Bir tarixiy fojia siri

0
79
marta ko‘rilgan.

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”siga tayangan tarixchi Turg‘un Fayziyev “Temuriylar shajarasi”da shunday bir mudhish hodisadan xabar beradi: “Xitoydan Andijonga kelayotgan ming kishilik katta karvonni Andijonning sharqiy tarafidagi tog‘lardan qor ko‘chib (ko‘chkina) bosadi. Bu mudhish fojiadan faqat ikki kishi omon qoladi” (211-bet).

Endi ana shu dahshatli fojia bayoni asliyatini, ya’ni “Boburnoma”dagi shu ma’lumotni keltiramiz: “Xitoy korvoni keladurganda Andijonning sharqiy tarafidagi tog‘larning tubida ming o‘yluk korvonni andog‘ qor bostikim, ikki kishi qutuldi” (“Boburnoma”, 2002,37-bet).

Nihoyat, ushbu ma’lumotni mutarjim Mixail Aleksandrovich Salye tarjimasida ruscha bayonini o‘qiylik: “Odnajdi’, kogda iz Kitaya shel karavan to u podoshvi’ gor, k vostoku ot Andijana karavan iz ti’syachi lyudey tak zasi’palo snegom, chto spaslis tolko dva cheloveka” (“Baburname”, 1993, s. 34)

Ushbu iqtiboslarni o‘qigan kishi vahimaga tushsa ajab emas. Qor ko‘chkisi ostida 998 kishi halok bo‘lishgan-a! Qanday dahshat!

Aslida voqea shunday bo‘lganmi? Yo biz Bobur so‘zlarini to‘g‘ri tushunolmadikmi? “Boburnoma”ning xitoy, qozoq, uyg‘ur, yapon va hatto turk tilidagi tarjimalarida ham “ming o‘yluk” so‘zlari ming kishi sifatida talqin etilgan. Mashhur yaponiyalik boburshunos Eyji Mano ham, turkiyalik donishmand Rashid Rahmati Arat ham “Boburnoma” tarjimalarida ushbu antiqa xatoga yo‘l qo‘yganlar. Anneta Syuzanna Beverij xonim tarjimasi ham bu xatodan istisno emas.

Kamina buning haqiqatini bilish uchun “Boburnoma”ning Jan Bakye Lui Grammon tarjimasidagi fransuzcha, Garvard universiteti professori Uiler Makintosh Tekston tarjimasidagi inglizcha nusxalarni ko‘zdan kechirdim. Ular “ming o‘yluk” so‘zlarini “ming qoramolli” tarzida to‘g‘ri tarjima qilganlar. Bulardan ham ilgariroq 1947 yilda avstriyalik adib Frits Vyurtle “Boburnoma”ning forsiy tarjimasini o‘qib o‘smir Bobur haqida nemis tilida “Bobur – yo‘lbars” nomli qiziqarli sarguzasht qissa yozgan. Nemis tilidagi ushbu qissada o‘sha mash’um qor ko‘chkisi ofati va ming qoramolni haydab kelayotgan karvon haqida ham hikoya qilinadi.

Demak “ming o‘yluk” so‘zi “ming qoramolli” ekanligini “Boburnoma”ni fors tiliga ilk marotaba tarjima qilgan Abdulrahim Xonixonon yaxshi bilgan.

“O‘y” so‘zi mumtoz adabiyot namunalarida siyrak uchraydigan hodisa emas. “Boburnoma”dan “o‘y” so‘zi qatnashgan yana bir matnni mulohaza qilaylik. Chunki “Boburnoma”dagi bu voqeada ajib mutoyiba ham bor: “O‘shul sayr asnosida bir kun namozi digar bilan namozi shom orasida bir inichka nomushaxxas yo‘l bila bir o‘y tushub boradur edi. Men dedimkim: bu yo‘l qayon borur ekan? Uyg‘a ko‘z soling, o‘yni iturmang, to yo‘lning qay sari chiqari ma’lum bo‘lg‘ay.

Xoja Asadulloh zarofate qildi, dedi: “Gov gum shavad, chi kor kunem?”.

Matnning so‘nggi gapini quyidagidek ikki xil talqin qilish mumkin: “Qoramol yo‘qolsa nima qilamiz?”, “Qorong‘i tushsa (govgum) nima qilamiz?”

Ko‘rinyaptiki, ushbu voqea bayonidan ham “o‘y”ning lug‘ati qoramol ekani aniqdir.

Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Xisrav Parvez o‘zini sher, Mihinbonuni sigir deb haqorat qiladi:

 

G‘azanfar xud netar changolu yolin,

Chekar bo‘lsa tishi o‘yning maholin.

 

Mazmuni: Sigirning ahmoqona nozini ko‘taradigan bo‘lsa, yo‘lbarsga panja-yu yolning nima keragi bor?

Taassufki, 10-sinf “O‘zbek adabiyoti” majmuasida (1997) “uy – ho‘kiz” deb lug‘at berilgan. Bu lug‘atning matn uchun xatoligi shundaki, ho‘kiz yo‘lbarsga bas kela oladi. Buni daho Alisher Navoiy biladi. Shuning uchun “tishi uy” – urg‘ochi qoramol (sigir) deb maxsus uqtirgan. Bu o‘rinda biz majmua tuzuvchisini ayblay olmaymiz. Chunki u olim bizdagi eng nufuzli lug‘at: Porso Shamsiyev va Sobirjon Ibrohimovlar tuzgan “Navoiy asarlari lug‘ati” (1972) dan foydalangan. Lug‘at mualliflari “o‘y” so‘ziga “ho‘kiz” (623-bet) lug‘atini berganlar. Bizningcha “o‘y” so‘ziga “qoramol, ho‘kiz, sigir” so‘zlarini lug‘at tarzida kengaytirib berishsa maqbulroq bo‘lar edi. Lug‘atlarimizda mazkur so‘z goh “o‘y”, goh “uy” tarzida berilavergan.

Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida “o‘y”ni “ho‘kiz” ma’nosida ham qo‘llagan:

 

Janbida gardun ko‘rubon tavsanin,

Uyki yurub yanchar aning xirmanin.

 

Endi “ming o‘yluk karvon” so‘zlari mazmunini talqin etaylik: buni ming qoramollik karvon yoki ming qoramolni haydab ketayotgan karvon deyish mumkin.

Mingta qoramolni taxminan o‘n chog‘lik cho‘pon boshqarayotgan bo‘lsa, qor ko‘chkisi 7-8 odamni bosgan bo‘lishi mumkin. Demak, o‘sha fojia yuz bergani rost, biroq qurbonlar miqdori yuqoridagidek 998 kishi emas ekan…

Shuning uchun “Boburnoma”ning hozirgi o‘zbek adabiy tiliga o‘girilgan tabdilida yuqoridagi matn quyidagicha tahrir qilingandir: “Andijonning sharqiy tarafidagi tog‘larning pastida Xitoydan kelayotgan ming qoramollik karvonni shunday qor bosdiki, ikki kishi qutulib qoldi, xolos” (“Boburnoma”, 2008,32-bet).

Ushbu xatolikdan endi “Boburnoma”ni rus tilida o‘qiydigan kishilar ham forig‘ bo‘ldilar. Chunki bu shoh asarning 2008 yilda “Sharq” nashriyotida bosilgan nusxasida quyidagicha tahrirli sog‘lom matn berilgan: “Odnajdi’, kogda iz Kitaya shel karavan, gnavshiy ti’syachu golov krupnogo rogatogo skota, to u podoshvi’ gor k vostoku ot Andijana karavan tak zasi’palo snegom, chto iz nadsmotrsh’ikov spaslis tolko dva cheloveka” (str. 15).

Tarjimonning lug‘at sohasida oqsashi ham asl nusxa voqeasini noto‘g‘ri talqin qilish sababchisi bo‘larkan…

 

BILIK KULGU – BILIM KULGISI…

 

Alisher Navoiyning “Siroj ul-muslimin” asari mutolaasi davomida “bilik kulgu” birikmasiga duch kelib, lol bo‘lib qoldim.

O‘rinsiz, bevaqt, qattiq kulgini “qurbaqa savtiga” o‘xshatgan Alisher Navoiy nahotki, “Namoz ichra bilik kulgu” haqida – bilim kulgisi xususida fikr yuritsa? Bunda mantiq yo‘q-ku!

Namoz ichra bilik kulgu vuqu’i

Ki, bor aning sujudiyu ruku’i.

 

Mazmuni: Namozda bilim kulgisi yuz bersa, uning sajda va rukui ham bor.

Namozda kulish mumkinmikan o‘zi? Bu qaysi fiqh kitobida bor? Navoiy namozda kulgiga erk bermoqdami? Yo bilim kulgisi ham mavjudmi?

Ushbu bayt asliyati qo‘lyozmalarini topib hijjaladim va ko‘chirdim:

 

Namoz ichra biyik kulgu vuquv’i

Ki, bor aning sujudiyu ruku’i.

 

Biyik – qattiq; biyik kulgu – qattiq kulmoq. Darhaqiqat, namozda qattiq kulgi sarlavhada uqtirilganidek “vuzu’ noqislari” jumlasiga kiradi.

Navoiyning “biyik” va “bilik” so‘zlarini farqlash kerak.

 

QOSH QO‘YAMAN DEB…

 

Parigoh – parilar manzili; parilar yashaydigan maskan demakdir. Agar quyidagi baytga ishonsak:

 

Ne bo‘lg‘aykim bahori husn aro

ochilsa bir gulkim,

Tushub bir barqi ishq o‘rtansam

andoqkim, parigohe.

(Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami” 2-jild “Navodir un-nihoya” 513-bet).

 

Men mulohaza qilaman: oshiq husn bahorida bir chiroyli gul ochilishini istamoqda. Bu yerda pari yoki parilar manzilining matnga daxlli joyi yo‘q-ku?

Mumtoz adabiyotdan yaxshi bahramand bo‘lgan matnshunos shu matn asliyatni izlab o‘tirmaydi: baytning boshqa qismlarga daxl etmagan holda “parigohe” so‘zini arab yozuvida tasavvur etib, matn muammosini hal qilib oladi. Buning uchun u “parigohe” so‘zining bir emas, ikkita so‘z ekanligini, “g” va “k” eski yozuvda shakldosh ekanligini inobatga olib ish ko‘radi va baytni quyidagicha sahih holatga keltira oladi:

 

Ne bo‘lg‘aykim bahori husn

aro ochilsa bir gulkim,

Tushub bir barqi ishq o‘rtansam

andoqkim, pari kohe.

 

Pari koh – somon parchasidir. Somon parchasi va parilar manzili bir-biridan yiroq tushunchalar.

 

Vahob RAHMONOV,

Filologiya fanlari nomzodi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.