichra

Zulmat arosida obi hayvon yangligʻ –

deya ulugʻlagan boʻlsa, “Boburnoma”da Navoiy haqida maʼlumot berayotib “Mavlono Alisher Navoiy” yoki “Amir Nizomiddin Alisher Navoiy” singari Xondamir ifodalarini ishlatmaydi, balki “Alisherbek naziri yoʻq kishi erdi” deya yozadi.”Boburnoma”ning 1494 yilgi voqealarida daho shoir ism-sharifi bir martagina “Mir Alisher Navoiy” tarzida, 1506 yil voqealarida bir martagina “Alisherbek Navoiy” deyiladi, qolgan oʻn beshdan ortiq oʻrinlarda “Alisherbek” tarzida qayd etiladi, xolos.

Kitobning “Boburning portret yaratish mahorati” bobi ham muhim tadqiqlarga boydir. H. Qudratullayevning: “Bobur tomonidan yaratilgan bir ming olti yuz nafardan oshiq kishilar portretining ahamiyatini ularning har birini diqqat bilan mutolaa etgandan keyin, muallifning har bir shaxs xususiyatini chizishda boshqasiga oʻxshamasligi, betakror personajga aylanishga intilganini idrok etganda, uning badiiy mahoratiga yana bir karra tan beramiz” degan xulosasiga joʻrovoz boʻlgimiz keladi.

Afsuski, yaxshi yozilgan ushbu bobda H. Qudratullayevga xotira pand berib qoʻygan koʻrinadi. Kitobda shunday soʻzlarni oʻqidik: “Biroq Bobur Majdiddin saltanat iqtisodini mustahkamlagani uchun Husayn Boyqaro Navoiyni vazifasidan “maʼzul” etganini aytadi” (164-bet). Biz “Boburnoma”dan bunday joyini topolmadik. Husayn Boyqaro Navoiyga nisbatan bunday chora qoʻllamagan. Monografiyadan yana shunday mulohazatalab joyni oʻqidik: “1503–1504 yillar voqealari. Husayn Boyqaro vafotini eshitib Kobuldan Hirotga yoʻl olgan Boburning yoʻqligidan buvisi Shohbegimning fitnasi bilan sulton Muqim (Boburgacha Kobulda saltanat qilgan temuriyzoda – H. Q.) va boshqalar Kobul saltanatini Muhammad Mirzoga olib berish rejasini tuzadilar” (57-bet). Birinchidan, 1503–1504 yil voqealariga Husayn Boyqaro vafoti sanasi toʻgʻri kelmaydi. U 1506 yil may oyida vafot etgan. Ikkinchidan, Kobul isyoniga Muqimning daxli yoʻq. U temuriyzoda ham emas. Uchinchidan, isyondan maqsad taxtni Mirzoxonga (Sulton Uvays binni Mahmud) olib berish boʻlgan. Muhammad Mirzoga emas. Toʻrtinchidan, isyonchilardan biri Boburning pochchasi Muhammad Husayn Mirzo boʻlgan. Ayni paytda “Maʼnaviyat” nashriyotiga ham mumtoz adabiyotdan yaxshi xabardor olim-muharrirlar kerak ekan, degan iddaomiz ham yoʻq emas. Misralardagi ayrim soʻzlarning tushib qolishi, imloviy xatoliklar, Choshtoʻba “Choshbuta”, “tamaim”, “tamoil”, Valibek “Valixon” tarzida yozilgani kabi oʻnlab nuqsonlarning shunday ajoyib tadqiqotda uchragani kitobxonga yoqinqiramaydi.

Biroq, umuman, kitob haqidagi xulosamiz ijobiy: olim keksayganda ilmi qarimasligi, aksincha teranlashuvini biz ushbu sermazmun, ohorli yangi fikrlarga boy monografiyadan koʻrib, bilib turibmiz. Bu kitob boburshunosligimiz ilmiga qoʻshilgan yirik va munosib hissa ekanligini qayd etamiz.

 

Vahob RAHMONOV,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, xalqaro Bobur mukofoti sovrindori

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.