Bibi Robia Saidovaning “Kakku ovozi” hikoyasini oʻqib…

0
200
marta koʻrilgan.

Suvon MELI,

adabiyotshunos:

 

– Bibi Robia Saidovaning hikoyasi haqida avvalo bir eslatmani aytib oʻtay. Bu hikoyani birinchi bor oʻqiganimda muallifga biroz qattiqroq gapirgandim. Chunki hikoyaning yechimi munosib emas, taʼbir joiz boʻlsa, shafqatsiz va noinsoniy yechim edi. Keyin bilsam, “Yoshlik” jurnali tahririyati ham yozuvchidan hikoyani qayta ishlab berishini soʻragan ekan. Yosh ijodkorlarni asarni qayta-qayta ishlashga oʻrgatayotgani uchun “Yoshlik”dan xursand boʻldim va hikoyaning avvalgi va nashr etilayotgan nusxasi haqida yozishni maʼqul koʻrdim. Negaki, maqsadim – yosh ijodkorning izlanishlarini koʻrsatish.

“Kakku ovozi” tugallanmagan yoki badiiy nomaqbul tugatilgan hikoya boʻlib tuyulgandi. Avval uning mazmuniga qisqacha toʻxtalib, soʻng fikrimizni davom ettirsak.

Kursdosh dugonalarining nikoh toʻyi va undan qaytish haqidagi tasvirda sodda va samimiy qiz Hanifa asar va muallifning diqqat markazida ekani maʼlum boʻladi. Dasturxondan qoʻzgʻalishdan oldin: “U mayingina tabassum qildi-da, qoʻlini duoga ochdi:

– Omin, dugonamiz oʻzi istagan goʻzal baxtga erishsin… – hayajonli bir xoʻrsinib olib pichirladi, – Xudo bizni ham shunaqa kunlarga tezroq yetkazsin”.

Qizlarning “Oʻ-oʻ-oʻ-” qiyqirishidan sergaklangan Hanifa ichimda aytdim, deb oʻylaganini eshitib qolishganidan duvva qizardi.

Baxtga tashna qiz oʻzlari chiqqan mashina haydovchisining peshoyna orqali tashlagan bir nigohi orqali unga salkam oshiq boʻladi. “Salkam” dedik, chunki mashinadagi oniy lahzalar, undan otilib chiqar ekan, orqada kelayotgan “Matiz”ning chiyillaganicha burilib oʻtishi, haydovchining “Hoy, ehtiyot boʻling, singlim. Yaxshiyamki, sizga hech narsa qilmadi, Xudoning oʻzi asradi”, – deya xavotir bilan aytgan soʻzlari sodda va samimiy Hanifani sevgi toʻriga tushirgan, buni shaddod dugonalari ham payqashgandi. Qitmir dugonalar uni kalaka qilish uchun ketma-ket sevgi izhoriga toʻla SMSlar joʻnatishadi. Yoʻq oshiq nomidan atirgul va shokoladlar sovgʻa qilishadi.

Bunday dil izhorlaridan Hanifa oʻzgaradi, uning qalbiga sevilish degan baxt tashrif buyuradi. Lekin tasodifan sir ochiladi, SMSlarni dugonasi Mahliyo yuborayotganini qiz tuyqus bilib qoladi. Endi Hanifa aldangan, masxara qilingan tuygʻulari uchun uni laqillatgan dugonalaridan oʻch olishni boshlaydi. Sevgi chaqiruvlari, gul va shirinliklar sovgʻa qilayotgan “pochcha” haqiqatan mavjud ekanligini isbotlash uchun qishloqdan ota-onasi joʻnatgan kontrakt pulini alam bilan sarflab yuboradi.

Toʻgʻri, maqolda aytilganidek, burgaga achchiq qilib koʻrpani kuydirgan Hanifa tanqid qilinayotgan boʻlishi mumkin. Lekin, nazdimizda, hikoyaning toshi ogʻirroq boʻlishi lozim edi. Zero, Hanifa Mahliyo kabi dugonalaridan oʻch olaman deb aslida oʻzidan oʻch oldi, oʻziga yomon qildi-ku. Ayni Mahliyolar koʻnglidagi ish boʻldi-ku. Badiiy asarda yomonlikni gʻoliblik shohsupasida qoldirib boʻlmaydi. Bu – aksilbadiiy yechim.

Shu bois hikoyani boshqacha yakunlash mumkin edi va lozim edi, degan oʻyga bordik. Aytilgan soʻz, yangragan, hatto oʻylangan fikr moddiy, amaliy kuchga ega – ezoterik ilmlar qatʼiy qilib shunday deydi va haqiqatan ham shunday. Demak, Hanifaga ketma-ket yuborilgan sevgi qoʻngʻiroqlari, hikoya boshlanishidagi haydovchi yigit yoki boshqa bir yigit ongiga yetib borib, ular chindan ham Hanifaga oshiq boʻlishlari, uning sevgan yigitiga aylanishlari, qiz kontrakt pulini ishlatib emas, ularning sovgʻa-salomlari bilan yotoqdoshlarini hayronu lol qoldirishlari mumkin emasmidi? Shunda Mahliyo kabi berahm qizlar hikoyaning hozirgi yechimida, “zap qildim” deb tantana qilsalar, biz aytgan yechimda “laqqi” qizning baxtidan kuyib oʻlmas edilarmi!? Kontrakt puli “sovgʻa-salom”larga sarflab yuborilganda ham Hanifa azbaroyi oʻz toleiga fidoyi ishonchi tufayli baxtga munosib emasmi edi!?

Ehtimol, bunda hikoya butkul boshqa asarga aylanib ketar, lekin badiiy haqiqatda ezgulikning gʻalabasi, maʼnaviy gʻalabasi hamisha muhim. Hazrati Bobur aytganidek: “Yaxshi kishi koʻrmagay yomonlik hargiz…”

Hikoyaning yechimi haqidagi mulohazalarimiz bilan tanishgan yosh adiba asarga yana uch-uch yarim sahifa qoʻshib, uni boshqacha yakunladiki, bu haqda ozgina soʻzlash joiz. Zero, bu yosh ijodkorlar uchun ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega boʻlsa ajabmas.

Asarga keyin qoʻshilgan qism: “ – Dilqulova, dekan oʻrinbosarining xonasiga kirar ekansiz” degan gap bilan boshlanadi. Oʻqishdan haydalib koʻchada qolgan qizning iztiroblari jonlantirilgan detallar orqali, aytaylik: “Oyoqlariga suykalib, uni shoshmaslikka, orqaga qaytishga undab kelayotgan sumkasi nihoyat uning qoʻlidagi, yoʻq-yoʻq, butun vujudidagi quvvatni soʻrib oldi-da, bor ogʻirligini tashlab uni toʻxtashga majbur qildi” yoki”… miyasining qaysidir qatida boshlangan ogʻriq boshini yorib chiqish payida edi” kabi koʻrimli va sezimli tasvirlaydi.

Soʻng hamqishlogʻi Rohila yuborgan SMS bois tasvir uning xonadoniga koʻchadi. “ – Bir narsa desang-chi! Yo koʻnglimda birov bor deb ayt…” degan gaplardan naf boʻlmagach, Rohila Hanifaga aytmasdan unga ogʻiz solgan “nomaʼlum” yigitni uchrashuvga chaqiradi. Xotimani hikoyaning oʻzidan oʻqib qoʻya qolaylik:

“U avval qizga, soʻng yigitga qaradi va… turgan joyida qotib qoldi…

– Yaxshimisiz? – dedi yigit. – Oʻsha kuni uyga yaxshi yetib bordingizmi?

“Hoy, ehtiyot boʻling, singlim. Yaxshiyamki, sizga hech narsa qilmadi, Xudoning oʻzi asradi” – bir paytlar takrorlanaverganidan qoʻshiqday yod boʻlib ketgan oʻsha soʻzlarning sohibi!

Hanifaning javob qilishga tili aylanmas, koʻzlarida yosh jilolanib turardi”.

Bu – koʻzda tutganimiz, orzulaganimiz badiiy-mantiqiy yechim. Badiiy mantiq shu darajada qatʼiy kuchki, hamisha oʻzini namoyon etadi. “Kakku ovozi” hikoyasi endi badiiy tugallik, badiiy insoniylik kasb etibdi, deya olamiz.

 

Maʼsuma AHMEDOVA,

yozuvchi:

 

– Hikoyani oʻqiy turib, qulogʻim ostida kakku ovozi yangraganday boʻldi. Olis-olislardan sokin tabiat ogʻushida, asta shovillagan qamishzorlar ortida betashvish sayragan kakku ovozi, chindan ham, qalblarga kirib kelgan pokiza muhabbatdan darak berayotganday. Hikoyaga shunday nom tanlashi bilan Bibi Robia oʻzining katta adabiyotga daxldorligini ayon qilgan.

Bu hikoya hajman salmoqli boʻlishiga qaramasdan qiziqib oʻqiladi. Kamsuqum va kichikkoʻngil talaba qiz Hanifaning quvonchlari, dard va alamlari kishini befarq qoldirmaydi.

Yosh adiba Hanifaning hayoti bilan yashaydi, oʻz qahramoni kabi kakku ovozini muntazir kutadi, bu sadoni yuragi hapriqib eshitadi. Bibi Robiadagi ana shu hayajon beixtiyor oʻquvchiga ham koʻchadi. Oʻquvchi dugonalari kamsitgan Hanifaga xayrixoh boʻladi. Zero, insonni xoʻrlash, kamsitish huquqi hech kimga berilgan emas. Ana shu jihat Bibi Robia Saidovani hikoyanavis sifatida oʻquvchilarga tanitadi.

Muallif Hanifaning qalb kechinmalari, uning kundalik hayoti tafsilotlarini erinmay bayon qiladi. Bibi Robia ana shunday tafsilotlarga boy hikoyasi bilan XIX asr adibalari nasri – ishqiy romanlarini yodga soladi. Xususan, ingliz adibasi Sharlotta Brontening “Jeyn Eyr” romani ham shunday tafsilotlarga boy edi. Mana, oradan ikki asr oʻtibdiki, Jeyn Eyr taqdiri hali hech bir kitobxonni befarq qoldirgan emas. Albatta, bu bilan men uni ingliz adibasi asariga taqlid qilgan demoqchi emasman. Agar shunday taqlid boʻlganida ham bu yosh hikoyanavis uchun ijobiy hol sanalar edi.

Nazarimda, hikoyada yutuqlari bilan bir qatorda baʼzi ishlanmagan oʻrinlar ham borday.

Hikoya davomida tugun nihoyat yechiladi – xabar muallifi kim ekanligi ayon boʻladi. Aslida oʻsha daqiqada Hanifa ruhiy iztirobga tushishi, bu unga katta zarba boʻlishi kerak edi. Yoʻq, qahramonda bunday holat kuzatilmaydi. Bemalol keyingi voqealarga oʻtib ketilaveradi.

Hanifa guyo yoridan katta-katta sovgʻalaru uch yuz bitta atirgul olib, uning ustidan mayna qilib kulgan takabbur, maʼnaviy puch, meshchan dugonalaridan oʻz intiqomini oladi. Shu oʻrinda men hikoyada boshqacha yakunni tasavvur qildim. Har ijodkor oʻz asari bilan oʻquvchiga yozuvchilik xulosasini havola etadi. Aslida dugonalari oldida oshkora magʻlub boʻlgan Hanifa ruhan gʻolib boʻlishi kerak edi. Hikoya poyonida yozuvchi nazarda tutgan qahramonining oshkora emas, haqiqiy maʼnaviy-ruhiy gʻalabasi sezilmaydi. Menimcha, Bibi Robi oʻz oʻquvchisiga ana shunday yakunni havola etganida edi, hikoya yutar edi. Yana muallif hikoya hajmi haqida oʻylab koʻrsa, ustoz yozuvchimiz Said Ahmad aytganiday, “asari suvini qochirsa”…

Albatta, bu tilaklarimizni Bibi Robia toʻgʻri qabul qiladi, deb ishonamiz.

 

Abdukamol Abdujalilov,

tadqiqotchi:

 

– Bu hikoyani oʻqigan kitobxon Yaratganning oʻz bandalariga karami qanchalar kengligini his etadi. Agar muallif xohlaganida edi, hikoyani muammolar qarshisida chorasiz qolgan Hanifa sahnasi bilan tugatgan boʻlardi. Biroq adabiyot bunday yoʻl tutmaydi.

Hikoya qahramoni Hanifa shaharga kelib oʻqiyotgan, ertangi baxtli kunlarga ishongan, qalbida olamvor orzulari bor oddiygina qishloq qizlaridan. Yonidagilar qizning biroz toʻladan kelgani, joʻnroq aytganda, “polvon qiz”ligini nuqson deb bilishadi. Uning ustidan kulib, bepisandlik bilan qaraydilar. Qizning koʻngil tubiga yashiringan samimiy, sof tuygʻularini koʻrishga ularda koʻngil koʻzlari yoʻq. Hattoki Hanifaning hali muhabbat ishgʻol etmagan pok qalbi borligi-da ular uchun erish tuyuladi.

Hanifaning kursdoshidan alamini olish maqsadida qilgan ishi, otasi yuborgan pulni keraksiz narsalarga sarflab yuborishi, shubhasiz, toʻgʻri yoʻl emas. Lekin bu qadar toza qalb egasi boʻlgan qizning arosatda qolmogʻi ham chiqish yoʻli boʻlmasdi. Shu sababli ham hikoyaning oxiri umidbaxsh yakun topadi.

Hikoyani oʻqiyotgan oʻquvchi muallifning maʼlum oʻrinlarda jumboqning yechilishini osonlashtiruvchi luqmalarni tashlab ketayotganini sezadi. Asar tarkibiga “Yoʻlovchi chorlab chiroq lipillatayotgan”, “Mashina ichi gʻiybat aralash suhbatga toʻlib, birozginasi ochiq derazadan chiqib toʻyxonaga qaytib ham ketdi”, “Yigitning nigohidan tushib qolgan bir parcha choʻgʻ uni borgan sari yondira boshladi”, “Nigohini qidiruvga yubordi”, “Hanifa shuncha yillar davomida muhabbat tuygʻusiga muhabbat qoʻygan esa-da, lekin hali unga muhabbat qoʻyishmagandi” kabi qayroqi jumlalar mohirlik bilan singdirib yuborilgan.

Biroq ayrim oʻrinlarda kichik kamchiliklar ham mavjud. Jumladan, voqeaning biroz yugurikligidan muallifning oʻzi ham hikoyani tezroq tugatishga intilgani kuzatiladi. Bu hikoya voqealarini yanada qisqa yozishning ham imkoni bor edi, nazarimda.

Qisqa qilib aytganda, asar kitobxonda yaxshi taassurotlar qoldiradi. Bibi Robiyani ushbu hikoyasi bilan tabriklab, keyingi ijodiga zafarlar tilaymiz.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.