Bobo Ravshanning “Shom va tong orasida” qissasini oʻqib…

0
344
marta koʻrilgan.

Qadriyatlarni eʼzozlashga chorlov

 

Xalq anʼana, qadriyatlari bilan buyuk sanaladi. Uni mahv etish millatni tanazzulga buradi. Inson oʻz sobit eʼtiqodi ila yovuzlikka barham beradi. Oʻzbek xalqi mustamlaka zulmidan aziyat chekkan davrni qogʻozga tushirish murakkab. Yosh nosir Bobo Ravshan chigal ijtimoiy munosabatni yoritishga jazm etibdi. Qissada ziyoli oila boshiga tushgan fojia orqali jamiyat holatiga baho beriladi. Muallif ikki obraz – Mengziyo va Alpomish qismatidagi tutash nuqtani asos qilib oʻtmish, bugun, kelajak manzarasini shakllantirishga intiladi. Qissada Tangriqul ota oilasi boshiga kelayotgan fojiaga doston ijrosining oxiriga yetmasligi, koʻngilning allatovur boʻlishi tasviri orqali ishora beriladi. Sofdil baxshi Mengziyo eskilik sarqiti boʻlgan eposni kuylab, aksilshoʻroviy gʻoyalarni targʻib etganlikda ayblanib surgun qilinadi. Baxshi misolida yurt oʻgʻlonining erki sindiriladi. Qadriyatni oyoqosti qilgan xoin Toshqul johillikda Ultontozga mengzaladi. “Tarozi”, “shoʻro” laqabi bilan tanilib, hukumat yugurdagiga aylangan kimsa oʻzining oʻzagini qirqishdan rohatlanadi. Tangriqul oilasiga mushkul damda yurtdoshlari Qobil, Omon, Toshboyning muruvvat koʻrsatishi orqali odamiylik ulugʻlanadi. Toshqul yigitlikda erishilmagan muhabbat qasdida Oydinni nafaqat turmush oʻrtogʻidan, balki yurtidan ayiradi. Ayolning musofirlikda azoblanib jon berishi, goʻdak Elmurodning sagʻir qolishi dramatizmni kuchaytiradi. Mengziyo va Oydin juftligi fojiaga yuz bursa-da, el-yurt nazdida eʼzozlanadi. Muallif asosiy fikrni xalq termasi vositasida loʻnda ifodalaydi:

Oʻylab tursam sotibsan

Ham elingni, yurtingni…

Nafsi buzuq Toshqul oʻz millatini xoʻrlagani, anʼanalarni oyoqosti qilgani bois elining laʼnatiga uchrab telba boʻladi. Asarda zamon va makon oʻzgarsa-da, inson tubanligi, johilligi yoʻqolmasligi asoslanadi.

Voqealar Surxon vohasida boʻlib oʻtadi. Voqealar rivoji davomida Boysun, Bobotogʻ tabiatining betakror manzarasini chiziladi. Qissada vaqt nomida ramziylik mavjud. Shomda Tangriqul (ota), Mengziyo (oʻgʻil) halokatiga ishora beriladi. Elmurod (nabira)ning tongga erishishi oson kechmagani tasvirlanadi. Elmurod ismida elning istiqlolga yetishishi, umidning ruyobga chiqishi talqin etiladi. Asar yoshlarni oʻzlikni unutmaslik, qadriyatni eʼzozlashga chorlaydi.

 

Umida RASULOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

Alamdan yaralgan asar

 

“Boʻlaman degich el bir-birini botirim deydi”. Elning jipsligi, bir-biriga qayishishi haqida bundan oʻtkazib aytish qiyin. Aksini esa shoirimiz Shavkat Rahmonning mashhur “Turkiylar” sheʼrida oʻqiymiz:

Qirqida qirqilgan – imdodga muhtoj,

Yovlarga ters qarab itlarday hurar,

Bir-biriga dushman,

Bir-biridan koj.

 

“Bir-biriga dushman”lik, “bir-biridan koj”likning sabablari haqida aytishga ojizman, ammo xalqimizning oʻtmishida bot-bot bunday ayanchli qusurlarning boʻy koʻrsatgani bor gap. Bobo Ravshanning “Shom va tong orasida” qissasida mazkur alam yangilanibdi…

Taʼkidlash kerakki, uzoqday tuyulsa-da, aslida hali bir asr ham oʻtmagan tariximizdan tanlangan mavzuda koʻp yozilgan, ammo Bobo Ravshan qissasidagi taqdirlar yangi, uning nigohi, ifodasi oʻzgacha. Muallif oʻzbekona tutumlarni, xalqchil munosabat shakllarini yaxshi tasvirlagan. Misol uchun, Tangriqul boboni kutib olgan mezbon oʻgʻlini chaqirib shunday deydi: “Uyga mehmon keldi! Soʻng oʻzing berman qara”. Bu yerdagi birgina soʻz – “soʻng” otaning aytganida bir necha yumush borligini – avval onani xabardor qilish (u esa oʻz navbatida mehmonni kutib olishga taraddud koʻradi), soʻng oʻzining kelishini anglatmoqda. Yaʼni soʻzlashda koʻp chaynalmaydigan otalar haqida yozayotgan muallif ham hijjalab oʻtirmaydi. Tangriqul bobo tilidan aytilgan “Molimiz qolib, jonimiz bozorga tushgan”, “Gazandani kallasidan ushlash kerak”, yoki boshqa personajlar aytgan “Qarindoshning tovushi qorongʻida tanish deb kelaberdik” singari ifodalar adibning xalqona tafakkurni nozik ilgʻashidan dalolat beradi. Ayni paytda nooʻrin qoʻllangan soʻz va iboralar ham yoʻq emas. Masalan, Tangriqul bobo bir oʻrinda “Boybova, uzr endi, sizdi bemahal bezovta qildik”, deydi. Menimcha, “uzr endi”lar hozirgi davrga kelib ommalashdi, qissada zamoniga mos lutflar ishlatilishi kerak edi.

Mengziyoning tergovchiga boʻy bermayotganidan jahli chiqqan tilmoch unga dakki beradi: “Alpomish jon jigaringmidi, buncha tarafini olasan?” Mana, sizga bir xalqning ikkiga ayrilgani: biri Alpomish timsolida botir va mard ogʻasini koʻradi, boshqasi undan osongina tonadi. Menimcha, asardagi bosh gʻoya mana shu – millatni millat qilib turuvchi qadriyatlarning boy berilishi va uning achchiq oqibatlari. Xalqning maʼnaviy ustunlarini mahkam ushlaganlar taqdiri bilan undan voz kechganlar qismati yonma-yon koʻrsatilganday.

Qissada tashvishga botgan, ilinjga muhtoj kishilar tasviri ham ishonarli chiqqan. Masalan, Tangriqul bobo ovchi bilan uchrashib, uning bir ogʻizgina gapidan soʻng ortiga qaytarkan, oʻgʻliga oʻxshash taqdir egalari haqida (oʻgʻli haqida emas!) eshitgan-bilgan odam topilganidan quvonib borardi. Uyda esa “Bobodan oʻgʻli haqidagi xushxabarni eshitgan Maryam momo ovchini alqab uzoq duo qildi”. Bedarak ketgan farzand dogʻida kuyayotganlar uchun taxminiy gap ham quvontirarli edi.

“Oqshom choʻkib, toʻlin oyning yogʻdusi darchadan butun xonaga oqib kirardi”, “Oy esa najot kutayotgan mahbusday panjaraga yuzini qattiq bosib turardi” va boshqa tasvirlarda manzara oʻquvchi koʻz oldida yaqqol koʻrinadi. Ammo tasvirlash emas, tafsilotga berilgani uchun ayrim oʻrinlarda asarning taʼsir kuchi susaygan. Deylik, Mengziyoni Toshqul shoʻro oldiga solib olib ketar chogʻi muallif “Ayni paytda Oydin ichki bir sezgi ila oldinda katta kulfat kutib turganini his etardi” deya izoh beradi. Holbuki, shoʻroning tongdan kelishi, uning “tashrif”i deyarli xayrli boʻlmasligi, qolaversa, Oydinning yigʻisi kelgusidagi nedir koʻngilsizliklardan darak bermoqda, binobarin, adibning bu izohi ortiqchadir. Yoki “Zarifa momo bilan oʻgʻli Qobil aka Mengziyoni olib ketgan kuni ham kelib, qarindoshlariga tasalli berib ketishgan edi. Bugun ham Mengziyoning ahvoli ne kechgani, undan biror darak bor-yoʻqligi haqida bilish uchun kelishgandi” kabi bayonlar ham keraksiz, chunki qarindoshlarning oʻzaro gap-soʻzidan ham keluvchilar maqsadi anglashilib turadi.

Toshqul shoʻro portretiga oid baʼzi chizgilar ham ishonchsizroq chiqqan. Masalan, u “hukumatning kuch-qudrati yonida oʻzini kuchliroq shamolda uchib ketadigan tuyaqorinday his etardi”. Holbuki, buning aksi emasmi? Shoʻroning Mengziyo (va unga oʻxshaganlar) uyiga oyoq yechmay kirishi, dagʻdagʻa qilishi, oʻzidan yoshi ulugʻ odamlarni ham mensimasligi aslida uning “hukumat kuchi”dan kuch olayotganini koʻrsatmaydimi? Nazarimda, bunday odam “hukumat kuch-qudrati”ni oʻziga ham tegishli, hatto oʻzini bu “kuch-qudrat”ning egasi deb biladi.

Asarning oxiri, xususan, Oydinning oʻlimi va undan keyingi voqealar bayoni tezlashtirilganday tuyuldi. Elmurodning Toshqul bilan duch kelish sahnalari shoʻroning qiyofasi yanada tiniqroq chiqishiga xizmat qilardi.

Bobo Ravshan oʻz qissasida koʻrmagan zamon haqida yozdi, ammo bilmay yozmadi. U alamimizni yangiladi, biroq adibning istagi shuki, zora, bu yangirishdan soʻng jarohatlar bitsa, oʻzboʻlarchilik, burnidan uzoqni koʻrolmaslik, xudbinlik, zimdan choh qazishlar tabiatimizda ortiq qolmasa…

 

Otabek SAFAROV,

tadqiqotchi

 

“Yoshlik”, 2017 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.