Bir voqelikning uch talqini

0
801
marta koʻrilgan.

Istiqlol tufayli qayta tiklanayotgan milliy tariximizni toʻgʻri anglash uchun uni badiiy adabiyotda haqqoniy aks ettirish talab etiladi. Ijodkorlarimiz shu masʼuliyatni chuqur his qilib, ijodiy erkinlikdan foydalangan holda tarixiy mavzuda koʻplab asarlar yozdilar. Ularda Beruniy, Amur Temur, Mirzo Ulugʻbek, Mahmud Koshgʻariy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi ajdodlarimiz obrazlari mahorat bilan yaratildi. Xususan, bu borada, shoh va shoir Boburning shaxsiyati, uning ziddiyatga toʻla hayoti va ijtimoiy faoliyatini aks ettiruvchi hikoyalar eʼtiborga loyiq.

Birgina “Boburnoma”da keltirilgan bir tarixiy voqea tafsiloti uch ijodkorning, yaʼni, Pirimqul Qodirovning “Mardlik”, Xayriddin Sultonovning “Nuqta”, Urfon Otajonning “Bobur va Behzod” hikoyalarini yaratilishiga sabab boʻldi. Har bir ijodkor oʻz gʻoyaviy maqsadidan kelib chiqqan holda bu tarixiy haqiqatni asar syujetiga singdirdi.

“Boburnoma”da Chaxcharon, Charoqdondan oʻtish tafsilotlari toʻliq keltiriladi: “Chaxcharondin ikki-uch koʻch oʻtgach, qor asru ulugʻ boʻldi: uzangudin yuqorroq edi, balki aksar yerda otning ayogʻi yerga yetmas edi, yana qor doim yogʻar edi. Langari Mir Gʻiyos navohisida Kobulgʻa ne yoʻl bila borurimizni kengashtuk. Men va, aksar, barin edukkim, qishdur, togʻ yoʻlida koʻp dagʻdagʻa va taraddudtur, Qandahor yoʻli agarchi bir nima yiroqdur vale betaraddud va bedagʻdagʻa borilur. Qosimbek, ul yoʻlni yiroqdur, bu yoʻl bila borurbiz, deb koʻp jahl qildi, bu yoʻlgʻa boʻlduk. Bir Sulton otliq peshoyi boshchi edi, qariligʻidin yo oldoragʻonidinmu yo qorning ulugʻligʻidinmu, yoʻlni yoʻqotti, boshlay olmadi”. (Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. Toshkent. Yulduzcha nashriyoti. 1989 yil. 174-bet. Bundan keyingi misollarda asar BN tarzida koʻrsatiladi va sahifalar qavs ichida beriladi).

Adiblar Xayriddin Sultonov, Urfon Otajon bu maʼlumotlarni oʻz hikoyalarida keltirmaydilar. Pirimqul Qodirov esa Boburning eʼtiroflaridan oʻz hikoyasida mahorat bilan foydalanadi: “Bobur qoʻriqchi yigitlari bilan otlanib chiqayotganida, Qosimbek afgʻonlarning pashoyi qabilasi yashaydigan qishloqdan Sulton degan bir yoʻl koʻrsatuvchini topib keldi.

Olachipor salla oʻragan, baland boʻyli, burni uzun, jingalak soqoliga oq oralagan bu odamning yuzi Boburga allanechuk tund koʻrindi”.

Yozuvchi shu tariqa hikoyaga Sulton obrazini kiritadi. Boburning uni xushlamasligi (Sulton yuzining tund koʻrinishi, Boburga tik qarab, dadil javob qaytarishi, turkiy tilda u haqda aytilgan fikrlarni anglab, istehzoli kulimsirab qoʻyishi, “sovuq bir narsa”si)ni tasvirlash bilan oʻquvchida Sultonga nisbatan shubha uygʻotadi. Asta-sekin Sultonning bu ishga bosh qoʻshishi sababi temuriyzodalar tomonidan oʻldirilgan yaqinlari uchun intiqom olish ekani ayon boʻladi.

Xayriddin Sultonovning “Nuqta” hikoyasida ayni maʼlumot: “Sulton peshoyi otligʻ keksa yoʻlboshlovchi sovuqdan gangibmi yo azbaroyi qarilikmi yoʻlni yoʻqotdi”, shaklida ifoda etiladi. Urfon Otajon bu qahramonni hikoyaga kiritmaydi.

Bobur iztirobli safarni shunday tasvirlaydi: “Bir haftagʻa yovuq qor tepib, kunda bir sharʼiy – bir yarim sharʼiydan ortiq koʻchulmas edi. Qor tepar kishi men edim, oʻn-oʻn besh ichki bila va Qosimbek edi, ikki oʻgʻli Tengriberdi va Qanbar Ali bila yana ikki-uch navkari ham bor edi… Har qadam qoʻygʻonida beligacha, koʻksigacha bota-bota qor tepar edi”. (BN, 174).

Pirimqul Qodirov Sulton tabiati, niyatidagi oʻzgarishlarni tasvirlashda “Boburnoma”dagi shu maʼlumotlardan oʻrinli foydalanadi: “Sulton Boburning sovqotib asabiylashishini, yoʻl juda sekinlab qolganidan tajang boʻlishini, odamlariga baqirib-soʻkinib ish buyurishi, aytganini qilmaganlar boʻlsa, qamchi bilan savalashini kutmoqda edi. Otasi va akasini oʻlimga buyurgan hukmdorlar qiyofasida Sulton ana shunaqa zolimlarni koʻrgan, bugun esa ulardan birining talvasaga tushishiga guvoh boʻlib, bir alamdan chiqqisi kelar edi”. Biroq, Sulton kutganidek boʻlmaydi. Chunki Bobur: “Mahal ul emas edikim, kishigʻa taklif va zoʻre qililgʻay, har kimning himmat va jurʼati boʻlsa bundoq ishlarni oʻzi tilab qilur” (BN, 175), deb hisoblaydi.

Pirimqul Qodirov qahramonlar nutqi, ichki monolog, tabiat manzaralarni tasvirlash asnosida, Bobur shaxsiyatidagi mardlik, olijanoblik, fidoyilik kabi fazilatlarni ochib beradi.

“Boburnoma”da Koʻtali Zarrin, Havoli Qutiydan oʻtish tafsilotlari ham toʻla bayon qilingan. Xayriddin Sultonov bu voqealarni lirik tarzda bayon qiladi. Boburning ruhiy iztiroblari ham shu yoʻsinda tasvirlanadi. Bu kechinmalar Bobur qalamidan toʻkilgan dardlar izhoriga nihoyatda yaqinligi bilan ajralib turadi.

Pirimqul Qodirov esa navkarlardagi tushkunlik kayfiyati, oʻzi daldaga muhtoj Boburning ularga taskin berishi, keyin kurakni olib, “qortoʻla” qazishi, shu yerda kigiz va joynamoz yozdirib, qor boʻroni ostida namoz oʻqishini tasvirlar ekan, Mirzoquli, Mamatbek, Tohir qoʻrchibegi obrazlaridagi oʻziga xos jihatlar ham yaqqol namoyon boʻladi.

Boburning: “Oʻshandoq chopqunda qozgʻon, yasagʻon chuqurda oʻlturdum, namozi xuftangʻacha qor oncha chopqulab yogʻdikim, men engashib oʻlturub edim, orqamgʻa va boshimgʻa va quloqlarimning ustiga toʻrt ellik qor bor edi” (BN, 175) degan maʼlumotlaridan har uchala adib hikoyalarida ham foydalanilgan.

Bobur Chaxcharon voqealaridan oldinroq Maʼsuma Sulton begim haqida fikrlar bildiradi. Yozuvchi Pirimqul Qodirov voqealar bayonida “Boburnoma”dagi ketma-ketlikka amal qiladi. Urfon Otajon esa bu yoqimli xotiralarni keyinroqqa koʻchirishni maʼqul koʻradi.

Xayriddin Sultonov “Nuqta” hikoyasida mazkur voqeani lirik chekinish sifatida qoʻllaydi. Shuning uchun hikoyada voqeaning keyingi rivojiga oʻrin ajratmaydi.

Urfon Otajon esa qor boʻronidan Bobur hayotining xush lahzalarini, Behzod haqidagi fikrlarini tasvirlashda foydalanadi.

Bobur oʻta mashaqqatli bu safar haqida toʻxtalar ekan, shunday guvohlik beradi: “… Ul necha kun bisyor tashvishlar va mashaqqatlar tortuldi, andoqkim, muddatul-umr muncha mashaqqat kamroq tortilib edi. Bu matlaʼni oʻshal fursatta aytildi:

Charxning men koʻrmagan javru jafosi qoldimu,

Xasta koʻnglum chekmagan dardu balosi qoldimu?” (BN, 174).

Adabiyot tarixi uchun ham ahamiyatli boʻlgan bu maʼlumotlardan faqat Xayriddin Sultonovgina foydalanadi: baytning dastlabki misrasini Boburning ichki monologiga kiritadi. Bu baytning qolgan hikoyalardan ham oʻrin olishi Boburni shoir sifatida ham tasvirlash imkonini bergan boʻlardi. Zero, tahlil qilinayotgan hikoyalarda eʼtibordan chetda qolgan jihatlardan biri shudir.

Mazkur hikoyalar orasida Xayriddin Sultonovning “Nuqta” hikoyasi puxta syujeti, ravon ifoda uslubi, tarixiy materiallarning salmogʻi, yorqin obrazlari bilan ajralib turadi. “Boburnoma”da 1528 yil voqealari bayonida Humoyunning navkarlari Bayonshayx va Bekkina Vays Logʻariyning tashrifi haqidagi maʼlumotlar qayd etiladi va Humoyunga yoʻllangan maktub matni toʻlaligicha keltiriladi. Xayriddin Sultonov shu maktubni 11 qismga ajratadi va ular orasida Bobur hayotidagi unutilmas voqealarni, maktubni bitish asnosidagi ruhiy kechinmalarni mahorat bilan tasvirlaydi. Hosil boʻlgan voqealar zanjiri Bobur hayoti va shaxsiyati haqidagi muhim tasavvurni hosil qilish imkonini beradi.

“Boburnoma”dagi qaydlardan maʼlum boʻlishicha, Bobur Humoyunni oʻgʻil koʻrgani bilan qutlaydi. Ayni paytda, ism tanlashdagi xatosini ham koʻrsatib oʻtadi: “Otini Alʼamon qoʻymishsen, tengri muborak qilgʻay. Vale, bovujudkim, oʻzung bitibsen, mundin gʻofil boʻlubsenkim, kasrati istiʼmol bila avom Alamo derlar, yo El Amon derlar, oʻzga mundoq alif-lom otta kam boʻlur…”(BN, 320). 1529 yil voqealari bayonida ham bu ism Boburga “xush yoqmagani” taʼkidlab oʻtiladi. Boburning keng dunyoqarashi, tengsiz shaxsiyatining bir qirrasini ochishga xizmat qiluvchi bu fakt Xayriddin Sultonov eʼtiboridan chetda qolmaydi. Alʼamonning tavalludi Humoyun tugʻilgan paytdagi voqealarga, uning ismi Bobur farzandlarining ismlariga qiyoslanadi. Bu qiyos yozuvchiga Bobur hayotidagi mashaqqatli yoki fayziyob lahzalarni tasvirlash, “elga shohu qismatga qul” boʻlgan buyuklarning ham goho chorasiz qolishlari haqidagi iztirobli kechinmalarni badiiy inkishof etish imkonini beradi. Bu kechinmalar tasvirida ham “Boburnoma”dagi voqealar bayonining izlari bor. Masalan, yozuvchi Abdullatif haqida soʻz yuritar ekan, Bobur tilidan: “Axir, Sulton Mirzo Ulugʻbekdek fozili zamonning noraso farzandi Abdullatif shu besh kunlik oʻtar dunyo uchun shundoq qari va donishmand otasini qatl etdi”, – deydi. “Boburnoma”da bu voqea quyidagicha bayon etiladi: “… Ulugʻbek Mirzodin oʻgʻli Abdullatif Mirzo oldi. Bu besh kunluk oʻtar dunyo uchun andoq donishmand va qari otasini shahid qildi…” (BN, 48).

Bobur saltanat qutqusi sabab padari yo oʻgʻlining, tugʻishganlari yo qondoshlarining hayotiga nuqta qoʻygan hukmdorlarning qilmishlaridan iztirobga tushadi. Hikoyada Boburning xavotirlari tasvirlanar ekan, tariximizdagi “qora dogʻlar” – saltanat talashishlar, Husayn Boyqaro oʻgʻillarining, Boburning Jahongir Mirzo ismli oʻgay inisining kirdikorlari ham qalamga olinadi.

“Boburnoma”da 1501–1502,1506–1507,1527,1528 yillar voqealari bayonida Boburni quloq ogʻrigʻi bezovta qilgani qayd etilgan (BN, 88,175,310,313,317). Yozuvchi bu maʼlumotlardan ustalik bilan foydalanadi va hikoya syujetiga Koʻtali Zarrindagi voqealarni qoʻshadi. Bu voqea 1506–1507 yillar oraligʻida boʻlib oʻtgani “Boburnoma”dan maʼlum. Hikoyada Bobur shaxsiyatining yana bir ibratli jihati Koʻtali Zarrin voqealariga bogʻliq tarzda tasvirlanadi. Bu haqda “Boburnoma”ning “1501–1502 yillar voqealari”da shunday deyiladi: “… Ul martabada sovuq edikim, ushul ikki-uch kishi bu orada sovuqning shiddatidin oʻlub edi. Manga gʻuslgʻa ehtiyoj edi. Bir ariq suyidakim yoqalari qalin muz tungub edi, oʻrtasi suvning tezligi jihatidin yax bogʻlamaydur edi, bu suvgʻa kirib gʻusl qildim. Oʻn olti qatla suvgʻa choʻmdum. Suvning sovuqligʻi xeyli taʼsir qildi”. (BN, 88). Garchi, Bobur: “Manga gʻuslgʻa ehtiyoj edi”, desa-da, yozuvchi Boburning iroda kuchini tasvirlashni niyat qilganidan “cherikning seskangani”ni sabab qilib koʻrsatadi va uning talqinicha, Bobur shu tariqa ibrat koʻrsatib, qoʻshinning ruhini koʻtarmoqchi boʻladi. Yozuvchi mahorati tufayli turli yillarda boʻlib oʻtgan voqealar bir butunlik, izchillik kasb etadi.

“Boburnoma”da yuqorida koʻrsatilgan yillarda Boburning tez-tez isitmalab, kasal boʻlib qolgani ham qayd etiladi. “Nuqta” hikoyasida Boburni shunday holatda, yaʼni, dardmand koʻramiz, u maktubni yozish jarayonida ham bir necha bor toʻxtaydi, goh qulogʻini ushlaydi, goh bemajol boʻladi. Hikoyadagi ilk jumlalarda ham shunday “maʼlumotlar” bor: “Ikki haftadirki, Ograda bemorning hasratidek uzun, tinimsiz yomgʻir quyardi. Ikki haftadirki, fayzu shukuhini yoʻqotgan Bogʻi Nurafshonga darchadan mahzun boqib yotgan Zahiriddin Muhammad Bobur bu kun yostiqdan bosh koʻtargan, tong sahardan xilvatxonada yolgʻiz oʻtirgancha Qobulga-Humoyunga maktub bitmoqda”. Tinimsiz yogʻayotgan yomgʻirni bemorning uzun hasratiga oʻxshatish-original badiiy kashfiyot. Qolaversa, hikoya qahramoni – bemor Boburning ruhiy holatida ham ezginlik va hasrat ustuvor. Sohibining xastaligi tufayli Bogʻi Nurafshon fayz-u shukuhini yoʻqotgan boʻlsa, xasta kishi uchun nainki Bogʻi Nurafshon, balki butun olam befayz, beshukuh tuyulishi ayon haqiqat. Garchi, Boburning vujudi xasta boʻlsa-da, tafakkuri teran, mulohazalari asosli. Yozuvchi Boburning dardli oʻylarini tasvirlar ekan, muhim falsafiy fikrlarni uning ichki kechinmalari tarzida bayon qiladi: “… iztiroblar boisi-tiriklikda, insonlikda. Faqat tirik odamgina iztirob chekmoqqa, iztiroblar ichra tobora tozarib, yuksalib, hayotning jamiki mashaqqatlarini yengib bormoqqa qodir. Dunyodagi hatto eng ulugʻ oʻlik ham iztirob chekmoqdan mahrum, zero, insoniy iztirob-tiriklik nishonasi, barhayot diyonat ovozidir…”.

Bobur farzandlarining har jihatdan komil insonlar boʻlib yetishishini istaydi. Ulardagi oʻzi sezgan kamchilik va xatolarni boshqalar koʻrishini xohlamaydi, ularni bartaraf etishga harakat qiladi: maslahat beradi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. Humoyun maktubining “asru mugʻlaq”ligi, imlo xatolari otaning “dilini muztar qiladi”. “Bundan nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila bit: ham senga tashvish ozroq boʻlur, ham oʻqugʻuchiga…”, deb nasihat qiladi Bobur (BN, 321). Bu nuqtada Boburni tadbirkor hukmdor, mehribon ota, yetuk tilshunos sifatida koʻramiz. Yozma nutqqa qoʻyiladigan talablarni bundan aniqroq ifodalash qiyin.

Yozuvchi Boburning yana bir tarixiy xizmati – “Xatti Boburiy” haqidagi fikrlar bayonida gʻoyatda qiziqarli voqealarni tasvirlaydi. Shergʻoridagi anglashilmovchilik, moʻtabar shariat peshvolarining tashrifi haqidagi voqealar zanjiriga munajjim Muhammad Sharif kirdikorlariga tegishli tasvirlar mohirlik bilan ulanadi. Hikoyadagi Muhammad Sharif obrazi orqali oʻsha davr mutaassiblarining hukmdorlarga bosim oʻtkazishga intilishlari, ularning follariga ishonib, saltanatning taqdirini munajjimlar bashoratlari asosida hal qilgan podshohlarning zabun hollari haqidagi tarixiy haqiqatlar aks ettiriladi. “Boburnoma”da Muhammad Sharif nomi uch bora tilga olinadi. 1526 yil voqealari bayonidagi guvohlik Muhammad Sharif haqida toʻliq tasavvur hosil qiladi: “… Muhammad Sharif munajjim shumnafas agarchi manga aytur yorosi yoʻq edi, har kimga yoʻluqsa mubolagʻalar bilan aytur edikim: “Bu ayyomda Mirrix gʻarb saridur, har kim bu tarafdin urushsa magʻlub boʻlur”. Mundoq shumnafas nekim surdi, bedil elning koʻnglini koʻprak sindurdi. Aning bu parishon soʻzlarigʻa goʻsh qilmay, qilur ishlarimizni tigilmay urush ishida bajid va masof qilmoqqa mustaid boʻlduk (BN, 286). Muhammad Sharif shunday “yuz qaroliklar”ga qaramay, Boburni yaxshi-yomon kunlarda yoʻqlagani “Boburnoma”da qayd etiladi. Mazkur qaydlar Bobur tabiatidagi muhim bir jihatni koʻrsatadi: garchi Muhammad Sharif Boburning ziyoniga ish tutsa-da, Bobur uning oldingi xizmatlarini yuz-xotir qiladi, oʻzidan uzoqroq tutsa-da, jazolamaydi, el qatori hadyalar beradi. Boburning bu fazilati hikoyada aks etmagan.

Yozuvchi Muhammad Sharifning qilmishlari va Gʻazna mujovirlarining nayranglari orasida oʻxshashlik koʻradi. “Boburnoma”da 1503–1504 yillardagi voqealar bayon qilinar ekan, shu voqea ham keltiriladi: “… Dedilarkim, Gʻaznaning kentlarida bir mazor bordurkim, salavot aytgʻoch, qabr mutaharriq boʻlur. Borib mulohaza qilildi, qabrning tebrangani mahsus boʻldi. Soʻngra, maʼlum boʻldikim, mujovirlarning tazviri ekandur. Qabrning ustigʻa bir julʼya yasabturlar, har zamon julʼyagʻa tegadurlar, julʼya tebrangach, qabr tebrangandek mahsus boʻladur. Nechukkim, kemaga kirmagan el kemaga kirgach, sohil mutaharrik mahsus boʻladur. Buyurdumkim, mujovirlar julʼyadin yiroq turdilar, bir necha salavot ayttilar, qabrda harakate mahsus boʻlmadi. Buyurdumkim, julʼyani buzub, qabrning ustida gunbaz qildilar. Mujovirlarni bu harakattin tahdid bila manʼ qilildi” (BN, 126).

Xayriddin Sultonovning “Nuqta” hikoyasi “Boburnoma”dagi voqealarning shunchaki takrori emas, balki adabiyotshunos Umarali Normatov taʼbiricha, “har bir satri haqida bittadan hikoya yozish mumkin boʻlgan muazzam asar” – “Boburnoma”ni “koʻngil koʻzi bilan mutolaa qilgan adib”ning yuksak poetik didi, badiiy tafakkur tarzini namoyon etuvchi ijod mahsulidir.

Pirimqul Qodirov “Mardlik” hikoyasi ekspozitsiyasida Boburning oilaviy hayotdagi omadsizligi, birinchi turmush oʻrtogʻi Oysha begimning oqibatsizligi natijasida ayollardan koʻngli sovugani haqidagi fikrni keltiradi. Mohim begimning bogʻ koʻchadan tashlagan atirguli haqidagi badiiy kiritma “Yulduzli tunlar” romanidagi shu voqea tasvirini yodga soladi. Romanda Hirot dorugʻasi Yusuf Alibek Mohimning oilasi haqida maʼlumot bersa, hikoyada Qosimbek qizni qidirib topishga vaʼda beradi.

“Boburnoma”da Koʻtali Zarrindagi voqealardan soʻng turkman hazorasi bilan boʻlgan toʻqnashuv tasvirlanadi va Qobuldagi tartibsizliklar haqida soʻz boradi. Pirimqul Qodirov Boburning xavfli safarga chiqishiga, aynan, shu voqeani sabab qilib koʻrsatadi va Chaxcharon voqealarini oʻziga xos tarzda talqin etadi. Hikoyada Sulton obrazi yetakchi oʻrin tutadi. Yozuvchi Sulton ruhiyatidagi oʻzgarishlar tadrijini ishonchli tarzda asoslaydi. Intiqom tuygʻusining uzoq vaqt hukmronlik qilishi, Boburning shoh va inson sifatidagi harakatlari Sultonning vijdonini uygʻotishi, yaratgan va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat hissining gʻolib kelishi tasvirlanar ekan, Sulton obrazining yangi qirralari ochilib boradi. Bu tarixiy shaxs haqidagi badiiy toʻqimalar hikoyaning muvaffaqiyatli chiqishiga zamin yaratadi. Muallif Sultonning intiqom istagini temuriylardan boʻlgan Abusaid Mirzoga bogʻlashi, Abusaidning Boburga bobo boʻlishi, Abusaid va oʻgʻli Mahmud Mirzoning Xurosonga bostirib kirishi, Shohruh Mirzoning yaqinlaridan oʻch olishi kabi tarixiy voqealar badiiy toʻqima taʼsirida yanada ishonarli chiqqan. Hikoyada adibning kuzatuvchanligi sezilib turadi. “… Yuqoriga koʻtarilganlari sari yurish qiyinlashadi, ot-ulovlar burunlaridan hovur chiqarib, ogʻir-ogʻir nafas olishadi, horgʻin pishqirishadi. Beku navkarlarning ogʻizlaridan chiqqan hovur yogʻayotgan qorga qoʻshilib, soqol-moʻylovlarga oppoq qirov boʻlib yopishadi va hammani moʻysafidga oʻxshatib koʻrsatadi”, kabi tasvirlar Bobur va hamrohlari chekkan azoblarni aniqroq tasavvur etishga xizmat qiladi.

“Boburnoma”da “Namozi xuftanda gʻorni yaxshi mulohaza qilgʻonlar qichqirishtilarkim, havol asru keng havoldur, bu elga tamom yer bor…”, deb qayd qilinadi (BN, 175). Urfon Otajon hikoyasida Boburga bu xabarni Qosimbek yetkazsa, Pirimqul Qodirov talqinicha, bu ishni qilgan Sultondir: “… Yuring, men sizga hamma odamlaringiz sigʻadigan ulkan havolni koʻrsatay!”. Bu talqin Sulton ruhiyatidagi evrilishlarni yaqqolroq tasvirlash maqsadidan kelib chiqqan. Boburning eʼtiqodi, qor boʻralab turgan paytda namoz oʻqib, parvardigordan najot tilashi Sultonning dili va tiliga “Barcha musulmonlar bir-birlariga birodardirlar” hikmatini soladi. Sulton qilgan ish ham mardlik hisoblanadi. Hikoyaga nom sifatida berilgan bu fazilat uning ikki qahramoni – Bobur va Sultonga birdek tegishli deyish mumkin.

Pirimqul Qodirov Xayriddin Sultonov va Urfon Otajondan farqli ravishda, Qobuldagi voqealar tafsilotiga ham hikoyadan oʻrin ajratadi. Bu voqealar “Boburnoma”da keltirilgan tartibda tasvirlanadi. Faqat Boburning yaxshiliklarini unutib, uning oʻrniga, Mirzoxonni podshoh qilib tayinlagan qarindoshlarining oqibatsizligi haqidagi gaplar hikoyaga kiritilmagan. Bu ham Bobur shaxsiyatidagi mardlikni koʻrsatish istagi bilan bogʻliq. Bobur fitnaga sherik boʻlgan Sulton Sanjarga nisbatan olijanoblik qiladi. “Chun xon dodamning volidasi Shohbegim hoharzodasi boʻlur edi, buyurdumkim, mundoq beizzatona kezdurmang, oʻlum yoʻqtur”, deydi (BN, 179). Xuddi shunday iltifotni oʻgay momosi Shohbegim (fitnakor Mirzoxon uning nevarasi edi)ga, xolasi Xoʻb Nigorxonimga nisbatan (uning eri Muhammad Husayn Mirzo ham fitnaning tashkilotchilaridan edi) ham koʻrsatadi. “Bemuruvvat va haqnoshunos kishi” – Muhammad Husaynning ham gunohidan oʻtadi.

‘“Tarixi Rashidiy” asarining muallifi Haydar Muhammad Xoʻb Nigorxonim va Muhammad Husaynning farzandi edi. Qobuldagi voqealarga shaxsan guvoh boʻlgan adib shunday yozadi: “… yaxshilik va muruvvat Bobur Podshohga xos sifatlar edi… Shohbegim Podshohni koʻrgach, xijolat boʻlib, tiliga biror soʻz kelmay qoldi. Bobur Podshoh tiz choʻkib, adab rasmiga rioya qilgan holda, muloyimlik bilan: “Gar muhtaram ona oʻgʻillaridan birortasiga mehribonlik koʻrsatsa, boshqa oʻgʻil qanday qilib bundan xafa boʻlsin? Onaning har qanday istagi farzandlar uchun qonundir”, dedi-da, tagʻin qoʻshib qoʻydi: “Men tun boʻyi uxlamay uzoq yoʻl bosib keldim”, deya uxlash uchun boshini Shohbegimning quchogʻiga qoʻydi. Buni u Shohbegimga taskin berish uchun qildi…”. Shu dalilning oʻzi ham Boburning olijanobligi, mardligi, yuksak maʼnaviyat sohibi ekanligini isbotlab turibdi. Haydar Muhammad Boburning boshqa aybdorlarga boʻlgan munosabatini ham batafsil tasvirlaydi. Ammo Pirimqul Qodirov voqealar tasvirida “Boburnoma” dagi dalillarga asoslanadi.

“Boburnoma”da Hirot taassurotlari batafsil bayon qilinadi. Faqat Urfon Otajongina bu tafsilotlarga hikoyasida keng oʻrin ajratadi. Ular qor chohida oʻtirgan Boburning xayollari tarzida tasvirlanadi. Bu tasvir oʻsha davr Hirotidagi ijtimoiy-siyosiy hayot, shahzodalarning hayot tarzi, urf-odatlar, qadriyatlar haqida tasavvur hosil qiladi. Mashhur musavvir Behzodning betakror sanʼati haqida soʻz yuritilar ekan, Sulton Husayn Mirzo, Iskandar Zulqarnayn, Amir Temur, Alisher Navoiy, Badiuzzamon Mirzo kabi tarixiy shaxslar bilan bogʻliq voqealar qalamga olinadi.

Koʻtali Zarrindagi voqealar tasvirida Urfon Otajon boshqa mualliflar va “Boburnoma”da uchramagan detallar – oybolta va gurzini qoʻllaydi. Bobur sovuq olishiga yoʻl qoʻymaslik uchun harakatlanib turish lozimligini anglaydi va ular yordamida turli jismoniy mashqlarni bajaradi. Hamrohlari ham shunday yoʻl tutadilar. Yozuvchi gurzi vositasida qorning qalinligini koʻrsatmoqchi boʻladi (“… gurzi dastasining yarmigacha qorga botib ketdi”.) Shundan keyingina qorni kurash epizodi keltiriladi. Amir Qosimbek va Bobur dialogi orqali shoh va shoirning havolga kirmaslik sabablari izohlanadi. “… Bobur oʻz hamrohlarini ilhomlantirib ishonchini qozonar, ularni jasoratga undar, zarur hollarda oʻziga boʻysundira olar edi…”, deb taʼkidlaydi hind olimi L. P. Sharma. Hikoyada Boburning ana shu fazilatlari koʻzga tashlanmaydi. Qolaversa, Koʻtali Zarrindagi voqealar “Nuqta”, “Mardlik” hikoyalaridagidek taʼsirchan ifodalanmagan. Natijada, Bobur obrazi emas, uning xayollari tarzida jonlantirilgan Behzod obrazi yorqinroq tasvirlangan. Hikoyada Maʼsuma Sultonbegim haqidagi fikrlarga ham ortiqcha urgʻu berilgan. “Nuqta”, “Mardlik” hikoyalarida bunday tasvir kuzatilmaydi.

Tarixiy hikoyalar ijod ummonining sara durlaridir. Yuqorida qayd etganimizdek, “Boburnoma”da keltirilgan bir tarixiy voqelikning uch ijodkor tomonidan turlicha talqin etilishi hikoyachiligimizning imkoniyat darajasi naqadar kengligini koʻrsatib turibdi. Tarixiy haqiqat va badiiy toʻqimaning mahorat bilan umumlashtirilishi tarix saboqlarini oʻquvchiga taʼsirchan shaklda yetkazish imkoniyatini berishi, shubhasiz.

 

Sabohat BOZOROVA,

OʻzMU tadqiqotchisi

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.